OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rohatijon

Bir kampirning uch o‘g‘li, bir qizi bor ekan. Hammasi uyli-joyli ekan. Lekin kelinlari kampirga yaxshi qarashmas ekan.
Bir kuni katta o‘g‘li onasidan xabar olgani kelibdi. Kampirning "Suv-suv oyimga boraymi, Qum-qumxonnikiga boraymi, alla bolamnikiga boraymi, Rohatijonnikiga boraymi", deb o‘tirganini eshitib qolibdi. Shundan keyin u "bir kuzatay-chi", deb o‘ylabdi.
Bir necha kun o‘tgach, onasi katta o‘g‘linikiga mehmonga kelibdi. Shunda ovqat suzilgach, o‘g‘li o‘zining ovqatini oyisinikiga almashtirib qo‘yibdi. Ichib ko‘rsa, ovqat shunday suv emish. Xotini doim onasiga faqat shuldiratib suv quyib berishini bilib qolibdi. Shuning uchun ham onasi unga "Suv-suv oyim" deb nom qo‘ygan ekan. Keyin u ukasini qidirib uyiga boribdi va:
— Oyim senikiga mehmon bo‘lib kelganlarida, xotiningni ularga qo‘ygan ovqatini o‘zing almashtirib ichgin, — deb tayinlabdi.
Ukasi xuddi shunday qilibdi. Qarasa, ovqat shunday qum emish. Shuning uchun ham oyisi uning xotinini "Qumxonoy" deb atar ekan.
Kenja kelinnikiga boradigan bo‘lsa, u darrov to‘shakka o‘tkazib, yoniga beshikni qo‘yib, "Alla bolam deb o‘tiring", der ekan. Shuning uchun kampir ko‘pincha qizinikiga borar ekan. U yerda juda rohat qilar ekan. Qizi uni yaxshi kutib olib, izzat-hurmatini joyiga qo‘yib mehmon qilar ekan. Shuning uchun uni "Rohatijon" der ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.