background
logotype

Abulqosim Mamarasulov. Men seni sevaman, Buvirajab! (hikoya)

   - ... Qayta qurishni, yana bir marta takrorlayman, har birimiz o‘zimizdan boshlashimiz kerak! – dedi raykom vakili. – Bunda biz partiyamizning Bosh sekretari o‘rtoq Gorbachevdan o‘rnak olaylik. O’rtoqar, biz O’rozgul opamizni Butunittifoq X1X  partiya konferentsiyasiga delegat qilib saylar ekanmiz, u kishiga yuksak ishonch bildiramiz. O’ylaymizki, mash’al sog‘uvchimiz – ferma yulduzi, oblastimizning faxri bo‘lmish O’rozgul Turg‘unto‘raeva konferentsiyadan katta taasurotlar bilan qaytadi. Shuni mamnuniyat bilan alohida ta’kidlashni istardimki, qayta qurish bizga ham yetib keldi. Mana, konferentsiya delegatini demokratik asosda saylayapmiz. Marhamat, har kim o‘z fikrini ochiq – oydin aytsin. Kelingizlar, yurakdan gaplashaylik. Bir-birimizni do‘stona tanqid qilaylik.
   Konferentsiya delegatligiga nomzod bilan Barlos qishlog‘i alolisi uchrashuvi davom etar, ko‘pchilik “endi Barlosdayam g‘aroyib o‘zgarishlar yuz bersa kerak”, deb klubga yig‘ilib kelgan edi. Raykom vakili yaxshi gapirdi. Garchi o‘zi biron kishining sha’niga tanqidiy fikr bildirmagan bo‘lsa-da, boshqalarni oshkoralikka da’vat etdi. Biroq so‘zga chiqqanlarning aksariyati yana avvalgiday – nuqul o‘zlarining ishlari haqida gapirishdi, yuqori martabali, “hammamiz uchun hurmatli” shaxslarni maqtashdi. Xuddi shu narsa Buvirajabga alam qildi-da. Bu odamlar muncha qo‘rqishmasa? Axir bu ahvolda Barlosda qachon qayta qurilish bo‘ladi? “Qayta qurishni o‘zimizdan boshlaylik” degandan keyin so‘zga chiqqan har bir odam hech bo‘lmasa o‘zini qanday qayta qurayotganini aytsin. Qachongacha!?.
   Buvirajabning sakrab o‘rnidan turgisi, so‘z so‘ragisi kelardiyu, biroq nimadir uni tutib turardi. Fermada necha bor O’rozgul opayu, Eshqobil ferma bilan gap talashgan, rost, ammo mana bunaqa katta yig‘inda so‘zlab ko‘rmagan.
   - Nega shuncha gapdan keyin ham O’rozgul opani maqtashadi, a? – dedi Buvirajab alam bilan. – Nega bari to‘tiqushday, haqiqatni aytaylik, degan gapni takrorlashadiyu, og‘izlari yolg‘ondan bo‘shamaydi?
   - Parvo qilma, - deya tasalli bergan bo‘ldi yonida o‘tirgan dugonasi Ra’no. – Hamishagi gap-da.
   - O’zim bir boplamasam...
   - Bular bilan olishib baraka topmaysan, Buvirajab! Baloga qolasan.
   Ra’noning “baloga qolasan”i  so‘nggi tomchi bo‘ldi – limmo-lim kosa toshdi.
   - Menga so‘z bering!
   Hamma unga – qo‘l ko‘targancha o‘rnidan turgan Buvirajabga o‘girildi. Sovxoz direktori Xidir Sobirovich “senga so‘zni kim qo‘yipti”, deganday ijirg‘andi ham. Shuni  ilg‘ab,  Buvirajabning badtar xo‘rligi keldi, “yo‘q” deyishsayam so‘zga chiqaman, deya o‘ziga o‘zi ahd qildi. Sovxoz partiya tashkilotining kotibi Hamroqul Bozorovich, so‘z beraymi, yo‘qmi, deganday mashatomuz direktorga tikildi. Qizarib-bo‘zargan Xidir Sobirovich kinoyali kulimsirab, yoniga o‘girildi va raykom vakiliga bir nimani tushuntirgan kishi bo‘ldi. Vaqt esa o‘tib borar, Hamroqul Bozorovich bir qarorga kelolmay qiynalardi.
   - So‘z berilsin! – dedi zaldagilardan biri yurak yutib.
   - Nuqul o‘zlaring gapiraverasizlarmi? – dedi ikkinchisi. Uning ovozi xiyla dadil chiqdi.
   Zalni g‘ala-g‘ovur bosdi. Nihoyat Buvirajabga so‘z berishga majbur bo‘lishdi.
   - Mamlakatimizda shuncha o‘zgarishdar bo‘lyapti... mengacha gapirganlarning hammasi to‘g‘ri gapni aytish kerak deyishdiyu, nuqul yolg‘on gapirishdi, - dedi Buvirajab yig‘lamoqdan beri bo‘lib. Yana bir zum jim tursa yig‘lab yuborishi tayin edi. Shuni anglab, tishini tishiga bosdi. Xuddi shu lahza bir narsani angladi: majlis ahli, endi nima bo‘larkan, deb tosh qotib qolgan edi. 
   - Gapir qizim, o‘zingni bosib ol-da, gapiraver, - dedi oldingi qatorda o‘tirgan paxtachilik brigadiri Avaz aka.
   - Qayta qurish hali bizning Barlosda boshlangani yo‘q, - dedi Buvirajab bo‘g‘ilib, tovushi ham juda past chiqdi, biroq buni hamma aniq eshitdi.
   - To‘ppa-to‘g‘ri! – orqaroqda o‘tirgan Qurbon traktorchi o‘rnidan turib uning gapini ma’qulladi.
   Qishloqdoshlari qo‘llab-quvvatlayapti. Demak, qo‘rqmasa bo‘ladi. U birmuncha osoyishta, ammo hamon titroq ovozda davom etdi: - Direktor bovomiz menga so‘z berilishini istamadilar. – Kinoyasi Buvirajabning o‘ziga ma’qul tushdi va bu unga kuch bag‘ishladi. – Chunki men direktor bovomizga noma’qul gapni aytib qo‘yishim mumkin. Demokratiya deb og‘iz ko‘pirtirishdi. Qani demokratiya?!  - Tilining uchida turgan gapni aytsammi-yo‘qmi, deb bir lahza o‘ylandi. Xuddi shu payt zaldan kimdir:
   - To‘g‘ri, bizda hali demokratiya yo‘q! – deya Buvirajabning gapini ma’qulladi.
   - Ha, hozircha demokratiya Barlosda yo‘q, - dedi Buvirajab nihoyat yurak yutib. – O’rozgul opa delegatlikka arzimaydi!
   Zal bir muddat suv sepganday jimib qoldi. Har qanday gapni, tanqidni kutishsa-da, undan buni...
   - Ho‘-o‘v, bunday deyishga hali yoshlik qilasan! O’rozgul mash’al sog‘uvchi, oblast soveti deputati! O’rozgulni butun respublika biladi. Seni-chi? Kimsan o‘zi? Nega og‘zingga to‘g‘ri kelgan gapni valdiraysan? O’rozgulni rayon, oblast partiya komitetlari delegatlikka tavsiya qilishgan! – Hamroqul Bozorovich raykom vakilidan madad kutib, mo‘ltaydi.
   - Demak, rayon, oblast partiya komitetlari xatoga yo‘l qo‘yishgan! – dedi Buvrajab qiziq ustida. Dediyu, aytgan gapidan o‘zi qo‘rqib ketdi: “Partiyaga til tekkizding!” deb... E, nima bo‘lsa bo‘lar!.. – O’rozgul opaning mash’al sog‘uvchiligi yolg‘on. Aholidan sotib olinayotgan, qo‘shib yozilayotgan  sutning barini Eshqobil aka Xidir Sobirovich bilan kelishib, O’rozgul opaning hisobiga o‘tkazayapti.
   - Yolg‘on! – Eshqobil ferma mushtini havoda o‘ynatgancha o‘kirdi. Boshga bitgan balo bo‘ldi bu tirmizak. Buvirajab so‘zga chiqqanidan beri u bezovta bo‘lib o‘tirgan edi. Nihoyat kutgani ro‘y bergandan so‘ng o‘zini tuta olmay qoldi.
   Zalda o‘tirganlar jonlanishdi. Birov Buviajabning yonini oldi, boshqa birov, xususan prezidiumda o‘tirganlarEshqobil fermaga tarafdosh bo‘lishdi.
   - Aytadiganingni aytding, endi joyingga o‘tag‘oy, qizim! – dedi Avaz aka. Bu iborada rag‘batdan ko‘ra  “Ha, sho‘rpeshona qizim-a!” degan dashnom va achinish hissi mo‘lroq edi. Buvirajab yana ikkilanib qoldi. Ko‘zlari mo‘ltiradi. Axir Avaz aka hamisha uncha suyanchiq bo‘lar edi-da! Beting-ko‘zing demay rost gapni aytganida hatto Avaz aka ham taysallab qoldi, demak, ishlar chatoq!
