OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uch nasihat

Bor ekan-da, yo‘q ekan, och ekan-da, to‘q ekan, o‘tgan zamonda bir savdogar yashagan ekan. Uning bitta-yu bitta o‘g‘li bor ekan. Xotini farzand ko‘rganidan keyin ko‘p o‘tmay o‘lib ketgan ekan. Savdogarning o‘zi ham ko‘p vaqt kasal bo‘lib yotibdi. Bu vaqt ichida bisotidagi bor davlatini sarflabdi.
Kunlardan bir kuni savdogar o‘g‘lini chaqirib:
— O‘g‘lim, sen juda yosh bo‘lganingda onang o‘lib ketdi. Men yolg‘iz o‘zim seni qiyinchilik bilan tarbiyaladim. Bor davlatimizni ham ishlatib bo‘ldik. Endi sen ham katta bo‘lib qodding, men esa qaridim. Bitta tanga topsang ham, uyga tashigin, — deb qo‘liga bir so‘m beribdi.
Shu vaqtgacha otasidan hech pul olmagan bola hayron bo‘lib undan so‘rabdi:
— Ota, men bu pulni nima qilaman?
—Ertaga katta bozor bo‘ladi. Sen ham bozorga borib, oldi-sotti qilib, ko‘paytirib kelasan. Bundan keyin shunday qilib tirikchilik qilamiz, — debdi otasi.
Bola ertasiga saharda turib, bir so‘mni olib bozorga yo‘l olibdi. Yo‘lda muyulishdagi katta qayrag‘och tagidagi choyxonada odamlar gavjum ekan. Bir qari oqsoqol turib-turib, "kim nasihat eshitadi?" deb qo‘yar ekan-da, yana choyini ichib o‘tiraverar ekan. Bola sekin borib, "men nasihat eshitaman", debdi. Shunda chol, "o‘g‘lim, bir so‘ming bormi?" deb so‘rabdi. Odamlar ichida qaytib ketishga uyalib, otasi bergan bir so‘mni beribdi. Shunda mo‘ysafid:
— Bolam, dunyoda ikki yo‘l bor: biri — to‘g‘ri yo‘l, ikkinchisi egri yo‘l. To‘g‘ri yo‘ldan borsang, yetarsan murodga, egri yo‘ldan yursang, qolarsan uyatga, - deb nasihat qilibdi va bolaga ijozat beribdi.
Bola o‘rnidan turib, narigi chorpoyaga o‘tib o‘tirib-o‘tirib, kunni kech qilibdi. Choyxo‘rlar tarqalgach, u ham uyiga jo‘nabdi. Uyiga kelgach, otasi undan.
— Xo‘sh, o‘g‘lim, bozorda nimalar qilding? Bir so‘mni ko‘paytirib keldingmi? — deb so‘rabdi. Bola:
— O‘rtoqlarim bilan choy ichdim, — deb yolg‘on gapiribdi.
Otasi indamabdi. Bir necha kun o‘tgach, savdogar o‘g‘liga yana bir so‘m berib, bozorga yuboribdi. Bola pulni olgach, yana o‘sha choyxonaga borib, o‘tgan safar nasihat qilgan cholni topibdi. Unga yana nasihat eshitmoqchi ekanligini aytibdi. Shunda mo‘ysafid:
— Bolam, sen hunar o‘rgangin. Yigit kishiga qirq hunar oz. Hunar bilsang, o‘zasan. Hunar bilmasang, to‘zasan, — deb nasihat qilibdi.
Bola otasi bergan bir so‘mni oqsoqolga beribdi. O‘zi esa kuni bilan ko‘chalarni aylanib yurib, kech kirganda uyiga qaytib kelibdi. Otasi undan pulni nimaga sarf qilganini so‘rabdi. Bola otasiga yana yolg‘on gapiribdi:
— Kuni bilan aylanib yurib qornim ochgan edi, turli narsalar olib yedim. Otasi yana indamabdi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, savdogar o‘g‘liga yana bir so‘m berib, bozorga yuboribdi. Bola pulni olib, yana o‘sha nasihatgo‘y cholning yoniga kelib, undan yana bir nasihat aytishini so‘rabdi. Shunda mo‘ysafid:
— Bolam, doim rost gapirgin. To‘g‘ri til tosh yorar, egri til — bosh, — deb nasihat qilibdi. Bola otasi bergan bir so‘mni yana cholga beribdi. Bola kunni bir amallab o‘tkazibdi. Uyiga qaytgach, otasi undan pulni nima qilganligi haqida so‘rabdi. Bola endi otasiga rostini aytmoqchi bo‘libdi.
— Ota, men bir mo‘ysafiddan nasihat eshitdim, — debdi bola.
Buni eshitgan savdogarning juda jahli chiqibdi, "Senmi, hali nasihat eshitadigan, pullarni yo‘q qiladigan", — deb rosa kaltaklabdi va uydan haydab chiqaribdi.
