background
logotype

Dilmurod Sodiqov. O'zidan qochayotgan odam (hikoya)

Bobotoqqa poda haydab ketayotuvdik. Manzilga yetmasimizdan kun bota boshladi. Quyosh qizg‘ish tus oldi. Osmon toqidagi parqu bulutlar nimpushti rangga kirdi. Tog‘ning g‘adir-budir cho‘qqilari, bepoyon adir hamda etakda sochilib yotgan qishloqlar ustida shafaq bijirladi. Quyosh osmonni tark etdi, biroq qutb qonga bo‘yalganday qizarib turdi. Kun sekin-asta unniqib, zulmat cho‘ka boshladi. Kunduzga xos narsalar qumga singganday yo‘q bo‘ldi, hammayoqni tun vazminligi egalladi. Shu payt tog‘ qa’rida shoqollar ulidi. Mollar taqqa to‘xtadi. Tog‘am podaning oldiga o‘tib yo‘l boshladi. Men ortda, xachirda «hada-huy»layman, yonimda oziq-ov¬qat va idish-tovoq ortilgan ola eshak, uning ketida ikkita qozoqi itimiz tirkalib keladi. Tun osuda, osmonda yulduzlar porlaydi. Yoqimli shabada esadi. Ahyon-ahyonda qarchig‘ay chag‘illab qo‘yadi. O‘tlar orasida va soyliklarning suv yuvib ketgan o‘ngirlarida chigirtkalar tinmay chirillaydi.
To‘satdan havo aynidi. Jonlangan shamol ko‘klam dengizini to‘lqinlantirdi. Tog‘am otni Qanotliqoya tomon burdi. So‘ng menga o‘girilib: «Ildam-ildam hayda, yomg‘ir kelayapti!» – deb qichqirdi. Men xachirni niqtadim.
Birpasda osmonni bulut qopladi. Kuchli shamol turdi, momaqaldiroq guldirab, yomg‘ir quya ketdi. Men tuya junidan to‘qilgan chakmonga o‘ralib oldim. Chakmon ichida tomchilar shatirlatib urayotganini eshitib turdim. Bir ¬oz o‘tgach, yopinchiq yoqasidan atrofga qaradim: hammayoq yaraq-yuruq, bulut terak bo‘yi osilib tushgan, tak-tak, shildiroq, otquloq barglari suvga ivib shalpayib qolgandi. Yomg‘irning zo‘ridan mollar irg‘ishlab chopardi. Junlari ivib, qovurg‘asiga yopishib qolgan itlar esa goh podaga yaqinlashar, goh xurjunli eshakning qavatiga kirishga tirishar, yomg‘irpana joy topolmay allatovur g‘ing¬shirdi.
Yomg‘ir quyib yog‘ardi. Suv chakmondan o‘tib, ko‘ylagim tanamga chippa yopishdi. Usti boshim bilan daryoga sho‘ng‘ib chiqqanday shalvirab qoldim. Chakmonni boshimdan oluvdim, tevarakdagi soylarning suvga to‘lgani va nishablikdagi o‘tlarning bir tekis yotib qolganini ko‘rdim. Dara tugadi. Tik tushgan yuzasi ilma-teshik bo‘lib ketgan jarlik boshlandi. Uning tagidan, past-baland keng so‘qmoq bo‘ylab yurdik. Bu yo‘l zim-ziyo, lekin yomg‘irpo‘sh edi. Tepadagi kovaklarda qushlarning uyqu aralash chug‘uri eshitiladi. O‘ydim-chuqur so‘qmoqdan yuqoriga ko‘tarilib, tekis, bahavo o‘tloqzorga chiqdik. Yomg‘ir tinib, musaffo shamol esardi. Daralar yomg‘irga bo‘kkan. Ovdan quruq qaytayotgan Hisor ayig‘iga o‘xshab juda vazmin qadam tashlardik. Dara adog‘idagi cho‘qqilar saf-saf askarlarday qatorlashib turardi. Burgutning qanotiday keng yoyilgani Qanotliqoya. Ungacha sel yuvib ketgan toshloq arna1 bor. Arnada yog‘ib o‘tgan yomg‘irning bo‘tana suvlari shitob bilan oqadi. Sohili egri-bugri daryodan bir amallab o‘tdik. Kechuv paytida xachirim ikki marta munkib ketdi. Biror falokat bo‘lmasin, deb xachirning yag‘riniga qamchi bilan tushirdim, jonivor toki jing‘ilpoyaga chiqqunimizcha qadamini tek bosib bordi.
