background
logotype

Qulman Ochilov. Bir kapgir osh (hikoya)

Nafisa tandirdagi nonlarini uzib, ikkitasini dasturxonga o‘radi-da, ovsini Saidanikiga shoshildi.
Bahrom muallimning ikkinchi xotini ham peshanasiga sig‘madi. Uy-ro‘zg‘or ishlarida duppa-durust kuymalanib, lo‘mbillabgina yurgan ayol birdan yotib qoldi.Oshqozonida o‘simtasi bor ekan. Lekin uch oyda ikki operatsiyani boshidan o‘tkazib ham, bechora o‘nglanmadi. Kasalxonadan uyiga noumid qaytdi. "Bo‘ldi, - deyishibdi vrachlar, - biz qo‘limizdan kelganini qildik. Qolgani - Xudodan".
Bahrom muallimning ko‘z ochib ko‘rgani, rahmatli, Gulnora insultdan "ketgan" edi. Bunisi oshqozonidan tuzalmas dardga chalinibdi. Unisi ham uch oy shifoxonada to‘shakka mixlanib yotgan va "uyiga ruxsat berishgach", hafta o‘tib uzilgan edi. Bahrom muallim-ku yana bir kunini ko‘rar. Lekin paymonasi to‘lganga qiyin. Saida opa bechora bu dunyoga kelib nima ko‘rdi? Hali ellikka ham kirgani yo‘q.
Xonaning to‘rida oppoq choyshablarga o‘ralgan qalin ko‘rpachalar ustida, oq jildli ko‘rpa yopinib yotgan oq ko‘ylakli, oq durrachali ayol yonida cho‘k tushib o‘tirgan nevarasi - Hamidning jajjigina qo‘lchalarini ushlab, unga nimalarnidir uqdirayotgan edi. Ovsinini ko‘rib qimirladi, lekin vujudida qattiq og‘riq sezdi, shekilli, ingrab yubordi.
- Baralginning ta’siri kamayib qoldi, - dedi u. - Ukol olganimdan beri to‘rt soat o‘tdi.
- Bezovta bo‘lmang, yanga! - dedi Nafisa va pildiragancha borib bemorning yoniga cho‘kdi.- Hecham bezovta bo‘lmang!
Bemor siniq kuldi. Uning ko‘zlari kirtayib, ranglari so‘ligan qoqiguldek sarg‘ayib qolgan edi. Isitmasi bor, shekilli, yorilgan lablaridan bilinar-bilinmas qon sizib turibdi. Qanday sog‘lom, qanday durkun, qanday mehnatkash ayol edi. Qo‘li ham shirin, tili ham shirin. Bir hafta burun, Nafisa shifoxonaga uni ko‘rgani borganida ham ancha pesh edi.
- Hamidjon, sen hovliga chiqib, birpasgina o‘ynab kel, - dedi bemor. -Men Nafisa yangang bilan ozgina gurunglashay. Xo‘pmi, aylanay?
Olti yoshlardagi ko‘zlari katta-katta, kipriklari qizlarnikidek qalin va uzun, kulcha yuzli bola Nafisaga norozi bir nigoh tashladi-da, kattalardek bir-bir bosib, sekin chiqib ketdi. Bemor uning ortidan ko‘zlari yoshga to‘lgancha qarab qoldi.
- Men ketsam, shugina bolamga qiyin bo‘ladi-da, kelin.
- Qaerga ketasiz, yanga? Yaxshi niyat qiling. Xudo hohlasa, hali Hamidning to‘ylarini ko‘rasiz? Qolaversa, uning ota-onasi – o‘g‘lingiz bilan keliningiz bor.
Bemor yana siniq kuldi. Boshini afsus bilan qimirlatdi. Avvalgi eridan ham farzand ko‘rmagan bu ayol Bahrom muallimga tekkach, uning to‘ng‘ich nevarasi Hamidni o‘g‘il qilib olgan, shu mushtdekkina bolani yeru ko‘kka ishonmas edi.
- Bu gaplarni qo‘ying, Nafisa. Mening ikki-uch kunlik umrim qoldi. Sizni o‘zim chaqirtirmoqchi bo‘lib turgan edim. Kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Bir iltimosim bor...
