OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ikki o‘jar

Ikki do‘st bir kun tuz koniga borish uchun safarga chiqishibdi. Qaytishda daryo bo‘yida kelayotgan ekanlar, bir gujumni ko‘rib qolibdilar. Bu gujum yum-yumaloq, juda ham chiroyli, xuddi qaychi bilan qirqib, tekislab qo‘yganday ekan. Ulardan biri:
— Bu gujumni kim bunday chiroyli qilib qaychi bilan qirqib qo‘ydi ekan? — debdi. Ikkinchisi:
— Gujumning o‘zi to‘g‘aloq , hech kim buni qaychi bilan qirqmagan, — debdi. Birinchi do‘st:
— Yo‘q, qaychi bilan qirqilgan, — debdi. Ikkinchisi:
— O‘zi shunday, — debdi. Shu bilan ikkisi bahslashib, gujumning oldiga borishibdi. Oldiga borgandan keyin gujum yana ham chiroyli, yana ham tekis bo‘lib ko‘rinibdi. Gujumning soyasida o‘tirib, do‘stlar yana bahs boshlashibdi. Bahs borib-borib urishga aylanibdi. "O‘zi shunday to‘g‘aloq" degan do‘sti "Qaychi bilan qirqilgan" degan do‘stini jahl ustida daryoga itarib yuboribdi. Daryoga yiqilgan do‘sti suzib borarkan: "Qaychi bilan qirqilgan", — deb ketaveribdi. Daryo bo‘yida qolgani ham ovozining boricha: "O‘zi to‘g‘aloq!" — deb qichqiraveribdi. Daryoga yiqilgani borgan sayin holdan toyaveribdi. Shunda ham "Qaychi bilan qirqilgan" deganga o‘xshatib, ikki barmog‘ini ochib-yopib boraveribdi. Daryoning tagiga cho‘kib ketayotganda ham ikki barmog‘ini qaychi qilib qolgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.