background
logotype

Shoir Olimjon Xoldor 1932 yil 18 sentyabrda Andijon viloyati Buloqboshi tumanining Kulla qishlog‘ida tug‘ilgan. Avval to‘liqsiz o‘rta maktabda, so‘ng Andijondagi pedagogika bilim yurtida o‘qiydi. Farg‘ona Davlat pedagogika institutini tugatgach, avval maktabda o‘qituvchi, Andijon radiosida muharrir, so‘ng jurnal va gazetalarda muxbir bo‘lib ishlaydi.
1968-1983 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Andijon bo‘limiga boshchilik qiladi.
Olimjon Xoldor ijodi 60-yillardan boshlangan bo‘lib, birinchi she’rlar kitobi «Arg‘uvon tagida» nomi bilan 1965 yilda ustoz Mirtemir tahriri ostida chop etildi. Hozirgacha o‘n beshga yaqin kitobi, publitsistik maqolalari nashr etilgan.
Jumladan, «Andijon suluvi» (1968), «Oshiqona» (1970), «Kaftimdagi tuproq» (1972), «Andijon bahori» (1976), «Subhidam qo‘shiklari» (1977), «Kumush kosa» (1979), «To‘yona-to‘yona» (1982), «Yer farzandi» (1986), «Senga intilaman» (1986), «Davrani kengroq oling» (1990), «Ko‘ngil», «Armon», «Ko‘z tegmasin» (1992) singari to‘plamlari nashr etilgan. Shuningdek, u «Men - Andijonman», «Andijon samosi», «Kelajakdan bir sado», «Subhidam qo‘shiqlari», «Gulruxsor», «Kumush kosa», «Karvon qo‘ng‘irog‘i», «Roz» kabi liro-epik asarlar ham yaratgan.
Olimjon Xoldor qo‘shiqchi shoir sifatida ham ma’lum bo‘lib, uning ellikdan ortiq g‘azallariga kuylar bastalangan. Shoir dramaturgiya sohasida qalam tebratib, «Qotil kim?», «Sevgi afsonasi», «Lola», «Boboruh» kabi dramalar yaratgan. Shoirning yuqorida tilga olingan to‘plamlariga kirgan aksar she’rlari bepoyon vodiy va uning zahmatkash kishilari haqida bo‘lib, inson go‘zalligi, uning ma’naviy olami tasvir etiladi. Olimjon Xoldor so‘nggi yillarda yirik epik janrlarga ham qo‘l urib, «Ko‘ngil» qissasi, uch kitobdan iborat «Arosat» romani va «Mo‘jiza» kabi asarlarini kitobxonlar hukmiga havola etdi.
U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobidir (1992).

Фильтр
Кол-во строк: 
Olimjon Xoldor. Tushunish (hikoya)
Olimjon Xoldor. “Novvotning duri...” (esse)
Olimjon Xoldor. Mirkomilboy (roman)
Olimjon Xoldor. Arosat (roman)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.