OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bo‘ri bilan mergan

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, g‘oz karnaychi ekan, o‘rdak surnaychi ekan, tovuq toq etdi, bilmadim qaqqa ketdi.
Bir mergan bor ekan. U mergan ovga chiqibdi. Bo‘ri uchrab quvib ketibdi. Bir joyda chol xirmon sovurayotgan ekan. Bo‘ri yugurib kelib, cholga:
— Ota, bir mergan quvib kelayotibdi, meni bekitib qo‘ying, — debdi. Chol «xo‘p» deb, bo‘rini qopga solib, ustiga poxol yopib bekitib qo‘yibdi. Mergan cholning oldiga kelib:
— Hoy chol, shu yerdan bo‘ri o‘tdimi? — debdi. Chol:
— Men o‘zim bo‘ridan qo‘rqaman, hech narsa ko‘rgaiim yo‘q, — debdi.
Mergan cholning gapiga ishonib, ketib qolibdi. Bo‘ri poxol tagidan:
— Meni quvib kelayotgan mergan ketdimi? — debdi. Chol:
— Ha, ketdi, — debdi.
— Ketgan bo‘lsa meni qo‘yib yuboring, — debdi bo‘ri. Chol:
— Xo‘p, — deb bo‘rining ustidagi poxolni olib tashlabdi. Bo‘ri poxol tagidan chiqib:
— Chol-chol, seni yeyman, — debdi. Chol qo‘rqqanidan shoshib:
— Meni yeguncha, molxonada qo‘sh qo‘chqorim bor, uni yegin, — debdi.
Bo‘ri sevinib molxonaga boribdi.

Bo‘ri bordi qo‘chqor qoshiga,
Suzib soldi bo‘ri boshiga.
Yana keldi cholning qoshiga.

— Jon bobo, jonim bobo, seni yeyman, —debdi ul. Chol:
— Meni yeguncha, otxonada qo‘sh otim bor, uni yegin, — debdi.

Bo‘ri bordi otning qoshiga.
Tepib soldi uning boshiga.
Yana keldi cholning qoshiga.

— Jon bobo, jonim bobo, seni yeyman, —deb takrorlabdi bo‘ri. Chol yana:
— Meni yeguncha, otxonada qo‘sh eshagim bor, uni yegin, — debdi.

Bordi eshak qoshiga,
U xarb soldi boshiga.
Keldi cholning qoshiga.