   Buvirajab ichki portlash tufayli o‘ziga kelolmay, beixtiyor joyiga o‘tdi-da, Ra’noning yoniga o‘tirdi. Hamma o‘ziga tikilayotganini his qilib, bironta bilan ko‘zi to‘qnashib qolmaslik uchun jo‘rttaga kaftini peshonasiga bosdi. Manglayini muzday  ter bosipti. “Ra’no nima derkin?” Dugonasi unga qayrilib qaramadi ham. Go‘yo navbatdagi notiqni e’tibor bilan tinglayotganday, minbardan ko‘z uzmay o‘tiraverdi. Nahotki, Ra’no ham?...
   - Nima bo‘lyapti o‘zi? – deb so‘radi Buvirajab, toqati toq bo‘lib.
   - Yaxshi ish qilmading, - dedi Ra’no sovuqqina, iloji boricha unga qaramaslikka harakat qilib.
   Bvirajabning dami ichiga tushib ketdi. Fermadagi  sog‘uvchilar ichida uning yaqin kishisi yo‘q hisob. Faqat Ra’nogina picha unga yon bosib yurar edi. Endi bu ham...
   O’zi nima bo‘lyapti, a?! Axir Buvirajab bor gapni aytdi-ku! Buni hamma biladi, qolaversa, aytishyapti-ku axir, “to‘g‘ri gapni aytinglar” deb.
   - Xalq yig‘ini bu, o‘rtoqlar! – dedi navbatdagi notiq, - shu yil ham paxta planini ko‘zbo‘yamachilik bilan to‘ldirgan brigadir, Xidir Sobirovichning yaqinlaridan biri. -  Biz xalqning ishonchli, oqil vakillariga so‘z berishimiz kerak. Aytilgan so‘z – otilgan o‘q, o‘rtoqlar. Barlosliklarning faxri bo‘lmish  - O’rozgul opamizni har xil uydirmalardan asrash – bizning vazifamiz.
   - So‘z Eshqobil fermaga!
   - O’rtoqlar! Bu nima degan gap? Hali sen bu yerdan turib aytgan har bir gaping uchun javob berasan, Buvirajab! – Eshqobil ferma garangsib qolgan qizga ilonday tikildi. – Sen dohiymiz Vladimir Ilich Lenin tuzgan shonli Kommunistik partiyaning, Sovet hokimiyatining vakiliga tuhmat qilding. Kommunistik partiya kimni konferentsiyaga delegat qilishini yaxshi biladi. Kerak bo‘lsa, senga o‘xshash ona suti og‘zidan ketmaganlardan so‘rab o‘tirmaydi. Men yig‘ilganlardan, shaxsan raykom vakilidan, shaxsan Xidir Sobirovichdan shuni qat’iy talab qilamanki, ig‘vogarona gapi uchun Buvirajab jinoiy javobgarlikka tortilsin!
   Zal uvlab yubordi. Buvirajab yerga kirib ketguday bo‘ldi. Fermada Eshqobil aka bilan necha bor gap talashgan, birda yenggan, birda yengilgan, biroq shu vaqtga qadar biron marta u ko‘pchilik orasida bunchalar izza bo‘lmagan, bu qadar o‘zini yakka, notavon his etmagan edi.
   - Fermamiz jamoasi ahil, inoq  edi, - deya ravon davom etdi Eshqobil ferma. – Buvirajab ishga o‘tganidan beri tinchlik yo‘q bizda! Onasining hurmatini qilib, muni ishga oldigu, toza baloga qoldik. Na ishda unum bor, na baraka. Shu kasofat tufayli yarim yillik planniyam bajarolmay, yerga qara-ab o‘tiribmiz.
   Buvirajab birdan hushyor tortdi. Yolg‘on-ku, hamma gapi yolg‘on-ku axir! Nega boshqalardan sado chiqmaydi? Nega qayta qurish deyishadiyu, og‘izlariga talqon solib o‘tirishadi? Buvirajab bor-yo‘g‘i sharoit taqozo etgan narsani so‘ragan: “Qani yangi gazeta-jurnallar? Televizor-radio? Qani dush?”, degan, xolos. To‘g‘ri, fermada Lenin xonasi yo‘q emas, ammo u yerga sog‘uvchilarni kiritishmaydi. Tekshirishga keladiganlarga ko‘rsatish uchun bezab qo‘yishgan uni. – Nega shuni biladiganlar indamay o‘tiripti? – Buvirajabning yana qoni qizidi. Atrofdagilarga nisbatan dilida nafrat uyg‘ona boshladi. Shu yerda o‘tirganlarning hammasiyam O’rozgul opa  Eshqobil fermaning o‘ynashi ekanini, ferma mudirining esa Xidir Sobirovich bilan harom-harishi birligini, shuning uchun ham opaxon “ko‘tar-ko‘tar” qilinayotganini yaxshi biladi-ku!
   - Men sovxoz partiya komitetidan Buvirajabning yurish-turishini, xulqini muhokama qilishlarini talab qilaman! – Bu “o‘yin”da yutib chiqayotganini anglagan Eshqobil ferma otga qamchi bosdi: - Avval ham talab qilganimdek, uning ish joyida o‘zini tutishiga, qolaversa, bugungi antipartiyaviy, antisotsialistik, sovet jamiyatiga dushmanlik ruhi bilan sug‘orilgan gaplariga printsipial baho berishlarini so‘rayman. 
   - Ol-a! – dedi kimdir.
   - Gap deganniyam teshib qo‘yadi-da Eshqobil, - dedi boshqasi.
   - Buvirajab! – Ruhlanib ketgan Eshqobil to‘g‘ridan to‘g‘ri Buvirajabga o‘girildi, ko‘rsatkich barmog‘ini bigiz qilarkan. – Sen birovga baho berishdan avval o‘zingni o‘yla, ma’naviy-axloqiy xulqingni tuzat! – U majlislarda hech kim, hatto Xidir Sobirovich ham ishlatmagan so‘zlarni topib, joy-joyiga qo‘yib aytar, shuning uchun ham ko‘plarni haylatlantirayotgan edi. – Asli o‘zing yomonsan! – Uning ko‘zlarida g‘olibona nafrat, tahdid chaqnadi. – Agar o‘zing yaxshi bo‘lsang, onang ajalidan besh kun burun o‘lib ketmas edi. Otang mast-alast ko‘chalarda loyga belanib yotmas edi.
   Allanima taraqladi. Hamma shu tomonga o‘g‘irildi. Buvirajab eshikni qarsillatib yopgancha chiqib ketgan edi.

* * *

   Nochorlikdan, yolg‘izlikdan titrab-qaqshab ketayotgan bo‘lsa-da, Buvirajabning ko‘zlariga yosh kelmasdi. Shu paytgacha o‘zi sira anglamagan qasos tuyg‘usi yuragini  yondirib borardi. “Uhh! – Buvirajabning barmoqlari musht bo‘lib tugildi. – Onasi o‘lgan bo‘lsa, uning aybi nima?” – Shu fikr  xayoliga keldiyu, birdan o‘krab yig‘lab yubordi. Yugurgancha yo‘ldan chetga – panaga  o‘tib o‘tirdi. Yuragi bo‘shaguncha yig‘lab olib, ko‘zyoshlarini artdi. Turib u yoq-bu yog‘iga qaradi. Qarasa, qishloq bolalari futbol o‘ynaydigan maydonning bir cheti. Yaqin atrofda hech kim yo‘q. Ha, yaxshi. Ishqilib, ko‘z yoshlarini birov ko‘rmapti. Battar bo‘l, deyishi aniq edi. Direktordan, Eshqobil fermaga o‘xshash uning gumashtalaridan  do‘zaxdan qo‘rqqanday qo‘rqadi hamma. “Bular kerak bo‘lsa, shaytonga ham dars beradi” deyishadi. Buvirajab o‘rnidan turdi. Etaklarini qoqib, go‘yo hech nima bo‘lmaganday, yo‘lida davom etdi.
   Sokin, mas’um kecha.
   Onasi...
   Onasi fermada sog‘uvchi edi. Haqiqatan ham onasining hurmati uchun Buvirajabni ishga olishgan, bu rost gap.
   Uch yil burun  Eshqobil ferma mudirlikka tayinlandiyu, tez-tez uyda janjal chiqadigan bo‘lib qoldi. “Fermadan bo‘sha!” – derdi otasi. “Nima, Yigirma yillik stajim kuysinmi?” – derdi onasi. O’lguday o‘r edi onasi rahmatli, erini yeb qo‘yardi. Sho‘rlik er yelkasini qisib, bo‘zrayib qolaverardi. Keyin ichib keladigan odat chiqardi. Aroq magazinda yo‘q, qo‘lda falon pul, uniyam topgan topadi, topmaganga palaxmon toshi. Otasi pulni, pulga aroqni qaerdan topadi – xudoga ayon. O’sha, oxirgi janjaldan so‘ng u xotiniga indamay qo‘ydi. Onasi fermadan qaytib, erini shiltaga botgan holda ko‘rar, qizarib-bo‘g‘riqib ketardiyu, lekin hech narsa deya  olmas, alamini Buvirajabdan, Buvirajabning ukalaridan olar edi. Buvirajab bola emas, axir sakkizinchi sinfni bitirgan chog‘lari, es-hushi joyida, uncha-muncha gapga baloday aqli yetardi.
   - Eshqobil bizga mudir bo‘lib keldi. – Bir oqshom onasi dabdurustdan dasturxon ustida shu yangilikni aytdi, go‘yo oddiy, kundalik yangiliklar to‘g‘risida axborot berayotganday.