- Iltimosim? Ayting, yanga. Qo‘limdan kelsa, bosh ustiga.
Bemor ovsinining o‘ng qo‘llini kaftiga oldi va suhbatning oxirigacha qo‘yib yubormadi. Qo‘llari issiq edi.
- Hozir Hamidjon bilan ikkalamiz o‘tgan-ketganlarni eslab, gaplashi-ib o‘tirgan edik. Uning yarim tunda uyg‘onib, osh pishirib bering, deb harxasha qilganlarini, o‘choqqa o‘tin qalab, tonggacha palov pishirganlarimni esladik. "Shular esingdami, bolaginam?" desam, "Hammasi esimda, momojon," deydi. "Endi do‘xtirxonaga ketmaysizmi?" deb yig‘lab o‘tirgan edi. "Endi hech qachon do‘xtirxonaga bormayman, aylanay!" dedim.
Nafisaning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Yuzini burdi.
- "Ertalabgacha sabr qil, aylanay. Sen uyqudan turgungicha palovni tayyorlab qo‘yaman", deb yalinsam ham ko‘nmagan edi o‘shanda. "Hozir pishirib bermasangiz, ertaga mafiyaga qo‘shilib ketaman!" deb meni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan."Voy o‘lmasam, bu nima deganing, Hamidjon? Mafiyang nima?" - desam. "Mafiya – kissasiga o‘tkir pichoq solib yuradigan yomon odamlar", deydi. "Bu gaplarni senga kim o‘rgatdi?" desam, "Kinosini ko‘rdim", deydi. O‘shanda bolaginamning gaplaridan kula-kula kechasi soat ikkida turib, osh pishirgan edim. Oshxonada kosa-tovoqni taqur-tuqur qilib yurganimni eshitib, bobosi qo‘rqib ketganini aytmaysizmi? Bir payt uzun shoxani ko‘tarib, oshxonaga kirib kelib qolsa, deng. Akangizning vojohatini ko‘rib, mening ham o‘takam yorilib ketay, degan. Bechora akangiz uyga o‘g‘ri tushdi, deb o‘ylagan ekan-da.
Shirin xotiralardan yuz-ko‘zlari yorishib ketgan bemor yonida turgan choynakka ishora qildi. Nafisa piyolaga quyib bergan ko‘k choydan ikki marta mayda-mayda xo‘pladi:
- Oh, qanday yaxshi kunlar ekan o‘sha kunlar, Nafisa! Qani endi, yana bir marta, yana bir martagina bolaginamga osh pishirib berolsam! Yana bir martagina o‘z qo‘llarim bilan pishirgan palovni bolaginamning maza qilib yeyishlarini ko‘rolsam!..
Nafisa hiqqillashga tushdi.
- Xudo hoxlasa, hali tuzalib ketasiz, yanga!..
- Kelin, sizdan iltimosim bor.
Nafisa ko‘z yoshlarini mayda gulli chit ko‘ylagining uzun yengiga artdi.
- Ayting, yangajon!
- Yana to‘rt oydan keyin Hamidginam maktabga boradi. Iloji bo‘lsa, o‘zingizning sinfingizga oling. Xo‘pmi? Bu yil yana birinchi sinfni olasiz-ku, to‘g‘rimi?
- Ha.
- Tanaffuslarda ko‘z-quloq bo‘lib turing, aylanay. Bilasiz, bolam juda sho‘x. Birortasi urib-netib yurmasin, tag‘in.
- Xo‘p, yangajon! Bunisidan hech xavotir olmang.
- Yana bir iltimosim... Iltimosim ham juda ko‘payib ketdi, kelin! Lekin dardlarimni sizdan boshqa kimga ham aytman? Qizim bo‘lmasa, o‘g‘lim bo‘lmasa. Bu dunyodan tirnoqqa zor o‘tdim... Aka-uka, opa-singil o‘z yo‘liga ekan...
- Tortinmay aytivering, yangajon! Aytavering!
