background
logotype

Ma’suma Ahmedova. Begim kunlar (hikoya)

Bugun havoning zahri ketdi.
Kun iljaydi.
Kampir hassasiga tayanib, asta ayvonga chiqdi. Hovli burchidagi qayrag‘och shoxlarida qushlar chirqilladi. Kecha yomg‘ir ilvillatib ketgan bog‘lardan hovur ko‘tarildi. Qop-qora laycha kuchuk u yondan-bu yonga irg‘idi, shalpangquloq bola “mah-mah”, deya kuchukni olqishladi.
Kampir zinalardan asta-asta tusha boshladi. Laycha likillab kelib, kampirning oyog‘ini iskadi. Kampir hassasining uchi bilan laychani turtdi. Laycha ingil-laganicha nari ketdi.
— Tilab olgan yomg‘ir boshga balo. Buni qaragin-a, o‘zing bir it, yana izingdan it yetaklaganingga o‘laymi... — kampir bolaga qarab vaysadi.
Bola itni nari olib ketdi.
— Ha-a... — kampir uzun so‘lish oldi, kun mo‘lroq tushib turgan, hiyla qurigan yog‘och xarrakka o‘tirdi.
Daraxt tagiga to‘kilgan barglar turli tusda tovlandi. Gala chumchuq chirqillab peshayvonga qo‘ndi.
— Ha, qirg‘inda ketlaring-a! — oriqqina sarg‘ish juvon peshayvonga yoyilgan mayiz tomon chopdi.
Chumchuqlar “gurr” etib havoga ko‘tarildi. Ro‘paradagi serbutoq daraxtga qo‘ndi.
— Oyi, qarasangiz bo‘lmaydimi. Bunaqada bor mayizni yeb bitiradi-ku, — juvon ta’naomuz kampirga qaradi.
— Ha, endi men senga sholipoyadagi qo‘riqchi bo‘ldimmi! — kampir iddao bilan yuzini ters burdi. — Men senga qaynona emas, kelinman, kelin!
Juvon bir muddat og‘iz juftlagancha joyida turib qoldi. Shunday og‘ziga kelib turgan gapni zo‘rg‘a qaytardi. Uning nima demoqchi bo‘lganini qaynona tushundi. “Ha, siz menga qaynona emassiz!”
Kampir hassasini boshqatdan nam yerga botirdi. Asta vujud-vujudi ilidi. Kun kiftlarini ilitdi, badaniga xush yoqdi. Ko‘z oldi jivir-jivir qildi. Xayoli yiroqlab ketdi.

