OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boyning o‘g‘li

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir boy o‘tgan ekan. U boyning kayf-safoga berilgan, erka bir o‘g‘li bor ekan. Otasi qarib, o‘ladigan vaqtida o‘g‘lini yoniga chaqiribdi-da:
— Yolg‘iz bola — "yalmog‘iz bola" degan ekanlar. Sen hech o‘nglanmading. Tirikligimda seni ko‘p ardoqladim, lekin o‘zimga ham, senga ham ziyon qilgan ekanman. Endi bo‘lgan ish bo‘ldi, o‘lar oldida senga aytadigan so‘zim shu, qachon vaqting yetib, o‘lar bo‘lsang, mana shunga osilib o‘lasan, — debdi-da, uyning yuqori burchagidagi rapchani ko‘rsatibdi. Yigit bunga hech parvo qilmay, kayf-safoda yuraveribdi.
Kunlardan bir kuni otasining qazosi yetib, o‘libdi. Haligi yigit otasi o‘lgandan keyin ham aqli hushini yig‘ib olmay, besh-oltita o‘rtoqlari bilan har kuni ziyofat, soz-suhbat qurar ekan. U ziyofatda o‘tirib, nima noma’qulchiliklar qilsa ham, o‘rtoqlari indashmas ekan, qanday bema’ni gaplar aytsa, uni qo‘llab-quvvatlashar ekan.
Bir kuni ziyofatda o‘tirib:
— Men kechasi yotganimda osmonga qarasam, osmonning tepasidan ikkita it pastga qarab hurib turgan ekan, — debdi u jo‘ralariga. O‘rtoqlari ham:
— Ha, shunday, osmonda it hurib turganini biz ham ko‘rdik, — deyishibdi.
Shunday qilib, yigitning og‘aynilari uning bor-yo‘g‘ini yeb yuraveribdilar. Boshqa bir kuni boy yigit yana:
— Bugun kechasi otamning xazinasiga kirib qarasam, sichqonlar cho‘yan sandiqlarni kemirib, oltinlarni yeb yotishgan ekan, shunda qo‘limga qilich olib, hamma sichqonlarning boshini kesdim, lekin sichqonlarning podshosi qochib qutuldi, ana, ana qaranglar, yana qaytib kelibdi, — deb shipni ko‘rsatibdi. Og‘aynilari ham shipga qarab:
— Ha, ko‘rib turibmiz, uni ham tutib o‘ldirish kerak, — deyishibdi.
Kunlar, oylar o‘tib, bu yigitning otasidan qolgan mol-dunyo sovurilib bitibdi. Og‘aynilari ham yigitdan yuz o‘girib, uni ko‘rganda qochadigan bo‘lib qolishibdi.
Borib-borib yigitning hech narsasi qolmabdi. Yigitning boshiga og‘ir kunlar tushibdi. Odamlarning xizmatini qilibdi, tilanchilik ham qilishga majbur bo‘libdi. Bir kuni uyidagi qaqir-ququrlarini sotib, puliga bitta molning kallasini olibdi-da, og‘ayni-jo‘ralarini mehmonga chaqiribdi. Bir o‘rtog‘ining uyiga kirib ketayotib, kallani eshik oldida qoldiribdi. O‘rtog‘ini mehmonga aytib chiqib, qarasa, kallani ko‘chadagi itlar tortqilab yurgan emish. Yigit ovqat qilmay o‘tiraveribdi.
Kechqurun o‘rtoqlari kelib qarashsa, hech narsadan darak yo‘q. Jo‘ralari:
Ha, sho‘r peshona, ziyofating qani? — deb so‘rabdilar. Shunda yigit:
— Men Avazmat shovzinning uyiga kirganimda, kallani eshikka qo‘yib kirgan edim, chiqib qarasam, itlar tortqilab ketibdi, — deb javob beribdi. Keyin jo‘ralari yigitni tutib olib uribdilar. "Kallani ham it yeydimi?" — deb uni toza xo‘rlashibdi. Shunda yigit:
— Osmonda it hurishiga ishondinglar, cho‘yanni, oltinni sichqon yeyishiga ishondinglar, endi "kallani it yedi" desam nega ishonmaysizlar? — debdi. Jo‘ralari yigitning gapiga quloq solmay, uni urib sulaytirib ketibdilar.
Yigit alamiga chiday olmay: "Bunday qilib yurganimdan ko‘ra o‘lganim yaxshiroq", — debdi-da, otasi yasab bergan rapchaga o‘zini osibdi, shunda u o‘pirilib ketibdi, yigit yerga yumalabdi. Ustidan oltin-kumush sochilib ketibdi. Kallasini ishlatib qarasa, otasi bu rapchaning ichiga oltin-kumush to‘ldirib qo‘ygan ekan. Shundan keyin uning turmushi yaxshilanib ketibdi. Jo‘ralari yana shiraga qo‘ngan pashshaday to‘planib kelaverishibdi. Yigit ularning barini haydab solibdi. Keyin hunar o‘rganibdi, bola-chaqa qilib, murod-maqsadiga yetibdi. Shuning uchun ham donolar:
Qo‘lda moling borida, begonalardin yor ko‘p,
Davlating ketsa agar dildor yo‘q, ozor ko‘p, — deyishgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.