background
logotype

Baxtiyor Abdug‘afur. Oltinchi yo‘lak (qissa)

Muqaddima

Uzoq-uzoqlarga yaslanib ketgan ummon qora tortib ketganidanmi, yotog‘iga bosh qo‘yayotgan quyoshning ufqdan sohilgacha ajib qizg‘ish olov yo‘lagi yanada yorqinroq ko‘rinadi. Negadir mag‘rib osmonini uzuq-uzuq qora bulutlar egallab olgan. Avvallari quyosh va qora bulutlar bunchalik bir-birlariga yaqin kelmagandek tuyuladi kishiga. Yana odamni tong qoldirib, sohilga avval bir-ikki tomchi yomg‘ir tomchilagan bo‘lsa, keyin sharros yog‘ib yubordi. Tabiat ilmining puxta bilimdoni bundan rosa taajjubga tushishi aniq. Ammo, ravondagi to‘garak stol atrofidagi o‘ta rasmiy kiyingan kishilarni borliqning bu ajib va sirli ishi hech ham qiziqtirmaydi. Qora kostyum-shimli, olachipor bo‘yinbog‘li yigit o‘ng qo‘liga taqilgan, har bir raqami qarshisiga mayda javohir qadalgan soatiga ko‘z tashlab, qarshisidagi qalin hisobotga nigohini qadadi. Muqovadagi har bir so‘z yod bo‘lib ketgan bo‘lsada qaytadan o‘qishga tushdi. Uning yonidagilar esa bir-birlari bilan gaplashishardi. Nihoyat, ravonning binoga eltadigan yo‘lagida nogironlar aravachasidagi kostyum-shimli, qotmadan kelgan qariya ko‘rindi. Baqbaqasi quruq haltadek bo‘yinboq tugunchasi ustiga osilib qolgan, ko‘zlari kosasidan irg‘ib ketadigandek. Aravacha ravonga g‘ildirib kirib keldi. Qariya o‘z joyida – to‘rda aravachasini to‘xtatgach, yig‘ilganlarni birma-bir nazaridan o‘tkazib oldi.
-Bu safar menga yangi narsalar olib kelgansizlar, deb o‘ylayman, - qariya o‘zini jilmayishga majbur etdi. Zo‘rma-zo‘raki jilmayganidan yuzida tirishlar yana ko‘payib, og‘riqdan azob chekayotgan kishiga o‘xshab qoldi. Unga yaxshilab razm solinganda jilmayish yoki kulish bu odamga umuman yarashmasligi xayolga kelardi.
-Yangi narsalar doim sizdan chiqqan, -hali ham tik turgan olachipor bo‘yinboqli yigit dedi.
-An’anamizga bu safar ham davom ettiramiz unda. Muddaoga o‘ta qolaylik, kirish qismidan chekinib.
Qariya shilpiq ko‘zlarini bir nuqtaga qadab, jim bo‘lib qoldi.
-Bu dunyoning haritalari har kuni chizilayapti, chegaralar har daqiqa o‘zgarayapti, -xayollaridan tuyqus bosh ko‘tarib dedi qariya. –Yangi-yangi urush usullarini o‘ylab topishayapti. Odamizotni uncha-muncha narsa bilan qolipga solish endi imkonsiz. Ularni har qancha nazorat etmaylik, ijtimoiy tarmoqlardagi hayotlarini kuzatib, ma’lumotlar yig‘maylik, baribir odam bolasi o‘z mohiyati bilan qolaveradi. Rejalar tuziladi, ishlab chiqiladi, ammo tan olish kerak, qandaydir kuch baribir hayotni o‘z tabiiy oqimiga solib yuboraveradi. Go‘yo, azaldan shunday bo‘lgan, intiho qadar shunday qolajak...
O‘tirganlar uning noodatiy so‘zlaridan ajablanishib, bir-birlari bilan ko‘z urishtirib olishdi. Uning gaplari osiyning tazarrusiga o‘xshardi.
