OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qozi

O‘tgan zamonda bir er-u xotin bo‘lgan ekan, Ular bir-birlari bilan juda ahil yashar ekanlar, uylarida qo‘y-echkilari va tovuqlari ko‘p ekan. Ro‘zg‘orlari but, o‘zlariga to‘q yashashar ekan.
Nima bo‘libdi-yu, er-xotin arzimagan narsaga janjallashib qolishibdi. Keyin ular ajrashmoqchi bo‘lishibdi va qozining yoniga borib, bo‘lgan voqeani aytib berishibdi. Shunda qozi:
— Uyinglarda nimalaringiz bor? — deb so‘rabdi.
— Uyimizda mol-pol, gilam-pilam, qo‘y-po‘y, echki-pechki, tovuq-movuq kabi narsalarimiz bor, — deb javob beribdi eri.
Shunday qilib uydagi bor narsalarni shu yo‘sinda aytib chiqibdi.
Qozi:
— Boravering, men hozir boraman — debdi.
U kishi endi uyiga yetib kelgan ekan, qozi ham kirib kelibdi va narsalarni ajrim qila boshlabdi, birma-bir nomini aytib: "mol xotiningizga, pol sizga, uy xotiningizga, puy sizga, gilam xotiningizga, pilam sizga" qabilida hamma narsalarning yarmini xotiniga, ularlarning aksini eriga taqsimlabdi. U kishiga faqat keyingi narsalar tegibdi. Shunda u kishi;
— Narsalarning hammasini teng qilib bo‘lishingiz kerak edi-ku? — debdi.
Qozi esa:
— O‘zingiz aytgan narsalarning hammasini teng o‘rtasidan bo‘ldim, — debdi,
U kishi aytgan gaplariga pushaymon bo‘lib, indamay qolaveribdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.