OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Podshoning dono qizi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. Uning yomon bir xotini bor ekan. O‘zi tug‘mas ekan, podsho boshqa xotin olay desa qo‘ymas ekan. Qitmir, badkirdor ekan. Yuzi oq bo‘lsa ham ichi qora ekan, undan ko‘plarning ko‘ngli yara ekan.
Podshoning o‘lgan xotinidan bir qiz qolgan ekan. Qiz podshoning yakka-yu yagona farzandi bo‘lsa ham, uni yomon ko‘rar ekan. "Qiz bola — tuz bola" deb qizini xafa qilaverar ekan. Lekin podshoning qizi juda chiroyli, dono va chevar ekan. Qiz podshoga ko‘p aqlli gaplarni aytar ekan, lekin podsho xotinining so‘ziga kirib, qizining gapiga quloq solmas ekan, bir gapda turmas ekan. Qizi olim ekan, podsho zolim ekan.
Kunlardan bir kun podsho kayf-safo qilib o‘tirgan ekan, birdan hovuz bo‘yidagi qayrag‘och tepasiga chiroyli bir qush kelib qo‘nibdi. Keyin podsho tomonga qichqirib, sayray beribdi. Podsho odamlariga “shu qushni tutinglar”, deb buyruq beribdi. Biroq hech kim tuta olmabdi. Qush uchib ketib, yana aylanib kelibdi-da, yana haligiday qichqirib, sayrabdi. Podsho vazirlariga:
— Qush nima deyapti, shuni aytib berasizlar, — deb buyruq beribdi. Vazirlar nima deyishlarini bilmay, og‘izlarini ochib o‘tiraverishibdi. Keyin podsho g‘azab qilib:
— Kimki shu qushning nima deganini aytib bermasa, o‘zi o‘limda, moli podsholikniki! — debdi.
Vazirlar hayron bo‘lib:
— Bu balodan qanday qutulamiz? — deb tashvish chekishibdi.
Vazirlar yurtni aylanib, dono olimlardan qushning nima deganini so‘rashibdi. Hech kim javob bera olmabdi. Eng oxirida vazirlardan bir aqllirog‘i:
— Bu so‘roqqa podshoning qizi javob berar, agar u ham berolmasa, hammamiz mol-jonimiz bilan xayrlasha bersak ham bo‘ladi, — debdi.
Qirq vazir yashirincha borib podshoning qizidan so‘rashibdi. Podshoning qizi:
— Agar men aytganimni otamga aytmasanglar, men savolingizga javob beray, bordi-yu, otam bilib qolsa, unda meni tirik qo‘ymaydi, — debdi.
Vazirlar hammasi qasam ichishibdi. Hovuz bo‘yidagi qayrag‘och tepasida o‘tirgan qush:
— Jinni erni sog‘ qiladigan ham xotin, sog‘ erni jinni qiladigan ham xotin, hazir bo‘l. Xotining seni jinni qiladi! — dedi. Qushning joniqib sayraganining ma’nisi shu, — deb javob beribdi qiz.
Vazirlar juda suyunib hammalari podshoning yoniga borishibdi. Qiz nima degan bo‘lsa, hammasini podshoga aytishibdi. Podsho g‘azablanib:
— Sizlarga buni kim aytdi? — deb so‘rabdi.
— O‘zlarimiz topdik, — deyishibdi.
— Sizlarga birov aytgan, tez javob bering, bo‘lmasa hammangizni dorga ostiraman! — deb siyosat qilibdi. Vazirlar qo‘rqqanlaridan:
— Qizingiz aytdi, — deb aytib qo‘yishibdi. Podsho:
— Qizimni dorga osinglar! — deb buyruq beribdi. Shunda vazirlarning biri:
— Podshohim, o‘z qizingizni el orasida dorga ostirmang, yaxshisi, cho‘l-biyobonga oborib o‘ldirsinlar, hech kim bilmaydi, — debdi. Podsho ko‘nibdi.
