background
logotype

Muhammad Ismoil 1964-yilining 13-martida Sirdaryo viloyatining Xovos qo‘rg‘onida tug‘ilgan. 1981 – 1986 yillarda hozirgi O‘zMU jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 
Ilk she’riy to‘plami “Tazarru saodati” 1991 yil chop etilgan. Shundan so‘ng “Tasavvur chiziqlari” (1998), “Ko‘ngil mulkiga safar” (2001), “Sahroyi gullar” (2001), “Siz hamon o‘shasiz” (2003), “Sizni sevmay bo‘ladimi” (2005), “Bahorning eng so‘nggi lolasi” (2006), “Chiroylisan, tengi yo‘q” (2006), “Ko‘ksimni kuydirgan alanga” (2008), “Osmon to‘la orzular” (2011) kitoblari chop etilgan. 
Adibning hikoyalari asosida “Luchezarnaya” (2011) kitobi rus tilida nashrdan chiqqan.
Adib mohir tarjimon hamdir. Marina Svetaeva, Boris Pasternak ijodidan namunalarni o‘zbek tiliga o‘girgan
Muhammad Ismoil asarlari asosida “Izg‘irinli kunlarning biri”, “Qismat”, “Oy chiqmagan oqshom”, “Yangi oy chiqqan kecha”, “Mohinur”, “Atirgul”, “Balog‘at bekati”, “Yulduzsiz osmon” "Qalbim ardog‘i" kabi videofilmlar ekranlashtirilgan. Qirqdan ortiq she’rlari qo‘shiq bo‘lgan. 
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiyotni targ‘ib qilish byurosi bosh muharriri (1987-1989), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiy konsultanti (1989-1993), “Yoshlik” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari (1993-1996), “Oila va jamiyat” gazetasi bosh muharriri (1996-1998), O‘zbekiston Milliy teleradiokampaniyasi, “O‘zbekiston” telekanali bosh direktori o‘rinbosari (1998-2006), G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU derektor o‘rinbosari – bosh muharrir (2006-2009) lavozimlarida ishlab kelgan. 
Hozirda Toshkent Davlat Madaniyat Institutida faoliyat yuritmoqda. Yozuvchi Erkin Usmonov adib haqida "Oshufta ko‘ngil" nomli kitob yozgan. 
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Istiqlol tonggi” mukofoti sovrindori.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.