   Otasining qo‘lidagi qo‘lida, og‘zidagi og‘zida qoldi. Choy ho‘pladi, biroq tomog‘idan o‘tmadi, shekilli, piyolani zarda bilan bir chetga irg‘itgancha, o‘rnidan turib, tashqariga chiqib ketdi.. Onasining aft-angori o‘zgardi, ovqatini to‘kib yeyayotgan kenjasiga o‘shqirdi: “Qachon senlar odam bo‘lasan?! O’lmadim – senlardan qutulmadim!” Kenjatoy yig‘ladi, qolganlar sergak tortishdi.
   - Nega anqayasan? Ye zaharingga!
   Buvirajab to‘ng‘ich bo‘lgani uchun ham savolomuz onasiga tikildi. Ona ko‘zini olib qochdi. Shunda uning tomog‘idan ham ovqat o‘tmay qoldi. Televizorga qaradi. Hozirgina qiziqib tomosha qilayotgani – “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi”ni ortiq ko‘rgisi kelmayotgan edi. Bo‘shagan kosalarni yig‘ishtirgancha oshxonaga qarab yurdi. Bolalar birin-sirin joylariga kirib yotishdi. Ona mung‘aygancha hamon xontaxtaga yuzini bosib o‘tirardi.
   Nimadir yuz bergan edi.
   Gap Eshqobilning fermaga mudir bo‘lib kelganidagina emas, Buvirajab buni anglab turardi. O’n beshga to‘lgan qiz edi. Lekin gap aynan nimada? O’shanda ham, keyin ham, toki onasning vafotigacha u hech vaqoni anglay olmadi. Endi bilsa...
   Onasi bilan otasi avvaldan bir-birini yaxshi ko‘rishgan, olam-jahon va’dalardan so‘ng oshiq yigit armiya xizmatiga ikki yilga ketgan. Endi ko‘ngildagi gaplar xatlarga ko‘chgan, yana va’dalar, “kuydim-yondim”lar... Askarning xizmatdan qaytishiga yarim yil qolganda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining veterinariya fakultetida o‘qiydigan  Eshqobil student qishloqda paydo bo‘ladi. Qo‘lida o‘sha zamon yigitchalari faqat orzu qiladigan “Vesna” magnitofoni, labida dumi sariq sigareta. Praktika o‘tash bahonasida yoz bo‘yi fermaga qatnaydi. Buvirajabning bo‘lajak onasi o‘sha paytlari fermada sog‘uvchi bo‘lgan. Eshqobil fermadagi qizlarning o‘rtasiga o‘tirib olib, olis shaharva g‘aroyib stuntlik onlari haqida maroq bilan hikoyalar aytadi. Bu – Eshqobil deganlari yoshligidayam o‘lguday gapdon bo‘lgan-da. Gapdonligi tufayli bugun Buvirajabni ham yengdi. O’shanda uning onasini – Barlosning manaman degan qizini garang qilib, ko‘pdan-ko‘p malomatlarlarga qoldirib, murodi hosil bo‘lgandan so‘ng Samarqandga juftakni rostlagan.
   Oshiq armiyadan qaytib kelsa, shunaqa-shunaqa, va hokazo, va hokazo... O’ylaydi, o‘ylaydi, axiyri, nima bo‘lsa bo‘lar, deb uylanishga qaror qiladi. Buni qarangki, aybdor bo‘la turib, ma’shuqa “tegmayman!”, deb turib oladi. Oshiq esa: “Tegaqol. Eshqobil bilan yurganingni hech qachon yuzingga solmayman, - deydi. – Bundan bu yog‘iga sodiq qolsang bo‘ldi”. Rosa yalinadi u. Sho‘rlik o‘zicha olijanoblik qilmoqchi bo‘lgandir-da. Oxir-oqibat yoshlikdagi gunohi kasriga ketdi onasi sho‘rlik. Qon yig‘lab ketdi bechora!. O’zini, Eshqobilni, bu dunyoni, shunga qo‘shib tengsiz himmat  ko‘rsatgan erini ham qarg‘ay-qarg‘ay ketdi sho‘rlik.
   Qiz bola ko‘z ochib ko‘rgani bilan bo‘lsin, deyishadi. Jo‘yali gap bu. Ko‘z ochib ko‘rgani aldadimi – bas, sho‘rlik, butun umr o‘zini badbaxt, aybdor sanaydi, deyishadi. Rost bo‘lsa, shundaylar yaxshi ko‘radimi, yo‘qmi, bari bir ko‘z ochib ko‘rganiga hamisha talpinadi, deyishadi. Buvirajabning onasi ham aftidan bir umr o‘zini erining qoshida aybdor, qarzdor hisoblagan. Bu qarzni na mehr, na sadoqat bilan uzib bo‘lmas edi. Shuning uchundir, -  Buvirajab esini taniganidan biladiki, -  onasining mudom g‘ijinib, norozi bo‘lib yurganini ko‘rgan. Ikki gapning birida u yeb qo‘ygudek bo‘lib eriga tarmashar, alamini undan olar edi go‘yo.
    O’sha oqshom u: “Eshqobil fermaga mudir bo‘lib keldi”, deganida ehtimol otasi birinchi bor achchiq qilgandir, nomusi qo‘zib, piyolani irg‘itgandir, arazlab eshikka chiqib ketgandir? Birinchi bor, ehtimol, o‘shanda onasi ichidan zil ketgandir. Yuragi o‘sha oqshom dardga chalingan bo‘lsa ne ajab?  Demak, onasida qandaydir Eshqobilga talpinish asorati bari bir qolgan ekanki, erining yalinib-yolvorishlariga ham qaramay, stajini bahona qilib, fermaga qatnayverdi. Hatto oilasi, bola-chaqasiyam qo‘ziga ko‘rinmadi, shekilli. Va yoki, o‘ch olish niyati bo‘lganmikan? Kim biladi deysiz. Otasining hech narsa bilan ishi bo‘lmay qo‘ydi. Oqibat... bir kuni  onasi  it quvgan mushukday, fermadan  yugurgilab keldiyu, o‘zini so‘riga tashladi. Tugmalarini uzib, ko‘kragini uqalashga tushdi. Buvirajabga ko‘zi tushgach, “Suv. Tez suv keltir!”, dedi xirillab. U keltirgan suvni ichaman, deb boshini ko‘tardiyu, qattiq ixrab boshini ortga tashladi. Ko‘zlari dahshatli olayib, tepaga bitdi-qoldi.
   Onasining o‘sha holati sira Buvirajabning ko‘z o‘ngidan ketmaydi. Bir umr qiynalib yashadi, tag‘in qiynalib o‘lib ketdi sho‘rlik.  Eshqobilning aldagani – bir, otasining olijanobligi ming azob edi. Ikki gapning birida erini qarg‘adiyu, Eshqobil haqida biron marta biron joyda yomon gap aytmay o‘lib ketdi sho‘rlik. Har qalay, Buvirajab eshitmagan.
   Shu voqealardan xabar topgach, Buvirajab nima uchun aynan Eshqobil mudirlik qilayotgan fermaga ishga o‘tdi? O’zi bilmaydi, nega? Balki onasining qonidagi o‘rlik, o‘jarlik unda ham bordir.
   O’ninchi sinfni bitirgan kezlari edi. Xidir Sobirovich uni idoraga chaqirtirdi. “Onangning qaramog‘ida bo‘lgan sigirlar beega. Bilasan, onang ilg‘or sog‘uvchi edi. Va hokazo, va hokazo. Istasang, onangning o‘rnini egalla”. Buvirajab bu taklifni otasiga aytdi. Otasi indamadi. Birinchi oyligini keltirib berganida uch qoldirmay     ichib tugatdi. Shundan keyin Buvirajab otasiga pul bermay qo‘ydi. O’zi yig‘ib, tejamkorlik bilan ro‘zg‘orga ishlatadigan bo‘ldi.
   - Buvirajab!
   Buvirajab cho‘chib tushdi. Ortiga o‘girildi. “Shukrulla?” Mungli dili badtar g‘amga botdi. Bunga nima ekan? Toshini termaydimi? Buvirajab yo‘lida davom etdi. Shukrulla kelib yonma-yon yura boshlaganida ham indamadi. Bir muddat shu taxlit kechdi. Keyin Buvirajabning yuragi qisila boshladi. Nega orqasidan ergashib yuripti bu? Nega indamay ketyapti? Tilsiz!
