background
logotype

Qulman Ochilov. Jaydari falsafa (ocherk)

Bu voqeani men otamning eski oshnasi To‘ra cho‘pondan eshitganman. To‘ra cho‘pon deganimiz o‘zbekdan ham ko‘ra Bosfor bo‘ylarida yashovchi turklarga ko‘proq o‘xshab ketadi – oq-sariqdan kelgan, barvasta, ko‘zlari moviy, shop mo‘ylovli. Ammo o‘zi g‘irt o‘zbek. Buni shundan ham bilsa bo‘ladiki, boshi to‘ydan chiqmaydi. Bir qo‘yi ikkita bo‘lsa, qozonga bosadi. Yaxshi ko‘rgan gapi: «Yigitning topgani – davraga». Qo‘lining ochiqligi, ulfatsevarligi bois uyidan mehmon arimaydi. Qozoni kechayu kunduz o‘choqdan tushmaydi.

Biz borganimizda ham uyi to‘la mehmon ekan. Tuman gazetasida yozilganidek, «yaqinda To‘ra bobo cho‘ponlik tayog‘ini o‘g‘liga tantanali topshirish marosimi o‘tkazgan». Davradagilar o‘sha tadbirga qatnasha olmaganlar, bizga o‘xshab «qutlug‘ bo‘lsin»ga kech kelganlar edi.

Kechagi tadbirning, bugungi davraning «aybdori» – To‘ra bobo poygakda jimgina gapga quloq solib o‘tirardi. U kishini shuncha hay-haylab ham to‘rroqqa o‘tkaza olmadik. Gap aylanib, tabiiyki, boboga, cho‘ponlikka borib taqaldi. Shunda kimdir so‘rab qoldi

- Cho‘pon buva, bir yillari qamalishingizga bir bahya qolgan ekan, shu gap rostmi?

- Rost... Xo‘p desanglar, nima gap bo‘lganini aytib beraman.
    
Tabiiyki, biz rozi bo‘ldik.

– Bu gaplar bo‘lib o‘tganida kecha mendan cho‘ponlik tayog‘ini olgan o‘g‘limiz endigina oyog‘i chiqqan go‘dak edi. Esimda qolgani shu–yil yaxshi kelgan. Erta bahordan kech kuzgacha oxurlar yem ko‘rmagan – ushoq moldan sigir-buzoqqacha daladan to‘yib kelardi. Cho‘pon-cho‘liqning ham ombori yem-xashakka to‘la, hammaning dimog‘i choq edi. Menikini-ku so‘ramang. Otarimda mingdan ziyod qo‘y bo‘lsa, shuning kamida yarmi o‘zimniki, shaxsiy. Jonivorlar ham qo‘ymisan qo‘y – junidan tortsangiz moyi chiqadi. Kunda-kunora sanab, o‘zimcha suyunib qo‘yaman. «Xudoga shukr, – deyman ichimda,–mana, endi qo‘limni qayoqqa uzatsam yetadi. Moshinim bor. Otim bor. Sigir-buzoq, uy-joydan, yeyish-ichishdan kamim yo‘q».

O‘sha yil bahorda to‘y qilib, bugungi cho‘pon o‘g‘limning qo‘lini halolladim. Oblastning kattalarigacha keldi. Sal o‘tib, qo‘zilatishni yaxshi yakunlaganim uchun mukofotga yana bitta moshin oldim. Muxbir ukalarimizning ham qadami uzilmaydi. Hali Qarshidan, hali Toshkentdan tinimsiz maqtab turishibdi.

Bularni ko‘rib-bilib o‘zimcha suyunaman, albatta: «O‘–o‘, shu kunlarni otang ko‘rmadi-da, To‘ra!»

Bu tomonini so‘rasangiz, otadan erta yetim qolib, durustroq maktab ham ko‘rmaganmiz.

