OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ochko‘z boy

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda, bir shahri azim chetidagi katta bir ko‘lda juda ko‘p baliqlar bor ekan. Lekin bu baliqlarni tutib yeyish juda xavfli ekan. Chunki bu baliqlar ba’zi kunlari zaharli, ba’zi kunlari zaharsiz bo‘lib qolar ekan. Qaysi kuni zaharsiz bulib qolishini hech kim bilmas ekan.
Kunlardan bir kuni ochko‘z bir boyning bu baliqlarga juda ko‘zi kuyib, yegisi kelibdi. Shundan keyin har qanday xavf-xatarni ham unutib, o‘z xizmatkorlariga bu baliqlardan keltirib qovurishni buyuribdi. Shunda xizmatkori unga e’tiroz bildirib shunday debdi:
— Ey taqsir, axir, bu ko‘lning baliqlarini yeyish zararli-ku, bu baliqlarni qay vaqt zaharli, qay vaqt zaharsiz bo‘lishini bilmasak, tag‘in biror falokat yuz bermasin, — debdi.
Shunda ochko‘z boy xizmatkorini jerkib:
— Hoy, miyasi aynigan chol, nega mening gapimni ikki qilasan? Senga nimani buyursam, shuni gap qaytarmasdan qilgin, xo‘pmi? — debdi.
Shunda xizmatkor noilojlikdan borib, haligi baliqlardan uch-to‘rttasini tutib kelib qovuribdi va o‘z xo‘jayinining huzuriga keltiribdi.
Ishtahasi karnay bo‘lgan ochko‘z boy baliqni darrov yegisi kelibdi-yu, lekin yana aynab qolibdi va o‘zicha o‘ylabdi: "bordi-yu, bu baliqlar haqiqatan ham bugun zaxarli bo‘lgan bo‘lsa-chi? Oqibati yomon bo‘lmasin", deb o‘zicha o‘ylab turgan ekan, ko‘chadan bir gadoning tilangan ovozi eshitilib qolibdi. Shunda boyning ko‘zi yovuzlikdan chaqnab ketibdi. "To‘xta-chi, xudo gadoni ko‘p vaqtida yetkazdi-da, pishirilgan baliqlardak birini shu gadoga xayr-sadaqa sifatida chiqarib beraman va asta qarab turaman. Agar baliqlar haqiqatan zaharli bo‘lsa, shu gado yeyishi bilan narigi dunyoga safar qiladi va men omon qolaman. Bordi-yu, zaharsiz bo‘lib chiqsa, u vaqtda men ham baliqni bemalol yeyaveraman", deb o‘ylabdi. Pishirilgan baliqdan birini haligi gadoga chiqarib berishibdi. Gado esa uni duo qila-qila ko‘zdan uzoqlashibdi.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, gado o‘lmadi shekilli, ovozi eshitilyapti, deb ochko‘z boy qolgan baliqlarni paqqos tushiribdi. Baliqlarni endi yeb bo‘lib, og‘iz-qo‘llarini artib turgan ham ekanki, eshik taqillabdi.
Boy chiqib eshikni ochsa, baliq olib ketgan gado ekan. Boy unga qarab:
— Nega kelding yana? — deb so‘rabdi. Shunda gado aytibdi:
— Men sizdan pishirgan balig‘ingizni yedingizmi-yo‘qmi, bilgani kelgan edim. Agar baliqlar zaharsiz bo‘lsa, men ham bergan balig‘ingizni yerdim, — debdi.
Buni eshitgan boyning esxonasi chiqib ketibdi va tez orada baliqning zahari ta’sir qilib, olamdan ko‘z yumibdi, gado esa omon qolib, zolim, ochko‘z boydan o‘ch olganidan xursand bo‘lib yurgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.