   Shukrulla fermada molboqar. Bir yildan beri Buvirajabning izini poylaydi. Bir yildan beri soyaday ergashadi. Buvirajab avvaliga kuldi, keyin g‘ashi keldi, axiyri e’tibor bermay qo‘ydi. Mayli, molboqar bo‘lsa ham, yo tegar, yo tegmas. Lekin bir yigitning ortingdan ergashib yurishi... yaxshi ekan-da! Qaysi qizga yoqmaydi bu? Ammo... yaxshi ko‘radigan yigit, agar yigit bo‘lsa, kelib, shunday-shunday, demaydimi? Shukrulla bir yildan beri biron marta bu haqda og‘iz ochgani yo‘q. Umuman, Buvirajabga duch kelib qolsa, qaltirayveradi. Bo‘sh-bayov! Lapashang! Nima, Buvirajabning o‘zi borib, bo‘yniga osilsinmi? Fermadayam, qishloqdayam ayrim qizlar yigitlari bilan yurishadi, binoyiday, odamga o‘xshab. Shukrulla esa... Buvirajabning har bir so‘zini buyruqday bajarishdan boshqasiga yaramaydi. Buvirajabga birkitilgan o‘n besh sigitning tagi doim toza, ozoda, oxurida yem-emish hamisha bor. Buvirajab ba’zan alamidan ezish uchun Shukrullaning ishidan kamchilik qidiradi. Topsa, yigitni chaqiradi. “Mana bu yumushlarni ko‘ngildagiday bajarmapsiz”, deydi. Shundayam Shukrulla indamasdan uning aytganlarini o‘rniga qo‘yib bajaradi-da, ortiqcha bir gap aytmay, jo‘nab qoladi. Yigit degan, munda-ay, to‘lib-toshib yursa-da. Qiz bola uning qoshida qaltirab, yuragini hovuchlab tursa. Buvirajab ana shunaqa jo‘mardga yo‘liqishni istardi. Ehtimol har bir qizning orzusidir bu. Turmush o‘rtog‘ini bo‘ysundirishni emas, balki unga bo‘ysunishni istar. Yo‘liqqani bo‘ysundirishga qodir emasligini bilgan zahoti ranjir, asta-sekin jilovni o‘z qo‘liga olishga harakat qila boshlar?
   Buvirajabning otasi ham itoatkor edi, xotinni bo‘ysundirish qobiliyati bo‘lmagan unda. Shuning oqibatida onasi jahlga minib yurgan. U kishi, agar sevgani Eshqobil bilan don olishganini bilgan zahoti voz kechganida, balki ayol boshi bilan bir umr xayolan unga sajda qilib o‘tarmidi. Yaxshi ko‘rgani xiyonat qilganini ko‘ra-bila turib, “Kechiraman. Uylanaman...”, deyish. Buvirajab keyinchalik shuni angladiki, o‘shanda otasiga rozilik berib qo‘ygani uchun, oyog‘ini tirab turib olmagani uchun onasi bir umr o‘zini qarg‘ab yashagan. O’ziga qo‘shib, erining ham go‘riga g‘isht qalagan. Aslida-ku, u sho‘rlikni majbur qilishgan: “Eshqobil qochib ketdi. Endi shundan boshqasi seni olmaydi. Tegasan”, deyishgan. Iloj qancha, ortida bo‘y yetgan singillari turipti, ularning baxtini bog‘lamayin deb... Xullas... Shukrullada ham otasining fe’li bor. Jo‘mard bo‘lsa ekan. Qani?! Qani o‘shanaqa yigitlar?! Barlosda, masalan, shunaqasi yo‘q.
   - Nega soyaday ergashib kelyapsiz?
   - O’zim... shunda-ay... sizni kuzatib qo‘yay  deb...
   - Meni bo‘ri yemaydi, o‘zim ketaveraman. Majlisingizdan qolmang! – Buvirajab keskin burilib, yo‘lida davom etdi.
   - Buvirajab! To‘xtang!
   Buvirajab to‘xtamadi.
   - Buvirajab! Men sizni yaxshi ko‘raman!
   Nogoh Buvirajabning ko‘zlariga ysh quyilib keldi, lekin shu zahoti kuch bilan o‘zini tiydi: “Kerak emas!”
   - Yaxshi ko‘rsangiz nega majlisda meni himoya qilmadingiz?
   Buvirajab to‘xtab, Shukrullaga shaxd bilan o‘girildi.
   - Bilmasam, men nima deyishim kerak edi?!
   - Bilmasangiz, boring, bilib keling. – Buvirajab uylariga yetib kelgan edi. Shukrullani lol qoldirib, ichkariga kirdi-ketdi.
   Ukalari televizor ko‘rib o‘tirishgan ekan. Odatdagidek, otasi ko‘rinmaydi. Yetti yashar kenjatoy bir burchakda yig‘layotir. Buvirajabning o‘pkasi to‘lib ketdi, mehri tovlanib, ukasini quchoqladi-da:
   - Nimaga buni urdilaring? – deb so‘radi.
   - Hech kim urgani yo‘q. O’zi yig‘layapti, - dedi o‘ninchi sinfda o‘qiyotgan Xudoyor.
   - Qorning ochdimi, a? – Buvirajabning ichi achishib, ukasining ko‘z yoshlarini kafti bilan artdi. So‘ng singlisi Buvoyshaga o‘girildi. – Choy damlab kel.
   Onasining vafotidan keyin uyda Buvirajabning har bir so‘zi qonunga aylangan edi. Singlisi o‘rnidan turib, oshxonaga jo‘nadi. Buvirajab boshqa ukalari ham tamshanib o‘tirganini angladiyu: “Biron nima yedilaringmi o‘zi?”, deb so‘radi. Hammasi birvarakayiga “yo‘q” degan ma’noda bosh chayqashdi. Televizorga termulib o‘tirgan Xudoyor: “Non qolmapti”, deb to‘ng‘illadi.
   - Voy o‘la-ay! – Buvirajab kenjatoyni yerga qo‘yib, taxmonni ko‘rdi. Xudoyorning gapi rost edi. – Ha, majlislari qurib ketsin-a! Qo‘shnidan so‘ramadilaringmi?
   - O’zlarida bitta qolgan ekan.
   - Voy o‘la-ay! – Buvirajab suprani ochib, xamir qorishga tushdi. – Hozir sizlarga qotirma non qilib beraman. Buvoysha, qozonning tagiga o‘t qala.
   Buvirajab sal narsaga yig‘i-sig‘i qilib, to‘mtayib o‘tiradigan qizlar xilidan emasdi. Har qanday sharoitda ham u iloji boricha imkon qidirardi. Majlisdan garchi xafa bo‘lib chiqqan esa-da, hozir faqat ukalarini, ularning qornini to‘ydirishni o‘ylar, ko‘ngli yorishib borar edi.
   “Har qalay, yonimni oladigan odamlar ham bor ekan-ku! Shukrulla: “Nima deyishim kerak edi?”, deb turipti-ku ana. – Buvirajabning ko‘zlari chaqnadi. – To‘g‘ri-da, nima desin? Eshqobil fermaga o‘qtalsinmi? Yo bo‘lmasa: “Men Buvirajabni yaxshi ko‘raman”, deb jar solsinmi? Ha, yigiti tushmagur-a! Avaz akadan boshqa biron kishi yonimni olishga jur’at etmadi. Shukrulla esa...” – Buvirajab uning soddadillarcha termulishini ko‘z o‘ngiga keltirib jilmaydi. Rosti, mehri iyib ketdi. Uning qarashlari ko‘ngilga yaqin, qandaydir aziz tuyular edi. Sho‘rlik, shuncha vaqtdan beri jur’at qilib bir og‘iz gap aytolmay yurgan ekan-da. Bugun Buvirajabning eng tushkun paytida yoniga keldi, unga dalda berdi. Uncha-muncha yigit ko‘ngil qo‘ygan qizi shunaqa betgachoparlik qilsa, undan yuz o‘girib ketadi. Buvirajabning eshitishicha, Shukrullani ham ota-onasi koyigan: “Buvirajabingni qo‘y. Tagli-joyli yigit o‘ziga o‘xshagan qizga uylanadi”, deyishgan. Buvirajab bo‘sh-bayov deb bilgan Shukrulla esa ota-onasiga tik qaragan: “Uylansam faqat Buvirajabga uylanaman!” Ular ham bo‘sh kelishmapti: “Buvirajabni olib bersak, hammamizni uydan quvib chiqaradi”. Shunda Shukrulla: “E, sizlar uni bilmaysizlar. Buvirajab tilla qiz! Odamlar aytaveradi-da. Yomon bo‘lganida qiz bola boshi bilan katta ro‘zg‘orni boqib, boshqara olarmidi?!”, depti. Shu taxlit uzunquloq gaplar yetib kelganida Buvirajabning bo‘yi bir qarich o‘sgan, endi kelib sevgi izhor qilsa kerak deb kutgan. Shukrulla esa shundan keyin  ham og‘iz ochmadi. Duch kelganda yigitning mung‘ayishini ko‘rib. Buvirajab: “hammasi yolg‘ondir”, deb o‘ylagan. Buni qarangki, kesakdan o‘t chiqdi.
   Shukrulla uni sevar ekan!
   Sevar ekan!!
   Sevar ekan!!!
   Bir hisobda har qadamda ming bitta va’da berib, sal narsaga yig‘lab yuboradigan yigitlardan ko‘ra Shukrullaning o‘lsa o‘ligi ortiq. Uncha-munchaga indamaydi, maqtanmaydi, lekin Buvirajab qiyin ahvolga tushib qolsami, - uning shunga juda-juda ishongisi kelardi, - Shukrulla  ko‘kragini qalqon qiladi. U mard, olijanob yigit! Shuning uchun ham qizlarning uncha-muncha qochirimlariga parvo qilmaydi. Shukrullani lapashang deganlarning o‘zlari lapashang. Uning kimligini Buvirajab endi anglayapti. Bekorga xafa qildi boya.  Hechqisi yo‘q, ertaga gaplashadi.
   Buvirajab to qozonga yog‘ solib dog‘lagancha, dog‘lab qotirma nonni pishirib olgancha bor g‘amini unutdi va qushday yengil tortdi. Qip-qizil qotirmalarni qo‘tarib kelganida xontaxta atrofida ukalari polaponlardan tizilib o‘tirishardi. Buvoysha sariyog‘ keltirdi va ular maza qilib ovqatlanishdi. Uxlaydigan vaqt bo‘lganida Xudoyor odatdagidek o‘z joyiga, olma tagidagi karavotga ketdi. Kenjatoy esa Buvirajabga suykaldi: “Men siz bilan yota-ay!”
