background
logotype

Ma’suma Ahmedova. Jiyanimning hikoyasi (hikoya)

Biznikiga mana bunday borsa bo‘ladi: bozordan to‘g‘ri ketaverasiz, ketaverasiz, qarshingizdan bir tor ko‘cha chiqadi. O‘sha ko‘chaga burilib, pastga qarab yursangiz, past ko‘chaga tushasiz. Undan yuqoriga ko‘tarilasiz. Yuqoriga chiqsangiz, bitta katta yong‘oq daraxtiga duch kelasiz. Shu yong‘oqdan nariga o‘tsangiz, bir tepalikni ko‘rasiz. Tepalikning tagidan bir ariq oqadi. Ana shu ariqni yoqalab boraverasiz, boraverasiz, shunda oldingizdan bir soy chiqadi. Soyning shundoq tepasida esa bizning uyimiz joylashgan.
Biz uyda uch kishi yashaymiz: men, Qahhor akam va buvim. Bizdan tashqari, uyda yana eshagimiz, mushuk va kuchugimiz bor. Men oltinchi sinfda o‘qiyman. Qahhor akam shofyor. Yaqinda armiyaga ketadi. Shuning uchun tunov kuni sochini qirdirib oldirib keldi.Peshayvonda ko‘pincha buvimning oldida samovar, dasturxon tuzalgan xontaxta turadi, uning yonida esa mushugimiz Mosh yuzini yuvib o‘tirgan bo‘ladi. Kuchugimiz To‘rtko‘z bo‘lsa, soy yoqalab birov o‘tib qoldi deguncha, vovullab atrofga zir yuguradi. Eshagimizning ma’lum vaqtlarda hangrashini aytmasa, o‘zi juda yuvosh. Buvim, bizga soat ham kerakmas, deydilar. Buvim shunday deydilaru ko‘zlariga yosh oladilar: “Eshak ham xuddi Qahhorday yuvosh, bechoraning hangrashi ham endi ko‘ngilni buzadi”, deydilar.
Ro‘paramizdagi hovli Matkarim akaniki. Uning Qahhor akam bilan teng Ra’no ismli qizi bor. Ana shu qizni Qahhor akam yaxshi ko‘radi. Buvim: “Har kuni namoz o‘qiganimda iloyo Ra’noxonning ko‘nglini Qahhorjonga o‘ng qilsin, deb Xudodan tilayman”, deydilar. Bir kuni shahardan kelgan Mahamat akaga buvim Ra’no opa haqida gapirib qoldilar. Mahamat aka, buvimning aytishlaricha, shaharda olim bo‘laman, deb yurganmishlar. Buvim uning orqasidan, tishsiz og‘izlarini yumib, “Omon bo‘lgur juda po‘rim-da”, deb kuladilar. “Mahamatjonning ko‘ylagidagi otmi, nimaning rasmi?” — deb pichirlab so‘raydi mendan qo‘shnimiz Rixsi xola.
O‘shanda buvim Mahamat akaga: “Qahhorjon pashshaga ham ozor bermaydi-yu, Ra’noxon shunday bolani xor qilib yuribdi-ya”, deb qoldilar.
— Pashshaga ham deysizmi, xola? Pashshaga nega ozor bermas ekan? Bilasizmi, pashsha qancha infektsiya tarqatishini?
Mahamat aka pashshaning zarari haqida biz hech qachon eshitmagan gaplarni so‘zlab bo‘lgach, oxiri, bir kishi iloji bo‘lsa, bir kunda hech bo‘lmaganda o‘ntagacha pashsha o‘ldirishi kerak, degan xulosaga keldi. Keyin, Ra’no qanday qiz o‘zi, deb so‘rab qoldi. Buvim dasturxondagi ushoqlarni og‘ziga soldi-da:
— Ko‘hlik-da, judayam ko‘hlik, — dedi xo‘rsinib.— Aytganday, ertaga Tojivoy qizini chiqaryapti. To‘yga chiqsang, o‘shanda ko‘rarsan.
Buvim bu gapni kecha aytgan edi. To‘y esa bugun oqshom bo‘ladi. Ra’no opa ham to‘yga chiqsa kerak. Chunki Qahhor akam Ra’no opaga yozgan xatni men o‘zim unga eltib bergan edim.
