OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O’tinchi yigit bilan sher

Bir yigit dalaga o‘tin tergani chiqibdi. Bir daraxt yoniga kelib shu daraxtni yiqitmoqchi bo‘libdi. Bir sher kelib qolib:
— E odamzod, nimaga kelding, bu yerda nima ish qilasan? — debdi.
U yigit:
— Mana shu terakni qulataman, — debdi.
Sher:
— Men shunday kuchim bilan bu terakni qulata olmayman-ku, sen qanday qilib qulatasan? — debdi.
Yigit:
— Ey, jo‘ra, men juda zo‘rman, — debdi.
Sher:
— Sen zo‘r bo‘lsang, kel ikkovimiz kurashib kuchimizni sinaymiz, — debdi.
Yigit:
— Mayli, kurashamiz, — debdi. Ikkovi kurashmoqchi bo‘lib turganda yigit:
— Kuchimning yarmi uyda qolibdi, borib olib kelay, — debdi.
Sher:
— Ha, borib kel, bo‘lmasa yiqilsang kuchim uyda qolgan edi, deb tan bermay yurarsan, — debdi. Yigit kuchini olib kelmoqchi bo‘lib ketib, bir joyda ko‘rinmay bekinib turib, yana qaytib kelibdi.
Sher:
— Olib keldingmi? — debdi.
— Olib keldim, — debdi yigit.
— Unday bo‘lsa qani kurashaylik, — debdi sher. Yana ikkovi kurashmoqchi bo‘lib turganda yigit:
— Ey, sher jo‘ra, kuchimning tag‘in pichasi uyda qolibdi. Olib kelay, — deb ketib, yo‘ldan qaytib kelib:
— Sen qochib ketma, — debdi.
Sher:
— Yo‘q, men qochmayman, sherning gapi bir, — debdi.
Yigit:
— Yo‘q, senga ko‘nglim ishonmaydi. Seni bog‘lab ketaman, — debdi.
Sher:
— Bog‘lay qol, — deb o‘zini bog‘latibdi. Yigit sherni mahkam bog‘labdi. Toldan yaxshi bir tayoq qilib olib kelib gursillatib sherni ura boshlabdi.
Sherning: «Jon odamzod, meni urmang, endi odamzodga yo‘liqmayman», deb yalinganiga ham qaramay, ura beribdi. Shu payt bir yo‘lbars kelib qolibdi. Yigit yo‘lbarsdan qo‘rqib terak boshiga chiqib ketibdi. Yo‘lbars sherning bog‘lanib yotganini ko‘rib:
— Ey, sher, shuncha kuching bilan nimaga o‘zingni odamzodga urdirasan? — debdi.
Sher:
— Esing bo‘lsa odamzodga yo‘liqma. Qoch bu yerdan. Seni ham ushlab, bog‘lab uradi, — debdi.
Yo‘lbars sherdan bu gapni eshitishi bilan orqasiga qaramay qochib ketibdi. Yigit terak ustidan tushib, sherni bo‘shatib yuboribdi. Terakni qulatib, arralab uyiga olib borib, murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.