OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aqlli qiz (2)

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir kishining uch o‘g‘li bilan bir qizi bor ekan. O‘zi boy ham, kambag‘al ham emas ekan. Lekin ikki ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan ekan. Kunlardan bir kuni boshqa bir yurtdan o‘rtoqlari mehmonga kelishibdi.
Ular uy egasining ko‘zi ojiz bo‘lib qolganini ko‘rib: “Ey o‘rtoq, sizning uch o‘g‘il-u bir qizingiz bor ekan. Ularga buyuring: Rum viloyati podshosining xazinasida ko‘z og‘rig‘i dorisi bor, o‘sha doridan olib kelib ko‘zingizga qo‘ysalar, ochiladi” deyishibdi. Shu so‘zdan keyin uy egasi o‘g‘illarini chaqirib:
— Bolalarim, mening ko‘zim ko‘r bo‘lib qoldi. Endi mendan sizlar mol-mulk so‘raysizlarmi yoki duo so‘raysizlarmi?— debdi. O‘g‘illari esa bir og‘izdan:
— Ey ota, pul bo‘lsa, har ishni qilamiz,— deb mol, pul talab qilibdilar. Chol o‘g‘illariga mol-dunyoni bo‘lib beribdi. Lekin otaning ko‘zi bilan ularning ishi bo‘lmabdi. Piravordida chol qizini chaqirib, bunday debdi:
— Qizim, akalaring mol-dunyoni bo‘lishib olishdi, sen nima so‘raysan?
Qizi oqko‘ngil va odobli ekan. U:
— Men xizmatingizga tayyorman. Sizdan duo so‘rayman, — debdi.
Otasi:
— Bolam, unday bo‘lsa, Rum viloyati podshosining xazinasida ko‘r ko‘zni ochadigan dori bor emish, shu doridan olib kelib bersang, duo qilar edim,— debdi.
Qiz “Xo‘p bo‘ladi” debdi. Otasi darhol yo‘lga kerakli oziq-ovqatlarni tayyorlab beribdi. Qizni bir yaxshi otga mindirib, Rum viloyatiga jo‘natibdi. Qiz bir necha kun yurganidan keyin uning yo‘lini bir ajdar to‘sibdi. Ajdar qizning otini, oziq-ovqatini yutib yuboribdi. Qiz hech narsa demay, orqasiga qayrilib qaramay, yig‘lab ketaveribdi.
Shunda ajdar:
“Qizning otini, shuncha oziq-ovqatini yesam ham indamadi. Men endi uning ishiga yordam beray” deb o‘ylab, qizning ketidan yetib borib:
— Ey odamzod, shuncha narsangni yedim, bir qayrilib boqmaysan, hojating nima? — deb so‘ragan ekan, qiz:
— Ey ajdar, otamning ikkala ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan, Rum viloyati podshosining xazinasida dori bor emish, shu dorini qo‘ysa, ko‘zi ochilarmish. Otamning ko‘zini ochish uchun o‘sha yoqqa ketayotgan edim. Molim ketsa ketsin, o‘zim omon bo‘lay,— debdi. Ajdar unga qarab:
— Bo‘lmasa, yelkamga min, o‘sha Rum viloyatiga seni o‘zim eltib qo‘yay,— debdi.
Qiz ajdarning yelkasiga minib olibdi va bir nafasda Rumga yetibdi. Ajdar tog‘ bag‘rini yalab, piyozning po‘stidek qilibdi. So‘ngra qizga debdi:
— Mana shu tog‘ni itarib yuborsang, podshohning dorixonasiga kirasan, shu topda hamma soqchilar uxlagan. Dorixonaga kirganingda qog‘ozdagi dorini olsang, shishadagiga tegma, shishadagini olsang, qog‘ozdagiga tegma.
Qiz dorixonaga kiribdi. Shishadagi doriga qarasa, qog‘ozdagisi xushbo‘y tuyulibdi. Qog‘ozdagi doriga qarasa, shishadagisi xushbo‘y tuyulibdi. So‘ng qiz birdan ikkala dorini ko‘targan ekan, tutilib qolibdi: u joy tilsim ekan. Тong otgandan keyin dorixona xizmatkori ichkariga kirsa, bir qiz turgan emish. U darhol qizning qo‘l va oyog‘ini bog‘lab, to‘ppa-to‘g‘ri podshoh oldiga olib boribdi va podshohga ta’zim qilib:
— Ey shohim, mana bu odam xazinangizga o‘g‘irlikka tushgan ekan, tutib keldim, — debdi.