Qoya yon o‘rkachlarga mingashib olgan. Chap qanotdagi o‘rkach bag‘rini suv teshib o‘tganidan g‘orga aylangan. Cho‘qqilarning orqasi qalin qarag‘ayzor. Ovchilar shu g‘or orqali o‘rmonga o‘tib oladi. Hozir u yerdan sharillab oqqan suv etakdagi arnaga borib quyilmoqda. Tog‘am otdan tushib, qoya ostidagi qo‘rxona tomon yurdi. Qarasak, o‘choqqa o‘t yoqilgan, yupqa kul qatlami tagida cho‘g‘ miltillab turibdi. Shox-shabbalar sochilib yotibdi. «Gulxanni kallamozorlik podachilar yoqqan bo‘lsa kerak, — dedi tog‘am cho‘tlab. — Cho‘ponlar o‘tinga xasis bo‘ladi, bir dona cho‘pniyam bekorga tashlamaydi».
Men xurjundan sholcha olib yozdim, ko‘rpacha soldim, ke¬yin namiqib ketgan ko‘ylagimni almashtirdim. Tog‘am podani uyurgani ketdi. Shu orada itlar hurib qoldi. O‘choqqa ikki bo‘lak to‘qmor tashladim-da, cho‘zilib arna tomonga qaradim, tog‘am ko‘rinmadi. Itlar akilladi. Bir oz xavotirga tushdim. Tog‘da kechasi tovush chiqarib bo‘lmaydi. Garanda-gurandalar odamga xavf soladi. Bunday paytda hayvon yo qush tilida gapirishga to‘g‘ri keladi. Xullas, qo‘limni og‘zimga qo‘yib, «qu-ur»ladim. Tog‘amdan «xotirjam bo‘l», degan javob keldi. U g‘or tagida, zarang tayoqni belidan o‘tkazib, engashgancha o‘pqonga qarab turardi. Itlar tinmay hurardi. Qiziq, ular tulkining hidini oldimikin? Tog‘am tulkini yomon ko‘radi. Uchratib qolsa, «zoti past», deb so‘kadi va o‘ng yengidan ip uzib, tutatib yuboradi. Shunday irimchi odam nega buncha g‘orga tikiladi? Tag‘in aydari1masmikin? Voy, gapim qursin, aydari degani juda dahshat-ku! Uning qorasi o‘chsin. Unga hech bir jonzot bas kelolmaydi.
Nihoyat, tog‘amning qoruvli gavdasi ko‘rindi. U qo‘rxonaga kelib, namiqib ketgan chakmonini yechdi, o‘ngiri uzun, keng-mo‘l kamzul kiyib oldi. Yuzida esa besaranjomlik bor.
– Nima gap, tinchlikmi, tog‘a?
Uning boshmaldoqday qoshlari andak chimirildi. So‘ng:
— Tinchlik, jiyan, — dedi o‘ylanib. — Shu... g‘orda nimadir borday. Ingraganday bo‘ldi. Na odamga, na hayvonga o‘xshaydi... Kim biladi, biror jonivor yomg‘irdan qochib kirganmi...
— Arg‘amchi bo‘lsa kerak-da! Ular odamday ovoz chiqaradi, deb edingiz!
— Avrayotgan mahaldagina tovush beradi.