   - Mayli, yuraqol! – Buvirajab kenjatoyni yetaklagancha yotoqxonaga o‘tdi. Uylari ikki xonadangina iborat. Shuning birida qizlar, ikkinchisida esa erkaklar yotar edi. Yoz, kechalar ham issiq emasmi, Xudoyor hovliga ko‘chib chiqqan, otasi esa ichib kelib, yarim tunda kenjatoyni uyg‘otib oladigan odat chiqargandi. Shu qilig‘i uchun Buvirajab bir-ikki marta otasiga achchiq-chuchuk gap aytgan paytlar ham bo‘ldi... Bu xonadon Barlosdagi eng kambag‘al oilalardan hisoblanar edi. Oila boshlig‘ini hamma bebaraka der edi. Balki onasi shuning uchun kuyib ketgandir. Chunki o‘qishni bitirib kelgach, Eshqobil serdaromad joyni egalladi, dang‘illama to‘y qilib, uylandi. Qanaqa  qimmatbaho mato chiqsa, Barlosda avval Eshqobilning tasqara xotini, so‘ng burni oqqan qizlari kiyadi. Onasi sho‘rlik chitdan boshqa matoni ko‘rmay o‘tdi. Buvirajab ham nafsini tiyishga, zahmat chekib pul topishga, ukalarini odam qilishga majbur. Topgani kunlik yemishga, odmigina kiyimga arang yetadi. Yaqinda Xudoyor: “Yuz  so‘m bering, jinsi olaman”, deb qolsa bo‘ladimi?  Yo‘qchilik qursin-da. Baxtlariga bitta sigiri bor.  Buvirajab fermaga o‘tdiyu, uncha-muncha yem-emish tashib, o‘lar holdagi shu sigirni asrab qoldilar. Kunlariga yarab turgan ham shu.
   Barlos fermasi  koni xazina. Ko‘pchilik o‘zini shu yerga uradi. Shuning uchun sog‘uvchini ham, molboqarni ham tanlab ishga qabul qilishadi. Buvirajabni esa onasining hurmatiga ishga olishdi. Yo‘qsa, ishga o‘taman, degan son mingta edi.
   Otasi esa, odatdagiday, juda kech qaytdi. Kenjatoyni uyg‘otib, bir nimalar dedi. Kenjatoy to‘ng‘illab, o‘girilib yotdi. Keyin dahlizda bir nima taraqladi. Aftidan otasi suv  ichmoqchi bo‘lib, paqirni ag‘darib yubordi. Keyin so‘kingancha tashqariga chiqdi. Qaytib kirdi va narigi xonaga o‘tdi. O’g‘li joyiga o‘tmaganini bildi shekilli, qaytib bularning xonasiga kirdi, chiroqni yoqdi. Buvirajabkenjatoyni bag‘riga bosgancha, o‘zini uxlaganga soldi. Otasi kalovlanib qoldi, g‘udrandi, so‘ng chiroqni o‘chirdi-da, dahlizga chiqdi. Otasi yomon odam emas, haddan tashqari oqko‘ngil. Qiz qurib ketganidan emas, oqko‘ngilligidan o‘ziga xiyonat qilgan qizga uylangan. Qiz esa bu oqko‘ngillikni ko‘tara olmagan. Shukrulla ham bo‘sh-bayov, oqko‘ngil yigit...
   Shukrulla...
   Qanday kun bo‘lar ekan ertaga?
   Qanday? Tezroq tong ota qolsaydi.

* * *

   Ertalab ortiqcha gap-so‘zlarsiz sigirlar sog‘ildi, lekin kechga borib, Buvirajab alamidan nima qilarini bilmay qoldi. Sigirlarning tagi tozalanmagan, yemish solinmagan. Shukrullani dalaga – somon yig‘ishga jo‘natib yuborishipti. O’rniga qolgan Boyqul molboqar esa yelkasini qisib, “nega endi Shukrullaning ishini men qilar ekanman?”, dedi-da, burildi-ketdi.
   Jamiki ko‘ngilsizliklar shundan keyin boshlandi. Buvirajab ish bilan bo‘lib, hech vaqoni payqamagan, asli tongdanoq sog‘uvchilar undan o‘zlarini chetga olishgan ekan. Dam olish xonasida u O’rozgul opa sog‘uvchilarni yig‘ib, gurung berib o‘tirganining ustidan chiqdi. Qizlar bir pas jim bo‘lib qolishdi. Keyin O’rozgul opa gapni burib ketdi. Shunda Buvirajab unga-bunga qarab, nima deyarini bilmay, bir chetga o‘tib, qo‘liga gazeta oldi. O’shandayoq gap o‘z ustida borayotganini angladi, biroq hech nima qilolmadi. Unga alam qilgani shu bo‘ldiki, yil bo‘yi u ferma mudiri va sovxoz direktori bilan shu sog‘uvchilar haqqi olishdi. Mana shu dam olish xonasini ham u bezor qilib yuborgandan keyin ochib berishgan aslida. Aynan Buvirajab rosa olishgach, qizlarning oyligini ham ko‘tarishdi. Kechagi yig‘inda u bor gapni aytdi. Manavilar Buvirajabning haqligini bilishadi. O’rozgul opa majlislarga ketganida ming marta uni qarg‘ab, go‘riga g‘isht qalab, sigirlarini sog‘ishar edi. Qaytib kelishi bilan mum tishlab olishadi, uning gapini ma’qullashadi. Asli shularni deb kuyib-pishgan Buvirajabning o‘zi axmoq. Mana, moxovday chetga chiqdi-qoldi.
   Buvirajabga nima yetishmaydi?
   Fermada qayta qurish bitta unga kerakmi?
   Ferma mudiri unga qarshi. Sovxoz direktori qarshi, raykom vakili shularning gapini ma’qullagandan keyin... Qanaqa odam o‘zi bular?..!
   Shu kundan boshlab Buvirajabning sigirlari sutini alohida tekshiradigan, suv qo‘shgan-qo‘shmaganini aniqlashga urinadigan bo‘lishdi. Bir kuni u sigirlariga ratsiondagidan ko‘p yem bergan ekan, shu aniqlandi  va bu gap butun qishloqqa ovoza bo‘ldi.
   - Mana endi Buvirajabning tanobini tortishadi! – deyishdi bilag‘onlar.
   Nima emish, O’rozgulga – deputatga, delegatga bekorga osilmagan, uning o‘rnini olmoqchi bo‘lgan emish. Keyin bu gaplar tinchidi. Chunki Buvirajab uning ishtirokida  qaytadan tekshirish o‘tkazishlarini, fermaning hujjatlarini boshdan-oyoq taftish qilishlarini talab qildi. Qarasalar, ish kattalashadigan. Shukrullaga hayfsan e’lon qilishdi-da, ishni bosdi-bosdi qilishdi. Shundan keyin Barlosda yangi gap qo‘ziladi: “Shukrulla bilan Buvirajab bir joyda ishlab, nomaqbul kirdikorlar bilan mashg‘ul emishlar. Barlos yoshlariga yomon ta’sir ko‘rsatayotgan emish...
   Xullas, o‘sha  yig‘indan keyin yoshu-qarining tilidan Buvirajab tushmay qoldi. Dastavval Buvirajabning yonini uncha-muncha olganlar bo‘lsa-da, “u Shukrullaning boshini aylantirayotgan emish” degan gap chiqqandan keyin orqavarotdan uni o‘tdan olib suvga, suvdan olib o‘tga uradiganlar ko‘paydi. Albatta, bu fisqu-fasod Buvirajabga ham yetib keldi, avvaliga u mish-mishlardan ustun turishga harakat qildi, ko‘pchilik baravariga qo‘lini bigiz qilgandan so‘ng kimning yoqasidan olarini bilmay qoldi. Shukrulla esa... Buvirajab sho‘rlik yigitni yaqiniga yo‘latmay qo‘ydi, uni boshqa brigadaga o‘tkizishlarini talab qildi. Avvaliga Boyqulni Shukrullaning o‘rnida ishlatib yurgan bo‘lsa, endi Eshqobil Boyqulni somonga jo‘natib yubordi. Shukrulla bilan ishlaysan, senga beradigan boshqa odamim yo‘q deb turib oldi. Xohlasang – shu, xohlamasang – to‘rt tomoning qibla! E, boshi qotib qoldi Buvirajabning. Juda qiyin bo‘ldi-da unga.
   Shu taxlit oradan yigirma kun o‘tdi.
   Sigir sog‘ayotgan payt  Buvirajab Shukrulla atrofida girdikapalak  bo‘lishini sezib, g‘ijinar edi. Shuncha gap-so‘z kammi? Hayronsan, gap-so‘z ko‘paygan sari yigitbashara bu gung uning yonidan ketmaydigan odat chiqardi. Haydab ketkizolmaydi-e! Qachon qarasa, Buvirajabga termulib turgani-turgan.
