OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Siringni sirtga chiqarma

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir kishi bo‘lgan ekan. U juda ham hayvonlar tilini o‘rganmoqchi bo‘libdi. Hayvonlar tilini biladigan bitta odam bor ekan. U o‘shaning yoniga iltimos qilib boribdi. U anchagacha o‘rgatishga rozi bo‘lmabdi. Hadeb zo‘rlayvergach, bitta shart bilan rozi bo‘libdi.
— Agar sen bu sirni birortasiga aytadigan bo‘lsang, o‘sha zahotiyoq o‘lasan, — debdi.
Shunday qilib, ular o‘zaro kelishib olishibdi. Kunlarning birida eshak ho‘kizga qarab:
— Ey ho‘kiz, seni xo‘jayin juda ko‘p ishlatyapti. Erta tongdan to shom qorong‘usigacha, kunning issig‘ida tinmay ishlaysan. Men bo‘lsam doim salqinda dam olib, mazza qilib yuraman, — debdi.
— Ishlamaslik uchun nima qilish kerak? — deb so‘rabdi ho‘kiz.
Eshak unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatibdi:
— Ey do‘stim, xo‘jayin suv bersa ichmay, o‘t bersa ham yemay yotavergin. Shundan so‘ng seni dalaga ham olib chiqmaydi, ishlatmaydi ham.
Eshak bilan ho‘kizning bu suhbatini eshitgan xo‘jayin ertasi kuni dalaga eshakning o‘zini olib borib, ertadan kechgacha tinmay ishlatibdi. Xo‘jayinning bunday kutilmaganda qilgan ishidan hayron bo‘lgan eshak uyga qaytgach, ho‘kizga uqtiribdi:
— Suvni to‘yib-to‘yib ichgin, o‘tlarni ham hammasini qoldirmay yegin. Agar xo‘jayin bunaqa ko‘p ishlatadigan bo‘lsa, ahvolimiz yomonlashadi.
"Hayvonlar tilini qanday qilib o‘rgansa bo‘ladi", deb uning xotini hech holi joniga qo‘ymas ekan.
— Bu sirni biror kimsaga aytish mumkin emas, bu yomonlik bilan tugaydi. Men va’damni buzmasligim kerak, — der ekan eri. Shuncha gapirishiga, tushuntirishiga qaramay, xotini "hayvonlar tilini bilishning sirini ayting", deb turib olibdi. Hech ilojini qilolmagach, u sirni uch kundan keyin xotiniga aytishga va’da beribdi.
Ikki kun o‘tgach, xo‘jayin hovlida aylanib yursa, birdan xo‘roz qichqiribdi. Shunda it:
— Ey xo‘roz, muncha ham ko‘ngling chog‘ bo‘lib qichqiravermasang. Axir ertaga sening xo‘jayining o‘ladi-ku, shunga qayg‘urmaysanmi? — debdi.
— Xo‘jayin o‘lsa, o‘rniga boshqa xo‘jayin keladi. Uning xotini boshqa bir erkakka turmushga chiqadi, — debdi xo‘roz.
Shundagina u voqeani qanchalar jiddiy ekanligini tushunibdi va bu sirni ertasi kuni ham, indiniga ham, umuman hech qachon, hech kimga aytmaslikka qaror qilibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.