Podshoh qizni so‘roq qilib “Nima uchun o‘g‘rilikka tushding?” debdi. Qiz otasining ko‘zi ko‘r bo‘lib qolganini va shuning uchun doriga kelganini va bilmasdan shu joyga kirib qolganini aytibdi.
— Bilmasdan kirgan bo‘lsang sen o‘g‘rilikka usta ekansan-da, — deb, qizga bir shart qo‘yib:
— Agar qutulishni istasang, Anadir shahri podshosining qizini o‘g‘irlab kelib berasan, shundagina seni ozod qilib, dorini beraman, bo‘lmasa, ajaling mening qo‘limda,— debdi.
Qiz javob uchun muhlat so‘rab, ajdar oldiga kelibdi, bo‘lgan voqealarni unga bayon qilibdi. Ajdar qizning gapini tinglab turib keyin:
— Unday bo‘lsa, yigirmata qoramol, yigirma mesh sharbat, yigirma kun muhlat so‘ragin,— debdi.
Ajdarning maslahati bilan qiz podshoh qoshiga borib, undan safarga kerakli narsalar berishni so‘rabdi. Podshoh qizning aytgan hamma narsasini beribdi. Qiz oziq-ovqatini g‘amlab bo‘lgandan keyin ajdarning yelkasiga minib, Anadir shahriga uchib boribdi.
Ajdar qizga yaxshilab tushuntiribdi: “Malikaning uxlaganiga bir kam qirq kun bo‘lgan. U bir varakayiga qirq kecha-qirq kunduz uxlaydi. Ertaga erta bilan uyg‘onishi kerak. Hozir sen uning oldiga borib, o‘ziga tegsang, ro‘moliga tegma, ro‘moliga tegsang, o‘ziga tegma. Qizning arkiga chiqaverishda ikkita hujrada paxta bor, qo‘yni-qo‘njingni paxtaga to‘ldirib ol. So‘ngra ark zinasining ikki yog‘ida qo‘ng‘iroqlar bor, ular ichiga o‘sha paxtadan tiqib, keyin yuqoriga chiqaver. Oxiri arkka yetasan,— debdi.
Qiz hamma gapni uqib olib, ajdarning aytganlarini bajo keltiribdi. Bir vaqt ark tepasiga chiqib qarasa, ajdar aytganday qiz uyquda emish. Uning qirqta kokilini qirqta kanizak bosib poylab yotgan emish. Qizning ro‘moli boshidan tushib qolgan ekan. Qarasa, qizdan ro‘mol chiroyli, ro‘moldan qiz chiroyli emish. Ikkovini baravar ko‘taribdi. U tilsim ekan. Shu zahoti bandga tushibdi. Erta bilan enaga xotinlar kelib qarasalar, qizga o‘g‘ri kelgan ekan. Darrov podshohga xabar berishibdi. Shoh: “O‘g‘rini keltiring!” deb buyuribdi. Qizning qo‘llarini orqasiga bog‘lab, podshohga olib boribdilar. Podshoh qizga do‘q qilib:
— Nega mening qizimni o‘g‘irlamoqchi bo‘lding? — deb so‘rabdi. Qiz hamma voqeani podshohga birma-bir aytib beribdi va so‘z oxirida:
— Bu yer ham tilsim ekan, qo‘lga tushib qoldim,— debdi. Podshoh qizga g‘azab bilan so‘z qilibdi:
— Agar bu yerdan qutulishni istasang, bir shartim bor, shuni bajarasan. Kunchiqar tomonda Ko‘hiqof degan tog‘ bor, u yerda bir dev yashaydi. Uning bir qora oti bor, shu otni keltirsang qizimni beraman. Bo‘lmasa, boshingni olaman! — debdi.
Qiz: “Javobini ertaga beraman” degan va’da bilan podshoh oldidan chiqib, ajdar yoniga kelibdi va podshohning qo‘ygan shartini ajdarga so‘zlab beribdi.
Ajdar to‘rt kun muhlat so‘rashni aytibdi.