Bir kuni uyning soyasidagi kigizda shuytib xayol surib yotsam, bir moshin g‘irr etib yonimga kelib to‘xtadi. Qarasam, sovxozimizning – «Ko‘kdala»ning direktori. Shu yillari direktorimizni Rustam Bozorov degich edi. Rahmatli qazo qilib ketdi. Unday mard odamni kam ko‘rganman. Lekin jahli chiqsa, ulay-bulay narsadan qaytmasdi – aytganini qilmaganni so‘kardiyam, urardiyam. O‘zi pakanaroq bo‘lsayam, viqori tomdan baland. Katta-kichik hamma oldida bargday titrab turardi. Traktorchilardan bittasini bir urib, shudgorga ag‘darib tashlaganini ko‘rganman. Qizig‘i, oradan bir hafta o‘tib, o‘sha traktorchining to‘yiga kelgan. Kek saqlamasdi-da, rahmatli. «To‘yinga chaqirmasang ham kelaberdim, – deb hazillashgan. – Endi uyingdan o‘qlovingni opchiqib, meniyam bir-ikkita tushir, alamingdan chiqasan».

Rustam Bozorov ana shunday mard odam edi. Men bilan-ku toza qalin, «To‘ra oshna» deb gapirardi. Men ham uning hurmatini joyiga qo‘yardim-da. U yoq-bu yoqqa dam olishga bormoqchi bo‘lsa, sarf-harajati uchun to‘rt-besh qo‘yning betiga qarab o‘tirmasdim. Lekin bu gal direktorning avzoyi buzuqroq ko‘rindi.

– Shirvozlaringdan ikkitasini chal, – dedi tilining tagidagi nosini tuflarkan. – Bir-ikki yashik araq ham toptir. Gap bor. Rayondagi kattaman deganning bari bugun senikida yig‘iladi.
 
Bunday gurunglar tez-tez bo‘lib turgani uchun ajablanmadim. Rayon kattalarining ko‘ngli ziyofat tusasa, sovxoz direktori uyiga olib bormaydi-ku. Menga o‘xshagan cho‘pon-cho‘liqnikidan qulay joy bormi!

Etdor to‘qlidan ikkitasini so‘yib, bittasini qozonga, ikkinchisini tandirga bosdim. Salqingina joyga dasturxon yozib, yonboshiga ikki yashik arag‘ini ham keltirib qo‘ydim. Birpasda uyimning atrofini moshin bosib ketdi. Milisaning kattasi, prokuror, sudning raisi, rayko‘m, xullas, yigirma beshlar odam yig‘ildi. Sho‘rva ichilib, tandir kabob yeyilib, araq shishalar bo‘shab qolganidan keyin, rayko‘m direktorga:
- Endi boshlanglar, – dedi.
Direkor avval menga, so‘ng yerga qaradi.
– To‘ra, – dedi, – suruvingni qo‘tonga qama. Qo‘ylarni sanaymiz.

Bu gapni eshitib, esim chiqib ketdi. O‘rnimdan turay desam, turolmayman. «Birov ustimdan yozibdi! – deb o‘yladim. – Suruvida besh yuzdan ziyod ortiqcha qo‘yi bor. Hammasi o‘ziniki, deb yozgan. Endi barini tortib oladi».
    