-Uzr, mavzudan chalg‘ib ketdim, - u nigohini stoldan uzib, o‘tirganlarni qaytadan nazaridan o‘tkazdi. –Loyihaning nazariy qismi yakunlandi. Endi ikkinchi qismi, aytishim mumkinki, asosiy qismi qoldi. Rossiyadagi nishonimiz ishni boshlaydi. Uning jinoiy tuzilmalar orasida ancha obro‘li, ta’sir doirasi katta. Rejalashtirganimizdek – afg‘onlar bilan ishni boshlaydi.
Qariya nigohini olachipor bo‘yinboqli yigitda to‘xtatdi.  
-Anavi aloqamiz esa loyihamizni tegishli shaxslarga yetkazadi, - u qo‘ynidan yaltiroq disk olib, stol ustiga qo‘ydi. Loyiha g‘oyasi muallifi bo‘la qolsin. Ishga kirishaversin.
-Xo‘p bo‘ladi, janob, -dedi olachipor bo‘yinboqli yigit.
-Uni qo‘riqlanglar, bizga oxirigacha kerak bo‘ladi.
-Yaxshi, janob.
-Bir narsa esimga tushaveradi, -qariya negadir ko‘zlarini yumib oldi. –Shantranj taxtasi ustidagi o‘yin. Toshlarni kerakli kataklarga qo‘ysak bo‘ldi, deb o‘ylaganlar yanglishadi. Men hayolimda ko‘p shantranj o‘ynayman, juda ko‘p. Ko‘zimni yumdim deguncha toshlar ko‘rinib ketaveradi. O‘yinlarimda shohlarni o‘z piyodalari va sipohlari bilan mot qilaveraman. Juda g‘alati emasmi? Loyihamiz ham shunday – shohlar o‘z a’yonlari tomonidan mavh etiladi. Antishantranj! Nazarimda shunday o‘yin usullarining vaqti keldi.
Yomg‘ir kuchayishda davom etardi. Deraza romlari, eshiklarga xuddi chelaklab suv urilayotgandek edi.
-Antishantranj… - o‘ychan, o‘ziga o‘zi gapirgandek dedi qariya. –Ba’zida bu o‘yinning ham qonun-qoidalari yo‘qdek ko‘rinadi. Bunda tomonlarning o‘zi yo‘q, xuddi soyalar jangi!..


BIRINCHI QISM

O‘rgimchak to‘ri

1

O‘rgimchak to‘ri. G‘alati manzara. To‘r markazida qop-qora o‘rgimchak. Qaysidir kitobda o‘qigandi – o‘rgimchaklar to‘r chetida o‘ljasini kutib o‘tiradi. Biror mayda hasharot to‘rga tushishi bilan yashiringan joyidan chiqadida o‘ljasiga yaqinlashadi. Uni mustahkam va pishiq iplari bilan o‘rab-chandib tashlagach, bechora hasharotning vujudiga zaharini yuboradi. Lekin bunisichi?! O‘lja bo‘lmasa ham to‘rning o‘rtasida. Shunda... o‘rgimchak kattalasha boshlabdi. Rosmana uy bilan teng bo‘libdida unga qarab, vishillabdimiey, pishqiribdimiey, farqiga borolmadi. Ajabo, uning ko‘zlari ham ko‘p emish. Bir, ikki, uch... olti... Ajablanganicha unga tikilib qolibdi. Tuyqus, qarshisida o‘rgimchak turganini anglab, ortiga tisarilibdi. O‘rgimchak esa uni ta’qib eta boshlabdi. Ulkan to‘rini g‘alati silkitganicha u tomon bostirib kela boshlabdi. O‘rgimchak uning yoniga kelibdi. Tanasini qoplagan mayda, nishtardek tuklari yuziga tegay-tegay dermish. O‘rgimchakning g‘alati tovushlar chiqarib nafas olishi ham eshitilarmish. U og‘zini ochib, zaharli... tishlarini yalang‘ochlabdi. Hanjardek sovuq tishlar unga yaqinlasha boshlabdi...