— Jon bobo, jonim bobo, seni yeyman, — deb turganida, ikkovining oldiga tulki kelib qolibdi, chol bechora yig‘lab:
— Mergan bo‘rini quvib kelayotgan edi, bo‘ri mendan o‘zini yashirib qo‘yishni so‘radi. Men uni qopga tiqib, poxol yopib, bekitib qo‘ydim. Mergan kelib: «Chol-chol, bo‘ri ko‘rdingmi?» deb so‘radi. Men bo‘ridan qo‘rqaman, o‘tgani yo‘q dedim. Mergan ishonib, ketdi. Poxolni olib bo‘rini qopdan chiqarib qo‘ysam «seni yeyman», deb meni mushkul holda qoldirdi, — degan ekan, tulki:
— Ey, bo‘ri o‘rtoq, chol seni shunday o‘limdan qutqarsa-yu, sen shunday qari cholni yeysanmi? — deb dashnom beribdi. «Yur bo‘lmasam», deb bo‘ri tulki bilan birgalikda cholning oldidan «xayr, ota», deb jo‘nab ketibdi. Chol ham o‘limdan qutulganiga xursand bo‘lib qolibdi. Bo‘ri bilan tulki boshlariga tushgan sarguzashtlarini aytishib ketaveribdilar. Bir shudgorga kelsalar, bir parcha quyruq yotgan ekan. Och qolgan bo‘ri shoshilib tulkiga:
— Men shu dumbani yeyman, — debdi. Tulki:
— Yema! — debdi. Bo‘ri:
— Nega yema deysan? — deb g‘azablanibdi. Tulki:
— «Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur», uni yemagin, — debdi. Bo‘ri:
— Men ham bir gap aytay, sen ham tushungin. Bir odam bozorga borgandir, go‘sht-yog‘ olgandir, otini minib lo‘killatib chopgandir, bir parcha yog‘i shu yerda tushib qolgandir, yeyman, — debdi. Tulki: «ema!» deb ko‘p yalinsa ham bo‘ri ko‘nmabdi. Tulki achchiqlanib ketaveribdi. Tulki ketgandan keyin bo‘ri yog‘ni yeyman, deb mergan qo‘ygan qopqonga tushib qslibdi. Mergan bir katta tolning tagida poylab o‘tirgan ekan. Bo‘rining qopqonga ilinganini ko‘rib, vaqti chog‘ bo‘lib, kelib bo‘rini ura boshlabdi. Kaltakning zarbiga bo‘ri chiday olmay, sakrab qopqondan chiqib, jon holatda bir daryoga boribdi. Undan suzib o‘tib, daryo bo‘yida u yoqqa-bu yoqqa qarab o‘tlab yurgan qo‘zini ko‘ribdi, halloslab qo‘zining oldiga boribdi va qo‘ziga:
— Seni yeyman, — debdi. Qo‘zi:
— Meni yeyishga yeysan, meni tuz koiga olib borib tuzlab yegin. Ana maza-yu, mana maza, — debdi. Bo‘ri: «Xo‘p, sening ham gapingga kiray», deb konga olib boribdi. Qo‘zi.
— Sen shu yerdan jilmay tur, men darrov tuz olib chiqay, undan keyin tuz bilan yeysan, — deb konga kirib, yo‘lni chappa solib qochib ketibdi. Bo‘ri hali chiqar, hali chiqar, deb bir qancha vaqt kutibdi, qo‘zining hech daragi bo‘lmabdi. «Qo‘zi meni aldab ketgan ekan», deb umi-dini uzib, jo‘nabdi. Bir joyga borsa, bir ot o‘tlab yuribdi. Otning oldiga borib:
— Ot, ot! Seni yeyman, — debdi. Ot:
— Meni yesang yersan, mening taqamga yozilgan vasiyat bor, shuni o‘qib ber, men eshitay, — debdi. Bo‘ri taqadagi xatni o‘qiyman deb borishi bilan ot bir tepibdi, bo‘rining og‘zi qonab, dumalab ketibdi. O’rnidan turib bir joyga borib, u yoqqa-bu yoqqa qarab, nima qilishini bilmay turgan ekan, bir semiz eshakning o‘tlab yurganini ko‘rib qolibdi. Eshakning oldiga borib.
— Eshak, seni yeyman, — debdi. Eshak aytibdi:
— Xo‘p, meni yeyishga yeysan. Ota-buvamdan qolgan yo‘rg‘a yurishim bor, shuni qilib beray, armonda ketmayin, — debdi. Bo‘ri: «Xo‘p, bo‘lmasa», deb eshakning ustiga minibdi. Eshak bo‘rini u yoqqa lo‘killatib-bu yoqqa lo‘killatib olib kelib, ustidan irg‘itib qochibdi. Bo‘ri yiqilganicha qolibdi. Qorni och, bedarmon bo‘lib yotganida bir cholning o‘tin terib yurganini ko‘ribdi. Joyidan turib, cholga tomon jo‘nabdi. Chol uzoqdan bo‘ri kelayotganini fahmlab shoshib-pishib o‘tinini arg‘amchisiga bog‘labdi. Bir daraxt ildizini kovlab olgandan qolgan chuqur bor ekan. Chol darrov shu chuqurning ichiga tushib, o‘tinini chuqurning og‘ziga qozon qopqog‘idek yopib, bekitib yotaveribdi. Bo‘ri o‘tin yoniga kelib qarab turib, cholni topa olmay, o‘tinning tepasiga chiqib o‘tirib:

Ko‘rdingki qo‘zi,
Termiladi ikki ko‘zi.
Senga kim qo‘yibdi.
Qo‘zini tuzlab yeyishni, uv-uv.
Ko‘rdingki o‘tlab yuribdi ot,
Ota-bobosidan qolgan xat.
Senga kim qo‘yibdi
Uning vasiqasini o‘qishni, uv-uv.
Ko‘rdingki eshak,
Yoniga solding to‘shak.
Senga kim qo‘yibdi
Yo‘rg‘asini ko‘rib boqishni, uv-uv, —

deb yig‘lab-yig‘lab o‘tin ustidan tushib sahroga qarab keta beribdi. Yurib-yurib ochligidan o‘lib qolibdi. Chol bechora chuqur ichidan chiqib o‘tinini ko‘tarib, u yoq-bu yoqqa qarab, shoshib bolalari yoniga qaytib kelibdi. Bo‘lgan voqeani bolalariga aytib beribdi. Bolalari: «Dadam bechora bir o‘limdan qolibdi-da», deb otalarini dalaga chiqarmay qo‘yibdilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.