Qo‘ylarni izzilatgancha issiqdan dimiqqan qo‘tonga soldik. Bug‘altir, zootexnik, bo‘lim boshlig‘i eshik oldida turib, bittama-bitta sanadi. Suruvda bitta-yarimta qarindosh-urug‘, oshna-og‘aynimning ham qo‘yi bor edi. Ular ham hisobga kirib ketdi.
– Jami bir ming yuz o‘n uchta, – dedi direktor.
– Xo‘sh, nechta kam ekan?
– Besh yuz o‘n yettita!
Rayko‘m menga yuzlandi:
– O‘rtoq Annaev, qo‘yning qolgani qani?
– Bori shu! Boshqa qo‘yim yo‘q, katta buva.
Avvaliga hech narsa tushunmadim. Mening hisobim bo‘yicha, davlatning suruvdagi qo‘yi oz emas, ko‘p emas, besh yuzdan ortiq chiqishi kerak edi. Hamma gapni keyin, bug‘altir bilan zootexnik hujjatlarini ko‘rsatgach, tushundim. Bilsangizlar, u zamonlarda cho‘ponlar har yilning boshida, bu yil otarimdagi sovliqlardan falontadan qo‘zi olaman, degan majburiyatga qo‘l qo‘yardi. Xatga tushding-o‘tga tushding. Qo‘l qo‘ydingmi, bas, sovlig‘ing shuncha qo‘zi tug‘adimi-yo‘qmi, kimning ishi bor, majburiyatni bajarishing shart! Bajarmasang, yoningdan to‘laysan. Biz ham har yili bilib-bilmay shunday hujjatga qo‘l qo‘yavergan ekanmiz-u qog‘ozdagi qo‘zilar bolalab ketavergan ekan. Bu ko‘rgulik boshiga tushgan bir menmi desam, yo‘q, rayonda bizga o‘xshagan «ilg‘or cho‘pon» yigirma-o‘ttiz bor ekan. Ko‘pi o‘sha yili qamalib ketdi.

Xullas, o‘sha kuni otar qo‘ldan ketdi – boshqa cho‘ponga olib berildi. Davlatdan sal kam olti yuzta qo‘y qarzdor bo‘lib qoldim.

Ikki ot, ikki moshin, besh-o‘n sigir, yaxshi kunlarga atab qo‘ygan gilamlarimiz - bari ketdi. Tovuqqacha sotdim. Hovli-joyim mozorga o‘xshab huvillab qoldi. Lekin, qarzimning yarmini ham to‘lay olmadim. Uy-joyni sotay desam, nari borsa, ellik qo‘yning puli bo‘ladi. Bu tomonda bola-chaqa, hammsi yosh. Nima qilarimni bilmay, garang bo‘pqoldim. Bu orada direktorning odami kelib, uch kunlik muhlat berib ketdi.

– Endi bizdan xafa bo‘lmang, yuqoridan so‘roq qattiq bo‘lyapti, – dedi.
Qechayu kunduz izlab, kalavaning uchini topolmayman. O‘ttiz yil suruvning changini yutib, topganim shu bo‘ldimi, deb xo‘rligim ham keladi. Ishim tergovga oshib, qamalishimga ko‘zim yetdi. Xayolimda, bugun-erta kelib olib ketishadiganday. «Endi qamalishim tayin, – deyman. – U yoqlardan esa sog‘-omon qaytishim gumon – yoshim bir joyga borib qoldi». Sakkiz go‘dagimni o‘ylayman: «Men-ku bir gap bo‘larman, ularning kuni nima kechadi? Otasi qamalgan, degai tavqi la’nat-chi?..»
Bir kuni shunday xayollar bilan temir yo‘lning yoqasiga borib qolibman. Qiziq-da, endi eslasam kulgim qistaydi. Qamoqda o‘lgandan ko‘ra o‘zimni poezdning tagiga tashlashni a’lo ko‘ribman. O‘zining joniga qasd qildi, degan malomatdan ham qutulaman, degan xayollarga boribman-da.

Bir payt ot dupuri qulog‘imga chalindi. Burilsam - Sho‘robozor qishlog‘ining oqsoqoli Mo‘ydin buva, to‘rig‘ini yo‘rttirib kelyapti. Rahmatli ko‘p kayvoni odam edi. Birovning gapini ikki qilmasdi, boshqalar ham uning aytganiga yo‘q demasdi. Qashqadaryoda uni tanimagan odam kam topilardi. Daryodil odam edi-da! Ay, yigitlar, ochig‘ini aytsam, Mo‘ydin buva rahmatli meni o‘limdan qutqarib qolgan.