   Buvirajab ming o‘yga bormasin, Shukrulla aynib ketib qolmayotganidan quvonar edi. Ba’zan shunaqa damlar bo‘lardiki, yigitning bag‘riga o‘zini otgisi, to‘yib-to‘yib yig‘lagisi kelardi. Bironta himoyaching, jilla qursa, yoningda turadigan odaming bo‘lmasa, qiyin ekan. Lekin alam qilardi: Shukrulla bilan “yurish” u yoqda tursin, tuzukroq gaplashmaslaridan shuncha malomat. Bu “gung” esa telba muhabbati bilan Buvirajabni adoyi-tamom qilyapti. “Yurib” turib gap eshitsang, ha, shunday bo‘lgan, deya o‘zingga tasalli berasan...
   Shukrulla tomoq qirgan kishi bo‘lib, Buvirajabning u yoq-bu yog‘idan o‘tdi. Buvirajab sigir sog‘averdi. Shukrulla yana tomoq qirdi, oxurga qaragan kishi bo‘ldi. Timirskilandi. Sigirning suti qurigan edi. Buvirajab avvaliga sigirni sog‘ishda davom etayotgandek ko‘rsatdi o‘zini. Keyin “men nega indamasligim kerak?” degan iddao bilan shart o‘rnidan turib, sut to‘la paqirni qo‘liga oldi.
   - Buvirajab!
   Qizning a’zoyi-badani rohatli og‘riqdan jimirlab ketdi. “Buvirajab!” Shunchalar mehr bilan, hayajon bilan aytilgan ediki bu ism!..
   - Men sizni yaxshi ko‘raman, Buvirajab!
   Buvirajab yalt etib yigitga o‘girildi. Shukrullaning ko‘zlari umidvor, hatto shu paytgacha Buvirajab ham payqamagan ajib yoniqlik bilan termulib javob kutardi. Bu qarashlar... Buvirajabning alamlari, g‘ashliklari bir zumda tarqadi. Quvonchdan, ko‘pdan-ko‘p sitamlardan va xo‘rliklardan so‘ng quvonchdan yig‘lagisi keldi. Qo‘lidagi paqir sirg‘alib tusha boshlaganini hatto o‘zi payqamadi. Yaxshiyam Shukrulla kuzatib turgan ekan. Paqirning dastagidan tutayotganda yigitning qo‘li qizning kaftiga tegib ketdiyu, qiz orziqdi. Yo‘q, ko‘z yoshini dushmani u yoqda tursin, do‘stiga ham ko‘rsatmaydi hatto. Buvirajab yigitning qarashlariga bardosh berolmay, ko‘zlarini paqirga tikdi. Entikdi, umrida ilk daf’a. Doim ko‘zlari to‘qnash kelsa, Shukrulla yerga qarar edi. Har qancha gung bo‘lmasin, bari bir yigit yigit ekan-da. Yigit bari bir qizdan ustun ekan.
   Buvirajab kuch bilan boshini ko‘tardi. Shukrullaning nigohi shu qadar iliq,  shu qadar samimiy ediki, u...
   - Sizdan javob kutyapman, Buvirajab!?
   Buvirajab jilmaydi. Balki o‘sha yig‘isidan beri birinchi marta chin dildan yayrab jilmayishidir bu. Shuning barobarida u o‘zini qo‘lga oldi.
   - Sovchi yuboraveraymi, Buvirajab?!
   - Paqirni bering.
   - A?!
   - Paqirni bering, sutini to‘kib kelay.
   - Hozir! – Shukrulla yugurgilab borgancha sutni bidonga ag‘dardi.
   Buvirajab uning ortidan mehr bilan tikilarkan, birdan sergak  tortdi: sog‘uvchilarning hammasi ularni kuzatib turishardi. O’h-ho‘! Buvirajabning rang-quti o‘chdi. Qo‘llari musht bo‘lib tugildi. O’zini ortga olib, oxurga suyandi. Sigir “nima gap?” deganday unga tumshug‘ini cho‘zdi.
   - Nima gapligi bilan nima ishing bor? He o‘l! – Sigirning tumshug‘iga bir musht tushirdi.
   “Aytmasang aytmay qo‘ya qol!” – sigir arazlab boshini chetga burdi
   - Sen bir mol bo‘lsang, gapga tushunarmiding! – Buvirajab yigit keltirgan paqirni olib, sigirni sog‘ishga tushdi, shunda u hamon kimdir o‘zlarini kuzatayotganini payqadi. Achchiqlandi. Achchiqlanish barobarida Shukrullaning gapini esladi:  “Men sizni yaxshi ko‘raman, Buvirajab!”
   “Qanaqa qilib yaxshi ko‘rarkan?! – Buvirajabning yuragi orziqdi. Shunday omon-omon kunlarga yetarmikan? Ishqilib yetsin-da”.  Kundan-kunga tajanglashib boryapti. Sal narsaga duch kelgan odam bilan yoqalashishga tayyor. So‘nggi kunlarda ukalarini ham ko‘p xafa qilyapti. Otasi bilan ikki marta urishib oldi. “O’n so‘m berib tur”, degan edi, uniki tutib qoldi. Pul bermagach, otasi so‘kindi. Buvirajab alamdan ukalarini urdi. Xullas, ishlar chatoq... Qaysi kuni bir dugonasi o‘ziga olov qo‘yib yuboripti. O’ninchini bitirar-bitirmas erga berib yuborishgan edi. Yaqinda tug‘ruqxonadan qaytgan, ro‘zg‘or tashvishlariga uncha yaramay turgan payti ekan, qaynonasi: “ag‘anab yotaveradi bu eshshakka o‘xshab”, deb o‘g‘liga yomonlapti. O’g‘ilning erkakligi tutib, chillasi chiqmagan xotinini uripti. Xotin “ana bo‘lmasa” deb ichkariga kiripti-da, ustiga solyarka quyib, gugurt chaqipti. Qaynonayu-o‘g‘ilni o‘sha zahoti o‘sha zahotiyoq obborib qamashipti. O’rtada chillali go‘dak chirqirab, g‘irt yetim bo‘lib qolipti. O’shandan beri Buvirajabning ham xayoliga ba’zan-ba’zan shunaqa noxush o‘ylar keladi. O’zini o‘ldirsayu, hammasidan qutulsa, ferma mudiriyu, partkomni, sovxoz direktorni olib borib qamashsa. Bular bilan tiriklay olishishga kuchi yetmaydi uning. Buvirajabda kuch qayoqda deysiz...
   O’z  joningga qasd qilish – yaxshi emas! – Buvirajab o‘ziga o‘zi aql bo‘lishga urinardi. Urinardiyu,.. Dugonasi o‘ziga o‘t qo‘ygandan beri bir hafta o‘tdi. Bir haftadan beri ko‘ziga nuqul olov ko‘rinadi. Ba’zan o‘zini yonayotgan holda tasavvur qiladi. Keyin sud. Qora kursida Eshqobil ferma, Xidir Sobirovich, O’rozgul opa, Hamroqul Bozorovich... Sud’ya hukm o‘qiydi: “Unisiyam, bunisiyam, uchinchisiyam, to‘rtinchisiyam, o‘ninchisiyam, hammasi otilsin... osilsin!” Bari bir... bari bir... bitta qo‘ymay qirib tashlashganda ham aslida nima o‘zgaradi?  Buvirajabga nima foyda? Axir o‘lgan bo‘ladi u! O’lgan bo‘ladi-ya! Qanday dahshat!!! Tuproqlarga qorishib yotgan bo‘ladi. Og‘zi, ko‘zlari tuproqqa to‘lgan bo‘ladi. Nega endi o‘lib ketaverishi kerak ekan? Bunday o‘ylab qarasa, shu dunyoda borligi, yashayotganining o‘zi baxt-ku! Onasi o‘lgandan keyin boshiga ko‘p tashvishlar tushdi, to‘g‘ri, lekin Buvirajab degan qiz bor-ku, shu dunyoda yashayapti-ku! Qanchalar gap-so‘z  bo‘lmasin, otasi bir vaqtlar onasiga uylangan, keyin Buvirajab dunyoga kelgan. Modomiki shunday ekan, Buvirajab yashashga, yaxshiroq yashashga  urinishi, kurashishi kerak endi. Axir turmushi nochor bo‘lsa... Ablaxlar! Qayta qurish deb yozishadi, ko‘zbo‘yamachiliklarga qarshi kurashamiz deyishadi. Aslida  hammasi eskicha. Ko‘zbo‘yamachilar allaqachon toptalib, yer bilan yakson bo‘lish o‘rniga... Buvirajab toptalyapti.
   Qachon haqiqat bo‘ladi? Qachon?
   Yo‘q!
   Buvirajab hech qachon o‘ziga olov qo‘ymaydi. Axmoqlik bu! U kurashadi. Ammo qanday qilib? Nima deb? Nima uchun kurashadi? Gazetaga yozsa-chi?! Ay-y. Nechtasi yozyapti ham, natija yo‘q. Qaytaga o‘zlari “yozg‘uvchi” degan nom olishyapti. Qanchadan-qancha tekshirishlar bo‘ldi. Birontasida direktorga ayb qo‘ya olishmadi. 
   Nima qilish kerak? Kattalar ham Xidir Sobirovichning yonini olishyapti. Nima balo, o‘ziga o‘t qo‘yishdan boshqa chora yo‘q, shekilli! – Buvirajab seskanib ketdi. – Tuf-e! Yaxshiyam, baxtiga Shukrulla bor ekan: “Men sizni yaxshi ko‘raman, Buvirajab!” Buvirajab xo‘rsindi. Mehr bilan: “Ha, yaxshi ko‘rmay har balo bo‘l. Meni olib nima baraka toparding? Nuqul g‘avg‘oga qolasan”, deb xayolidan o‘tkizdi, keyin atrofiga ko‘z yugurtdi. Shukrulla sal narida go‘yo ish bilan mashg‘ulday aylanib yurar, tez-tez bu tomonga qarab qo‘yardi. E, nima bo‘lsa bo‘lar. Tavakkal!
