background
logotype

Qulman Ochilov. Kitob bor uyda pokiza ruh va fayzu baraka bo‘ladi

Bu dunyoda aziz ne'matlar ko‘p, lekin ularning orasida eng azizlaridan biri kitobdir. Shu ne'matdan bahramandligimiz, nashriyotlarimizdagi nashr, bosmaxonalarimizdagi chop etish, kitob do‘konlarimizdagi savdo ishlari qay ahvolda? Ba'zi davralarda quloqqa chalinadigan “odamlar, ayniqsa, yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi” degan yozg‘irishlarda qanchalik asos bor? Ushbu savollarga javob izlab, turli tashkilot, nashriyot, bosmaxona va kitob do‘konlarida bo‘ldim, mutaxassisu kitobxonlar bilan suhbatlashdim.

Avvalo, shuni ta'kidlash kerakki, mustabid tuzumdan meros - tog‘dek uyilib qolgan iqtisodiy muammolar girdobida ovora bo‘lib, ro‘zg‘oru qorin tashvishidan ortmay qol­gan odamlarning muayyan muddat kitobga, kino, teatru gazeta-jurnalga “qiyo boqish”ga hafsala qilishi qiyin bo‘lgani ham rost.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan buyuk islohotlar, erishilayotgan ulkan yutuqlar jarayonida bu boradagi vaziyat ham tez orada butunlay o‘nglandi: teatrlarimiz va kinoteatrlarimiz - san'atsevar tomoshabinlarga, kitob do‘konlarimizu kutubxonalarimiz - kitobsevar kitobxonlarga tobora to‘lib borayotir. Kutubxonalar, kitob do‘konlari, teatrlar, kino-konsert, badiiy ko‘rgazma zallariga borib, razm soling: odamlarimizda san'atga, ma'rifatga, ilmga ulkan bir tashnalikni, ishtiyoqni ko‘rasiz. Yanada quvontiradigani: ana shu ishtiyoqmandlar, tashna ko‘ngillarning ko‘pchiligi yoshlar! Qayd etilganlarga bu borada yaratilgan boshqa imkoniyatlarni - internet orqali o‘qilayotgan kitob­larni, gazeta-jurnallarni, ko‘rilayotgan filmlaru teatr-konsert tomoshalarini qo‘shing... Ulkan bir ummon paydo bo‘ladi!

Ilmu ma'rifatga intilish bizga ajdodlarimizdan meros. Ayni paytda, bugungi yuksalish, avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan istiqlolimizning ilk yillaridan madaniyat, ma'rifat va ma'naviyatni yuksaltirishga qaratilayotgan doimiy e'tibor samaralari ekanini alohida ta'kidlash kerak. Zero, daraxt qurib-qaqshagan cho‘lda emas, saxovatli zaminda barq urib o‘sadi, meva beradi. Ilmu ma'rifat, madaniyat rivoji doimiy e'tiborda, ma'rifat ahli har tomonlama qo‘llab-quvvatlangan mamlakatda ana shunday ulug‘ yuksalishlar bo‘ladi. Ma'rifatli jamiyatda mehnatga rag‘bat, mehnatkash elda esa ma'rifatga intilish, tinchlik, barqarorlik va ahillik bo‘ladi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, ahil, o‘z yo‘lida sobit xalq buyuk ishlarga qodir bo‘ladi. Shukrki, biz ana shunday baxt nasib etgan saodatli xalqmiz.

Kitob do‘konlaridagi ishlar ko‘lami va samarasini bilmoq uchun nashriyotlar, nashriyotlardagi ahvolni anglamoq uchun bosmaxonalar faoliyati bilan tanishmoq kerak. Chunki kitob - tovar. Tovarni tayyorlash (nashriyot), ishlab chiqarish (bosmaxona), sotish (do‘kon) jarayoni o‘zaro bog‘liq, yaxlit tizimki, ularni bir-biridan ayri holda tasavvur etish qiyin.

Gapni kitob do‘konlaridan boshlaylik. Qaysi do‘konda qanday kitob­lar sotilayotgani bilan qiziqib, o‘rganib shunday xulosaga keldimki, bugun kitobxonning talabi ham, kitob do‘konlariyu nashriyotlar va bosmaxonalar faoliyati ham butunlay o‘zgargan. Ularni mus­tabid tuzum davridagi faoliyati har tomonlama cheklangan va chegaralangan, qashshoq va qoloq texnikaga kuni qolgan nashriyotu bosmaxonalarga, “qizil g‘oya bilan sug‘orilgan” kitob­larni mutolaa qilishga “mahkum etilgan” kitobxonga aslo muqoyasa qilib bo‘lmaydi.