Bobur uyg‘onib ketganida avzoyi badani terdan jiqqa xo‘l edi. Ustidagi yupqa adyolni olib tashlab, o‘rnidan turdi. “Nega bunaqa tush ko‘rdim?!”,- hayron bo‘ldi u. “O‘rgimchak?”.  Bir muddat o‘ylanib turgach, yuvinish xonasiga chiqdi. Muzdek suvga yuvindiyu miyasiga o‘rnashib qolgan o‘rgimchakdan asar ham qolmadi.
Oshxonaga chiqmoqchi bo‘lganida yotoqxonadan telefoni jiringlab qoldi. U darrov yotoqxonaga qaytib, telefonini qo‘liga oldi. Telefon ekranidagi yonib turgan yozuvni ko‘rib, ajablandi. Darrov yashil tugmachani bosib, qulog‘iga tutdi.
-Assalomu alaykum, o‘rtoq polkovnik.
-Vaalaykum assalom, Erkinov, - ovoz sohibining kayfiyati yaxshi ekanligi sezilib turardi. –Ertalabdan bezovta qilishimni kutmaganmiding?
-To‘g‘risini aytsam, yo‘q, o‘rtoq polkovnik, - dedi Bobur.
-To‘g‘ri gapirishing doim menga yoqqan, Erkinov! Menga qara, soat o‘nlarga vaqting qanaqa? Maslahatli ish bor edi.
-Vaqt topaman, o‘rtoq polkovnik. Qaerda uchrashamiz?
-Har doimgi joyda, Erkinov. Demak, soat o‘nda seni kutaman.
-Xuddi shunday, o‘rtoq polkovnik.
-Yaxshi, unda uchrashguncha.
Bobur telefonni o‘chirib, divanga o‘tirdi. Polkovnikning erta tongdan bezovta qilishiga qaraganda o‘ta muhim ish bor. Bo‘lmasam, kechroq telefon qilib, qilinadigan ishni aytib ham qo‘yaverardi. Kutilmaganda uning yodiga tushidagi o‘rgimchak tushdi. Boburning ichki tuyg‘usi qandaydir jiddiy ish uni kutayotganini ayta boshladi.
U o‘tirarkan devordagi suratiga qaradi. Zobit kiyimida, ko‘zlari beg‘ubor, lablarida tabassum zohir etgan. Yigirma uch yoshda edi, surat olinganida. O‘shanda u hali juda g‘o‘r, bu yo‘ldagi oqu–qorani bilmasdi. Bu yo‘lda u faqat turfa rangli tasvirlarni ko‘raman, deb o‘ylagandi. Lekin, yoshi ulg‘ayib, ko‘p narsalarni tushunib yetdi. Ayniqsa, tog‘lardagi o‘sha mash’um harbiy amaliyotda yaralangani, ko‘z o‘ngida do‘stlarini yo‘qotganida bu shunchaki o‘yin emasligi, birgina noto‘g‘ri qadam tubsiz o‘pqonlarga tortishini tushundi. Uning tanlagan yo‘li faqat harbiy poligonlardagi harb amaliyotlariyu tog‘lardagi shartli nishonlarni snayperlik vintovkasida urib tushirish emasdi. O‘lim va hayot o‘rtasidagi shafqatsiz kurash edi.
Bobur o‘rnidan turib, oshxonaga chiqdi. Derazani ochdiyu ko‘zlari yana sarg‘ayishga tushgan yaproqlarga tushdi.
Maktabda o‘qib yurganida kimyo o‘qituvchisi tajriba ko‘rsatishga va’da bergandi. O‘shanda butun sinf futbol maydoniga yig‘ilgan, o‘qituvchi o‘rtaga shisha idishlarni qo‘yib olib, tajriba o‘tkazgandi. Suyuq moddaga rux kukunlari tashlanganida sarg‘ish–qizil tutun burqsib, ko‘kka o‘rlagan, dimog‘i qo‘lansa hidga to‘lgandi. Har gal kuz kelib, dov–daraxtlar sariqqa o‘ranayotganida negadir o‘sha tajribani eslayverardi. Go‘yo o‘sha sariq tutun ko‘kka emas, daraxtlarga o‘rlab, chirmovuqdek tirmashib, yashil yaproqlarda gard bo‘lib o‘tiradi. Ammo, bu yilgi kuz boshqacharoq tuyuldi unga. Kuz endi o‘sha tutunning qo‘lansa hidini ham dimog‘iga keltirib urdi. Yotsa ham, tursa ham dimog‘ida badbo‘y bir narsa turib qolgandek tuyulaveradi...  

