OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Attang

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir podsho bor ekan. Uning yakka-yu yagona qizi bor ekan.
Kunlardan bir kun u boqqa sayrga chiqmoqchi bo‘libdi. Uning o‘z kanizaklari bilan boqqa chiqishini eshitgan qo‘shni yurt podshosining o‘g‘li yashirinib o‘sha boqqa kirib olibdi. Podshoning o‘g‘li anchadan beri shu qizni ko‘rish istagida yurgan ekan. Qizni ko‘rgach, yigit uni yaxshi ko‘rib qolibdi. Yigit shu haqda qizga aytibdi. Podshoning qizi:
— Mening bitta shartim bor. Agar shuni bajarsangiz, sizga turmushga chiqishga rozi bo‘laman. Siz "attang"ni topib kelishingiz kerak, — debdi.
Yigit "attang"ni qaerdan izlashni bilmay, ko‘p sarson bo‘libdi, lekin hech qaerdan topa olmabdi.
Yigit bir kuni tush ko‘ribdi. Tushida u bir qorong‘i uyga kirib qolganmish. Qarasa, bir chol tokchaga o‘xshash yerda o‘tirib, hadeb "attang, attang" deb takrorlayotgan emish. Yigit bunga ajablanib, choldan so‘rabdi:
— Ota, nimaga siz hadeb "attang" deysiz? Chol esa:
— O‘g‘lim, meni bu dunyoga kelmasimdan burun qiladigan ishlarim bor edi, qolib ketdi. Shuni o‘ylab doim "attang" deyman. O‘g‘limni uylantirib, bir boshini ikki qilib qo‘ymoqchi edim. Ulgurmadim, shu menga armon bo‘lib qoldi, — debdi.
— Men sizga biror ish bilan yordam bera olamanmi? — deb so‘rabdi yigit.
— O‘g‘lim, gapimga quloq solgin. Katta chinor daraxti bor hovlini topgan. O‘sha hovliga kirgin. U yerda mening o‘g‘lim yolg‘iz yashaydi. O‘sha chinor daraxtining tagida o‘choq bor. O‘choqni buzib, tagini kovlasang, ikki xumcha to‘la tilla chiqadi. Shularni sarflab, o‘g‘limni uylantirib qo‘ygin. Shundagina men bu dunyoda tinch yota olaman.
Yigit cholning shu gaplaridan keyin uyg‘onib ketibdi. Tong otganda, "qani bir qidirib ko‘ray-chi" deb chol aytgan hovlini axtarishga tushibdi. Oxiri katta chinori bor hovlini topibdi. Hovliga kirsa, bir yoshgina yigit o‘tirgan emish. Undan so‘rabdi:
— Otangiz qaerdalar? Kim bilan yashaysiz?
Yosh yigitcha otasi yaqinda qazo qilganini, hozir yolg‘iz o‘zi yashashini aytibdi. Yigit chinor daraxti tagidagi o‘choqni ko‘rsatib:
— Mana bu o‘choqni buzib ko‘raylik. Balki u yerdan biror narsa chiqib qolar, — debdi.
Ikkovlari o‘choqni buzibdilar. Tagini ancha kovlaganlaridan keyin, u yerdan ikki xumcha chiqibdi. Ular juda og‘ir ekan, ichi to‘la tilla ekan-da. Shundan keyin yigit cholning o‘g‘liga:
— Bu tillalarni otangiz sizga, sizning to‘yingizga sarf qilmoqchi edi. Shu maqsadda butun umr to‘plagan edi. Lekin otangiz sizga shuni aytolmay, to‘yingizni ko‘rolmay armonda ketdi, — debdi.
Yigit tillaning ozgina qismiga hovlining u yoq-bu yog‘ini tuzattiribdi. Qolgan bir qismiga katta to‘y qilib, cholning o‘g‘lini uylantirib qo‘yibdi. Ortganlarini esa tejab-tergab ro‘zg‘orda ishlatishini unga uqtiribdi.
Shundan keyin yigit saroyga qaytib kelibdi. "Eh, baribir "attang"ni topa olmadim-da" deb xafa bo‘libdi. O‘sha kuni kechasi yana tush ko‘ribdi. Tushiga yana o‘sha chol kiribdi. Endi chol qorong‘i uyning tokchasida emas, pastda jimgina o‘tirgan emish. Yigit tushida yana o‘sha chol bilan suhbatga kiribdi. U barcha qilgan ishlarini cholga aytib beribdi. Chol esa yigitdan juda xursandligini aytibdi. Chol endi avvaldagidek "attang, attang" demas ekan. Shunda birdan yigit uyg‘onib ketibdi.
Yigit kuni bilan o‘ylab-o‘ylab, oxiri qizning yoniga — saroyga borib, unga hammasini ochiq aytmoqchi, ya’ni hech qaerdan "attang"ni topa olmaganiga iqror bo‘lmoqchi bo‘ldi. Yigit xomush bo‘lib qo‘shni yurtga yo‘l olibdi. Saroyga kelib, qizni ko‘rishga rosa urinibdi. Oxiri bir amallab qizning yoniga yashirin kiribdi. Kirsa, qiz uni ochiq chehra bilan, kulib kutib olibdi va:
— Sizdan juda ham xursandman. Yaxshiyam siz "attang"ni yo‘q qildingiz. Endi mazza qilib, rohatlanib uxlayapman. Avvallari doim bir chol tushimga kirib, faqat "attang, attang" degan so‘zlarni qaytarardi, — debdi.
Shundagina yigit qizning tushiga o‘sha chol kirib, u "attang, attang" deyaverib qizni uxlatmasligini, o‘zi esa cholning yorug‘ dunyoda qilolmay ketgan ishini bajarib, "attang" deyishdan to‘xtatganini bilibdi.
Shunday qilib, yigit qizning shartini bajargani uchun qiz to‘yga rozilik beribdi. Shu kuniyoq ikki qo‘shni yurt o‘rtasida to‘y-tomosha boshlanib ketibdi.
Chol ham narigi dunyoda tinchgina yotibdi. Ha, bu dunyoda hech kim armon bilan, "attang" demay ketganiga nima yetsin.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.