Bu, avvalo, kitob do‘konlaridagi beqiyos o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Ilgari qaysi kitob do‘koniga kirsangiz, avvalo, yaxshilab aksa urar edingiz: chunki torgina xonada bir-biriga qalashib yotgan kitoblarga o‘rnashib qolgan “ming yillik” chang dimog‘ingizni “qitiqlar” edi. O‘sha zamondagi barcha savdo do‘konlarida bo‘lgani kabi sizni iddao bilan qarshi oladigan “o‘zi - xon, ko‘lankasi - maydon” sotuvchi kitoblarni jo‘ngina taxlab qo‘yish nari tursin, aqalli, changini artishni ham lozim topmasdi: “olsang - shu, olmasang, ana, katta ko‘cha, yo‘lingdan qolma...” Inson sha'nini shu tariqa yerga urish, manfaatlarini oyoq osti qilish taqchillik saltanatining eng og‘ir xastaligi edi. Chunki mehnat va tashabbusning qadri, rag‘bati yo‘q edi: sotuvchi bitta kitob sotsa ham, mingta kitob sotsa ham belgilangan maoshni olardi.

Bugun katta-kichikligidan, qish­loq yoki shahardaligidan qat'i nazar, barcha kitob do‘konlarida ko‘zni va dilni quvontiradigan bir holat e'tiboringizni tortadi. Bu - batartiblik, yorug‘lik, ozodalik va sotuvchilarning xushmuomalaligi. Kitoblar javonlarga mavzulariga qarab tartib bilan terib qo‘yilgan: badiiy, ilmiy, texnik adabiyotlar, bolalar kitoblari, xorijiy tillardagi nashrlar... Do‘konga kirgan har bir mijozni sotuvchi tavoze bilan qarshi oladi. Xaridor izlagan nashr­ni topishda astoydil yordam va maslahat beradi. Mabodo, o‘sha kitob sotuvda yo‘q bo‘lsa, buyurtma orqali topishda ko‘maklashadi. Ilgarigidek sotuvchining qovoq-tumshug‘iga qaramaysiz, tahqirlanmaysiz, ezilmaysiz, eng muhimi, unga yalinmaysiz! Negaki, sotuvchi sizning xaridingizdan, ko‘proq kitob o‘qishingizdan, do‘koniga tez-tez kirib turishingizdan, boshqacha ayt­ganda, ma'rifatga intilishingizdan manfaatdor. Kitob do‘konlarimiz haqiqiy ma'rifat maskanlariga aylanib borayotgani go‘zal!

Poytaxtimizdagi kitob do‘konlarida ko‘rganlarim, kuzatganlarim asosida yozayapman bu xulosalarimni.

«Sharq ziyokori» kitob do‘konlari tizimini bugun butun O‘zbekiston ahli biladi. Barcha viloyatlar, hatto tumanlar markazlarida ham filiallari - do‘konlari bor. Bu do‘konlar orqali har yili minglab nomdagi milliardlab so‘mlik kitob sotiladi. Mabodo, siz istagan kitob do‘kon javonida bo‘lmasa, kuyunmang, buyurtma bersangiz, topib berishadi. Kitob savdosining zamon talablari asosida tashkil etilishi samarasida ushbu tizim do‘konlarida 2008-2012 yillar mobaynida kitob savdosi hajmi qariyb ikki baravar oshgan.

«Sharq ziyokori»ning Toshkentdagi do‘koniga kirib, kuzatib turdim. Ertalab soat o‘nlar edi. Badiiy adabiyotlar bo‘limiga yarim soat ichida 17 xaridor kirdi va ko‘pchiligi kitob xarid qildi. Sotuvchilarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Men «Davr» nashriyoti tomonidan «Eng go‘zal ertaklar» turkumida g‘oyat sifatli qog‘ozga chop etilgan va chiroyli rasmlar bilan bezatilgan beshta kitobni sotib oldim. Narxini aytsam, buncha arzon, deb ajablanasiz: bir ming yetti yuz so‘mdan.

