background
logotype

Abulqosim Mamarasulov. Suyunchi (hikoya)

   Lapas armiya xizmatini  o‘tab qaytdi. Nazarida xuddi kechagina chaqiriq qog‘ozini olganday, ikki yil ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketganday. Poezd rayon markazida to‘xtadi.U hali birga xizmat qilgan, yo‘lda birga kelgan safdoshlari bilan arang xayrlashib ulgurgan, ammo tug‘ilib o‘sgan yerlariga to‘yib-to‘yib boqolmagan, havosidan simirolmagan holda  poezddan pastga endigina tushgan edi  hamki, qandaydir odam kelgancha,  uni mahkam quchoqlab oldi.
   - Assalomu alaykum solat ukajonim! Qanday, eson-omon yetib keldingmi? Xizmat yaxshi o‘tdimi? Sog‘-salomatmisan? Sensirayveraman-da endi, o‘zimning ukamsan-ku, nima  deding? Xafa bo‘lmaysan-a!?
   Lapas hayron bo‘ldi, lekin bildirmadi. Axir oradan ikki yil o‘tib ketdi. Tanimasa ham uni taniyapti-ku, Balki biron qarindoshidir, ammo kim ekan? Qaysi xolasining eri? Hech eslay olmadi.
   - Obbo shovvoz-ey! Shunday qilib askarlikni o‘tab qaytdim, degin!? – Qarindoshning quvonchi cheksiz edi. Ko‘zlari porlardi. – Obbo askar ukajonim-ey! Shunday qilib ikki yil ham o‘tib ketibdi-da, a? Aytganday, isming nimaydi?
   - Lapas.
   - Ha,ha, Lapasjon, buni qara-ya, hatto ismingni esdan chiqarganman. Qarichilik-da, uzr, Lapasjon!Xo‘sh, xizmatlar qaerda o‘tdi?
   - Belorussiyada. 
   Qarindosh hayratdan yoqa ushladi. – E, yashshavor! Menam Belorussiyada xizmat qilganman. Zo‘r joy! Xuddi o‘zimizdagiday, soldatlarni juda yaxshi ko‘rishadi. Qizlari-chi, qizlari! Kelib turarmidi qismlaringga?
   - Ha, endi... – Lapas iymandi.
   - Qanaqa bo‘linmada xizmat qilding?
   - Stroybatda.
   - Hechqisi yo‘q, o‘zbek bolalarining barini stroybatga jo‘natishadi. Hechqisi yo‘q, bel qotib,  to‘rt-besh so‘m pul topib, bir hunarning  egasi bo‘lib qaytasan. Bo‘pti, yur... ana bizning mashina. Xo‘sh, jomadoning bormi?
   Lapas yerga qo‘ygan jomadonini olmoqchi edi, qarindosh ruxsat bermadi.
   - Shoshma-shoshma, bu nima degan gap? Buguncha sen mehmonsan. Tushunyapsanmi? Buguncha! O’zing bilasan, mehmon otangdan ulug‘, degan gap bor. Katta bir nima deganda kichik quloq solishi kerak. Jomadonni bu yoqqa ber.
   - Yo‘q, aka, siz tushunmadingiz, sizga og‘irlik qilmasin, demoqchi edim.
   - Buguncha og‘irlik qilmaydi, tez beraver, boshqasi ilib ketmasdan... – Qarindosh shosha-pisha jomadonni tortqilab oldi-da, Lapasni o‘z mashinasi tomon yetakladi. – Qani endi, soldatchasiga marsh. O’zi ko‘nglim sezgandi-ya, shu bugun kelib qoladi-yov, deb hozirgina vokzalga chiqib turgandim. Qarasam, do‘stlaring bilan xayrlashib, poezddan tushayapsan. Yetgancha seni quchog‘imga oldim. Yo‘qsa, bu yerda pul ishlayman, deganlar ko‘p, ana-mana degancha ilib ketishadi. Obbo ukajonim-ey, shunaqa qilib Belorussiyada xizmat qildim, degin-a! Mana, sizlar  bizni, bizning bola-chaqalarimizni chet el  agressorlaridan muntazam himoya qilyapsizlar. Sizlar borki, biz tinch- omon,  bexavotir bola-chaqa tashvishida elga xizmat qilyapmiz...
   Ular chetroqdagi “Moskvich”ga o‘tirishdi.
   - Tezda Ota-onang bilan ko‘rishasan. Juda sog‘ingandirsan,a?  Aytganday, qaerda yashardilaring?
  - Barlosda, - dedi Lapas hayron bo‘lib, ammo sir bermaslikka urinib.
  - Yashshavor ukam!! – Qarindosh do‘ppisini osmonga otguday quvonib ketdi. – Buni qara-ya,  hatto shuniyam esdan chiqaripman! Qarichilik-da, qarichilik. Aytganday, isming nimaydi?
   - Lapas.
