OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yolg‘on

Qadim zamonda bir aka-uka bor ekan. Akasi podsho huzurida xizmat qilar ekan, ukasi esa uyda qolar ekan. Akasi gapirganda juda ko‘p yolg‘on qo‘shar ekan. Yolg‘on gaplarni rostdek qilib gapirishga usta ekan. Podsho uning hamma yolg‘on gaplariga ishonar ekan. Doim unga yaxshi-yaxshi sovg‘alar hadya qilar ekan. Bir kuni ukasi akasiga:
— Sen doim yolg‘on-yashiq gaplarni aytib ro‘zg‘orni tebratasan. Buning ustiga yana tez-tez podshodan sovg‘alar ham olib turasan. Men ham bitta-yarimta yolg‘on gap to‘qib, podshodan sovg‘a olmoqchiman, — debdi ukasi.
— Men aytgan gaplar podshoga yoqadi. Shuning uchun ham senga har xil sovg‘alar olib kelaman. Men borligim tufayli, sen hech qanday tashvishsiz yashayapsan. Undan ko‘ra, uyda o‘tirib uy ishlarini qilaver. Men topishimni senga minnat qilayotganim yo‘q-ku! — debdi. Lekin ukasi uning maslahatiga kirmay, podsho huzuriga boribdi va gapi borligini aytibdi:
— Men osmonda itning akillaganini eshitdim, — debdi podshoga. Shunda podshoning jahli chiqib ketibdi va:
— Shunday yolg‘on gapirishga qanday jur’at etding. Menga yolg‘on gapirganing uchun seni o‘limga buyuraman, — debdi. Shu payt uning akasi kelib qolibdi. Podshoga:
— Shohim, bu yigit mening ukam bo‘ladi, o‘zi podachi, sal esi pastroq, ovsarroq. Lekin, ehtimol, gapida biror haqiqat bo‘lishi ham mumkin. Agar birorta burgut kuchuk bolasini changallab ko‘kka parvoz etgan bo‘lsa, ukam o‘sha kuchuk bolasini akillaganini eshitib, ovsarroq bo‘lgani uchun, bunga aqli yaxshi yetmay, bu yerga kelib, sizga "men osmonda itning akillaganini eshitdim" deb aytgan bo‘lsa kerak, — debdi.
Bu gap podshoga ma’qul tushib, yigitni avf etibdi va unga kiyim-bosh hadya etibdi. Uyga qaytgach, akasi ukasini rosa urishibdi.
— Men seni bir o‘limdan saqlab qoldim. Endi sen uyda o‘tirgin. Podsho bilan gaplashishni sen bilmaysan, — debdi ukasiga.
Ammo ukasi uning gapiga quloq solmabdi. U sovg‘a qilingan kiyim-boshlarni kiygach, yolg‘onni do‘ndirib, kattaroq sovg‘a olmoqchi bo‘libdi. Podshoning yoniga borib, shunday debdi:
— Men kamondan bir o‘q uzgan edim, borib bir kiyikning qulog‘idan kirib, oyog‘idan chiqibdi. Shundan keyin kiyik yiqilib tushdi, o‘z-o‘zidan nordon qayla bilan qovurilib pishdi. Men uni pok-pokiza tushirdim.
Uning bunday bema’ni gapi podshoga juda qattiq tegibdi va podsho uni o‘limga buyuribdi. Buni eshitgan akasining rahmi kelib yana podsho huzuriga kelib:
— Shohim, men bu haqda avval ham aytib o‘tgan edim. Ukam o‘zi shunaqa sal esi pastroq, nodon, hatto gapini ham eplab gapira olmaydi. Lekin o‘zi juda yaxshi mergan. Balki ukam kiyikni otayotganida kiyik oyog‘i bilan qulog‘ini qashiyotgan bo‘lsa, o‘q kiyikning ham qulog‘iga. ham oyog‘iga tekkan bo‘lsa kerak. Kiyik qulab tushgan. O‘q yoyning uchi po‘latdan bo‘lgani uchun o‘q borib chaqmoqtoshga tegib uchqun chiqargan, uchqun shu yerdagi quruq o‘tlarni yondirib, o‘lgan kiyikni kabob qilgan bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, kiyik bir tup zira ustiga ag‘anab tushgan, uning mevasi ezilib, xuddi nordon qaylaga o‘xshab ko‘ringan. Ukam kiyik go‘shtini yeganda, unga nordon qayla borday tuyulgan.
Bu javobdan qoniqqan podsho uning ukasini ozod qilib yuboribdi.
Shunday qilib, yolg‘on gap bilan u nodon ukasini o‘limdan qutqarib qolgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.