OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘jarvoy bilan vafodor it

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir daryoning bo‘yida chol bilan kampir yashagan ekan. Ularning yakka-yu yagona, ko‘zlarining oqu qorasi, keksayganda ko‘rgan erkatoy bir o‘g‘illari bor ekan.
U juda ham sho‘x bo‘lgani uchun unga Sho‘xvoy deb ism qo‘yishgan ekan. Lekin keyinchalik qaysar, o‘jar, o‘zining aytganidan qolmaydigan bo‘lgani uchun bolani O‘jarvoy deb chakiradigan bo‘lishibdi. Shu-shu bolaning ismi O‘jarvoy bo‘lib qolibdi. O‘jarvoyning ziyrak va sezgir bir iti bor ekan.
Kunlardan bir kun O‘jarvoy ertalab o‘rnidan turib, daryoda bet-qo‘lini yuvib kelmoqchi bo‘libdi.
Kampir esa:
— Iliq suv qilib qo‘yganman. Shu yerda bet-qo‘lingni yuvgin, — debdi.
O‘jarvoyga bu gap yoqmabdi. U o‘z aytganida turib olibdi. Chol-kampirdan yashirib, o‘zi daryo qirg‘og‘iga boribdi. Sochiq bilan sovunlarini bir yoniga qo‘yibdi. Orqasiga qarasa, iti ham unga ergashib kelgan ekan. O‘jarvoy qirg‘oqqa yaqinlashibdi. O‘jarvoy bir necha bor suvga engashibdi. Lekin hech bo‘yi yetmabdi. Pastroq joyni qidiribdi. Qidirib-qidirib oxiri topibdi. Qo‘li suvga yetay-etay deganda suv birdan pastlashib ketibdi. Shunda daryodagi suv tilga kirib:
— Ey, bola, sen uyingga qaytib borgin-da, o‘sha yerda yuvingin. Daryo suvi sendaqa o‘jar bolalarga suv bermaydi, — debdi.
Daryodagi suv birdan yana to‘lqinlanib, yanada pasayib ketibdi. O‘jarvoy hayron bo‘lib qolibdi. Lekin baribir hech uyiga ketgisi kelmabdi. O‘jarvoy karab tursa, daryo suvi yana asliday oqa boshlabdi. O‘jarvoy yana qo‘lini suvga uzatibdi, suv yana kamayib ketibdi. Uchinchi marta ham qo‘lini cho‘zganda xuddi shunday bo‘libdi. To‘rtinchi marta suvga intilganida, kallasi bilan suvga sho‘ng‘ib kirib ketibdi. Buni ko‘rgan it o‘zini suvga otibdi. Cho‘kib ketayotgan O‘jarvoyning ko‘ylagidan tishlab sudrab chiqaribdi.
Shunday qilib, O‘jarvoy bilan vafodor it uyga arang yetib kelishibdi. O‘jarvoy bo‘lgan voqeani chol bilan kampirga aytib beribdi. Ular O‘jarvoyni urishib, itning qilgan ishidan quvonishibdi. Shundan keyin O‘jarvoy ota-onasiga o‘jarlik qilmaslikka so‘z beribdi.
O‘jarvoy shunday qilib o‘jarligini tashlagan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.