Qosh qorayib, karnay-surnay sadolari yangray ketdi. Qishlog‘imizda to‘y ajoyib bo‘ladi-da, eh... Qahhor akam bir mahal meni chaqirib qoldi. Ra’no opangni soy bo‘yiga aytib kel, dedi. Yana, o‘zing qorovul bo‘lib tur, deb tayinladi.
Menga Ra’no opa yoqmaydi. Hayronman, Qahhor akam shu qizning nimasini yaxshi ko‘rarkin? Kekkaygan, rosa zahar. Bir narsani gapirsang, darrov kalaka qilishga tushadi: “Rostdan-a?” “Uni qaranglar-a!” Chiroylimish! Nimasi chiroyli? Ko‘zlari xuddi Rixsi xolani buzog‘ining ko‘zlariga o‘xshagan katta-katta. Undan ingliz tili o‘qituvchimiz Manzura opa chiroyli, doim kulib turadi. Agar Qahhor akamning o‘rnida bo‘lganimda, Ra’no opaga qayrilib ham qaramasdim. Buvimga shuni aytsam, “Ko‘ngil-da, nachora, ko‘ngilga buyurib bo‘larmidi”, deb boshlarini chayqaydilar. Nega ko‘ngilga buyurib bo‘lmas ekan, tushunolmayman.
Xullas,to‘y boshlangach, anchadan keyin sekin borib, qizlar orasida suzilib, kimnidir mazax qilib turgan Ra’no opaning yengidan tortdim. Chimirilib orqasiga o‘girilgan Ra’no opa meni ko‘rgach, qiyofasi darrov o‘zgardi:
— Ha, Tohirjon, polvon yigit, menda gapingiz bormidi?
Agar o‘zimga qolsa-ku, uning yaqiniga ham yo‘lamasdim-a! Ilonning xuddi o‘zi. Xuddi hech narsadan xabari yo‘qday, gapini qaranglar! Nima qilay, Qahhor akam chaqirib kelishni buyurgan. Ra’no opa oyog‘ini bosaymi, bosmaymi, deb ketimdan yurarkan, sizsirab jonimni olardi:
— Ancha aqlli yigitsiz-da, akangiz armiyaga ketayotganida bir hojatini chiqaray debsiz-da, barakalla.
Xarsang ustida o‘tirgan Qahhor akam bizni uzoqdan tanib, yaqin kela boshladi. Men o‘zimni tor ko‘chaga urdim. Devor tagiga o‘rnashib oldim. Gapimizga quloq solma, deyishibdimi, eshitaverdim.
— Yaxshimisan, — deydi Qahhor akam uni bir kunda yuz ikki marta ko‘rsa ham. Keyin uzoq vaqtgacha jimib qoladi. Mening ensam qotadi.
— Yaqinda men redaktsiyaga xat yozuvdim, — deb uzoq sukutdan so‘ng gapida davom etadi Qahhor akam.
— Voy o‘lay, mendan arz qildingmi?
— Yo‘q, kitoblarda yozilgan qahramonlardan sizlarda ham shunday bo‘ladimi, deb maslahat so‘radim, — deydi Qahhor akam.
— Endi javobini olguncha armiyaga ketib qolaman, deb kuyayapsansan-da, — deb kuladi Ra’no opa. — Qo‘y, ko‘p kuyunma, o‘zim javobini yozib yuboraman. Faqat ularning adresini to‘g‘ri yozuvdingmi? Undan keyin, ular boshqa shaharga ko‘chib ketgan bo‘lishlari ham mumkin. Yoki xat qo‘llariga tegmay qolishi ham mumkin-ku. Bunga nima deysan?
Ra’no opa uni uzoq kalaka qilib kuldi-kuldi-da, kelgan yo‘liga qarab jo‘nadi. Qahhor akam serrayib joyida qolaverdi. Negadir o‘zimdan-o‘zim uyalib ketdim. Agar katta bo‘lsam hech Qahhor akamga o‘xshamayman.
Ra’no opaning ketidan ergashdim. Balki mening izimdan Qahhor akam ergashgandir. Agar Mahamat akaning yo‘lda Ra’no opani kutib turganini bilganimizda o‘qday orqamizga qaytgan bo‘lardik.