— Arg‘amchining ko‘zi yilda bir marta yonarmish. Buni ko‘rgan odam boy bo‘larmish. Shu chinmi, tog‘a?
— Bu gapni kimdan eshitding?
— Marqa buva aytuvdi.
— To‘g‘riku-ya, lekin bu falokat keltiradi.
Qo‘rga ko‘milgan kartoshka pishdi, cho‘g‘ charsillab otilib qoldi. Tamaddi qildik. Tog‘am Qanotliqoya, uning atrofidagi qishloq haqida gapirdi: – Bu yer – Kallamozor. O‘tgan asr boshida eski tepalikda odam boshi ko‘milgan qabrlar topilgan. Qishloq mutavallilari dahriylardan cho‘chib, bosh chanoqlarini Ilonjarga uloqtirishgan. Azbaroyi suyaklar kofirlar qo‘liga tushishini istashmagan... Tuzalboy xuddi shu qishloqdan bo‘ladi. Uning suruv-suruv qo‘ylari pastdagi daralarda o‘tlaydi. Begonalar bu yerga doriyolmaydi. U Kallamozorga xo‘jayin. Tavba, odamzotni nafs yengdi. Bo‘lmasa, yer kimlardan qolmagan! Ey, jiyan, yer, bu — abadiyat, uning oldida kim bo‘libmiz?! Hech kim! Daryo suviday oqamizu ketamiz...
Shu payt g‘or tagidagi suv «shalop» etdi. Itlar vajohat bilan yugurdi. O‘zlarini ayamay suvga tashladi, vag‘illadi va allaqanday odamning jonholatda qichqirgani eshitildi. Ichimizga g‘ulg‘ula tushdi, keyin qo‘limizga ilingan narsani olib chopdik.
Qarasak, aylana hovuz ichida Ko‘kko‘z bilan Polvon (u ayiq¬day semiz va kuchli edi) bir odamni talab yotibdi. U odam suvga o‘zini pishib olar, nafasi qaytgach, boshini chiqarib ovozi boricha baqirardi. Tog‘am poychasini turib suvga tushdi-da, itlarni nari quvdi. Itlar o‘ljasidan quruq qolgan yirtqichday hovuz chetida ko‘zlarini olaytirib, oppoq tishlarini ko‘rsatib irillab turaverdi. Haligi kishi dod solar, suvni shaloplatar va g‘orning mum toshlariga tirmashib yuqoriga chiqishga harakat qilardi. Tog‘amning: «Qo‘rqmang, buyoqqa keling, qo‘lingizni bering», deyishigayam qaramay, g‘or devoriga o‘rmalab chiqaverdi va birdaniga sirpanib, suvga yuztuban quladi. Hovuzning suvi ikki yonga ayrilib, o‘pqon hosil bo‘ldi-da, g‘oyib bo‘ldi. Uyrum qaytib to‘lgach, atrofga jimlik cho‘kdi, itlar suvga tikilib qoldi. Yuragim dukurlab urdi. Tog‘am hovuzga tushgani hamon tana po‘kakday yuzaga qalqib chiqdi. Uni tashqariga chiqarib yotqizdi. Ko‘kragini bosuvdi ihradi, oqarib ketgan yuzini burishtirdi. Tirishib, g‘ujanak bo‘lib oldi. Tog‘am uyoq-buyog‘ini uqalagach, picha bo‘shashib o‘ziga keldi. Bizni ko‘rib, qo‘rqib ketdi shekilli, ilkis turishga urindi.
— Qo‘rqmang, biz oqmozorlik cho‘ponlarmiz, — dedi tog‘am. Haligi odam chap yelkasini ushlab «oh»ladi. — Itlar rosa talabdi-ku, og‘a, — dedi tog‘am tasalli berib. — Hay, nimayam derdik. Hayvon-da! Lekin chatoq bo‘ldi.
