OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xayriddin Saloh (1934-1969)

Xayriddin Saloh (Salohiddinov Xayriddin) (1934.15.1 — Toshkent — 1969.5.6) — shoir. Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini tugatgan (1957).

«O‘zbekiston madaniyati» (1963—66) gazetasi va «Gulxan» jurnalida (1968—69) adabiy xodim bo‘lib ishlagan.

«Chashma» (1959), «Ikkinchi imtihon» (1961), «Ishqim va rashkim» (1965), «Tug‘yon», «Na’matak» (1969), «Izlar va hislar» (1974), «Shu’lalar qo‘shig‘i» (1975), «Lirika» (1985) she’riy kitoblari va «Laylo», shoir Sultan Jo‘ra haqidagi «Yangroq hayot» (1969), Toshkent zilzilasiga bag‘ishlangan «Toshkent bilan suhbat» (1966) kabi dostonlar muallifi. Vafotidan so‘ng esa, «Izlar va hislar» (1974), «Lirika» (1985) kabi she’r va dostonlardan tarkib topgan kitoblari bosilgan.

U. G. Geyne, Bayron, M. Lermontov, T. Shevchenko, R. Hamzatov va b.ning ayrim asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

KIPRIGIMDA TUTIB...

Kindik qonim tomgan Ona yer,
Bilmam, burching qanday o‘tadim.
Ozmi-ko‘pmi to‘kib manglay ter,
Ilk she’rimni senga atadim.
Xayolingdan olis ketmadim,
Kuydirsang ham tovonim yozda,
Junjitsang ham tanim ayozda,
Sirim sendan darig‘ tutmading.
Uzilsa ham sendan oyog‘im
Uzilmagay yuragim mutlaq.
Otam,
Onam,
Urug‘-aymog‘im
Makon tutgan muqaddas tuproq,
Har bir siqim, har bir qatrangni
Alishmasman zar, qahraboga.
Kiprigimda tutib mehringni,
Oshirmoq-chun yana qadringni
Kelganman-ku yorug‘ dunyoga.

YILLAR

Yillar o‘tarkanu bir-birin quvib,
Sira ham tutqizmas ekan baridan,
Qishda jilva qilar darchadan turib,
Bahorda qulf urgan chaman bag‘ridan.
Suvlar to‘lqinida qilib oqizoq
Olib ketar ekan yoshligingni ham.
Biroq sen o‘rtanma, chekmagin firoq
Huda-behudaga aziz do‘stginam.
Gar qoldirgan bo‘lsang hayotda bir iz
Shon-sharafli bo‘lsa o‘tgan yo‘llaring
Hech vaqt yoshlik sendan o‘girmaydi yuz,
Hech vaqt xazon ko‘rmas ekan gullaring.

Yo‘q! O‘tdi deyilmas unday yillaring!

UMR

Umrni o‘xshatar kim toshqin soyga,
Birov der, u chopqir bir daryosimon.
Uning ham, buning ham to‘g‘riligiga
Sira-sira qolmaydi gumon.
Suv tinchib turmaydi, tezob to‘lqinlar
Xas-cho‘pni irg‘itib chopar manzilga.
Umr ham o‘tadi o‘tgancha kunlar
Sezilmasdan ko‘zga, na qo‘lga.
Suv oqib o‘tadi, uning izidan
Barpo bo‘lar bog‘-bo‘ston, hayot...
Umr oqib o‘tar, u ham o‘zidan
Qoldiradi ezgu xotirot.

HAYOT MAZMUNI

Hayotingda ochib yangi manzillar,
Yillar o‘taverar, to‘xtamas yillar.
O‘tganni ham esda tutginu biroq —
Kelajak yillarga boqqin yaxshiroq.
Yillar ham yo‘llardek pasti-balanddir,
Yil mazmuni inson dasti bilandir.
Yillarning to‘lqini, girdoblari bor,
Lazzati, quvonchi, azoblari bor.
Mayli, yillar bilan yurgin sarbasar,
Mayli, yoshing bo‘lsin saksonmi, to‘qson...
Ammo uni umr demagin, agar —
O‘tgan bo‘lsang kutib yillardan ehson.
Yillar yalqov uchun beshafqat. Zero —
Yillardan asrlar yaratish payti.
Zarradan quyoshu tomchidan daryo,
Eng oliy qasrlar yaratish payti!
 
ATLAS KIYGAN QIZLARGA

O, shahrim qizlari, o, suluv qizlar,
Tim qora qoshlari naq zuluk qizlar.
Qoyilman didingiz, o‘ylaringizga,
Rost aytsam, besh ketdim ko‘ylagingizga.
Atlas ko‘p qadimiy nafis matodir,
U sizdek suluvlar uchun atodir.
Sizlar kiyganingiz sho‘x qizil atlas
Atlaslar ichida naq asl atlas.
Xosiyatxon atlas, ko‘rkam xonatlas,
Ta’rifi-tavsifi bir jahon atlas.
Ko‘zlarni oladi uning yallig‘i,
Tovusdek tovlanib kiying xiromon.
Farg‘ona bog‘larin bor go‘zalligi
Unda namoyon.
Kelinlar uyida zar palagi ham,
Toshkent favvorasin kamalagi ham,
Pillakash juvonning ko‘k ipagi ham,
Yigitlar egnida yo‘l-yo‘l beqasam,
Hatto onalarning asl sarposi
Chiroyda yengolmas atlas libosin.
Uni kiyib chiqing anhor bo‘yiga,
Chirchiq sohiliga, Salor bo‘yiga,
Uni kiyib chiqing ilk uchrashuvga.
Aslo buzilmasin ahd ila paymon,
Ushalsin dillarning orzu-havasi.
Egningizda kulsin go‘zal Marg‘ilon
Yal-yal atlasi,
Hatto yulduzlar ham yoqasin tutsin
Tan berib bu ziynat, bu ko‘rk, ilmga.
Marg‘ilon atlasin dovrug‘i ketsin
Yetti iqlimga.

YO‘L QO‘SHIQLARI

I
Men umrimda qancha yo‘lu
Oshdim qancha bekatlar.
Poyim o‘pdi qancha gulu
Qancha maysa, ko‘katlar.
Sahro,
 o‘rmon,
 ko‘prik usti,
Yolg‘izoyoq tor so‘qmoq.
Ko‘rganlarim hammasini
Mushkuldir sanab o‘tmoq.
Zavq bag‘ishlab ko‘ngillarga
Yashil yo‘llar qolarkan,
Yangi-yangi manzillarga
Seni yo‘llab qolarkan.

II
Ha, shu yo‘llar borki, inson yuradi,
O‘zini his etib o‘ynoq ohuday.
Agar yo‘l yurmasa, to‘xtab turadi
Va asta quriydi tinch halqob suvday.
Shunday ekan, qirmi, adirmi oshib
Dala kezmoq kerak,
Yo‘l yurmoq kerak.
Baxtiyor kelajak nasllarga deb
Lola uzmoq kerak,
Gul termoq kerak!

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.