   - Ho‘-o‘y, bu yoqqa kel!
   Buvirajab yalt etib qaradi. Sal narida qaerdandir paydo bo‘lib qolgan Eshqobil ferma Shukrullani bosh  barmog‘i bilan bepisand imlab  chaqirardi. Avzoyi buzuq. Buvirajabning a’zoyi-badani g‘azabdan titrab ketdi.  Salgina quvonganingniyam ko‘rolmaydi bular. Qayoqdan kela qoldi bu balo?
   - Bu nima qilganing?! – Eshqobil ferma sigirlarning tagiga ishora qilgancha, Shukrullaning peshanasiga ko‘rsatkich barmog‘ini tiradi.
   - Tozalayapman-ku.
   - Gap qaytarma. Nima lallayib turish bu? A? Hey, sendan so‘rayapman, sendan?
   - Nima bo‘pti, mana, ishla...
   - Gap qaytarma dedim senga, iflos! Tiling chiqib qoldimi hali? Sen nega birovning sigiriga ko‘proq, boshqanikiga kamroq yem solyapsan, a? Bu ishing g‘irt jinoyat ekanini bilasanmi o‘zi? Xomkalla! – Eshqobil mushti bilan Shukrullaning boshiga turtkiladi.
   - Turtmang! Nega turtasiz?!
   - Bor ket fermadan! Ishdan bo‘shatdim seni! 
   Allanima taraqladi. Buvirajab o‘girilib  qaradi: Shukrulla  qo‘lidagi belkurakni irg‘itgancha shasht bilan ketib borardi. Ob-bo! Mana bu sho‘rlik ham Buvirajabning kasriga ishdan haydaldi. – Buvirajab bo‘shashib qoldi. Yig‘lagisi keldi: “Nima kerak ekan bu odamlarga? Nega endi uni qo‘yib, Shukrullaga yopishishyapti?”
   Eshqobil ferma ham shasht bilan tashqariga jo‘nadi. Buvirajabning yonidan qovoq-tumshug‘ini solib o‘tdi.
   He o‘l rahbar bo‘lmay! Qiz bola bilan olishmay har balo bo‘l! Qirg‘in kelsin senga! – Buvirajabning ko‘ngli o‘ksidi. Qo‘llaridan darmon ketdi. Sigirlarini ham hammadan keyin sog‘ib bo‘ldi. Xalatini yechishga borayotganda sog‘uvchilarning bari ferma hovlisida ketishga tayyor bo‘lib turishar edi. Sog‘uvchilarni tashiydigan avtobus shofyori bir soatiga, bir Buvirajabga qarab  qo‘ydi. Shoshilyapti. Sog‘uvchilar o‘rtasida O’rozgul opa gap beryapti desangiz. Odatdagiday. Buvirajabga qarab u bir chimirildi-da, yana gapida davom etdi. Ana shu chimirilishning o‘zi Buvirajabni adoyi-tamom qildi. Nega bular bunaqa qilaveradi? Boya o‘ynashi yonidan “odammisan” demay o‘tdi. Alamini Shukrulladan oldi. Bunisi esa…
   Buvirajab kiyim almashtiradigan xonaga kirib, xalatini yechdi. Tamom bo‘shashib, darmoni qurigancha, devorga suyandi. Xonada o‘zidan boshqa hech kim yo‘q edi. Shu chog‘ eshik sekin ochildi va kimdir kirib keldi. Buvirajab, sog‘uvchilardan biridin deb o‘ylab boshini ko‘tarmadi ham. 
   - Buvirajab! 
   - Eh! – Buvirajab cho‘chib boshini ko‘tardi. Ichko‘ylakda ekani yodiga tushib, xalatini olgancha ko‘kragiga bosdi. – Shukrulla?!
     Ko‘zlari yongancha Shukrulla u tomonga kelardi. Buvirajab o‘zini yo‘qotdi. Ortga chekinib, beixtiyor devorga suyandi. Ko‘zlarini chirt yumdi. Ikki yelkasiga ikkita “cho‘g‘” tegdi va kaftlarini qizdirib yubordi. Shuning tafti a’zoyi-badaniga urib, erib ketdi u. Boshini yigitning ko‘kragiga tashladiyu, o‘krab yig‘lab yubordi. O’zini to‘xtatishga urinar, ammo uddalay olmas, ich-ichidan yig‘i otilib chiqib kelar edi.
   - Buvirajab! Menga teging! Sizni bu ablaxlardan o‘zim himoya qilaman! Hammasini ko‘rib-bilib turibman, Buvirajab! – Shukrulla ko‘ksiga singib borayotgan Buvirajabning yelkalarini avaylab silagancha, shivirlardi. – Meni bular mo‘min-qobil deb  o‘ylashadi, Buvirajab! Men bularga mo‘min-qobil qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman hali! Yig‘lamang, Buvirajab! Buvirajab, yig‘lama! Yig‘lama! O’zingiz… o‘zingni bos, Buvirajab!
   Buvirajab yig‘i aralash bir muddat boshini ko‘tarib, Shukrullaning nigohida ilgari o‘zi sira ilg‘amagan qat’iyatni ko‘rdi. Unga ishondi. Yuragi badtar to‘lib ketdi. Ayniqsa “sen”lab, “o‘ziniki” qilib gapirgani qizni toza eritib yubordi va u yana boshini yigitning ko‘ksiga tashladi.
   - Shoshmay tursin hali bu onangni emgirlar! – Shukrulla metinday qo‘llari bilan uni bag‘riga tortdi.
   Ajabo! Yigitning so‘kinishi ham Buvirajabga yoqar edi. So‘kinish yigit kishiga yarashar ekan-da. Ayniqsa, seni  - har tomonlama  yakkalangan qizni – himoya qilib tursa. Shukrullayana bir nimalar dedi, ammo endi Buvirajab uchun uning nimalar deyayotganining ahamiyati yo‘q edi. O’zini butunlay uning ixtiyoriga tashladi… Shu alfozda qancha turishdi, bilmaydi. Bir payt sharaqlab eshik ochildi-da, Boyqul molboqar ichkariga kirdi.
   - E, mana bularning turishini qaranglar, - dedi u baqirib. Shu chog‘ yana kimningdir tovushi eshitildi. Molboqar unga qarata shang‘illab dedi: - O’tib ketayotsam, qiz bolaning yig‘isi, yigitning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri qulog‘imga chalindi. Bunda-ay, eshikning tirqishidan qarasam, ikkovi qip-yalang‘och, chalkashib yotishipti.. Tuf-e! Fermaniyam rasvo qildinglar, nas bosganlar,  deb ikkoviniyam ketiga tepib, haydab chiqay dedimu…
   Eshikdan birin-sirin sog‘uvchilar, xizmatchilar, nihoyat xo‘mraygancha Eshqobil kirib keldi. Shukrulla bilan Buvirajab bir-birini qo‘yib yuborgancha hang-mang bo‘lib turishar edi.
   - Nima gap? Tag‘in nima g‘avg‘o? – o‘shqirdi Eshqobil. Keyin Shukrullaga tahdid qildi. – Sen bu yerda nega sang‘ib yuripsan?
   - … quloq solsam, - davom etdi Boyqul, - Buvirajab yig‘lab Shukrullaga tarmashyapti: “Men endi sharmanda bo‘ldim, qornimda uch oylik bolam bor”, deydi. “Kimdan?” deb so‘radi Shukrulla. Keyin Buvirajab birovning ismini aytdi, eshitmadim. Sizlarni chaqiray deb…
   - Iflos! – Eshqobil Shukrullaga o‘qtaldi. – Senlarning kasofatlaringga fermadan baraka ketdi. O’lasanlarmi shu ishlaringni  ko‘chaga chiqib qilsalaring.  Chidamay, o‘lib boryapsanlarmi? Joy topilmay qoldimi?
   Nega buncha haqorat?! Hech narsa, hech gap bo‘lgani yo‘q-ku axir! – Shu vaqtgacha karaxt bo‘lib, toshday qotib turgan Buvirajabning vujudida titroq turdi. Nimadir demoqchi edi, g‘azabning zo‘ridan tili kalimaga kelmadi. Tamshandi. Yoqasini tutmoq niyatida qo‘lini ko‘tardi, shundagina bor-yo‘g‘i ichko‘ylakda  ekanini angladi. Nogoh Shukrulla ayiqday ayqirdi, qo‘lida allanima yaltirab ketdi. U Eshqobilga hamla qildi. Eshqobil chap berdi. Chap bera turib, Shukrullaning qo‘liga tepdi. Pichoq bir chetga uchib ketdi. Qiy-chuv, dod-faryod ko‘tarildi. Odamlar Shukrullani qo‘lidan tutishdi, so‘ng mushtlay boshlashdi, qo‘llarini orqasiga qilib bog‘lashdi ham.
   - Chiq hammang avtobusga! – buyurdi Eshqobil. – Direktorga boramiz. Yo biz ishlaylik, yo Buvirajab! O’ynashini melisaga topshiramiz.  Pichog‘ini oldingmi? Hammang guvohsan! Ha, oyimcha! Qilg‘ilikni qilib qo‘ygandan keyin javobini ham bering. Yo qochib qolmoqchimilar?