Ana, Mahamat akaning gapga ustaligini! So‘zidan to‘xtab, jim bo‘lib qolmaydi ham. Qani kekkaygan Ra’no opa?! Churq etmaydi. Mahamat aka boshini xiyol egganicha to‘satdan yo‘lida paydo bo‘lgan yangi yulduz haqida so‘zlardi. Agarda u rassom bo‘lganida emish, albatta shu yulduzning rasmini chizgan bo‘larmish. Lekin u hozircha ana shu ko‘zni olar yorqin yulduzning rasmini o‘z yuragiga chizib olibdi. U yana uzoq nimalarnidir so‘zlay-so‘zlay Ra’no opa bilan soy tomonga yurdi. Men qo‘l siltadim-da, orqamga qaytdim. Nima, ularni kuzatib, menga zarur keptimi!
Ertalab Qahhor akam juda xafa edi. Mahamat aka xushbo‘y hid anqib turgan ko‘ylagini kiyarkan, unga dedi:
— Obbo, Qahhorjon-ey, hali Majnun bo‘lib yuribman degin!
Qahhor akam boshini ham ko‘tarmadi.
— Arzimaydi u qizing!Arzimaydi. Bilasanmi, u qizingni tekshirib ko‘rdim. Yana...
Qahhor akam sapchib o‘rnidan turib ketdi. Buvim ham, men ham uni sira bu holatda ko‘rmagan edik. U qizarib-bo‘rtib ketgan edi.
— Yana bir og‘iz shu qiz haqida gapirsangiz, tishingizni qoqib olaman! — dedi Qahhor akam ko‘zlari g‘azabga to‘lib.
— Voy, soldatvoy-ey! Men, nima, seni, qadrli xolavachchamni adashmagin, deyman-da, — deya iljaydi Mahamat aka.
Qahhor akam gapga no‘noq.U ko‘zlaridan uchqun sachratgancha Mahamat akaga yuzlandi. Buvim hayhaylab, o‘rtaga tushmaganlarida ish janjal bilan tugarmidi.
Qahhor akam shu voqeadan so‘ng umuman Ra’no opa haqida og‘iz ham ochmadi. Armiyaga jo‘naydigan kuni hatto Ra’no opangga berib qo‘y, deb mendan xat ham berib yubormadi. Buvim meni bir chekkaga imlab, shivirladi:
— Nima gap o‘zi, Tohirjon? Qahhor akang Ra’noni so‘ramadimi mabodo?
Men xuddi o‘z ishiga puxta, katta kishilarday salmoq bilan labimni buraman, yelkamni qisaman. Buvim ikkalamiz Qahhor akamni, odatdagiday, Ra’no opaning yo‘lini poylab, gapini yo‘qotib, gangirab qolar, deb o‘ylagan edik. Yo‘q, Qahhor akam indamay armiyaga jo‘nab ketdi. Undan, mana, bir-ikkita xat oldigu biror marta Ra’no opani so‘ragan joyini topolmadik. Buvimning aytishlaricha, Qahhor akam er kishining ishini qilganmish. Shunday qilganda emish, qiz bolaning qadrini yerga urmaganda emish, odam bo‘larmish. Qahhor akam shunday qilsa, Xudo Ra’no opaning ko‘ngliga mehr solarmish...
Buvim to‘g‘ri aygan ekanlar. Tunov kuni Ra’no opa biz bilan bozor ichidagi suratxonada rasmga tushdi. Bu rasmni Qahhor akamga jo‘natmoqchimiz. Men suratxonada ilig‘liq turgan matroscha shapkani kiyib, Ra’no opa bilan buvimning yelkalariga qo‘limni qo‘yib tushdim. Buvimlar faqat, bir qo‘li yo‘q suratchi Rifqat aka: “Vnimanie, snimayu!” — deganida ko‘zimni pirpiratvordim, endi g‘ilay bo‘lib chiqmasmikinman”, degan xavotirdalar.
Buvimlar surat bitishini intizorlik bilan kutarkanlar, nuqul: “Qahhorjon bilan Ra’noxonning ishqini doston qilib yozsa arziydi, axir, oshiq-ma’shuqlar haqidagi dostonlar shunday boshlangan-da”, deydilar. Men doston yozishni bilmaymanu, lekin o‘zimcha hikoya yozishni mashq qilib ko‘rdim, xolos.

1981.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.