OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim Mahkamov (1970)

1970 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining matematika fakultetida tahsil olgan. “Muhabbat bahori”, “Yurak faryodi”, “Ilohiy tuyg‘u”, “Qalb qiyofasi” nomli she’riy kitoblari nashr etilgan.
Hozirda “Tibbiyot va zamon” jurnalida faoliyat yuritmoqda.


 * * *
 
Atirgulning yuzida miltiraydi tomchi yosh,
Qay holatga yetmadi undagi nafis bardosh.
Nazar solsam, ul mahzun olislarga tikilar,
Bir xo‘rsinib qo‘yaru yana boshi egilar.
Ko‘zlaridan shul dardni uqdim o‘shal onlarda:
“Sog‘inganim bormisiz nur yog‘ar tomonlarda?!”
Sog‘insa ham kelolmas, uning sog‘intirgani,
Yonida hech turolmas, goh kelsa ham ko‘rgani.
Bunda na gul aybi bor va na sog‘intirganning
Va na sharpa misoli tegrasida yurganning.
Lek, uning tuyg‘ulari sayr etar osmonlarda:
“Sog‘inganim bormisiz nur yog‘ar tomonlarda?!”
Tegrasida bir qushcha mudom sayrab tursa ham,
Unga gul jilmaymoqqa goho yarab tursa ham.
O‘shal sog‘intirganning xayoli bilan yashar,
Qalbida yana o‘sha savoli bilan yashar.
O‘zi bunda bo‘lsa ham ko‘ngli ul makonlarda:
“Sog‘inganim bormisiz nur yog‘ar tomonlarda?!”


 * * *
 
Sen yurakni yoritgan chiroq,
Sen-la yashar visolu firoq,
Kuydir, mayli, hijron-la, biroq.
Ketib qolma, ko‘ngildan yiroq.
Ketsang agar, dilda muz qolar,
Bahor ketib, qishu kuz qolar,
Baxt degan so‘z rangsiz tus olar,
Ketib qolma, ko‘ngildan yiroq.
Sen-la yuksak, inson qadri ham,
Go‘zal, hatto, qalbning dardi ham,
Sensiz go‘yo ruhsizdir tanam,
Ketib qolma, ko‘ngildan yiroq.
Yashnab tursin mudom dil bog‘i,
Jilolansin zilol bulog‘i,
Oshiq ahlin suyangan tog‘i,
Ketib qolma, ko‘ngildan yiroq,
MUHABBAT.


 * * *

Oftobdan yo‘qdir darak,
Quymoqda yomg‘ir sharros.
Bilmadim, bu nazdimda
Ko‘nglimga quydi xolos.

Kel, ey, ko‘zlari charos,
Bir kulib boq, iltimos.

Toki, ko‘nglim cho‘ktirgan
Qayg‘ularim arisin.
Toki, bir dam bo‘lsa ham
Unutay dil yarasin.

Kel, ey, ko‘zlari charos,
Bir kulib boq, iltimos.

O‘t yoq ko‘ngil uyiga,
Zavqqa to‘ldirib tashla.
Sitam kuyib, kul bo‘lsin,
Bag‘ringdagi otash-la.

Kel, ey, ko‘zlari charos,
Bir kulib boq, iltimos.

Unutilay degan ishq
Qaytsin yana ortiga,
Toki, mayda alamlar
Aylansin ishq dardiga.

Kel, ey, ko‘zlari charos,
Bir kulib boq, iltimos.
 

 * * *

U bir oshiq, go‘zal ma’shuqasining
Qaro ko‘zlariga boqib to‘ymagan.
Uni yuragidan sevaru lekin,
Hatto barmog‘iga barmoq qo‘ymagan.

Ko‘nglin bayon etib yozmas biror xat,
Tunda oydan holin so‘raydi uning.
Hech kimga qilmaydi ishqidan hasrat,
Qalbining qa’rida asraydi uni.

Toliqmas, zerikmas, har on, har muddat
O‘sha ishq kitobin varaqlab turar.
Ko‘nglida quyoshga qiyos muhabbat
Ko‘nglining ko‘kida charaqlab turar.

Uning borligidan quvonib yashar,
Shirin bir iztirob tuyar hajridan.
Ul malak xayoli ko‘nglini bezar,
Unga boqib turar qirq yil naridan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.