OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘y bilan bo‘ri

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, o‘tgan zamonda bir ona qo‘y bilan bir qari bo‘ri o‘tgan ekan.
Qo‘yning to‘rtta qo‘zisi bor ekan. Bo‘ri qo‘zilarning barra go‘shtlarini yeyish orzusida doim payt poylab yurar ekan, ammo hech ilojini qilolmas ekan. Oxiri bo‘ri o‘ylab-o‘ylab avval qo‘y bilan do‘st bo‘lishga, keyin paytini topib, qo‘zilarni yeyishga ahd qilibdi.
Qo‘ynikiga kelib unga shunday debdi:
— E qo‘yjon, eski gina-kuduratlarni tashlaylik, sen bilan bir umrga oshna bo‘lgani keldim.
Qo‘y bechora bo‘rining gaplari chin bo‘lsa kerak, deb o‘ylabdi-da, u bilan oshna tutinibdi.
Qo‘y har kuni o‘tlagani keta turib, bolalariga eshikni ichidan zanjirlab olishni tayinlar ekan. Kechgacha o‘tlab, yelinini sutga to‘ldirib, uyiga qaytar, eshikni taqillata turib, past ovoz bilan:
— Sanam gardash, manam gardash, bachcha xez, — der ekan. Bu: «Men keldim, eshikni ochinglar», degani ekan.
Onalarining ovozini eshitgan bolalari chopqillab kelib eshikni ochishar, tanalarini uning tanasiga suykab erkalanishar, keyin to‘yib-to‘yib sutidan mazza qilib emar ekanlar. Kunlardan bir kuni bo‘ri ona qo‘yning o‘tlovdan qaytishini poylabdi. Katta tolning kallagiga chiqib turgan ekan, ona qo‘y uyiga kelib, eshikni taqilatibdi-da, ovozini past kilib, «sanam gardash, manam gardash, bachcha xez», debdi. Bo‘ri qulog‘ini ding qilib tursa ham ona qo‘y aytgan so‘zni anglab ololmabdi. Ikkinchi kun tom orqasidagi changalzorda yotib poylabdi. Bu safar ham ona qo‘yning so‘zini anglab ololmabdi.
Uchinchi kun yaqinroq joyga o‘ra kovlabdi-da, unga tushib ustiga sho‘ra yopib olibdi. Bir vaqt ona qo‘y o‘tlovdan qornini to‘yg‘azib yelinini sutga to‘ldirib, bir bog‘ bedani orqalab kelib qolibdi. Bo‘ri qulog‘ini ding qilib tursa, ona qo‘y: «Bolalarim, men keldim. Sanam gardash, manam gardash, bachcha xez», dermish. Qo‘zilar eshikni ochishibdi, ona qo‘y ichkariga kiribdi. Kech bo‘lib, tong otibdi. Ona qo‘y har kungidek bolalariga eshikni ichidan zanjirlab olishni tayinlab, o‘tloqqa jo‘nabdi. Bo‘ri kechki payt kelibdi-da: «Bolalarim, men keldim. Sanam gardash, manam gardash, bachcha xez», — debdi. Qo‘zichalar bo‘rining do‘rilloq ovozidan onalari emasligini payqab qolib: «Bor yo‘qol, sen bizning enamiz emassan, enamizning ovozi do‘rilloq emas», — deyishibdi.
Bo‘ri ishining o‘ng kelmaganiga achinib, orqasiga qaytibdi. Ertasi kuni bo‘ri ertalabdan boshlab tomoqlarini yog‘lab, ovozini xuddi qo‘yning ovozi holiga keltiribdi-da, kechroq qornini rosa ochirib, qo‘yning uyiga kelibdi.
Eshikni taqillatib, past ovoz bilan: «Bolalarim, men keldim. Sanam gardash, manam gardash, bachcha xez», — debdi.
Bechora qo‘zilar, enamiz kelibdi deb, eshikni ochishibdi. O’z murodiga yetgan bo‘ri qo‘zilarni bitta qo‘ymay yeb, makoniga qaytibdi. Ona qo‘y o‘tloqdan qornini to‘yg‘azib, yeliniga sutni to‘ldirib, bir bog‘ bedani orqasiga ortib, uyiga kelsaki, uyining eshiklari ochiq-sochiq yotgan emish. Yuragi hovliqib, uyning ichkarisiga kirsa, bolalari yo‘q emish. Birining tuyog‘i bir burchakda, ikkinchisining kallasi ikkinchi burchakda dumalab yotgan emish. Buni ko‘rib ona qo‘y zor-zor yig‘labdi, o‘zini qaerga qo‘yishini bilmay:
— Bu, oshna bo‘lay deb kelgan o‘sha bo‘rining ishi. Xap sanimi, boplab ta’ziringni bermasam toza yurgan ekanman, — debdi.
Keyin uyining ichiga chuqur bir o‘ra kovlab, ustini bo‘yra bilan yopib qo‘yibdi. Ertasiga o‘tlovda o‘tlab yurib bo‘rini ko‘rib qolib:
— Ha, oshna hech ko‘rinmay ketding, bundoq bir gaplashib o‘tirishga ham kelmaysan. Ertaga kel, men uyda bo‘laman. O’tgan-ketganlardan gaplashib o‘tiramiz, — debdi.
Mug‘ombir bo‘ri qo‘yning bu gapini eshitib, «xayriyat, bolalarini yeganimni mendan ko‘rmagan ekan, deb ko‘nglidan o‘tkazibdi.
— Xo‘p, borsam boray, oshna, men ham seni, ayniqsa qo‘zichoqlarimni juda sog‘ingan edim, — debdi.
«Ha, mug‘ambir, bora ber, sog‘inganligingni bir ko‘rsatib qo‘yay», debdi ichida qo‘y.
Ertasiga kovlagan o‘rasiga rosa o‘rik o‘tindan yoqib cho‘g‘ qilibdi-da, boyagiday qilib bo‘yrani yopib qo‘yibdi. Bir payt eshikni taqillatib bo‘ri kelib qolibdi, ona qo‘y uni izzat-ikrom bilan kutib olib, o‘raning ustiga tashlab qo‘yilgan bo‘yraga taklif qilibdi. Bo‘ri bo‘yraning ustiga chiqishi bilan, o‘raning ichiga tushib ketibdi. Bir nafasda hamma yog‘i kuyib, jizg‘inagi chiqibdi, nuqul: «Tavba qildim, bir qo‘zingni besh qo‘zi qilib beraman, jon oshna, chiqarib ol», — deb dod dermish. Bo‘ri rosa yalinib-yolvoribdi. Qo‘y bo‘lsa: «Shirindan shakar bolalarimdan ayirding, endi qilmishingga yarasha jazangni tort», — deb tura beribdi.
Bo‘ri hadeb, «Oshna qutqar», deb dod deya bergandan keyin, rahmdil qo‘yning rahmi kelib, uni o‘radan tortib olibdi.
Bo‘ri o‘radan chiqqandan keyin sho‘r yerlarga dumalay-dumalay bir necha daqiqadan keyin o‘libdi. Bechora qo‘y, berahm bo‘rining o‘lgani bilan ham baribir bolalarining dardida yongan dardiga malham topolmabdi, og‘zida o‘t, ko‘zida yosh bilan zo‘r-bazo‘r hayot kechira boshlabdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.