2

Keyingi vaqtlarda uning quloqlari ostidami yoki hayolidami qanaqadir kuy yangrayveradi. Oldiniga karnayning guldurak tovushi. Keyin, surnay tovushi eshitiladi. So‘ng, ikkalasining tovushi omuxtalashib, ulug‘vor bir kuyga aylanadi. Xuddi savash oldidan askarlarning ruhini ko‘taradigan kuy. Har gal u yangi–yangi narsalarni kashf etaveradi bunda. Ulug‘vorlik. Qudrat. Jangovarlik. Mag‘rurlik. Rahmatlik otasining joynamoz ustida mag‘rur o‘tirishi yodiga tushaveradi. Qarindosh–urug‘i va yaqinlari qo‘llarini duoga ochishganda o‘zini qanday qudratli his etadi. O‘sha tuyg‘u ana shu kuydan so‘ng qalbida yana mehmon bo‘lgandek. U bir vaqtlar Iskandar navbasi haqida o‘qigandi. Aslzoda asirlar g‘olib hoqon sharafiga navba ijro etisharkan.
“Bu nima?”, – o‘yga berilib qolardi u. “Men uchun chalinayotgan Iskandar navbasimi?..”. Shu o‘y hayolidan o‘tardiyu miyig‘ida kulib qo‘ya qolardi. Ammo, ko‘nglida u uni yaqin kunlarda ulug‘ ishlar kutib turganini sezardi. Qandaydir katta ish. Polkovnik Yodgorov qo‘ng‘irog‘i taxminini to‘g‘riligini isbotlagandek bo‘ldi.
U darrov yuvinib, kiyindida ayoli tayyorlagan nonushtaga ham hafsala qilmay ko‘chaga chiqib ketdi.
Chinorlarning quyuq soyasidagi o‘rindiqlarda juft–juft o‘tirgan yigitu qizlar, bolalarini sayrga olib chiqqan yosh onalarni demaganda xiyobon gavjum emas. Xiyobon o‘rtasidan o‘tgan, tosh plitalar yotqizilgan keng yo‘lakning ikki chetidagi o‘rindiqlarda shaxmat surayotgan odamlarni ham ko‘rish mumkin. Bobur ularni oralab o‘tarkan, hayron qolardi: odamlar o‘yinga qanday vaqt topisharkin?! Shunday hayolda o‘rindiqlar yonidan o‘tib borarkan, tanish ovozdan o‘ylari buzildi:
–Erkinov!
U yurishdan taqqa to‘xtab qoldi. Polkovnik Yodgorov! Bobur ovoz kelgan tarafga o‘girildiyu o‘rindiqda gazeta o‘qib o‘tirgan 50–55 yoshlardagi, to‘ladan kelgan, tepakal kishini ko‘rdi. Uning qarshisida donalari tartib bilan terilgan shaxmat taxtasi. Buni ko‘rib Bobur jilmaydi.
–Assalomu alaykum, o‘rtoq polkovnik!
–Vaalaykum assalom, Erkinov, bormisan bu yorug‘ olamda!?–polkovnik Yodgorov o‘rnidan turdi.
–Borman, o‘rtoq polkovnik.
–O‘zgarmabsan, Erkinov! Xuddi kechagideksan!
Polkovnik Said Yodgorov bundan yigirma yillar avval bir vaqtlar dunyoni zir titratgan KGB ning kelajagi porloq yosh zobiti edi. Avval Moskvada, so‘ng Leningradda xizmat qildi. Xizmat pog‘onalarida asta ko‘tarilib borayotganida choklari so‘kilishga tayyor qizil imperiya parchalandi. Yosh zobit Yodgorov bir muddat Rossiyada yurdi, so‘ng baribir yurtiga qaytish kerakligini tushunib, Toshkentga qaytdi.
