OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yaxshi ayol — hamisha bahor

O‘tgan zamonda bir kambag‘al yigit mardikorchilik bilan kun ko‘rar ekan. Qiladigan ishi g‘isht quyish va ustalarga g‘isht tashib berish ekan. Shu mehnat orqasida ovqat va kiyim-boshidan orttirib to‘plagan puliga uylanibdi. Uy-joy qilib, xotinini shu mehnat bilan topgan puliga boqar ekan. O‘zi shahardan chetroqda, bir qishloqda yashar ekan.
Bir kuni shu shaharning podshosi ark soldirmoqchi bo‘lib, shaharning mashhur ustalarini chaqiribdi, maslahatlashib, ustalar bilan kelishib arkni qurishga buyruq beribdi. Shunda ustalarga g‘isht berib turadigan mardikorlar ustaga g‘isht yetkazib berolmabdi. Ustalarning ishi esa to‘xtab qolibdi. Ustalar podshodan g‘isht itqitadigan kishi so‘rabdilar. Podsho shaharga jarchi qo‘yib, ne-ne yigitlarni oldirib kelibdi. Hech qaysisi bu ishning uddasidan chiqa olishmabdi. Shunda shaharga yana jarchi qo‘yib, haligi qishloqdagi mardikorni toptirib kelishibdi. Yigit ustalarga g‘isht tashlab berishga bel bog‘lab, ishni boshlab yuboribdi. Har bir g‘ishtni ustaga otganda ustadan besh metr yuqori chiqib ketibdi, ustalarning ishi yurishib ketibdi.
Shunda podsho mardikorning g‘isht otishini ko‘rib hayron bo‘lib qolibdi. Bir kuni buning sababini bilish uchun podsho bir kampirni qo‘yibdi, unga:
— Mardikor uyiga bormasdan ilgari, uning uyiga borasan-da, xotinining ahvolini, muomalalarini bir bahona bilan bilib kelasan, — debdi.
Kampir mardikordan ilgari uning uyiga mehmon tariqasida boribdi. Yigit kechqurun uyiga kelishi bilan xotini erining oldiga chiqib, salom berib:
— Keling, to‘ram, — deb, oftobada qo‘liga suv quyib, boshqa ozoda kiyimlarini beribdi. Ostiga ko‘rpacha tashlab, orqasiga yostiq qo‘yib, choyni tayyorlab, ovqatini ham olib kelib qo‘yibdi. O‘zaro mehribonlik, hurmat bilan gaplashib, ovqatni yeyishibdi. Buni ko‘rgan kampir ertalab kelib podshoga ko‘rgan, eshitganlarini va xotinining eriga bo‘lgan munosabatini aytib beribdi. Ertasiga yigit kelib yana ustalarga avvalgidek g‘isht itqitib beraveribdi. Bu safar ham podsho hayron bo‘libdi. Yana kampirni chaqirib:
— Bugun yana bir bahona bilan yigitning uyiga borib, xotiniga: “Siz aqlli, chiroyli, boodob ayol ekansiz, bu mardikor yigitni muncha hurmat qilmasangiz, siz podshobop xotin ekansiz. Podshoga borib aytgan edim, sizga oshiq bo‘lib, olmoqchi bo‘lib qoldi, meni sizga sovchi qilib yubordi”, deb uni iydir, ishqilib xotinni yo‘ldan chiqar, — debdi.
Kampir yigitning uyiga kelib, hiyla-nayrangni podsho aytganidan ham do‘ndirib yuboribdi. Xotin o‘sha kuniyoq o‘zgaribdi-aynabdi, bir xil xayollar bilan eri ishdan kelganida ro‘yxush bermay, kundalik qiladigan hurmatlarini joyiga qo‘ymabdi, muomalasi ham boshqacha bo‘libdi. Kampir voqeadan podshoni xabardor qilibdi. Ertasi yigit ishiga kelib, kundalik otadigan g‘ishtini yarmiga ham yetkaza olmabdi. O‘sha kuni ish to‘xtab qolibdi. Buni podsho ko‘rib ertasiga kampirga:
— Yana bor, “kechagi gapni podsho seni sinamoq uchun aytgan ekan, o‘z eringdan qolma”, degin, — debdi.
Kampir ertasi xotin oldiga borib, podshoning so‘zini aytibdi. Xotin esa, yana erini ilgarigiday hurmatlay boshlabdi.
Yigit ertasi ishga kelganida ustalarga g‘ishtni avvalgidek otibdi, ustalarning ishi yurishib ketibdi. Shunda podsho er-xotin o‘rtasidagi muomalaning kuchi naqadar muhimligini o‘zi sinab, qoyil qolgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.