background
logotype

Abulqosim Mamarasulov. Atlas ro‘molcha (hikoya)

   Qodir do‘sti Alibek bilan ikkovi ikki eshakda oqshom qo‘shni qishloqqa jo‘nashdi. Dilbar “chiqaman”, depti.
   Dilbar Qodirlarga uzoq qarindosh. Qodirni o‘tgan yili otasi “falonchilar qarindoshimiz, ko‘rib, bir oqshom mehmon bo‘lib kel”, deya  Dilbarlarnikiga jo‘natgandi.
O’shanda Qodirni o‘ninchi sinfni bitirayotgan Dilbarning o‘zi  kutib  olgandi. Dasturxon yozdi, choy damladi. Istarasi issiqqina ekan, nuqul jilmayadi. Non sindirsa ham, choy quysa ham, o‘tirsa ham, tursa ham, yursa ham nuqul “Qodir aka! Qodir aka!”, deydi, bidillaydi. Gapdan tinmaydi. Qodir ham nimadir demoqchi bo‘ladi, ammo ko‘zlari to‘qnashdi deguncha gapini yo‘qotadi. Dilbar esa: “Qodir aka, siz adabiyotchisiz, yaxshi bilasiz. Men uncha tushunmadim, sizning fikringiz qanday?” deb allaqanday asarlar haqida so‘raydimiey. Qodir til va adabiyot fakulteti studenti bo‘lgani uchun ham  “adabiyotchi” sifatida allanarsalarni g‘o‘ldirashga urinadi..
   Nihoyat kechga tomon Dilbarning ota-onasi ishdan qaytib keldiyu, Qodir “adabiyotchi” azoblaridan qutuldi. Shunda ham har safar Dilbar ichkariga kirganda Qodirga eski qadrdonlarday iliq nazar tashlaydi. Qodir ham o‘g‘rincha unga qaraydiyu, yana ko‘zlarini olib qochib, Dilbarning otasining gaplarini diqqat bilan tinglayotgan kishiday tutadi o‘zini. Gaplarini ma’qullab bosh irg‘aydi. Aslida Dilbarning  otasi nima deyapti, o‘zi nimaga bosh  silkiyapti -  bilmaydi. Fikru-yodi Dilbarda.Dilbar Qodir bilan birga institutda o‘qiydigan, o‘zini bilimdon hisoblaydigan olifta qizlarga mutlaqo o‘xshamaydi. Soddalikning o‘ziday sodda! Go‘zallikning o‘ziday go‘zal! Shodlikning o‘ziday quvonchga to‘la! Istarasi issiqligini aytmaysizmi.
   Qodir uch yildan beri Samarqandda o‘qiyotgan bo‘lsa-da, hali biron qizga qayrilmagan, biron qiz uchun yuragi jizillamagan edi. Bugun ana shu narsa yuz berganday, lekin... Dilbar hali o‘ninchi sinf o‘quvchisi-ku, degan andisha, “otam meni bu yerga bir baloni boshlash uchun emas, balki qarindoshlarni ko‘rib kelish uchun yuborgan”, degan o‘y uni mahkam tutib turardi. To‘g‘ri-da, mehmon izzatini bilgani yaxshi...
   Keyin Qodir qarindoshlarinikiga bormay qo‘ydi. Ammo o‘shandan beri qarindoshlari otasi bilan serqatnov. Qodir shanba kunlari tahsildan qaytib, uyda ikki qarindosh hangomalashib o‘tirganini bir necha bor ko‘rdi. Har safar ko‘rganda qaynotasi bilan yangi uchrashgan kuyovday uyalib ketadi.  U kishi ham Dilbar kabi Qodirga sinchkov nazar soladi. U-bu narsalarni so‘rab, gapga tutadi. Qodir Dilbarni sog‘inar, ammo u tomonlarga borishga yuragi betlamasdi. Ba’zan ota-onasi: “Dilbar bo‘y yetib, o‘ktamgina qiz bo‘pti. Sovchilar kelayotganmish”, deganga o‘xshash gaplarni aytishar, aytshardi-da, kishi bilmas Qodirni kuzatishardi. Qodir esa... nimasini aytasiz, keyingi ikki oy davomida ota-na rostakamiga Dilbarni kelin qilish taraddudiga tushishdi. Alibekdan so‘rashsa: “Dilbar bo‘ladigan bo‘lsa so‘rab o‘tirmang. Jon deydi. O’zi o‘lib yuripti, qanday aytsam ekan deb” , depti.