Bobur shaxmat taxtasida bir tekis saflangan donachalarga ishora qilib, yana jilmaydi.
–O‘rtoq polkovnik, o‘zingizga qarshi o‘yin boshladingizmi?
–Yo‘q, Erkinov, printsiplarimni unutibsan, shekilli! Universitetda men bir muqoyasa qilardim, yodingdami?
–Yodimda, o‘rtoq polkovnik. Demak, geopolitika!
Bobur universitetda tahsil olarkan polkovnik Yodgorov haftada bir marta lektsiya o‘qirdi. Ayniqsa, geopolitika ko‘p talabalarning sevgan fanlardan edi. Yodgorov talabalarga bir masalani tushuntirarkan stoli ustiga donachalari terib qo‘yilgan shaxmat taxtasini qo‘yib olardi. “Hurmatli talabalar”, –derdi u. “Aslida bu bir o‘yin, ammo o‘yinni kim olib boradi, o‘yinchilar! Ana shu o‘yinchilar geopolitikada... siyosatdonlar deyiladi. Shaxmat donachalari esa... qani menga aytinglarchi, hurmatli talabalar, donachalarni ramziy ravishda nima desak bo‘ladi?”. Gavjum auditoriyadagi talabalar bir–birlariga navbat bermay birdek: “Odamlar! Odamlar!”, deyishar, Yodgorov esa jilmayganicha ularni kuzatib o‘tirardi. “Faqat odamlarmi?”, –so‘radi Yodgorov. “Ha! Ha, odamlar!”. Yodgorov boshini sarak–sarak qilgandi, o‘shanda. Shunda, ilk qatorlarda o‘tirgan Bobur qo‘lini ko‘tarib, javob berishga ruxsat so‘ragandi. “Marhamat, eshitaylikchi!”. Bobur javob bergandi: “Ustoz, agar shaxmat taxtasi siyosat maydoni bo‘lsa, unda donachalar nafaqat jamiyat va undagi odamlar, balki...”, –Bobur bir muddatga sukut qilgan, jim–jit bo‘lib qolgan auditoriyada pashsha uchsa bilingudek edi. “Nima ekan?”, –unga savolomuz qarab turardi Yodgorov. “Ustoz, menimcha donachalar bular siyosatning mohiyatini belgilovchi manfaatlar, yoki... gaz, neft, foydali qazilmalar...”. “Yoki, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, o‘yinchi, ya’ni siyosatdonga nima kerak bo‘lsa o‘sha!”, – “yordam” bergandek bo‘lgandi Yodgorov. “To‘g‘ri!”, –degandi Bobur.
“Ismingiz nima?”, –so‘ragandi Yodgorov.
“Bobur”.
“Siz juda to‘g‘ri javobni aytdingiz, qoyil qolmasdan ilojim yo‘q, Bobur!”.
 O‘sha kungi ma’ruza Boburning darrov hayolidan o‘tdi.
–Metodlarim hech yodingdan chiqmabdi, Erkinov! Qani, o‘tiraylikchi.
Ular o‘rindiqqa o‘tirib olishdi.
-Ismingizning ma’nosini bilasizmi? –so‘ragandi o‘sha ma’ruzada polkovnik, uning kuch va shijoat yog‘ilib turgan bo‘y-bastini ko‘zdan kechirib olib.
-Bilaman, -degandi u. – Yo‘lbars, degani.
-To‘g‘ri, -auditoriyaga yuzlanib, davom etgandi polkovnik Yodgorov. –Bu ism sohibi o‘z nomini tarixga o‘chmas harflarda bitib ketdi. Zohiriddin Muhammad Bobur! –so‘nggi so‘zlarni chertib-chertib aytgandi u. Geopolitika haqidagi dastlabki ma’ruzasini emas, boshqa narsalardan so‘zlab ketgandi:
-Bunday ajdodlarning qoni vujudimizda oqayotgani bizlarning kim ekanligimizdan guvohlik beradi. Bizga ortiq ta’rifu-tavsiflarning keragi yo‘q, - u shunday degach, Boburga yana bir bor qarab qo‘ygandi.