Qiz borib uni podshohga aytgan ekan, u rozi bo‘libdi. Qiz ajdarning yelkasiga minib olibdi. Ajdar anchagacha uchib, qizni Ko‘hiqofga yetkazibdi va qizga yaxshilab tushuntiribdi: “Dev shu vaqtda uxlay deyapdi. Sen oxurning teshigidan boshingni chiqar. Ot seni ko‘rib kishnaydi. Dev “Odam hidi kelyapti” deb to‘rt tomonga yuguradi, seni topolmagandan keyin yotib uxlaydi. Oxur tagidan boshingni ikkinchi qayta chiqar. Ot yana kishnaydi. Dev yana hamma yoqni qidirib chiqadi, topolmasdan, otxonaga kiradi va otga qarab:
— Ey ot, meni ikki marta ovora qilding, uchinchi marta kishnasang, o‘zingni yeyman! — deb, yotgani ketadi. Shunda oxurdan boshingi chiqarib, otga:
— “Ey jonivor! Seni suv o‘rniga sut, yem o‘rniga kishmish berib boqaman. Nima qilasan zolimning qo‘lida?”, desang ot bo‘ynini solib turadi. Yonida egar-jabdug‘i bor, ustiga tashlab, yetaklab chiqasan. So‘ngra u yog‘ini o‘zim to‘g‘rilayman,— debdi.
Qiz ajdarning aytganlarini bekami ko‘st bajaribdi. Otni yetaklab, ajdar oldiga yetkazib kelibdi. Ajdar qiz bilan ot ikkisini yelkasiga ortib, Anadir shahriga qarab uchibdi, sal fursatda manzilga yetibdi.
So‘ngra ajdar qizga:
— Ey qiz, bu otni o‘zing ol, men bir yumalab xuddi shu otga o‘xshab qolaman, meni podshohga eltib berasan. Uning qizini olib, yo‘lga tushaverasan, men orqangdan yetib olaman,— debdi-da, bir yumalab ot bo‘lib qolibdi. Qiz uni podshoh oldiga yetaklab kelibdi. Podsho otni ko‘rib, sevinganidan darhol qizni topshiribdi. Qizlar otni minib, qo‘llarida qush o‘ynatib, yo‘lga ravona bo‘lishibdi.
Endi gapni Anadir podshosidan eshiting:
Podshoh otni egarlashga buyuribdi. Uni egarlab, yasatib podshohga keltiribdilar. Podshoh uzangiga chap oyog‘ini qo‘yib, o‘ng oyog‘ini yerdan ko‘tarib, endi minay deb turganda, ot bir chivin bo‘lib uchib ketibdi. Podshoh yiqilib tushibdi. Podshoh hayron bo‘lib: bu qanday sehrgarlik: ham otdan ajraldim, ham qizimdan, — debdi. So‘ngra: “Darhol ularni topinglar!” deb lashkarlariga farmon beribdi. Lekin lashkarlari hech qayerdan otni ham, qizni ham topisha olmabdi.
Ko‘z yumib ochguncha ajdar qizlarga yetib, ikkovini ot bilan yelkasiga olib, Rum viloyatiga jo‘nabdi. Rumga kelgach, ajdar bir yumalab, u qizdan ham chiroyliroq bir qiz bo‘libdi. Buni ko‘rib Rum podshosi shodlanibdi va ikkala dorini ham berib yuboribdi. Qizlar dorini olib, yo‘l-yo‘lakay qush o‘ynatib ketaverishibdi.
Endi gapni Rum podshosidan eshiting:
Podshoh xursand bo‘lganidan xalqqa katta to‘y qilib beribdi. Тo‘y o‘tgandan keyin qiz bir yumalab chivin bo‘lib, ko‘zdan yo‘qolibdi. Ko‘z ochib yumguncha ikki qizga yetib olibdi. Ularni qator qo‘yib, ikkalasini oti bilan yelkasiga mindirib, qizni o‘z yurtiga yetkazibdi. Qiz bozorlarni tomosha qilib yurib, kallapaznikiga kelibdi. Kallapazga shogird bo‘lib ishlayotgan uch akasini tanib qolibdi. Ularning ust-boshlari yirtiq ekan. Qiz kallapazga pul bera turib:
— Uchala yigitdan kalla berib yuboring,— debdi. Kallapaz:
— Ey, bularning qo‘li ham qursin, o‘zi ham. Hamma yog‘i kir-chir, kallani o‘zim olib boraman, — degan ekan. Qiz:
— Yo‘q, shu uchovidan berib yuboravering,— debdi.