   Xullas, Alibek ishni pishitgan. Oxirgi safar kelsa, ota-ona non sindirishga Dilbarlarnikiga ketipti. Xabarni eshitib, hatto o‘zidan bir og‘iz so‘rashmagan bo‘lsa-da, Qodir lab-lunjini yig‘ishtirib ololmay qoldi. Qiziq. Qodir Dilbarga er bo‘lishi kerak. Ota-onalarkelishishgan. O-o! Qanday yaxshi! Yuragi toshib  boryapti. Yugurib hovliga chiqsayu, ovozi yetgancha, charchagancha baqirsa: “Dilba-aar! Menim Dilbarim!” O’ziyam odamlar jinnimi bu deyishsa kerak. Yo ko‘chaga chiqib, charchagancha yugursamikan? Nimadir qilish kerak-da. Bo‘lmasa hozir yuragi yorilib ketadi. Endi Dilbar albatta Qodirning xotini bo‘ladi. “Mening xotinim!” Qodir shunday o‘ylarkan, xonada bir o‘zi o‘tirgan bo‘lishiga qaramay, sharaqlab kulib yubordi. Bunaqa o‘ylashning o‘zi qiziq. Nogoh Dilbar bilan uchrashgisi kelib qoldi. Endi bemalol,.. o‘ziniki-ku axir! Kimning nima haqqi bor o‘rtalariga g‘ov bo‘lishga! Axir birgalikda kelajakni rejalashtirib olishlari kerak-ku, birga yashaydigan bo‘lgandan keyin. Xullas, gaplashib olish kerak. Tezroq. To‘ygacha. Ikkovi yonma-yon qo‘l ushlashib anhor yoqlab yurishsa... keyin majnuntol tagida o‘tirishsa... yelkalari yelkalariga tegi-ib! – Qodir shirin entikdi. Aytadigan gaplari shunaqa ko‘pki! Bir yildan beri to‘plagan. Axmoq bo‘lmasa, kallasini ishlatmaydimi, otam nega yubordi, borganimda uyda nega Dilbar bir o‘zi edi, deb o‘ylamaydimi. Qarindoshlar nega serqatnov bo‘lib qoldi, demaydimi. Xullas, otalar kelishishgan, ishni pishitishgan... Yaxshiyam ota-onasiyu, Alibek do‘sti bor ekan. Agar “shu qizga uylantirsakchi”, deb o‘zidan so‘rashganda naq yuragi yorilib o‘lgan bo‘larmidi. To‘ydan keyin Dilbarni qanday chaqirarkan? “Dilbar” debmi? “Xotin” desa-chi? Otasi onasini Qodirning ismi bilan chaqiradi.Ammo bu odat Qodirga ma’qul emas. Qodir zamonaviy yigit, eskicha odatlarga o‘ralashmaydi. Dilbar deb chaqirsa. Qanday yaxshi ism: “Dil-bar!” Yaxshi! Axir ota-onasi ataylab shunaqa ism qo‘yishgan, chaqirishsin deb. Nega hamma Dilbar deydiyu, Qodir bunday baxtdan bebahra bo‘lishi kerak? Adolatsizlik bu! “Dil-bar! Dilba-ri - jon!  Sarvi-ravon! Oromi-jon!” – Qodir shu qo‘shiqni eslab, ijrochilarga  rashki keldi. Nega ular Qodirning Dilbarini qo‘shiqqa solishadi axir? Dilbar birgina Qodirga tegishli, vassalom! – Qodir bilaklarini ushlab ko‘rdi. – Baquvvat!. Kuchi ko‘p. Har qanaqa qo‘shiqchining kunini ko‘ziga ko‘rsatib qo‘yishi mumkin...
   - Yarimta qo‘yasanmi  yo‘qmi,  - deya Alibek kelib qoldi.
   - Alibek, men senga bitta emas, bir yashik aroq quyaman, - deya Qodir do‘stining qo‘llaridan tutdi. – Bir ilojini top, meni Dilbar bilan uchrashtir. Ertaga Samarqandga ketaman. Yanagi shanba kuni kechga, xo‘pmi?