U indamay otdan tushdi. Qo‘limni qisib salomlashdi.
– Seni yo‘qlab kelayotuvdim, – dedi. Hamma gapdan xabari bor ekan.
– Sening fe’ling buzilgan, – dedi. – Nodonlik qilma. O‘zingni qo‘lga ol.
So‘ng otiga mindi:    
– Kelinga ayt, bir tovoq chalob qip tursin, men hozir kelaman, – dedi-da, qishloqning narigi burchiga qarab otini yo‘rttirib ketdi.

Rostdan ham, bir tovoq chalob tayyor bo‘lar-bo‘lmas, tashqarida qo‘y ma’ragani eshitildi.

Chiqsam, Mo‘ydin buva. Oldida bir gala qo‘y-qo‘zi, echki-uloq.

- Hozircha shunisiga egalik qip tur, – dedi. – Men yana bir aylanib kelay.
    
Rahmatli egarda o‘tirganicha chalobni simirdiyu yana to‘rig‘ini yo‘rttirib ketdi. Sal o‘tmay, tag‘in bir gala ushoq molni oldiga solib keldi.

Keyin bilsam, qishloqma-qishloq, uyma-uy yurib, odamlarga ahvolimdan gap ochibdi. «Sakkiz bolasi bilan bechora qamalib-netib ketmasin, – debdi. – Elchilik-elatchilik - yordam qilaylik.

Kim qo‘y, kimdir qo‘zi, yana birov echki-uloq beribdi. O‘zi uyidan uchta qo‘y haydab keldi. Shunday qilib, ikki-uch kunda yuz elliktacha ushoq mol yig‘ildi.

- Baribir yetmaydi, – dedim umidsizlanib.
- Sen shoshmay tur, – dedi u yana. Sovxoz direktoriga ham bir uchray.

So‘ng uyimga rasmona bir otar mol haydab keldi. Sovxoz direktorini besh yuzta to‘qli berishga rozi qilgan ekan. Yana tayog‘imni qo‘lga oldim. Bilasiz, davlat birinchi yili to‘qlidan qo‘zi talab qilmaydi. Boya aytganimdek, shu yil yaxshi kelib, to‘qlilarning ko‘pi dimog‘i choq bo‘lib o‘sdi. Bir yilga qolar-qolmas hamma qarzlarimdan qutuldim.

Mana, endi yana hamishagiday bo‘lib qoldik. Moshinimiz, otu sigir-buzog‘imiz bor. Qo‘yimiz ham yetarli. Eng muhimi, farzandlarning hammasini uyli-joyli qildik. Xudoyimga shukrlarki, birovdan kam joyimiz yo‘q.

Bu gaplarni buvangiz nimaga aytyapti, yigitlar? Boshingiz - yosh, issiq-sovuqni hali ko‘p ko‘rasiz. Lekin bir gapni esdan chiqarmang: boshingizga davlat qushi qo‘nib, ustixoningizga jir bitsa, boy bo‘ldim, deb bosar-tusaringizni bilmay qolmang. Boshingizga kulfat tushib, nochor ahvolda qolganingizda ham, mendan omad ketdi, deb ko‘kragingizni zaxga bermang. Har ikkisigayam bardoshli bo‘ling. Bilingki, Xudoim bandasiga davlatni ham, kulfatni ham sinash uchun berar ekan, – deb hikoyasini tugatdi To‘ra cho‘pon.

- Mo‘ydin buva deganingiz sho‘robozorlik Muhiddin Nurmatovmi?

– Ha shu kishi. Ko‘p yaxshi odam edi, rahmatli... Ay yigitlar, shu odamning yana bir ishiga qoyil qoldim. Shuncha yil katta joylarda ishlab, ortqcha mol-dunyo yig‘ay demagan ekan. Ta’ziyasiga borib bildik. Lekin rahmatlidan qanday solih farzandlar, qanday yaxshi nom qoldi! Bir xil paytlar o‘ylab qolaman: ertaga bu dunyodan o‘tar bo‘lsak, bizning otimizni ham birov shuytib alqab tilga olarmikin?..

1990 yil.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.