background
logotype

Nosir va adabiyotshunos Mahkam Mahmudov 1940 yilda Andijon viloyatining Asaka tumanida tug‘ilgan. 1947-1957 yillarda Andijon shahridagi Muqimiy nomli maktabda ta’lim olgach, 1957-1962 yillarda Toshkent Davlat universitetida o‘qigan. U 60-yillardan to shu kungacha gazeta va jurnal tahririyatlari hamda nashriyotlarda ishlab keladi. Hozirgi kunda esa «Muloqot» jurnalida adabiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Mahkam Mahmudov dastlab shoir sifatida qalam tebratgan. Keyinchalik u nasrga ham o‘tib, tarixiy mavzular va fantastik janrda ijod qilib keladi.
Agar uning «Bibixonim», «Shohlar malikasi», «Movarounnahr yulduzi», «Sulton Mahmud G‘aznaviy», «Boysung‘ur ibn Shohruh», «Imom Zayniddin G‘azzoliy» kabi qissa, hikoya va badialari tarixiy mavzularda yaratilgan bo‘lsa, «Men - men emasman», «Teskari ko‘zlar sayyorasi», «Sirli qasr», «Mangu kuy izlab» singari asarlarida esa u fantastik janrga qo‘l uradi.
Mahkam Mahmudov adabiyotshunos sifatida ham samarali ijod qilib kelmoqda. Uning «Talant va ijod falsafasi» (1976), «Abadiyat lahzalari» (1981), «Hayrat va tafakkur» (1992) kabi asarlari adabiy va ilmiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan. U filologiya fanlari nomzodi sifatida M.Uyg‘ur nomidagi San’at instituti, A.Qodiriy nomidagi Madaniyat institutida o‘zbek va chet el adabiyoti kurslaridan ma’ruzalar o‘qigan. Mahkam Mahmudov tarjimon sifatida ham qalam tebratib, Aristotelning «Poetika» risolasini, Balzakning «Sag‘ri teri tilsimi» romanini, Andersen ertaklari, Stefan Sveygning «Kuygan ko‘ngil faryodi» novellalar to‘plami (O‘tkir Hoshimov bilan)ni, Oskar Uayldning «Yulduzdan tushgan bola», «Sadoqatli do‘st» hikoyalari va boshqa asarlarni o‘zbek tiliga o‘girgan.
Adabiyot oldidagi xizmatlari uchun unga «El-yurt hurmati» (1998) ordeni berilgan.

Фильтр
Кол-во строк: 
Mahkam Mahmudov. Men — men emasman... (hikoya)
Mahkam Mahmudov. Mushkul muammo (hikoya)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.