OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Podsho bilan cho‘pon

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. U juda ham otlarni yaxshi ko‘rar ekan. Shuning uchun ham yurtidagi barcha zo‘r otlarni yig‘ib, saroyida otlar uchun maxsus otxona va otboqarlar tayinlagan ekan.
Podsho har kuni o‘zi otlardan xabar olib turar ekan. Bir kuni borsa, otlar faqat hadeb kishnar ekan, ular ancha ozib ham qolibdi. Otboqarlar ularning atrofida parvona bo‘lib, harchand ovqat yeyishga undasalar ham, otlar ovqatga qaramayotgan emish.
Shundan keyin podsho otboqarlarini chaqirtiribdi. Ular juda qo‘rqib, xafa bo‘lib podsho yoniga kelishibdi. Podsho:
— Otboqarlar, otlarga nima bo‘ldi? Nima uchun otlar ovqat yemayapti, ozib ketyapti?
Otboqarlar ikki bukilib, ta’zim qilishibdi. Shulardan biri:
— Ey, podshohi olam, bizning aybimizni kechiring. Biz otlarga kundalik ovqatlarni tarqatyapmiz. Lekin ne sababdandir ovqatga qarashmaydi, doim kishnab bezovta bo‘lishyapti, — debdi.
Shunda podsho vazirlarini chaqiribdi, ulardan ham maslahat so‘rabdi.
— Bu yaqin o‘rtada yana ot podasi bormi? — deb so‘rabdi podsho.
— Bundan qirq gaz narida otlar podasi bor. Balki shularning ovoziga kishnab, bezovta bo‘layotgandir, — debdi vazirlardan biri.
Podsho:
— Sizlar borib o‘sha podani topinglar va hamma otlarning og‘ziga to‘rva tutinglar. Ovqatni ham to‘rvaga solib berishsin, shundagina ular kishnamaydi, so‘ng bizning otlarimiz ham tinchlanib, ovqatlarini yeydi, — debdi.
Vazirlar hay-yo-xut deb yo‘lga chiqishibdi, yo‘l yurishibdi, yo‘l yurishsa ham, mo‘l yurishibdi va otlar podasiga duch kelishibdi. Ular cho‘ponni topib, otlarining og‘ziga to‘rva tutishni buyurishibdi, shunda cho‘pon hayron bo‘lib so‘rabdi:
— Ey vazirlar, ne sababli, men otlarning og‘zini berkitaman? Axir ularga biror narsa bo‘lsa, podsho mening go‘shtimni nimta-nimta qilib tashlaydi-ku!
Shunda vazirlardan biri:
— Podshoning o‘zi shunday buyruq berdi. Sening otlaring kishnagani uchun shahardagi otlar bezovta bo‘lyapti. Ular ovqat yemay, doim kishnayapti, — deb javob beribdi.
Cho‘pon noiloj otlarning og‘ziga to‘rva tutibdi. Vazirlar qaytib ketishgach, cho‘pon otlarni bu ahvoldan qutqarish yo‘llarini izlay boshlabdi.
Bir tuyani minib, bir takani egarga qo‘yib, shaharga jo‘nabdi. Shaharga yetib kelgach, bozor ichidagi hamma nog‘oralarni kamon o‘qi bilan otib, yorib ketaveribdi. Bundan norozi bulgan nog‘orachilar podshoga arz qilishibdi.
Podsho:
— O‘sha odamni saroyga olib kelinglar, — deb buyruq beribdi. Ular cho‘ponni tutib, podsho huzuriga keltirishibdi. Podsho cho‘pondan so‘rabdi:
— Xo‘sh, sen nima uchun bunday noma’qul ishlarni qilib yuribsan?
— Men hech qanday yomon ish qilganim yo‘q. Men tog‘dagi bir qabiladan chopar bo‘lib keldim, — debdi cho‘pon.
Podsho kulib:
— Sendan kattaroq, yaxshi kiyingan, aqlliroq, soqoli uzunrog‘i topilmadimi? — debdi.
— Yaxshi kiyingan, kattaroq dedingizmi, mana kechagina tullagan tuyam, soqoli uzunrog‘i dedingizmi, mana soqoli uch qarich takam, aqlliroq dedingizmi, mana o‘zim, hammasidan aqlliroq, — debdi cho‘pon.
Podsho qah-qah urib kulib yuboribdi va uning aqliga qoyil qolibdi.
— Xo‘sh, nima maqsadda kelding? — deb so‘rabdi podsho.
Cho‘pon:
— Shahardagi nog‘oralarning tovushiga otlarimiz ovqat yemay, ozib ketyapti, — debdi.
Podsho yana kulib:
— Senga nima bo‘lgan o‘zi, hech zamonda qirq chaqirim beridagi nog‘oralarning tovushiga ham sening otlaring ovqat yemaydimi? — deb so‘rabdi.
Cho‘pon:
— Axir qirq chaqirim naridagi otlarning ovoziga sizning otlaringiz ovqat yemay, ozib ketayotgan emish-ku! — debdi.
Bu gapni eshitib podsho o‘zi bergan buyruqni eslabdi va cho‘ponga:
— Sen yengding. Tila tilagingni, — debdi.
Cho‘pon:
— Besh ho‘kiz terisi enlaydigan yer bering, — debdi. Podsho kulibdi va darrov vasiqa yozdirib, muhr bosib beribdi. Cho‘pon xursand bo‘lib chiqib ketibdi va o‘z qishlog‘iga borib, do‘stlarini yig‘ib, bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Ertasiga ular besh ho‘kizni so‘yib, terilarini arqonga o‘xshatib mayda-mayda qilib qirqishibdi va qoziqlarni olib yo‘lga tushibdilar.
Yo‘l yurib, shaharga yetib kelishibdi. Cho‘pon yana bir bor podsho yonidan o‘tibdi. U:
— Xohlagan yeringdan olaver, mayli, — debdi. Shunda cho‘pon podshoning o‘zi ham birga borishini so‘rabdi. Podsho yana kulib, cho‘pon bilan birga borishga rozi bo‘libdi. Cho‘pon iplarni qoziqlarga bog‘labdi va shaharni aylanib, qoziqlarni yo‘l bo‘yi qoqib ketaveribdi. Ip butun shaharni egallabdi-yu, tugabdi. Podsho taajjublanib, hayron bo‘libdi. "Nahotki mening shahrim besh ho‘kiz terisiga sig‘sa", debdi. Cho‘pon iplarni o‘z joyiga birlashtirib, beshta ho‘kiz terisini ko‘rsatibdi. Shunda podsho mot bo‘lganini bilibdi. O‘z o‘rniga cho‘ponni podsho qilib qo‘yibdi va o‘zi shahardan chiqib ketibdi. Cho‘pon o‘z do‘stlarini amaldorlar o‘rniga qo‘yibdi. Xalq tinch, shod hayot kechiribdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.