Ko‘k shishaday, ariqdagi zilol suvday tiniq. Bog‘ni gir o‘ragan jiydazor gulga kirgan, gul isi boshni gangitadi.
 “To‘q, to‘q, to‘q!”
Kelidasta bir me’yorda urib turibdi.
Ko‘ylagini lippasiga qistirib olganicha kelida jo‘xori tuyayotgan Shahodatning qulog‘iga kelinoyisi shivirlab ketdi:
— Sizni o‘sha kelganlarga non sindirdi.
Shundan buyon yuragiga vahima oraladi. Bungacha hech bunday holatga tushmagan edi.
Shahodat hozirga qadar tovonlarigacha zirqiratib yuborgan o‘sha kunni unutolmadi.
Xudoyimdan aylanay, keyin bir kunlar bo‘ldiki, yili bir tutam bo‘ldi. Ko‘p kunlari yoddan ko‘tarildi.
Umrida bir kunlar bo‘ldiki, u avvalo esdan chiqarayin, dedi, chiqarolmadi. Ko‘z ochib ko‘rgani oyday yarqiragan kelinchakka qayrilib qaramadi, bir og‘iz shirin so‘zni ravo ko‘rmadi. Yostiq quchoqlab uf tortdi.
Kelinchak ko‘cha-ko‘yning gapiga quloq tutmadi. To‘g‘risi, quloq tutgisi kelmadi: Muhiddinning boshqa suygani bor emish, Shahodatga ko‘ngli yo‘q emish...
Bu shivir-shivirlar qanday qilib rahmatli dadasining qulog‘iga yetdi, bilmay qoldi. Erta salqinda kuv pishayotib, qo‘llari orqasida, boshi egik dadasini hovlida ko‘rib, naq esi teskari bo‘ldi.
— Yur, qizim, ketamiz. Kundoshlikka kun bitmas, kun bitsa-da, butun bitmas.
E-ha, o‘tgan umrini gapiraversa... Bu dunyoda nimaiki bor — bari o‘tkinchi ekan... Ikkinchi erning beti qursin. Shahodat u bilan kechirgan yorug‘ kunini eslamadi. Oy kelguncha kun sanab, umidvor bo‘ldi — umidlari puchga chiqdi. Farzandtalab erning, bolaga zor xotinning tilaklari ijobat bo‘lmadi.
Bir kun tongda sigir soqqani borayotgan xotinni er tirsagidan tutdi:
— Ishingni qo‘yatur. Yur, oyingnikiga boramiz. Bir tush ko‘rdim, yuragim g‘ash.
Shahodat shoshilinchda: “Qanday tush ko‘rdingiz, gapiring avval”, deyish xayoliga kelmadi. Teshik kalishini almashtirish xayolida yo‘q, tund er izidan yugurgiladi. Er yo‘l bo‘yi churq etmadi, u biror nima dermikin, deya og‘iz poylab ilhaq bordi.
Shu zayl oldinma-ketin ota uyiga kirib keldilar. Cho‘ltoq supurgi bilan ariqcha balchig‘ini tozalayotgan ona ularni ko‘rib, joyida qotdi.
— Ha, Xudoga shukur, eson ekansiz, — kuyov g‘udrandi. — Bo‘pti, men boray, bu siz bilan o‘tirsin.
Er iyagi bilan unga imo qildi. Bir muddat esankirab qolgan ona asta o‘ziga kelib, kuyovga manzirat qildi:
— Yuring, choy iching.
Kuyov ko‘nmay, iziga qaytdi.
Birdan Shahodatning esiga sog‘uvsiz qolgan, podaga qo‘shilmagan sigiri tushdi.
— Hoy, menga qarang! Naziraga tayinlang, sigirni sog‘ib qo‘ysin, sog‘masa... — Shu payt biqini o‘yildi. — Voy...
Gap og‘zida qoldi.
—     Ha, peshonasi sho‘rgina-ya... Ha, shumbaxt-a... sigir sog‘uvsiz qolsa undan nariga bormaydimi. Senga nima! Uying buzildi-ku, bebaxt! — deya onaizor zorillab yig‘ladi.
Shahodat dabdurustdan nima gapligini anglamay anqaydi. Soddaligi qursin. Juvonmarg ketgur eri xotin qo‘yibdi-yu, uning aqli yetmabdi, nodon...
Hay, o‘sha kunlari qursin...     
— Chiqqan qiz yovdan yomon. Endi ikki erni eskitding. Bunisiga yo‘q dema, bolasi bor, bolang bo‘ladi, — rahmatli onasining so‘zlari quloqlari ostida jarangladi.
Voy tavba, voy tavba, qanday eskitibdi? Xudo oxirini aytmasa, nima qilsin? Qaysi toshga bosh ursin?     
Shu G‘oyibini topmagunicha ko‘rgan kunini kun demadi. Birovnikini asradi, o‘zimniki dedi, asradi, avayladi, uyladi, joyladi. Onasining aytgani shu uchinchi erning bolasini o‘zimniki dedi. O‘zimniki deyishning esa o‘zi bo‘lmadi. Bir kuni G‘oyibjoni kasal bo‘lib, naq esxonasini chiqarayozdi. O‘sha kecha u G‘oyibjonini tug‘di. Xuddi to‘lg‘oq tutganday, ko‘zi yoriganday, azob yedi.
— Yo, Xudoyim, bolam aparaysa bo‘lmasin-da ishqilib!
Ertalab tarasha kabi ozg‘in do‘xtir unga peshvoz iljayib keldi.
— Suyunchini cho‘zavering, ona, o‘g‘lingiz operatsiya bo‘lmaydigan bo‘ldi, kasali ko‘richak emas, kolit ekan, kolit.
— Kalit, qanaqa kalit? — U ko‘ngli joyiga tushib yonidagi eriga savolomuz tikildi.
— E, shuni ham bilmaysanmi, ichaklari shamollagan-da, — o‘zicha sharhladi choli.
Ha, shunday kunlar ham o‘tdi. U o‘tgan kunlaridan nolimadi. Uchinchi erni ham oxirigacha peshonasiga aytmagan ekan, yolg‘iz o‘g‘ilning to‘yini ham ko‘rmay olamdan o‘tdi. Rahmatli cholining go‘ri to‘la nur bo‘lsin, bu dunyoda uni yolg‘iz tashlab ketmadi. G‘oyibjoni-chi, o‘g‘il desa deguday bo‘ldi. Ammo-lekin bu kelin deganlari naq ilon bo‘ldi. Indamay chaqib oldi.
Ha, u yakka o‘zi ayol boshi bilan ro‘zg‘orning necha joyidan tugib, o‘g‘il uyladi. To‘y qildi. Xudoning buyurgani rost ekan, to‘y-tomosha, orzu-havas ko‘rdi. Xudoga shukurki, tepkilab-tepkilab ko‘madigani bor.
Esida, qizcharlarda iymanib, nariroqdan joy oldi.
— Joyingizdan adashmang, quda xola. O‘g‘il tarbiyalab, er yetkazgan qaynonaning joyi shu bo‘ladi.
Shunda ko‘ngli tog‘day o‘sdi.
Kampir beixtiyor xarrakka surilib o‘tirdi.

Kelinim deb taxt yasatgan,
Taxt emasu baxt yasatgan
Qaynonasiga bir salom...

Qulog‘iga kelinsalom qildirgan yangalarning ovozi keldi. Sambittol novdasiday oq-sariqqa moyil kelinchak salomga egildi. Uning oqish, tiniq yuzlari harir parda ostida olovlandi. Shunda uning mehri bir tovlandi, bir tovlandi... O‘sha nozikkina kelinchak mana shu kelin edi.
Kampir ko‘zini olib, yiroqlarga tikildi. Olis tog‘lar tiniqlashdi, yaqinlashdi.
— Oyi, ko‘ylagingizni yechib bering, kir yuvayapman.
“Ha, qilig‘i o‘ziga ta’sir qilibdi-da, — kampir yengil tortdi. — Hay, inson bolasi-da, fe’li bor, tili bor...”
Kampir keliniga indamadi. “Darrov rizolik bildirsang, boshga chiqadi”.
Kampir qaynona sukutidan sarosimalandi. So‘zga og‘iz juftladi-yu, aytolmadi. Kampir kelinning holatini tushundi.
— Hay, Xudoyimga shukur, — kampir xarrakdan qo‘zg‘aldi.
Chumchuqlar yana “gurr” etib, peshayvonga yopirildi.
— Hay, ketlaring-a! — kampir ayvon tomon hassasini o‘qtalarkan, zimdan kelin tarafga nazar soldi.
Kelin ko‘rinmadi.

1989.       

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.