Bu arzonlikning zamirida mamlakatimizda yoshlar ma'naviyatini yuksaltirishga qaratilayotgan ulkan e'tibor mujassamdir. Bunda Prezidentimizning 2011 yil 30 dekabr kuni qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida»gi qarori muhim omil bo‘lmoqda. Ushbu qarorga binoan 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va nashriyotlarga ko‘plab soliq imtiyozlari va yengilliklari berildi. Jumladan, ular ijtimoiy-siyosiy hamda bolalar adabiyotlarini, imkoniyatlari cheklangan shaxslarga mo‘ljallangan adabiyotlarni sotishdan olingan foydadan foyda solig‘ini hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ini to‘lashdan to‘la ozod etildi. Kitob mahsulotlarini sotishdan va ularning nusxalarini ko‘paytirish bo‘yicha xizmatlardan olinadigan daromadlar qismida Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda Ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalarni to‘lashdan, xorijdan olib kelinadigan qog‘oz, poligrafiya materiallari va axborot saqlash moslamalari, uskunalar bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) besh yil muddatga ozod etildi. Ommaviy axborot vositalari va kitob mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortilmaydigan bo‘ldi. Mikrofirmalar va kichik korxonalarga tegishli ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, poligrafiya tashkilotlari, teleradioeshittirish kompaniyalari uchun yagona soliq to‘lovi stavkalari 6 foizdan 5 foizga, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” jamg‘armasiga nash­riyot va matbaa tashkilotlari to‘laydigan majburiy ajratmalar miqdori ikki foizdan bir foizga, gazeta, jurnallar va kitob mahsulotlarini chakana sotishga ixtisoslashgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliq stavkasi o‘rta hisobda 2 barobarga pasaytirildi.

- Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan nashriyotlar va matbaa korxonalari sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan doi­miy e'tibor, yaratilayotgan imtiyoz va afzalliklar samarasida ulardagi uskuna va jihozlar texnik jihatdan yangilanib, izchillik bilan modernizatsiya qilinmoqda, - deydi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari R.Safoyev. - Bu matbaa mahsulotlari tannarxini sezilarli tarzda kamaytirish, sifatini oshirish, import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishda muhim omil bo‘lmoqda.

“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyining bosma sexiga yaqinda Germaniyaning “CTP-Agfa Avalon 8-20Sc” uskunasi o‘rnatildi. Ushbu zamonaviy texnologiya ofset bosma qoliplarini qimmatbaho kumush moddasiga asoslangan fotoplyonkadan voz kechib, kompyuter texnikasi vositasida bevosita tayyorlash imkonini beradi. Natijada ishlab chiqarish jarayoniga sarflanadigan vaqt, katta mablag‘, qimmatli xom­ashyo materiallari tejalib, bosma mahsulotlarning sifati yanada oshadi. Buyuk Britaniyaning “Perfekt-115 TS” yangi kompyuterlashtirilgan ikkita qirqish uskunasi ham ana shunday maqsadga xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda bir ajib holat yodga tushadi: ilgari biz oddiy albom-kitobni ham falon ming valyuta to‘lab, xorijdagi bosmaxonalarda chop ettirardik. Endi dunyoning turli mamlakatlarida o‘tayotgan nufuzli xalqaro kitob yarmarkalarida matbaachilarimiz tomonidan chop etilgan kitoblarimiz o‘zining yuksak mazmuni va yuqori poligrafik sifati bilan sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishi odatiy holga aylandi. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi qayd etilgan qaroriga binoan berilgan imtiyozlar natijasida bugun kitoblarning tannarxi yanada arzonlashib, ularni chop etish miqdori va sifati sezilarli darajada oshmoqda, kitobxonlarning safi tobora kengaymoqda. Bundan o‘n-o‘n besh yil burun Toshkentda kitob do‘konlarini barmoq bilan sanash mumkin edi. Endi poytaxtimizning o‘zida kitob sotishga ixtisoslashgan yuzlab do‘konlar, internet magazinu tashkilotlar samarali faoliyat yuritmoqda. Yo‘q, adashmadingiz, bu o‘rinda «samarali» so‘zini behuda ishlatmadim. Zero, kitob savdosi hozir biznesning eng qulay, eng foydali va eng barqaror turiga aylanganini tadbirkorlarning o‘zlari mamnuniyat bilan ta'kidlamoqda. Bu, avvalo, davlatimiz rahbarining qaroriga binoan kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar va tadbirkorlik sub'yekt­lariga berilgan ko‘plab imtiyoz va yengilliklar, kitobxonlar safining izchil kengayib, odamlarda kitob o‘qishga qiziqish va intilish tobora oshib borayotgani bilan bog‘liqdir.

Kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan bir tadbirkor o‘afur o‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyiga O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq Yozuvchisi Said Ahmadning «Ufq» romanini besh ming nusxada qo‘shimcha chop etish to‘g‘risida buyurtma bergani va tayyor bo‘lgach, olib ketgani bunga misoldir. Bozor iqtisodiyotining o‘ziga xos tomonlaridan biri - talab va taklif o‘rtasidagi mutanosiblikdir. Odamlarda talab bordirki, ushbu nashriyot tomonidan Alisher Navoiyning 10 jildlik to‘la asarlar to‘plami, o‘afur o‘ulomning “Tanlangan asarlari” bir yil ichida ikki marta, Abdulla Qahhorning «Anor» hikoyalar to‘plami lotin alifbosida uch marta qayta chop etilgan.