   - Ha, Lapasjon, ukajon! Yillar o‘tib boryapti. Mana, biz ham qirqni urib qo‘ydik. Bola-chaqa ko‘paydi. O’zing bilasan, bir tovuqqa ham don, ham suv deganday, barini yedirish kerak, ichirish kerak, kiyintirish kerak. Bari qo‘lingga qaraydi. Menimcha, uylaringga borsak, suyunchiga  botib qolsam kerag-ov, nima deding? Hazilmi, ikki yil ko‘rishmagansizlar axir! Aytganday, otangn oti nimaydi?
   - Otaboy.
   - Nima, Otaboy akaning o‘g‘limisan? Qo‘lni ber. Ishlar besh. Agar Otaboy akaning o‘g‘li bo‘lsang, suyunchiga so‘zsiz bitta qo‘y olaman. Yaqinda aytayotgandi, o‘g‘lim armiyadan kelishiga suyunchisiga bitta qo‘chqorni boqayapman, deb. So‘zsiz bitta qo‘y olamiz, nima deding? Axir sening bahoing bitta qo‘ydan arzon emasdir, to‘g‘rimi? Seni olib borganim uchun hech bo‘lmasa benzin puli berishlari kerak-ku, to‘g‘rimi? Aytganday, isming nimaydi?
   - Lapas.
   - Ha, Lapasjon, ukajon, men yaxshi bilaman. Otang saxiy, mard odam. Sendan bor topgan-tutganini ayamaydi. Aytganday, otang qaerda ishlaydi?
    - Otam armiyaga ketmasimdan ikki yil burun qazo qilgan.
   - A-a, shunaqami? – Qarindosh bir oz xo‘mrayib jim qoldi. Bir minutlik sukut saqlab bo‘lgach, yana o‘zini o‘nglab davom etdi. – Joyi jannatdan bo‘lgan bo‘lsin Otaboy akaning, bechora yaxshi odam edi. Shuni darrov ayta qolmaysanmi? Sen qazo qilgan Otaboy akaning o‘g‘li ekansan-da! Men esa narigi, tirik Otaboy akani nazarda tutayotgan edim. 
   - Barlosda menim otamdan boshqa Otaboy aka yo‘q.
   - Barlosda bo‘lmagani bilan Barlosga qo‘shni qishloqda bor. Sen nimaniyam bilarding, ikki yildan beri Belorussiyada yurgan bo‘lsang. Obbo-o! Yana esimdan chiqdi, isming nimaydi?
   - Lapas.
  - Ha, Lapas,  bu dunyoda sen bilan men bilmaydigan narsalar ko‘p. Hayron bo‘laverma. O’lim haq. Hammamiz ham bu besh kunlik dunyoja o‘lib-tirilib, tirikchilik g‘amida yelib yuguramiz. Boshqa ilojimiz ham yo‘q. Mana, katta yigit bo‘lib qopsan, yigitlik burchini o‘tab qaytayapsan. Ot o‘rnini toy bosar deganlari shu-da! Akalaring  bormi7
   - Ha, ikkita.
   - Bo‘-o‘ldi! Otaboy akaning o‘lmagani shu-da! Sizlar borsizlar, Otabo aka demak yashayapti. Demak, suyunchining zo‘rini endi akalaringdan olamiz. Har biridan bittadan qo‘y, a!! – Qarindosh rulni qo‘yib yuborgancha , kaftlarini bir-biriga ishqaladi. - Ikkovi ikki yoqdan ikki qo‘yni olib chiqib tursa, oling aka, yo‘qsa xafa bo‘lamiz, deb turishsa, iloj qancha, akalaringni xafa qilib bo‘lmaydi. Bir iloj qilib, qo‘ylarni bagajga tiqamiz. Seni hurmating uchun-da, uka! Oting nimaydi?
    - Lapas!
    - Lapasjon, mana, Barlosgayam yetib keldik. Endi o‘zing boshqar, qayoqqa hayday.?..
    Ular ko‘k darvoza qarshisida to‘xtashdi. Qarindosh signalni bosdi. Lapas mashinadan tusharkan, yuragi hapriqib ketdi. O’sha qishloq, o‘sha ko‘cha, o‘sha darvoza. Hech narsa o‘zgarmagan. Poezdda kelayotganda go‘yo hamma yoq o‘zgarib ketganday, u o‘z vatanini tanimay qoladiganday tuyulgan edi. Yo‘q, hammasi o‘sha-o‘sha. Armiyaga ketishidan sal oldin darvoza qurishgan edi. Bir tomoniga g‘isht yetmay ochib qolgan, keyin shu ochiq joyga uch-to‘rtta shox-shabba tashlab qo‘yishgandi. O’sha shox-shabba haliyam turipti. Uyning orqasi yarmi suvalgan, yarmi qolib ketgan edi. Ikki yil o‘tsa hamki, o‘shanday turipti.
   Hech narsa o‘zgarmagan. Mutlaqo hech narsa! Hatto hayron qolasan.
   - Syurpriz qilamiz, uka, sen yashirin, - dedi qarindosh. Akangni ismi nimaydi?
   - Qodir.
   - Qodir! He-yy, Qodir!! – Qarindosh darvozani urdi-da, orqasiga o‘girilib, ajablandi. – Iye, haliyam turipsanmi? Yashirin, syurpriz qilamiz.
   Hovlidan javob eshitildi. Darvoza ochilib, onasi ko‘rindi. Lapas beixtiyor mashinaga suyandi. Nafas rostladi, keyin...
   - Lapas! Bolam!!
   - Onajon!...

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.