   Alibek hozir Qodir uchun Xo‘jai Xizr bobodan ham a’loroq edi. Qizlar bilan uchrashish, sevgi bobida Alibekning tajribasi katta. Bir haftani bir amallab qaytsa... Alibekning singlisi olti oy avval Dilbarlarning qishlog‘iga kelin bo‘lib tushgan edi, ikkovi dugona emish. Xullas, o‘sha gaplashipti. Dilbar , kelsin, chiqaman, depti. Mana, ikkovi yo‘lda. Mototsikl tarillab bildirib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun Toshtemirga  aytishmay, ikkovlon eshakda  kechlatib yo‘lga  tushishdi. Qolaversa,  Dilbar “ehtiyot bo‘lsin”,   deya tayinlaganmish. Dilbarga oshiq yigitlar qishloqlarida ko‘pmish... Xullas, ehtiyot bo‘lgan yaxshi-da! Har qalay besh chaqirim yo‘l, piyoda charchab qolishlari mumkin, shuning uchun eshakni tanlashdi. Shu taxlit ne-ne tunlarda somon o‘g‘irlikka borishgan. Juda, eshak minish g‘ayri odat narsa emas...
   Dilbar katta ko‘chaning o‘rtasida intizor bo‘lib ularni kutayotgan bo‘lsa. Uzoqdan ko‘ringandan “Qodir akajon!” deya qichqirib, peshvoz yugursa. Yo qichqirmay, shvirlagani ma’qulmikan? Nafasi ichiga tushib, shodlikdan o‘zini yo‘qotib, turgan joyida qotib qolsa. Turgan joyida qo‘llarini Qodir tomon cho‘zsa. Qo‘llaridagi qizil durrasi shamolda bayroqday hilpirasa. Qodir eshakdan tusha solib, Dilbar tomon yugursa. Ikkovi bir-birining bag‘riga otilsayu, Dilbar o‘ziga hadya etilgan baxtni ko‘tarolmay, Qodirning yelkasiga bosh qo‘ygancha, ho‘ngrab yig‘lab yuborsa. “Bo‘ldi, bo‘ldi,jonginam! Mana, men sening yoningdaman!” desa Qodir uni yupatishga urinib, o‘zi ham yig‘lamoqdan beri bo‘lib.
Ovutsa. Erkalasa. “O’zimning Dilbarginam!” desa. “Men seni sevaman. Endi bir umr birga bo‘lamiz”, desa. “Biz baxtlimiz”, desa. Voy-buy, baxtl kishi ham yig‘laydimi, deya Dilbarni uyaltirsa. Yoki hech narsa demay, Dilbarni bag‘riga bosgancha jim turavergani ma’qulmikan. Qiz bolaning yig‘lagisi kelganda to‘yib-to‘yib yig‘lab olgani ham yaxshi-da! Dilbarni ko‘ksiga mahkamroq bosib, uning qop-qora qalin sochlarini silasa, bo‘ynidagi mayin atir hidini hidlasa. Shu payt eshagi hangrab yuborsayu, Dilbar cho‘chib tushsa...
   Dilbarlarning qishlog‘iga yaqinlashaverdilar hamki, Qodirni titroq  tutdi. Tishlari takilladi. Iliq may oqshomi. Ko‘chaga chiqsang chiqquday, sayr qilsang qilguday xush havo. Qodir esa qaltirardi. Alibek kular “buni sevgi deydilar, og‘ayni! Ishqilib, Dilbarning yoniga borganda tildan qolmasang bo‘lgani”, deb vijillardi. Alibekning aytishicha, Dilbar juda yaxshi qizmish. Singlisi shunday deganmish. “Qodir akam! Qodir akam”, deya og‘zidan bol tomarmish. Alibek singlisiga tayinlab qo‘ygan ekan, singlisi ham Qodirni Dilbarga rosa maqtapti. “Lenin stipendiati, institutni qizil diplom bilan bitiryapti. Alibek akamning sinfdoshlari orasida eng zo‘r yigit shu kishi”, deganmish. “Yolg‘onni xudoning o‘zi kechirsin. Shu gaplarim rostmi o‘zi?” deb so‘raydimiey Alibek yo‘l-yo‘lakay. Qodirning yuragiga esa shu topda hech narsa sig‘masdi. Qolaversa, amallab o‘qiyapti. Olganlari asosan “yigitning bahosi”. Qishki sessiyadan bitta qarzi ham bor.