Har bir ma’ruzasida polkovnik albatta biror bir tarixiy siymoga to‘xtalib o‘tardi. Sulton Mahmud G‘aznaviy, Sulton Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zohiriddin Muhammad Bobur... Alimquli amirilashkar, Madaminbek... U milliy g‘urur haqida ko‘p gapirardi. Buyuk ajdodlarning nasli buyuk, buyuklarning lafzi ham, amali ham buyuk! –degani Boburning hech esidan chiqmasdi.
–Xo‘sh, ahvollaring qalay, tuzukmisan? –so‘radi polkovnik.
–Yomon emas, o‘rtoq polkovnik, xudoga shukr! Ta’tilni mazmunli o‘tkazishga harakat qilmoqdaman.
–Baribir universitet talabasi bo‘lganing bilinadi, Erkinov. Yigitlar menga maqolalaringni keltirib turishadi. O‘qib, bir maza qilaman, Erkinov. Shunaqa gaplarni qaerdan olasan, a?
Bobur yana jilmaydiyu “bilmayman”, degandek yelka qisib qo‘ydi.
–Ilmiy ishing yakunlanib qoldimi?
–Qayoqda deysiz, o‘rtoq polkovnik. Tanaffuslar ko‘payib ketayapti.
–Tanaffus?! Ha, darvoqe, tanaffus qilib turish kerak, Erkinov. Shunda ilmiy ishlar ancha barakali davom etadi, nima deding?
–To‘g‘ri, o‘rtoq polkovnik.
Bobur o‘sha mash’um amaliyotdan so‘ng salkam to‘rt yilga majburiy ta’tilga chiqdi. Avvaliga harbiy gospitalda olti oylar davolanib, o‘ziga kelgach, bo‘sh o‘tirishni lozim topmay, o‘zi o‘qigan universitetga qaytdi. Ustozlari bilan maslahatlashib, ko‘ngliga yaqin mavzuni tanlab, ilmiy ishini boshladi. Endi u mashhur oynomalarda e’lon qilinayotgan ilmiy maqolalarni to‘plar, o‘qirdi. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtanib qo‘ymas, degandek baribir ishiga qaytgisi kelar, ammo jismoniy holati to‘liq tiklanib ulgurmagandi. O‘tgan yili uni polkovnik Yodgorov chaqirtirib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdirdi. Vaqti kelsa uni xizmatga chaqirish va’dasini berdi.  
–Men senga yana tanaffusga chiqish taklifi bilan keldim, –Boburning hayollarini bo‘ldi polkovnik.
Boburning yuzi jiddiy tortib, so‘radi:
–Qanaqa tanaffus, o‘rtoq polkovnik.
Yodgorov lablarini cho‘chchaytirib, hiyobonda go‘dagini atak–chechak qildirayotgan yosh onaga qarab qoldi.
–Narkotiklar tranziti haqida eshitganmisan? –dabdurustdan so‘rab qoldi u.
–Respublika hududi orqalimi?
Yodgorov ko‘zlarini ona va boladan uzib, Boburga qarab, tasdiq ishorasida bosh irg‘adi.
–Faqat umumiy gaplarni, o‘rtoq polkovnik.
–Horijlik narkokorchalonlar O‘zbekiston orqali oltinchi tranzit yo‘lini yaratish ustida ish boshlagan. Ularning kim ekani, nimalarni rejalashtirayotganlari ma’lum, –shunday degach, u negadir qora piyodani oldinga chiqardi.
Qora piyodaning oldinga chiqarilganini ko‘rib, Bobur jilmaydi.
–Bu o‘yinda qoralar birinchi boshlaydimi? –so‘radi u.
–Ha, chunki bu o‘yinning qonun–qoidalari yo‘q, Erkinov!