Uning qulog‘iga gap kirmasdi, qo‘lga tushgan o‘g‘riday qochishga payt poylardi. Amal-taqal qilib qo‘rxonaga yetaklab keldik. O‘choqdagi cho‘g‘ni ko‘rdi-da, ikkimizga alanglab qaradi. Bu qarashida kibr-dimog‘ bor edi.
Kaltakesimdan kelgan, ozg‘in bu ko‘sa odamning tishlari to‘kilib ado bo‘lgan, gapirganida ikki lunji tovuqning jig‘ildoniday kirib-chiqadi. Kosasiga botgan ko‘zlaridan qahr olovi uchqunlaydi. Burni chigitday. Ustidagi jemperi shalabbo bo‘lgan edi, paxtalik ko‘ylak-ishton berdik. Shundan keyin ajin bosgan yuzi sal yorishdi.
— Og‘a, keling, bi-ir otamlashaylik, — gap boshladi tog‘am. Odatda, u xokisor, faqir odamlarni o‘ziga yaqin olardi. — Qaytar cho‘ponman. Bu bachcha — jiyanim, — dedi meni ko‘rsatib. — Kattarsa cho‘pon bo‘ladi. Ishtiyoqi zo‘r. Har qalay, qonida bor-da... Endi, o‘zingizdan so‘rasak, og‘am. Tog‘chilardan bo‘lsangiz kerak?
Notanish odam hech nima demadi. O‘choqdagi cho‘qqa ko‘zini tikib o‘tiraverdi. U chuqur o‘yga cho‘mgandi.
— Nima, boshingizga mushkullik tushdimi? Odamning dardini odam ko‘taradi, og‘a. Aytavering! Tortinmang, — deb tog‘am uni gapga qistadi.
— ...Otim Boziq. Tuzalboyning qo‘ychivoniman. Mushtdayligimdan qo‘y boqaman. Bola-chaqadan yo‘q. Peshonada yozilgani shu ekan-da. Bolam desa degulik ikki shogird bor. Xudo yorlaqasin, oqibatli bolalar chiqdi...
Bu ism tog‘amning ko‘nglida qo‘tir boylab yotgan xotira yarasini tilib yubordi. O‘n besh yil burun edi. Ayni ko‘klam mahali, otarlar Bobotog‘ etagida jodrab yurardi. O‘n chog‘li odam rahmatli Qulmo‘min cho‘ponning og‘ziga mahtal bo‘lib, urush maydonida garov o‘ynab bir gala qarg‘ani qiyratgani-yu, ko‘kragidagi medallarni naq bittaga ko‘payt¬gani haqidagi matalni maroq bilan eshitardi. Shu payt qir biqinidagi so‘qmoqdan miltig‘ini orqalab Laqay ovchi o‘tib qoladi. Bechora Qulmo‘min cho‘pon qartayib qolgan bo‘lsa ham ko‘zi o‘tkir edi, qirga o‘rmalab borayotgan ovchiga qarab: «Laqaylaram juribdi-da ovchiman, deb. Qo‘yib bersang, ikki metr naridagi qobonni durust ko‘zlolmaydi. Qarg‘ani-ku, gapirmasayam bo‘ladi», – deydi. Qo‘tondagilar qiy¬qirishadi. «Ey, nima deyapsiz, oqsoqol, bir chaqirim naridagi echkemar¬ning boshini yanchganda, qarg‘angiz nima bo‘pti?» Qulmo‘min cho‘pon bo‘sh kelmadi: «Chaqir, sinab ko‘ramiz». Tog‘amning jo‘ralari dali-g‘uli emasmi, tura solib, haligi ovchini boshlab kelibdi, go‘yoki keksa cho‘ponni mot qilmoqchi bo‘lishibdi. Rahmatli cho‘ponning ori kuchli edi. Yonidagi chopqir chavandozlarga qarab: «Mana shu osmonda uchib ketayotgan o‘rdaklardan birovini urib tushirsang, bitta ko‘pkari beraman» – debdi. Laqay ovchi o‘ylab o‘tirmasdan qo‘shotarini shart yechibdi-yu, osmonga nuqibdi. Urolmabdi. Yana badanglatibdi... Chapani ovchi sholg‘omday qizaribdi, otliqlar esa pisib qolibdi. Qari cho‘pon shundayam marsinmabdi, yakshanbada Loyliqda ko‘pkari bo‘ladi, deb ketvoribdi.