Kallapaz kallani uch bo‘lak qilib, uchala yigitdan berib yuboribdi. Ular kallani olib kelishibdi. Qiz kallani uchala akasining oldiga qo‘yib:
— Buni yenglar, — desa, akalari:
— Xo‘jayin urishadi, — deyishibdi. Shunda qiz:
— Pul meniki, sizlarni men mehmon qilayapman. Qo‘rqmasdan yeyaveringlar,— deb ovqatni ularga yediribdi. So‘ngra “Idishini berib, qaytib kelinglar” debdi. Uchovi yana qaytib kelibdi. Qiz ularni bozorga boshlab borib, ust-bosh olib beribdi. Hammomga tushirib, yangi kiyimlarni kiydiribdi. Shundan keyin qiz akalaridan:
— Meni taniyapsizlarmi?— deb so‘rasa, akalari:
— Yo‘q, tanimaymiz, — deyishibdi.
Qiz:
— Sizlar tuppa-tuzuk odamlar edingiz-ku, nima bo‘ldi?— deb, so‘ragan ekan, ular:
— Qimor o‘ynab shu ahvolga tushib qoldik, — deyishibdi. Shunda qiz:
— Men singlingiz bo‘laman. Mana bu ot — Ko‘hiqofdagi devning oti, bu — o‘rtog‘im. Anadir podshosining qizi bo‘ladi. Mana Rum podshosidan dorini ham oldik,— debdi.
Uchala aka uyalganidan nima qilarini bilmay, singildan yashirincha maslahat qilishibdi. “Singlimiz bu dorini olib borib otamizning ko‘ziga surtadi. Bizning o‘g‘illigimiz bekor bo‘lib qoladi. Undan ko‘ra, buni quduqqa tashlash kerak”, deb bechora qizning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, quduqqa tashlashibdi, qizni va ot bilan dorini olib, otalari oldiga kelishibdi. Ichkariga kirib, otalari bilan ko‘rishib-so‘rashib bo‘lib:
— Ey ota, qizingiz yomon bo‘lib ketgan, sizga dori olib kelarmidi, dorini mana biz olib keldik, — deb dorini unga berishibdi.
Chol dorini surtishi bilan ko‘zlari ochilib juda xursand bo‘libdi. Lekin oti sira ovqat yemabdi. Anadir podshosining qizi necha kungacha gapirmabdi, sayrab turgan qush hech sayramay qo‘yibdi. Qo‘yingchi, uchalasi ham xafachilikdan bosh ko‘tarmabdi.
Endi gapni Rum podshosidan eshiting:
Тo‘y-tomoshadan keyin podshoh qizini qidirtirmoqda ekan. Kunlarning birida safardan qaytgan savdogarlar to‘ppa-to‘g‘ri podshoh huzuriga kelib:
— Ey podshohi olam, sizga arzimiz bor. Bir qoshiq qonimizdan kechsangiz, aytamiz,— debdilar. Podshoh:
— Kechdim, aytinglar! — debdi. Savdogarlar:
— Doriga ketgan qiz yo‘lda bir dugonasi bilan qush o‘ynatib kelayotir, — debdilar.
Podshoh darrov qizlar ketidan cholning uyiga borib, choldan uning doriga yuborgan bolasini so‘rabdi. Chol uchta o‘g‘lini ko‘rsatgan ekan, podshoh:
— Bular emas, men uni taniyman, — debdi. Shunda podshohning qizi:
— Ey podshoh, bular bizni olib kelgan o‘rtog‘imizning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, eski quduqqa tashladilar,— debdi.
Podshoh o‘sha zahoti qizni topib kelishga buyuribdi. Qizni quduqdan chiqarib olibdilar. Qarasalar, qiz chalajon bo‘lib yotgan emish. Uni shu ahvolda podshoh oldiga olib kelibdilar. So‘ngra tabiblar uni davolab tuzatibdilar. Otasi o‘z qizini ko‘rib juda sevinibdi va duo qilibdi.
Qiz umrining oxirigacha tinch, baxtli yashabdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.