–Tushunarli, –Bobur oq piyodani qora piyoda qarshisiga qo‘yib qo‘ydi.
–Ammo, amalda yurishni biz birinchi boshlagan bo‘lamiz!
Yodgorov kulib, Boburning elkasiga qoqib qo‘ydi.
–Hali ham butunsan, Erkinov!
–Sabog‘ingizni olganmiz, o‘rtoq polkovnik!
Yodgorov unga qarab, bosh irg‘ab qo‘ydi. U Boburni ko‘p yillardan beri bilar, nafaqat uning bilimi, balki sadoqatiga ham tan berardi. Yodgorov sobiq Ittifoq harbiy maktablarida savodini chiqarganidan biror kishining sadoqati yoki ishonchliliga ta’rif bermoqchi bo‘lsa “u bilan razvedkaga birga borsa bo‘ladi”, derdi. Uning uchun Bobur ham ana shundaylardan edi. Sobiq Ittifoq tarqagach ham Yodgorovning qo‘l ostida ko‘plab sadoqatli va ishonchli yigitlar xizmat qilishdi. Biror xodimi ortidan polkovnikning rahbarlar qarshisida yuzi shuvut bo‘lgani yo‘q.
–Senga men emas, Vatan saboq bergan, Erkinov.
–Vatanim omon bo‘lsin, o‘rtoq polkovnik. Vatanim bor, men borman! –Boburning yuzi jiddiy tortdi.
–Omon bo‘l, Erkinov. Sendaqalar bor, Vatan kam bo‘lmaydi!
–Qanday vazifa bor, o‘rtoq polkovnik? –Bobur suhbat mavzusini keskin o‘zgartirib, maqsadga o‘tib qo‘ya qoldi.
–Mahfiy amaliyotni boshlaymiz. Shartli nomi: “Oltinchi koridor”. Shunda ishtirok etasan, Erkinov.
–Ma’qul, o‘rtoq polkovnik. Ishni nimadan boshlashim kerak?
–Hozircha ma’lumotlar bilan tanishib turasan, –Yodgorov yoniga tashlab qo‘ygan qalin jildni olib, unga uzatdi.
–Mendagi ma’lumotlar shunda, Erkinov. Ularni sinchiklab o‘rgan, tahlil qil. Ishga kirishganingda asqotadi.
–Xo‘p, o‘rtoq polkovnik.
–Shubham yo‘kki, miyangda allaqachon rejalar tuzila boshlagan, topdimmi?
Bobur yana jilmaydi.
–Shunday desa ham bo‘laveradi, o‘rtoq polkovnik.
–Barakalla! Xo‘sh, rejangning bir uchini ochasanmi? –so‘radi kulib Yodgorov.
Kutilmaganda Boburning yodiga bu tong ko‘rgan tushi tushdi. O‘rgimchak. Uning hanjardek sovuq, o‘tkir tishlari. Hammasidan ham taajjublanarlisi – to‘r markaziga turib olgani.
–O‘rgimchak... to‘ri! –dedi u o‘ziga–o‘zi gapirgandek.
Yodgorov unga savolomuz qarab qoldi.
–O‘rgimchak to‘ri markaziga borishi uchun avval to‘rning bir ipini topish kerak. Keyin markazga borishimiz osonroq.
–Mantiq bor, Erkinov!
–O‘rtoq polkovnik, axir o‘zingiz aytardingiz, avval mantiq, keyin falsafa!
–To‘g‘ri, Erkinov. Mantiqsiz falsafa esa, safsata!
Yodgorov shaxmat taxtasiga bir muddatga tikilib turgach, Boburga yuzlandi.
–Hozircha senga aytadiganlarim shular. Senga bergan ma’lumotlarim bilan tanishib bo‘lganingdan keyin yana bafurja maslahatlashamiz.
–Yaxshi, o‘rtoq polkovnik.
Polkovnik Yodgorov o‘rnidan turib, qo‘lini uzatdi. Bobur uning uzatilgan yo‘lini siqib qo‘ygach, hayrlashishdi.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.