Bobotog‘da gap yotarmidi, ko‘pkari xabari hammayoqqa tar¬qalibdi. Hatto Surxonning u betidagilar ham eshitibdi. Yakshanbada ko‘pkari bo‘pti. Zotiga yigirma bosh uloq, to‘rt g‘unajin qo‘yilibdi. Ko‘pkari zo‘r o‘tibdi. Bizning Tarlon ikki uloq ayiribdi. Tog‘am tantilik qilib birovini otni chopgan eshonga nazir qilibdi. Xullas, to‘y tugab, otliqlar tarqayotgan mahal bir juldurvoqi odam tog‘amning o‘ngiridan ushlab, otingizni berib turing, qo‘ylarim Ilonjarga tushib ketdi, yo‘g‘asam ulardan ayrilib qolaman, debdi. Tog‘am laqqa tushibdi. Faribu bechoraga yaxshilik istab, terga botgan Tarlonning jilovini unga tutqazibdi. U minibdi-yu, ketibdi. Shu sozi qaytib kelmabdi... Keyinchalik, oradan biror oylar o‘tib, oqmozorlik cho‘ponlardan biri uning tayini yo‘qligini aytib qolibdi. Shu gapdan so‘ng tog‘am Tarlonga duo beribdi...
Ana shu juldurvoqi endi ro‘parasida o‘tiribdi. Tog‘am ot jonivorga ko‘p achinuvdi. Juldurvoqini u go‘rdan olib, bu go‘rga tiquvdi. Shunday bo‘lsa ham hammasini unutibdi, mana, bir tukiyam o‘zgargani yo‘q. Birinchi marta ko‘rayotganday gapini qiziqsinib eshitayapti...
...Tunovin yetti bosh qo‘y zovdan uchib o‘ldi. Boyga shunday bo‘ldi, deb borsam, betimga shapaloq tortdi. Sen qo‘ylarni ko‘paytirish o‘rniga boshiga yetayapsanmi hali, deb itdan battar qildi. O‘lgan qo‘ylarni tiriltirasan yo sotib olib qo‘shasan, deydi. Yomon bo‘ldi... Jala quyayotgan payti qo‘ylarni qo‘tonga qamadim-da, qochvordim. Bo‘ldi-da endi, o‘ttiz yil boyning qo‘liga qarab yashadim. Birim ikki bo‘lmadi. Qaytaga barbod bo‘ldim. Odam erkin yashashi kerak ekan. To‘rt-besh yillik umrim bormi-yo‘qmi, shuniyam g‘urbatda o‘tkazmay deyman... Boyning odamlari izg‘ib yuripti... Aynam, meni ko‘rganingizni hech kimga aytmang! O‘tinaman.
— Ko‘nglingizni to‘q qiling. Hech kimga aytmayman. Sizga qo‘limdan kelgancha yordam beraman.
— Men haqimda birovga gapirmasangiz bo‘ldi. Tong oqarmasdan Kerishgantovga yo‘l olaman. O‘lsamam bu tomonlarga qaytmayman.
— Uyoqda qo‘nimingiz bormi?
— Kerishganning bag‘ri keng. O‘z holimcha yashayveraman. Manglayimga, hayvonlar bilan qushlar omon bo‘lsa, bas. Men sizga aytsam, faqat ularning ko‘ngli top-toza. Ulargina odamga chin hamdard bo‘la oladi. Bandasidan imon qaytdi, aynam. Odamlar buzildi.