Bola uydan yig‘lab chiqib, boshi oqqan tomonga qarab ketaveribdi. Yo‘l yursa ham, mo‘l yurib, bir anhor bo‘yida xafa bo‘lib dam olib o‘tirsa, tuyalarga mol ortgan savdogarlar o‘tib qolibdi. Ularning karvonboshisi boladan:
— Bu yerda nima qilib o‘tiribsan, xafa bo‘lib,— deb so‘rabdi.
Bola boshidan o‘tgan voqealarni aytib beribdi va hunar o‘rganmoqchi ekanligini aytibdi. Karvonboshi:
— Menga shogird bo‘lib tushasan. O‘zim senga hunar o‘rgataman, — debdi.
Shunday qilib, bola karvonboshi bilan birga turli shaharlarda savdo qiladigan bo‘libdi.
Bir kuni savdogar, uning yana bitta shogirdi va bola uzoq safarga otlanibdilar. Ular qum sahrosida ketayotib, yo‘lda adashib qolishibdi, suvsizliqdan juda ham qiynalishibdi, "birorta quduq chiqib qolar", deb izlay boshlashibdi. Oxiri qiynalib, zo‘rg‘a bitta quduq topishibdi. Rosa xursand bo‘lishibdi. Quduqqa karvonboshining birinchi shogirdi tushibdi. Quduq juda chuqur ekan. Savdogarning shogirdi hech chiqavermabdi. U quduqda dev go‘zal xotini bilan yashar ekan. Shogird bola quduqqa tushganida dev uning yoqasidan ushlab:
— Nega tushding, quduqqa? Tez aytmasang, hozir o‘ldiraman, — debdi.
Shogird bola devning xotinini ko‘rgach, hamma narsani unutib, unga xushomad qila boshlabdi. Dev xotinini juda rashk qilar ekan, boladan jahli chiqib, uni bo‘g‘ib o‘ldiribdi.
Shogird bola chiqavermagach, savdogar uni "cho‘kib ketdi, shekilli" deb o‘ylab, belidan arqonni bog‘lab o‘zi tushibdi. Dev uning ham yoqasidan olib:
— Nega tushding, quduqqa? Tez ayt, bo‘lmasa o‘lasan, — debdi.
Savdogar ham devning go‘zal xotinidan ko‘z uzolmay qolibdi. Devning savollarini eshitmabdi ham. Bundan devning jahli chiqib, uni ham bo‘g‘ib o‘ldiribdi. Bola ularni "ana suv olib chiqadi, mana suv olib chiqadi" deb rosa kutibdi. Oxiri o‘tira-o‘tira zerikkanidan, o‘zi quduqqa tushmoqchi bo‘libdi. Quduqqa tushsa, u ham devga yo‘liqibdi.
Dev uning ham yoqasidan ushlab, o‘sha savollarini beribdi. Bola yerga qarab:
— Savdoga ketayotgan edik. Suvsizlikdan qiynaldik. Suv olgani tushdim, — debdi. Shunda dev go‘zal xotinini chaqiribdi. Bola esa u xotinga qaramay, uning suvdagi aksiga qarab turaveribdi. Dev boladan:
— Nega sen mening xotinimga qaramayapsan? — deb so‘rabdi. Shunda bola:
—To‘g‘ri yo‘ldan borsang, yetarsan murodga, egri yo‘ldan borsang, qolarsan uyatga, — debdi.
Devning ko‘ngli ko‘tarilib, bolaga suv ichishga ruxsat beribdi. O‘zi yuqoriga suv olib chiqishga ham yordam beribdi, birga tuyalarni sug‘orishibdi. Bola dev bilan xayrlashib, o‘z yo‘lida davom etibdi. Bir qancha yo‘lni bosibdi.
Bir kuni tunda unga qaroqchilar xujum qilishibdi. Ular bolaning bir necha tuyasini olib qolishibdi. Bola qolgan uchta tuyadagi mollari bilan karvonsaroyga yetib kelibdi. Saroybon:
— Nega muncha kech qolding? Karvonboshi va uning yana bitta shogirdi qani? Mollar ham kam-ku! — debdi.
Bola yo‘lda yuz bergan voqealarning hammasini aytib beribdi. Saroybon bolaning yolg‘on qo‘shmasdan gapirganiga xursand bo‘libdi. Karvonboshining shogirdi bilan o‘lganini, mollarni qaroqchilar talaganini u bilar ekan. U bolaning ko‘nglini ko‘taribdi.
Bir oz vaqt o‘tgach, bolani karvonboshi qilib tayinlabdi. Bola ishlab yurib, ko‘p do‘stlar orttiribdi, obro‘si borgan sari ko‘tarilaveribdi, Uni xaloyiq savdogarlarning hokimi qilib saylamoqchi bo‘lishibdi, Shunda bola unga nasihat qilgan oqsoqolni hokim, o‘z otasini unga vazir qilib saylashlarini so‘rabdi.
Xaloyiq rozi bo‘libdi. Bolaning otasi o‘sha paytda o‘g‘lini nohaq xafa qilganidan ancha xijolat tortibdi. Bolaning o‘zi esa karvonboshi bo‘lib yuraveribdi.
U oqsoqolning nasihatlariga amal qilgani uchun shunchalik darajaga yetibdi. Bundan keyin ham shu nasihatlarga amal qilib yurishni niyat qilibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.