   Dilbarlarning hovlisi qishloqning chetrog‘ida, suvsiz soy bo‘yida edi. Enish joy bo‘lgani uchun tomorqa hovli baravar ko‘tarilib, tomorqaning oxiri – soy tarafda baland uvat hosil bo‘lgandi. Ikkovlon eshaklarini qishloq chetidagi terakzorlar orasiga arqonlab, uvat panasiga pisib kelishdi-da, o‘g‘rincha hovliga ko‘z tikishdi. Dilbar hovlidan goh ichkariga, goh oshxonaga tovo-kosa ko‘tarib tez-tez o‘tar, kishi bilmas uvat tarafga nazar tashlab qo‘yardi. Hovlida boshqa hech kim qolmaganda Alibek ikki barmog‘ini og‘ziga tiqib, hushtak chaldi. Dilbar taqqa to‘xtaganini ko‘rib, Qodir jonholatda o‘zini uvatning panasiga tashladi.
   - Esing joyidami o‘zi? – deya Alibekni ham silkib o‘tirg‘izdi. – Oyning yorug‘ini qara! Ko‘rib qolsa nima bo‘ladi?
   - Ha-a, - dedi Alibekning hafsalasi qaytib. – Nimaga qaltiraysan?
   - Otasimi, onasi bilib qolsa, keyin men sharmanda bo‘laman! – dedi Qodir zarda qilib.
   -  Yurakdan bergan ekan-da o‘ziyam! – Alibek qo‘l silkidi. Unashtirilgan bo‘lsalaring. Erta-indin u xotining bo‘ladi. Nimadan qo‘rqasan?Men sening o‘rningda bo‘lganimda Toshtemirning mototsikliga minardim-da, to‘ppa-to‘g‘ri hovlisiga kirib borardim. “Assalomu alaykum, qaynota! Kechirasiz, ruxsat bersangiz, Dilbar bilan bir sayr qilib kelsak”, derdim. Ruxsat berishiga ham qarab o‘tirmay, Dilbarni orqamga  o‘tqazardim-da, mototsiklni tarillatib, hovlidan chiqib ketardim. “Bobbi”ni ko‘rganmisan. O’sha kinodagiday yurardim men. I-i, qara, qara!  Dilbaring kelyapti.
   Orzuga aylangan nomni eshitib, Qodir sergak tortdi.
   Hovli oralab ular tomonga shipillagancha Dilbar kelardi.
   Qodir qotdi-qoldi. Bir qadam peshvoz yurishga, bir og‘iz so‘z aytishga holi yo‘q. G’aribona mung‘aygancha, qayoqqa qocharini bilmay, atrofga qaradi, yerga qaradi, Dilbarga qaradi, Alibekka qaradi. Alibek esa...  yo‘q. . Yerga kirganmi, osmonga uchganmi,.. Alibek yo‘q. Uning yo‘qligini bilib, Qodirning tizzalariga qadar bukilib ketdi. Qo‘llariga, barmoqlariga titroq kirdi.
   - Assalomu-alaykum, - dedi Dilbar, oy yog‘dusida tishlari yarqillab.
   Qodir  salomga  bosh qimirlatib so‘zsiz  alik oldi .
   - Yaxshimisiz? – Dilbar ko‘rishish uchun qo‘l uzatdi.
   Qodir garangsidi. Qo‘lini cho‘zarkan, nimalardir deya g‘o‘ldiradi.
   - Bir nima dedingizmi, Qodir aka?
   - Ha, ha, - dedi Qodir jim turmaslik uchun, - havo biram yaxshi.- E’tibor qilsa, Dilbar uni diqqat bilan tinglayapti. Sal o‘zini o‘ngladi. – Yulduzlar charaqlaydi, -dedi osmonga qarab.
   Dilbar baxtiyor jilmaydi.
   - Oyga qarang, qanday chiroyli! – dedi Qodir va shu zahoti o‘zdan ijirg‘anib ketdi. Gaplari nihoyatda  sun’iy chiqayotganini sezib qoldi. Alibek qayoqqa yo‘qoldi? Shunaqa payti yonida turmasa, nega birga keldi o‘zi u ablax!  - Dilbar, siz shoshmay turing, men Alibekni topib kelay. – Xayoliga shu fikr kelganidan o‘zi ham quvonib ketdi.
