OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Donishmand yigit

Qadim zamonda bir podsho o‘tgan ekan. Podsho hukm chiqarishda gunohkor va gunohsizlarni chek tashlash yo‘li bilan aniqlar ekan. Gunohkor deb topilgan odamni podsho o‘z oldiga chaqirib bir qutini ko‘rsatar ekan. Uning ichida ikkita qog‘ozga, biriga "o‘lim", ikkinchisiga esa "ozodlik" degan so‘zlar yozilgan ekan. Gunohlari qay darajada bo‘lishidan qat’i nazar, gunohkorlar shu qog‘ozlardan bittasini olar va unda yozilgan hukm ijro etilar ekan. "Ozodlik" degan qog‘ozni olsa, ozod bo‘lar ekan. "O‘lim" degan qog‘ozni olsa, o‘limga hukm qilinar ekan.
Kunlardan bir kuni hasadgo‘ylardan bir nechtasi to‘planib, bir donishmand yigitni podshoga gunohkor qilib ko‘rsatishibdi. U yigitning dushmanlari qutidagi ikkala qog‘ozga ham "o‘lim" degan so‘zni yozib, solib qo‘yishgan ekan. Bu sir-asrordan donishmand yigitning do‘stlari xabardor bo‘lib qolishibdi va yigitni ogohlantirishibdi.
Podsho odati bo‘yicha gunohkorni chaqirtirib, qutidan qog‘ozlardan birini olishni buyuribdi. Donishmand esa qog‘ozlardan birini qo‘liga olibdi-yu, yutib yuboribdi. Podsho esa qutidagi qolgan qog‘ozni ochib qarasa, unda "o‘lim" deb yozilgan ekan.
Podsho yigit yutgan qog‘ozda "ozodlik" degan hukm bo‘lsa kerak, deb gunohsiz donishmandni ozod qilib yuboribdi. Donishmand shunday qilib aql-zakovati tufayli o‘limdan qutulib qolgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.