Tog‘am jim tinglar, peshonasini, qansharini tez-tez qashib qo‘yardi. Oxirgi gapni eshitib suhbatdoshiga yalt etib qaradi. O‘sha Boziqboy bu gaplarni aytayotganiga ishonmadi. So‘ng ko‘zini olib qochdi, uyaldi, chiroqlari miltillab turgan qishloqqa tikildi va o‘ng‘aysizlanib:
– Sizga nima deyishniyam bilmay qoldim. Menga qolsa, tug‘ilgan go‘shangizdan yiroqqa ketmang. Undan azizroq joyni topolmaysiz, – dedi.
— Siz uni bilmaysiz. Ko‘ziga qon to‘lgan. To‘rt-besh yildan beri: «Sen qariyani bir yoqli qilmasam bo‘lmaydi, toza ba’dimga urding», deb yuradi... U meni sog‘ qo‘ymaydi.
— Axir, uyam odam. Kechirilmaydigan gunoh yo‘q. U sizning aybingizdan o‘tar. Axir, qo‘ylarni jo‘rttaga nobud qilmagansiz-ku, to‘g‘rimi? Falokat bosgan.
— Buni tushunmaydi. Hayvon fe’li bor.
— Unga hammasini tushuntiraman. Sizni kechiradi.
— Qo‘ying, foydasi yo‘q.
Oraga sukut cho‘kdi.
Sal vaqt o‘tib, tog‘am chuqur nafas oldi-da:
— Tovonini o‘zim to‘layman, — dedi. — Sadqai sar, mol ketsa ketibdi. Odamning oldida mol-dunyo nima bo‘pti?! Siz bandasidan imon qaytdi, deysiz. Odam jardan qulayotgan paytdayam odamligini unutmaydi. Bilib qo‘ying, imon birlamchi, u tirikka ham, marhumga ham kerak, hayot – abadiy.
— Hayot... hayot allaqachon tamom bo‘lgan, — dedi Boziq aka cho‘rt kesib. — Lekin siz mening tashvishimni chekmang. Men tamom bo‘lgan odamman.
— Unday demang. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
— Ko‘zim yetmaydi.
— Mana ko‘rasiz. Meni aytdi, dersiz.
— Sizdan qarzdor bo‘lib qolishni istamayman.
— Meni xayolingizga keltirmang.
— ...
Tungi osmon serjilva edi. Yulduzlar bodrab yotardi. Qarasang, chaqnab o‘ynaydi. Yomg‘ir hidi tarab, mayin shabada esadi...
...Yelvizak yela boshladi. Qushlarning chug‘uri, mollarning pishqirig‘i, g‘imirlashlar eshitildi. Ko‘zimni ochdim. Osmon ko‘kish, kunchiqar tomon yorishib kelardi. Tog‘am bilan Boziq aka podaning narigi tomonida, arnaning bo‘yida gaplashib turishibdi. Zum o‘tmay quyosh bosh ko‘tarib, borliq nurga to‘ldi.
Choy qaynatib ichdik. Tog‘amning dimog‘i chog‘ edi. U menga qarab:
— Mollarni angorga hayda. Biz huv, qishloqqa borib kelamiz, — dedi siyrak joylashgan uylarni ko‘rsatib.
Boziq aka boshini irg‘ab qo‘ydi.
Ular ketdi. Men do‘mbirani chertib o‘tirdim. Quyosh terak bo‘yi ko‘tarilganda tog‘am Tuzalboyning odamlarini ergashtirib keldi. Boziq akaning ust-boshi qon. Ora-sira yonidagi barvasta yigitlar: «Ko‘rnamak, tuzini totib, tuzlig‘iga tupurasanmi? A-a? Bepadar it!» – deb uning gardaniga musht tushirib qo‘yardi. Yigitlar qoruvli edi, keng yuzlaridan jahl¬dorligi bilinib turardi.
