OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dono Zulayho

O‘tgan zamonda Anvarxon degan bir podsho bo‘lar ekan, uning Zulayho degan xotini bor ekan. U donolik olamining malikasi, farosat olamining quyoshi ekan.
Bir kuni qo‘shni bir podshodan Anvar podsho huzuriga odamlar kelibdi. Ular:
— Sultonimiz sizdan o‘ttizta tulki, qirqta qizil yo‘lbars, saksonta serka, to‘qsonta to‘rgay, yuzta tuxum topib yuborishingizni iltimos qildilar, — deyishibdi.
Anvar podsho o‘ylanib turib:
— Podsho aytgan narsalarning hammasini ham topsa bo‘ladi, ammo qirqta qizil yo‘lbarsni qayoqdan topsam ekan, — debdi. Nihoyat, buning chorasini topolmay, dardini xotini Zulayhoga aytibdi. Zulayho eridan bu gapni eshitib qah-qah urib kulibdi.
— Ey, sizning og‘ayningiz odamlarning qaysi yoshda, qanday holatda bo‘lishini topishmoq qilib aytibdi-ku, — debdi va: — Uttiz yoshda kishi tulkiday yuradi, qirqida qizil yo‘lbars bo‘ladi. Saksonida serkadayin bo‘shashib, tuqsonida to‘rg‘ayday tili tutilib qoladi, yuzga kirgan kishi tuxumday chayqalib yotib qoladi. Bu gaplarni o‘sha kelgan kishilarga ayting. Ular podsholari huzurida bu so‘zlarimni to‘tiday takrorlashsin, — debdi.
Zulayho qo‘shni podshoning topishmog‘iga ana shunday javob bergan ekan.
Bir kuni Anvar podsho aql va farosat olamining sohiblarini yig‘ib, ularga savol tashlabdi:
— Dunyoda hamma narsadan nima shirin?
— Asal! — debdi bir donishmand.
— Qand! — debdi yana bir kishi.
Bu javoblar podshoga ma’qul bo‘lmabdi. Qolgan donishmandlar nima deb javob qilishlarini bilmay, o‘ylanib turgan ekanlar, shunda ichkarida o‘tirgan Zulayho:
— Hamma narsadan ro‘zg‘or shirin, — debdi. Shundan keyin Anvar podsho:
— Dunyoda hamma narsadan nima achchiq? — deb so‘rabdi.
— Qalampir, — debdi donishmandlardan biri.
— Zahar, — debdi yana bir donishmand. Shunda Zulayho yana javob qilib:
— Dunyoda hamma narsadan achchiq narsa ham ro‘zg‘or, — debdi.
Shundan keyin Anvar podsho:
— Dunyoda hamma narsadan nima semiz? — deb so‘rabdi.
— Qo‘y, — debdi o‘tirganlardan biri.
— To‘ng‘iz, — debdi yana biri.
— Fil, — debdi uchinchisi.
Ularning hech birining javobi Anvar podshoni qanoatlantirmabdi. Shunda Zulayho:
— Olamda hamma narsadan suv semiz, — debdi. Bu javob ham hammaga ma’qul bo‘libdi. Anvar podsho o‘ylab turib yana bir savol beribdi:
— Dunyoda eng yugurik narsa nima?
— Quyon, — debdi bir donishmand.
— Kiyik, — debdi biri.
— It, — debdi yana biri.
— Ot, — debdi to‘rtinchi donishmand.
Ularning bu javoblari ham Anvar podshoni qanoatlantirmabdi. Shunda Zulayho:
— Dunyoda eng yugurik narsa odamning ko‘ngli, — debdi.
Shunday qilib Zulayho hamma donishmandlardan aqlli chiqqan ekan.
Bir kuni Anvar podsho va Zulayho sayr qilib yurib bir soyga kelishibdi. U yerda suvda o‘sayotgan qamishni ko‘rib qolishibdi. Shunda:
— Qamish suvga qonyapti, — debdi podsho.
— Yo‘q, qamish yomg‘irdan bahra olib o‘syapti! — debdi dono Zulayho.
Ular yo‘lda yana davom etishibdi. Yo‘l yurishibdi, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurishibdi. Oxiri otlari chanqab, bir ariqqa kelishibdi. Podsho otini sug‘ora boshlabdi. Zulayho esa otini suvga tushiribdi-yu, ammo uning boshini osmonga qayirib tura beribdi.
Podsho hayron bo‘lib:
— Nimaga otni sug‘ormayapsan? — deb so‘rabdi.
— Mening otim oyog‘idan suv ichyapti, — debdi Zulayho.
— Ot ham oyog‘idan suv ichadimi? — debdi podsho.
— Qamish oyog‘idan suv ichgandan keyin, mening otim ham oyog‘idan suv ichadi-da, — debdi Zulayho.
Anvar podsho bu yerda ham Zulayhodan mot bo‘libdi. Anvar podsho bilan Zulayho yo‘lda quyunga yo‘liqishibdi. Shunda Anvar podsho:
— Zulayho, — debdi.
— Labbay, shohim, — debdi Zulayho.
Borib so‘ragin-chi, bu quyun qaerga qo‘nar ekan? — debdi podsho.
Zulayho uzoq-uzoqlarni aylanib, qaytib kelibdi. Shunda Anvar podsho:
— Quyun senga nima dedi? — deb so‘rabdi.
— Qaerga qo‘nasan, desam, “mening yelganimni yel biladi, qo‘nganimni soy biladi. So‘ragan sen tentakmi, so‘ratgan xon tentakmi”, — dedi debdi Zulayho.
Anvar podsho Zulayhodan yana mot bo‘lgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.