Faoliyati asosan badiiy adabiyotlar tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq mazkur nashriyot-matbaa ijodiy uyidan ma'lum qilishlaricha, 2012 yilda ushbu korxona tomonidan 136 nomdagi badiiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ommabop va metodik adabiyotlar nashr etilgan. Ularning umumiy adadi 2,4 million nusxadan oshib ketgan. Eng muhimi, badiiy adabiyotlar soni va adadi - ikki baravar, bolalar adabiyotlari uch baravar oshgan.

Ilgari nashriyotlar faoliyati asosan kitobni nashrga tayyorlab, bosmaxonaga topshirishdan iborat bo‘lar, chop etilgan kitob sotiladimi, omborxonalarda chang bosib yotadimi - noshirlarning unchalik «boshini og‘ritmas» edi. Hozir marketing xizmati nashriyotlarning eng katta va nufuzli bo‘linmasiga aylangan. Endi siz zarur kitobni, nafaqat do‘konlardan, balki nash­riyotning o‘zidan ham bevosita, jumladan, internet orqali xarid qilishingiz mumkin. Buni o‘zim sinab ko‘rdim: o‘afur o‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyining internetdagi sayti orqali Abdulla Qahhorning «Anor» kitobiga buyurtma berdim. Kitobni o‘sha kunning o‘zida olib kelib berishdi.

Zamon qo‘yayotgan talablar, shakllangan o‘zaro sog‘lom raqobat nash­riyotlarni nafaqat o‘qishli, badiiy va ilmiy saviyasi baland kitoblarni tanlash va chop etishga, balki o‘zining «tayyor mahsuloti» - kitobni sotish ishiga ham bosh qo‘shishga undamoqda. Bugun mamlakatimizdagi deyarli barcha yirik nashriyotlar o‘z savdo do‘konlari va dillerlariga ega.

Ayni paytda, mamlakatimizda bu sohada hali foydalanilmayotgan ulkan imkoniyatlar mavjudligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu kitoblar targ‘ibotida yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Mahsulot - tovar - kitob bor, ishlab chiqaruvchi - nash­riyot, muallif, bosmaxona bor, lekin uning targ‘iboti va reklamasi bilan muntazam va tizimli shug‘ullanadigan tashkilot yo‘q hisobi. Shu bois sotilmay yotgan kitob ham, o‘zi uchun zarur kitobni topolmayotgan kitobxon ham kam emas.

Sir emas, kitobni sotish bilan ayrim hollarda mualliflarning o‘zi shug‘ullanadi. Ta'lim dargohlari, turli tashkilot va korxonalarda tanish-bilishlari bor mualliflarga osonroq - o‘shalarni ishga soladi. «Mana bu yaxshi kitob ekan, ol», deb turgan domlasining gapini qaysi talaba yoki o‘quvchi rad qila oladi. Yoki bosh shifokor «imo qilsa», hamshira xo‘p deyishi aniq: kitobni aytilgan narxda oladi. Natijada har qancha o‘qishli, qiziqarli va foydali bo‘lmasin, bunday kitobning qadri, bozori o‘tgan matohdek, kitobxonning oldida keskin tushadi: «Majburan sotishayaptimi, demak, o‘qishga arzimaydi!..»

Avtobusu taksilarning «biqinida», shoh ko‘chayu tor ko‘chalarda, bozoru do‘konlarda, dorixonayu shifoxonalarda, internetda, ommaviy axborot vositalarida - xullas har qadamda mineral suvdan to kiyim-kechakkacha, oziq-ovqatu dori-darmon, sayohatu dam olish, konsertu tomoshagacha bo‘lgan minglab turdagi mahsulotlar, tovarlar, xizmatlar reklamasiga duch kelamiz.