- Meni ketganimdan so‘ng, Bahrom akangizni tezroq uylantirib qo‘yinglar... Iloji bo‘lsa, Sho‘rquduqdagi Sobir polvonning qizini olib beringlar. Yolg‘izgina qizchasi bilan otasinikiga kelib o‘tirgan emish, deb eshitaman.
- Yanga! - deb xayqirib yubordi Nafisa. - O‘zingizni o‘ylasangiz-chi, axir! O‘zingiz qanday ahvolda yotibsizu, gapirayotgan gaplaringizni qarang!..
- Men bularni o‘zimni o‘ylab gapiryapman, aylanay, kelin! -dedi ayol shiftga behol tikilganicha. - Bu yoqda Hamidjon chirqillab yotsa, akangiz bechora ko‘ylagining yoqalari kir-chir yursa. Osh-ovqatida halovati, rohati bo‘lmasa, men u dunyoda qanday tinch yotaman, aylanay?
Nafisa inday olmay qoldi.
- Hamiding yangi momosi qanday ayol bo‘ladi? Xudo biladi. Shuning uchun marakam o‘tganidan keyin bolaginamni ota-onasinikiga jo‘natib yuboringlar.
Hamidning ota-onasi qishloqning narigi chekkasida yashaydi. Ikkalasi ham maktabda muallim, Nafisa bilan birga ishlaydi. Hamiddan boshqa yana ikki farzandi bor.
- Xo‘p.
- Yana bir iltimosim, aylanay, kelin: xayit kunlari bo‘ladimi, Xotira kuni bo‘ladimi, Bahrom akangizning qabriston tomonga yo‘li tushsa , eslating: Hamidginamni ham birga olib borsin. Men bolaginamni sog‘inib, kutib yotaman. Patinkachasini "tikkillatibgina" qabrimning tepasiga kelsa, qadam tovushlarini eshitsam, gapirsa - ovozlarini eshitsam, "Bolaginam keldi!" deb xursand bo‘laman! Siz ham yaxshi ko‘rgan hamsoyam, ham kelinim, ham sirdosh singlimsiz, Nafisa. Bahrom akangizga shularni eslatib turing, iltimos!..
- Voy yangam bechora-ya! Voy-voya!..
- Endi ana bu tugunni oching.
Ko‘z yoshlari daryodek quyilayotgan Nafisa bemorning yostig‘i yonida turgan oq ro‘molni yechdi.
- Ichida bir rasm bor. Oling.
Oldi. Buvi bilan naberaning ikki-uch yil burun birga tushgan oq-qora tasvirdagi xiragina rasmi.
- Shu rasm sizda tursin, aylanay Nafisa, - dedi bemor. - Tayin joyga yashirib qo‘ying. Hamidjon uylanganida ramkaga solib, uyining daxliziga osib qo‘yarsiz. Bolamning to‘yini, yaxshi kunlarini ko‘rolmay ketyapman. Uyiga shu rasmni osib qo‘ysangiz, ramkadan bo‘lsa ham bo‘sag‘ada kelinni o‘zim kutib olaman. Xo‘pmi, aylanay?
- Xo‘p!
- Endi oxirgi iltimosim, kelin: uyingizda osh qilganingizda, unda-bunda Hamidjonni ham chaqirib, bir kapgirgina suzib bering. Bolam oshni juda yaxshi ko‘radi...
- Xo‘p, yangajon, xo‘p!..
- Hayot ekan, bilib-bilmay ranjitgan bo‘lsam, meni kechiring, aylanay. Mendan rozi bo‘ling!
Nafisaning tili kalimaga kelmay qoldi.
- Siz ham kechiring! Siz ham rozi bo‘ling!- deya oldi zo‘rg‘a.
- Mingdan-ming roziman!.. Non hidi kelyapti... Oh, non hidi!..
- Voy o‘lmasam! Unutibman! Non yopib, sizga ham ikkitagina olib chiqqandim.
- Non yemaganimga uch oydan oshibdi. Qani endi bir tishlamgina yeya olsam! Yeyaolmayman-da, kelin!.. Mayli, mag‘zidan danakdaygina ajratib bering. Shimi-ib yotaman! Hidlarining shirinligini qarang, a!..

“Oila davrasida” gazetasi, 21 feral 2013 yil.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.