Vazirlaridan ikkisi ikki jallodni olib, qizning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, otga o‘ngarib, cho‘l-biyobonga qarab ketishibdi. Vazirlar “bu kiz gunohsiz, bizni o‘limdan saqlab qoldi, biz ham buni o‘ldirmaylik”, degan maslahatga kelishibdi. Qizni sahroga olib borib qo‘l-oyoqlarini yechib yuboribdilar-da:
— Hamma balo sening aqlingda, xafa bo‘lma, ajaling yetmagan bo‘lsa, kuningni ko‘rib ketarsan, — deb bir ko‘ylakni qonga bo‘yab podshoga keltirib berishibdi.
Qiz cho‘l-biyobonda yolgiz o‘zi qolib, nima qilishini bilmay, boshi oqqan tomonga qarab ketaveribdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Kechga borib, uzoqdan bir yolg‘iz gujumni ko‘ribdi. Shu gujum tomonga qarab ketaveribdi. Yaqin borib qarasa, gujumning tagida bir bostirma, bostirmaning oldidan tiniq bir chashma shaldirab oqib turgan ekan. Qiz asta borib, uyning ichiga qarabdi. Uyning ichida hech kim yo‘q, yerga yirtiq sholcha tashlangan, har yer-har yerda bo‘yra cho‘plari sochilib yotgan ekan. Qiz uyga kirib, haligi sholcha ustiga yotibdi-da, qattiq charchaganidan darrov uxlab kolibdi.
Bir ozdan keyin qizning qulog‘iga uyqu aralash bir ovoz eshitilibdi:
Otim Qulman devona,
Odamlardan begona,
Turar joyim vayrona,
Dunyo bevafo ekan.
Qiz ko‘zini ochib qarasa, sochlari jingalak-jingalak bo‘lib o‘sgan, ko‘zlari o‘tdek chaqnab yonib turgan bir badburush odam tepasida turgan emish. Qiz irg‘ib o‘rnidak turib ketibdi. Haligi odam esa qah-qah urib kulib, o‘z ashulasini aytaveribdi. Qiz bir oz o‘ziga kelib, undan:
— Sen kimsan? — deb so‘rabdi. Lekin u odam aljirayveribdi. Qiz: “Bu jinni ekan”, deb o‘ylabdi. Qiz haliga odamni boshlab, chashmaning yoqasiga olib boribdi. Uning sochlarini olibdi, soqollarini tarabdi, ust-bosh kiyimlarini yuvib beribdi.
Kunlar o‘taveribdi. Qiz turli gayohlardan dori yasab, hamma odamni davolay boshlabdi. Olti oy deganda, haligi devona tuzalibdi. Shunda u odam o‘z boshidan o‘tgan voqealarni bir-bir aytib beribdi.
— Mening bu ahvolimga tushishimga xotinim sababchi, “kambag‘alsan, mol-dunyoing yo‘q”, deb meni haydab yubordi. Xotinimni yaxshi ko‘rardim, ikki yil sargardon bo‘lib yurdim, undan keyin nima bo‘lganimni o‘zim ham bilmayman, — debdi.
Qiz Qulmanga xotin bo‘lib, birga yashayveribdi. Yigit dehqonchilik qilar ekan, ov qilar ekan, xotini bo‘lsa, odamlarni davolar ekan, gilam to‘qir ekan, kashta tikar ekan.
Oradan ikki yil o‘tibdi, turmushlari juda yaxshi bo‘lib ketibdi. Bir o‘g‘il, bir qiz ko‘rishibdi.
Kunlardan bir kuni Qulmanning xotini eriga:
— Agar ko‘nsang, podshoni vazirlari bilan bir ziyofatga chaqiramiz, — debdi.
Eri ham ko‘nibdi. Podsho vazirlari bilan Qulmanning uyiga mehmon bo‘lib kelibdi. Qiz podshoga bo‘lgan voqealarning hammasini birma-bir aytib beribdi. Podsho yomon xotinining jabridan joni azobda qolgan ekan, uning ustiga qizidan ajralib, farzandsizlik o‘tida kuyar ekan. Qizining hikoyasini eshitib podsho yig‘layveribdi va qilgan ishiga pushaymon bo‘libdi. Keyin hammalari yurtga qaytib kelishibdi. Podsho yangidan to‘y-tomosha qilib, qizini Qulmanga nikohlab beribdi. Qulman yurtga podsho bo‘lib, hammalari murod-maqsadlariga yetishibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.