Reklamaning ko‘pligi, turfa xilligi - xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodligi yuksalib borayotgani, iqtisodiyotimiz muttasil rivojlanayotgani, mamlakatimizda inson qadriga, uning manfaat va ehtiyojlarini ta'minlashga e'tibor oshayotganining amaldagi ifodasidir. Qani endi, tobora kengayib, rang-baranglik kasb etib borayotgan ana shunday takliflar, chorlovlar va xitoblar - reklamalar orasida noshirlarimiz, matbaachilarimiz, kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tujjorlarimizning ham ovozi barallaroq jaranglab, o‘z mahsulotlarini keng va faol targ‘ib etayotgani ko‘zga yaqqolroq tashlanib tursa! Kiyim-kechak, mebel, oziq-ovqat kabi minglab turdagi mahsulotlarni sotayotgan internet magazinlarimizning qatorida paydo bo‘layotgan kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan internet do‘konlar soni ko‘paysa. Men ana shunday do‘konlardan biri - «Book­Store.Uz”ga kirdim: sotuvda to‘rt yuz mingga yaqin kitob bor ekan: Agata Kristi va Ryunoske Akutagavaning kitoblarini buyurt­ma bergan edim, ikki haftaga qolar-qolmas olib kelib berishdi. Bu do‘konda kitoblarni nafaqat sotib olish, balki sotish ham mumkin. Afsuslanarli jihati - Toshkentda faoliyat yuritayotgan shunday yirik do‘konda o‘zbek tilida, O‘zbekistonda chop etilgan birorta ham kitob yo‘q ekan.

Bu borada Amerikaning tarmoqlari butun dunyo bo‘ylab yoyilib ketgan amazon.com internet do‘koni tajribasini o‘rgansa arziydi. Qachonlardir oddiy garajda bitta eski kompyuterda ish boshlagan ushbu do‘konning 2008 yildagi tovar aylanmasi 19,2 milliard dollardan oshgani o‘rganishga arziydigan ishdir. Turli til va mavzulardagi millionlab nusxa kitob sotuvga qo‘yilgan ushbu do‘konda o‘zbek tilida 307 nomdagi minglab nusxadagi kitoblar bor ekan.

Reklama va targ‘ibotning kuchini, samarasini quyidagi misoldan ham ko‘rish mumkin: o‘afur o‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi Alisher Navoiyning 10 jildlik to‘la asarlar to‘plamini, Abdulla Qahhorning «Anor» kitobini qayt-qayta chop etganining boisi o‘tgan yili «Ma'rifat», «Kitob dunyosi» gazetalarida bu kabi nashrlar haqida bot-bot reklama berilganida hamdir.

Ayni paytda, joylarda, ayniqsa, qishloqlarda kitob do‘konlarini ko‘paytirish ham bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan. Bu - bugun mutaxassislarni ham, kitobxonlarni ham, tujjorlarni ham - hammani o‘ylantirayotgan masala.

Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deydi xalqimiz. Bola kitobni sevishi uchun ota-onasining mutolaa­ga mehri baland bo‘lishi lozim. Buning uchun uyida kitob mo‘l bo‘lishi, uni xarid qilish uchun esa joylarda kitob do‘konlari yanada ko‘paymog‘i kerak. Otalardan farzandlariga faqat hashamatli uy-joy, mashina, mol-dunyo emas, kitoblar ham meros qolsa qani edi!

Bugun biz maqtansak arzigulik bir-biridan mahobatli, zamonaviy va qulay supermarketu gipermarketlarimiz ko‘p. Ulardagi turfa tovarlardan, taqdim etilayotgan xizmatlardan bahramand bo‘layotgan yurtdoshlarimiz mamnun. Ayni paytda, azaldan ilmu ma'rifat markazlaridan biri bo‘lib kelgan mamlakatimizda, jumladan, poytaxtimizda kitob do‘konlarining safi muttasil kengayib borayotganiga qaramay, ana shunday zamonaviy supermarketu gipermarketlar bilan bo‘ylashadigan va istalgan kitobni xarid va mutolaa qilish, dam olish, shoir va Yozuvchilarning kitobxonlar bilan uchrashuvlari, yangi kitoblarning taqdimotlari, boshqa ko‘plab madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazish mumkin bo‘lgan yirik savdo markaziga tobora katta ehtiyoj sezilmoqda. Poytaxtimiz ziyoratiga kelgan kishi zamonaviy kutubxonalarimiz, muzeylarimiz, galereyalarimiz, ko‘rgazma zallarimiz, istirohat bog‘larimiz, qadimiy obidalarimiz bilan birga, muhtasham kitob markazimizni ham borib ko‘rsa, turfa tillarda chop etilgan kitoblarimiz, rang-barang albomlarimizni xarid qilsa, dam olsa!..

Qadimda o‘tgan donishmandlardan biri kitobsiz uyni ruhsiz tanaga o‘xshatgan ekan. Kitob do‘konlarimizdagi bugungi gavjumlik, kitobxonlar safining tobora kengayib, kitobdorlik ishlarining muttasil rivoj topib borayotgani xonadonlarimizda pokiza ruh, fayzu baraka yuksalayotganidan dalolatdir.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2013).

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.