   Deraza rahiga yuzini bosib turgan Buvirajab boshini ko‘tardi. Qizargan ko‘zlarida yig‘idan asar yo‘q edi. Hatto qo‘rqqinch ham!  Nafratga to‘la ko‘zlarini Eshqobilga tikkancha, eshik tomonga yurdi. Qo‘llarini beliga tiragancha tish qayrab turgan Eshqobil beixtiyor tisarilib unga yo‘l berdi. Ataylab chaqirishganmi, tasodifmi, har qalay idora oldida Norqul melisa turgan ekan, Shukrullani o‘shanga topshirishdi. Direktor ham, partkom sekretari ham, boshqa kattalar ham idorada edilar. Shularning oldida Boyqul haligi gaplarini yana takrorladi. Guvohlar tasdiqlashdi. So‘ng tushuntirish xati yozishga tushishdi. Eshqobil raport tayyorladi.
   - Buvirajab! Sen nima deysan? – Xidir Sobirovich go‘yo hamdardlik bilan qizga o‘girildi.
   Janjal boshlangandan beri “gung” bo‘lib yurgan Buvirajab seskanib ketdi. Garangsib, direktorga yuzlandi.
   - Shu gaplar rostmi? – Xidir Sobirovich muloyim ohangda, o‘ziga juda yaqin olib so‘radi.
   - Yolg‘on! Hammasi yolg‘on!! – Buvirajab behol shivirladi. – Hech qanaqa bolam yo‘q mening! – U tushuntirish xati yozayotgan Boyqulga tashlanib, bor kuchi bilan shapaloqlab soldi. Boyqul polga ag‘darilib tushdi. – O’g‘ri! Eshqobilning iskovuch iti!  - Buvirajabning kirza etigi ikki-uch marta Boyqulning biqiniga borib keldi.
   Odamlar Buvirajabni ushlashdi. Uning ko‘zlariga hamon qatra yosh kelmas, sog‘uvchi qizlarning qo‘lida g‘azabdan hansiragancha, qalt-qalt titrab turardi.
   - Musht bilan, do‘q bilan hech narsani isbot qilolmaysan, Buvirajab! – dedi Xidir Sobirovich. – Hozir qayta qurish ketyapti. Demokratiya! Har kim o‘z fikrini ochiq-oydin, yashirmay ayta oladi. Sen ham o‘z fikringni ayt.. Ko‘plashib, maslahatlashib, bir qarorga kelamiz. Bu yerda bitta Boyqul emas, butun bir kollektiv senga qarshi gapiryapti. Fermalaringga yilda bir bormayman o‘zi! Bilmayman, Eshqobil bilan nimani bo‘lisholmay qoldinglar… Shuncha odam sen haqingda shunaqa deb tursa… Balki partkom sekretari fikr bildirar…
   Hamroqul Bozorovich muloyim yuzini silay-silay, o‘rnidan turdi, yo‘talgan kishi bo‘ldi. Nihoyat gapirishdan boshqa iloji qolmaganini anglab, dedi:
   - Bizning Buvirajabdan umidimiz katta edi. Shuning uchun yaqinda uni partiya a’zoligiga kandidatlikka qabul qilgan edik. Ming afsuslar bo‘lsinki, Buvirajab ishonchimizni oqlamadi. U o‘zining yomon xulqi bilan, nomunosib hatti-harakatlari bilan yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Tag‘in o‘z aybiga iqror bo‘lmay, butun bir kollektiv yuziga oyoq tirayapti ekan…
   - Buzuqilarga oramizda o‘rin yo‘q! – dedi O’rozgul opa.
   - Men avvalgi majlisda ham kommunistlar  oldiga bu masalani ko‘ndalang qo‘ygan edim, - dedi Eshqobil. – Mana, kelishuvchanlik oqibati. Printsip, partiyaviy printsip qani, o‘rtoq partkom sekretari?! Yana aytaman, Buvirajab masalasini partiyaviy yo‘l bilan ko‘rib chiqish zarur va bu yoshlarni kommunistik ruhda tarbiyalashda juda muhim.
   - Ko‘ramiz, - dedi Hamroqul Bozorovich, bir oz o‘ylanib turgandan so‘ng. – Ishonamanki, kommunistlar ferma kollektivining fikrini ma’qullaydi.
   - Balki birinchi safar kechirarmiz?! – gap tashladi Xidir Sobirovich..
   - Partiyaviy printsip kerak, o‘rtoq direktor! – dedi Eshqobil. – Biz bu ahvolda hech qachon qayta qurishni amalga oshirolmaymiz. Buvirajabga o‘xshash… to‘siqlarni buzib tashlay olmas ekanmiz, joyimizda depsinib turaveramiz.
   - Shuncha gap-so‘zdan keyin agar yuzi bo‘lsa, mayli, fermaga borib ishlayversin, - dedi O’rozgul opa.
   - Bas!! – Buvirajab qizlarning qo‘lidan yulqinib chiqdi. – Qirilgurlar! Qirg‘ining kelgurlar! Fermang bilan qo‘shmozor bo‘l hammang! O’t qo‘yaman!... – U og‘zini bilagi bilan bekitgancha, tashqariga otildi.
   - Iye! Ona qizim, tinchlikmi? – Qadrdon ovozni eshitib,  Buvirajab boshini ko‘tardi. Qarshisida Avaz aka turardi. – Nima bo‘ldi o‘zi?
   Buvirajab chiday olmadi. Hiqillab yig‘lagancha tashqariga otildi. 
   Qorong‘i tushib qolgan edi.
   O’t qo‘yadi. Hammasiga o‘t qo‘yadi! Qurib ketsin, qirilib ketsin bari! O’lib qutulmasa, tiriklay qutulmaydi shekilli bulardan. Oh-h! O’ziga olov qo‘ygan dugonasi qanchalar baxtli-ya!..
   Uyga kiraverishda darvozaning oldida otasi kutib turgan ekan. Buvirajab aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan edi, otasi qo‘lidan tutdi. Qip-qizil mast
   - Qaerda yuripsan?
   - Hech qaerda.
   - Jal-l-labla-aar! – Otasini hiqichoq tutdi.
   Buvirajabning miyasiga yashin urganday bo‘ldi. “Onamning arvohlarini tinch qo‘ying”, demoqchi, otasini uzib-uzib olmoqchi edi, sabri chidamadi. Satqai sar… Endi gapirdi nima, gapirmadi nima. Yashadi nima – yashamadi nima. Bari bir oxir oqibat o‘lib ketar kansan, bugun o‘lding nima, yana o‘ttiz yil yashab o‘lding nima?! Qaytaga hozir o‘lsang, hamma… Buvirajabning kimga keragi bor? – Buvirajab shasht bilan otasining qo‘lidan yulqinib chiqdi-da, oshxonaga kirib, eshikning zulfini soldi. Qorong‘ida timirskilangancha, tandirning tagidan o‘zi ertalab traktorchidan sotib olgan bir paqir solyarkani topdi. Ko‘targancha avval yelkasidan, keyin boshidan quydi.
   - Umrimni xazon qildi bular mening! – Hovlidan otasining yig‘loqi ovozi eshitildi.
   Buvirajab oshxonaga kirganini ko‘rmay qolipti-da. Yaxshi. Endi… gugurt… Gugurt tandirning yonida ham, o‘choqning boshida ham yo‘q edi. Elektr chirog‘ini yoqdi. Gugurt shundoqqina o‘chirgichning yonida, taxmonda ekan. Ola solib, chiroqni yana o‘chirdi.
   Mana endi…
   Buvirajab gugurtni chaqdi. Badaniga harorat urishi barobari hovlidan kenjatoyning “opa-a”, deya zorlangani eshitildi. – Otasi uriyaptimi uni? Nega? Oh! Voy-dod! Voy-do-o-od! – Olov sochlariga o‘rmaladi. Buvirajab jon achchiqg‘ida qichqirib, o‘zini u yoqdan-bu yoqqa uraverdi. – Onajonim-ey, onajonim-ey! Do‘zaxi qizingni kechir, onajonim-ey! Xudoyorlar-ku, bir kunini ko‘rar, ammo kenjatoy… Nima qilib qo‘ydi? Dod, nima qilib qo‘ydi-ya?! – Buvirajab o‘zini eshikka urdi. Eshik yopiq edi. Hozir u eshikning zulfini ochadigan holatda emasdi. Ko‘z oldini qip-qzil olov qopladi. Olov aralash ko‘zlariga onasi ko‘rindi. Onasi hilpillagancha yonib-yonib kelardi. Boshdan oyog‘igacha badanlaridan uzun-qisqa bo‘lib olov o‘rmalar, o‘rtalarida olovdan yo‘lak paydo bo‘lgan, onasi yonayotgan quchoqlarini yozgancha, Buvirajabni o‘ziga chorlardi…
   - Zulfni oching, opa! – Buvoyshaning ovozi qulog‘iga chalindi.
   Ukalari, singillari… Endi  bularning  kuni qanday o‘tadi? Buvirajab endigina o‘zi kerak bo‘lgan odamlar borligini,  ular uchun hali yashashi kerakligini anglab  yetdi, ammo… hushini yo‘qotdi…
   Xudoyor bolta topib kelib, eshikni buzganda u kuyib bitgan va qop-qora kundaga aylanib ulgurgan edi…

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.