   - Men ham ketishim kerak, - dedi Dilbar issiq jilmayib. Va Qodirga qo‘lda tikilgan hoshiyali atlas ro‘molcha tutqizdi: - Mendan sizga sovg‘a!
   - Meniyam  sovg‘am bor. – Qodir o‘zini tutib oldi-da, cho‘ntagidan “Krasnaya Moskva” duxisini  chiqarib berdi.
   - Rahmat! – Dilbar duxini hidlab ko‘rdi, keyin – yaxshi yetib olingizlar, - degancha uvatdan o‘tib, uy tomon yugurib ketdi
    Qodir o‘pkasini bosgancha Dilbarning ortidan tikilarkan, nogoh ro‘molchani lablariga bosib turganini, o‘payotganini anglab qoldi. Ro‘molchada qandaydir yozuvlar bor edi. Oy yorug‘ida o‘qisa  ham bo‘ladi shekilli. She’r:
   “Eng yaxshi odamga aylanib qolaman,
     Siz meni ko‘rgani kelgan kun”.
   Qodirning yuragi orziqdi. Ro‘molchaning chetidagi “Q+D” degan yozuvga ko‘zi tushganda baxtiyorligining cheki yo‘q edi.Dilbar tomonga cheksiz minnatdor bir alfozda qaradi. Dilbar hovliga yetgan edi. Hovlida hech kim yo‘qligiga amin bo‘ldi shekilli, yana uvat tomonga o‘girilib, o‘g‘rincha qo‘l silkidi.
   Qodir ham u tomonga javoban qo‘l silkiyotgandi, qanday yo‘qolgan bo‘lsa, shu taxlit paydo bo‘lgan Alibek qo‘lidan tutdi.
   - Bari bir ko‘rayotgani yo‘q. Bo‘l, ketdik. Uch-to‘rt bola terakzor tomonga o‘tib ketdi. Yur tez, tag‘in eshaklardan ajrab qolmaylik.
   Qodir hozir Alibekning bunaqa gaplarini anglaydigan holatda emasdi. Mast edi. Judayam qattiq mast edi. Umridagi birinchi uchrashuv! – U ro‘molchani yana lablariga bosdi. Yana qo‘llarig olib, she’rni o‘qidi. Yozuvga ko‘z yugurtdi. Ro‘molchada atirning hidi bor. Atirningmi yoki Dilbarning? – Qodirning boshi aylandi, ko‘zi tindi. Asta ortiga o‘girilib,  Alibekka “sen boraver, men keyinroq”, dedi. Alibek to‘ng‘illab jo‘nadi.Nima bo‘lganda ham Qodir yolg‘iz o‘zi bir muddat baxtini hazm qilib olmoqchi edi-da.Qancha turgani esida  yo‘q, nihoyat terakzor tomon jo‘nadi. Alibek uni kutaverib, diqqinafas bo‘lib ketgandir. Lekin terakzorda eshaklar ko‘rinmasdi. U yoqqa o‘tdi, bu yoqqa o‘tdi, nima balo, Alibek ketib qoldimikan, meni tashlab, deb achchiqlandiyam. Bir payt bir chetda o‘zi minib kelgan eshakning to‘qimiga ko‘zi tushdi. – Yerda sochilib yotardi. To‘qimning yonida ayili. Qodir qo‘rqib ketdi. “Alibek, bormisan?”, deya past ovozda chaqirdi. Shu asnoda orqa tarafida birov bo‘g‘iq xirqiraganday bo‘ldi. Jon-poni chiqib, o‘girilsa, Alibek bir terakka qapishib turardi!! Yugurib bordi...  Besh-oltita bola Alibekni eshakning arqoni bilan  avval oyoq-qo‘lidan bog‘lashipti, keyin ikkinchi eshakning arqoni bilan terakka chirmab tashlashipti. Og‘ziga eshakning to‘qimidan bir parchasini tiqishipti, “senmi Dilbarni oladigan”, deb...
   Ertasiga Barlosda “eshak o‘g‘rilari chiqipti”, degan gap ovoza bo‘ldi.  Falonchi-falonchilarning eshaklarini to‘qimigacha ustiga bosib, kechasi o‘g‘irlab ketishganmish.
   Shundan so‘ng hamma kechasi eshagini molxonaga qamab, molxonani qulflab yotadigan bo‘ldi.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.