Ular o‘n bosh molni ayirib, oldilariga solib haydab ketishdi. Boziq aka yig‘lashga tushdi. Tog‘am:
– Erkak kishiyam yig‘laydimi? Qo‘ying-ey, bas qiling! – dedi.
U yig‘idan to‘xtadi. Lekin Oqmachitga yetgunimizcha tog‘amni alqab bordi. Tinmay: «Endi sizning oldingizda nima degan odam bo‘ldim? Qarzimni qanday uzaman?» – derdi. Tog‘amning jahli chiqdi. «Bo‘ldida-e, nima deganingiz bu? Ayt¬dim-ku, meni xayolingizdan chiqarib tashlang!» – deb qattiq gapirdi. Shundan keyin u miq etmadi.
Bobomdan qolgan qo‘tonga o‘rnashdik. Qo‘ton ikki xonali, birida na deraza, na sandal bor. Tom ichi qorong‘i, sovuq. Go‘sht saqlashga mo‘ljallangandi. Keyingi xonaning shiftida chelakning og‘ziday teshik bor. Fuvillab kirgan shamol xonalarda aylanadi. Qish mahali teshikka chelakni kiygizib qo‘yardik. Xona xuddi ko‘klamdagiday.
Kechqurun is chiqardik. Qo‘shni qo‘tondan cho‘ponlar keldi. Gurung qizidi. Mehmonlar tongga yaqin qo‘zg‘alishdi. Boziq akayam ketaman deb turib oldi. Tog‘amni uzoq duo qildi. Otam qilmagan yaxshilikni qildingiz, dedi. Uning yelkasiga to‘rva ildirib kuzatdik. Ovozi tinmay, tog‘amni alqab, javrab ketdi.
Yoz keldi. Havo alanga olib, o‘tlar qovjirab qoldi. Arnada suv tortildi. Ko‘ch-ko‘ronimizni yig‘ishtirib qishloqqa qaytdik. Tog‘dagi voqeadan uydagilar xabar topibdi. Bobom: «Shu zamondayam hotamtoylik qilib bo‘ladimi?» – deb tog‘amni koyidi. Momom: «Hay, go‘rga, jon omon bo‘lsa, mol topiladi», – deb qo‘ydi. Shu bilan bu haqda qaytib gurung bo‘lmadi. Bobom ham nima qilsin, o‘g‘lini shunday tarbiyalagan-da. Odamga nafing tegmasa, odamgarchilikdan kech, deb hozir ham aytib yuradi.
Pichanni g‘amlab, toqqa yo‘l oldik. Bu tomonlarda kuz qisqa bo‘ladi. Cho‘qqilarga qor tushgach, cho‘ponlar yana qishloqqa qaytishadi. Hozir adirni ajriq bosgan. Yaylovda suruvlar jodrab yuribdi. Kallamozorga qo‘nib o‘tdik. Angordagi cho‘ponlar: «Bu podachilar kim bo‘ldi ekan?», – deb birin-ketin kelib, hol so‘rashdi. Biroq bir cho‘pon qo‘nimga yaqinlashaverib to‘xtab qoldi va ortiga burilib yugurib ketdi. U yugurgancha ketaverdi. Hamrohlari: «Yo tavba, Boziqqa nima bo‘ldi? Jin chaldimi buni?» – deb ajablanib qolishdi. Ular bilan gurungimiz qovushmadi. Birin-ketin turib, otarining boshiga qaytishdi.
Tog‘am qiyshanglab qochayotgan Boziq cho‘ponning ortidan qarab: «Bu tomonlarga qaytib kelmayman degandi-ku! Tavba, kelib-kelib yana Tuzalboyning suruvini boqib yurganini qara!.. Aynibdi bachchag‘ar», dedi ovozini chiqarib.
Xiyol o‘tmay qo‘zg‘aldik va yo‘lda davom etdik.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.