background
logotype

Qulman Ochilov. Muchchi (hikoya)

Xonasidan chiqayotgan Jovlievni kimdir turtib yubordi. Zarda bilan burilib qarasa, kichik ilmiy xodim – so‘loqmondek Nor yonidan quyunday uchib o‘tayotir.
– Ha, ukajon, tinchlikmi? Mabodo it-pit quvlayotgani yo‘qmi?
– Ie, kechirasiz, Himmat aka! Uzr! Ming bor uzr! – deya shosha-pisha kechirim so‘ray boshladi yigit. – Haligi... ishga sal kech qoluvdim, qabulxonaning oldidan tezroq o‘tib ketay deb... Shefning ko‘zi tushib qolsa, yana dodlab o‘tirmasin.
Jovliev uning kalovlanishiga kulimsiragancha qarab turdi.
– Ishga kech qolganing-ku, mayli... Lekin, odam degan sal...
Eshigi ochiq turgan qabulxonaga olazarak qaragan Norning ko‘zlari kosasidan chiqib ketayozdi.
– A?! Palto!.. Keldimi?
– Keladi-da! – Jovliev qabulxonaga, ilgakda osig‘liq turgan qora paltoga nazar tashlab oldi. – Kelmaydi deb o‘ylaganmiding?
– Voy enag‘arning qizi-ey! – Norning rangida rang qolmadi. – Ko‘nglim sezgan edi-ya. Qaerda? Direktorning oldidami?
– Yana qaerda bo‘lsin! Prokuraturaga yo melisaga borsinmi?
– I-i, unaqa demang, aka! Odamni qo‘rqitmang-da!
– Qani, bu yoqqa kiraylik-chi.
Jovlievning zax hidi anqib turgan xonasiga kirishdi. Jovliev to‘rdagi joyi – qizil ko‘rpacha solingan yog‘och kursiga borib o‘tirdi.
– Shu ish yaxshi bo‘mapti, ukam. Sendan institutimiz ilmiy jamoasining umidi katta edi.
– Nega “edi” deysiz, aka? Axir!..
 – E, qiziq ekansan-ku, uka! Nima deyin? Direktor shu bugunoq kovushingni to‘g‘rilashi aniq-ku...
– Unaqa demang, aka-a! Axir ilmiy ishim.
– “Ilmiy ishim, ilmiy ishim...” Men o‘lasan desam, bu kulaman, deydi-ya!..
Jovliev o‘rnidan turib ketdi. Qo‘llarini tahdidli silkitdi. Boshlarini afsus va nadomat bilan chayqadi:
– Hah, homkalla-ya!
– Nima qilay, aka? Yordam bering!
– Xo‘p, yashirmasdan, ochig‘ini ayt-chi, nima bo‘lgan edi o‘zi?
Nor kalovlanib turdi.
– Shanba kuni narigi ko‘chadagi kutubxonaga kirsam, kutubxonachi ayol yolg‘iz o‘zi... nima desam ekan... zerikib o‘tirgan ekan. Hazil-huzul bilan gap tashlasam, yoqqanday bo‘ldi. Qizishib... hayajonlanib ketib, shartta quchoqlab, muchchi olganimni bilmay qolibman... Yuzi baqanikiday – muz ekan. Tarsaki tortib yubordi. Ko‘zimdan o‘t chiqib ketdi... – Nor chap yuzini silab qo‘ydi. – Qochib qoldim... Bo‘lgan gap – shu.
– Izingdan baqirib-chaqirib qolgandir?
– Baqirganda-chi! “Kapangni kuydiraman!” deb qichqirdi. Yomon shallaqi ekan.
– Hayronman, seni nima jin urdi o‘zi, uka? Gulday xotining turib, qayoqdagi alvastilarga suykalib yursang-a!
– Xotinim qishloqda... Ancha bo‘ldi. Ko‘zi yoriydigan...
Hamon tik turgan yigit bir zum yerga tikilgach, Jovlievning qarshisidagi eski, yag‘iri chiqib ketgan stulga “shilq” etib tushdi.
– Obbo! – dedi Jovliev. – Masala men o‘ylagandan ham jiddiyroq shekilli. Endi ishdan haydalishing aniq. Ilmiy ishing ham shu bilan “kaput” bo‘ladi. Bu gaplar kelinning, qarindosh-urug‘ingning qulog‘iga yetib borishi ham tayin. Obbo!.. – U taqir boshini yana afsus bilan chayqadi. – Melisaga borganga o‘xshaydi bu shallaqi. Bir ishing – melisaga, bir ishing balnisaga tushmasin, ukam!.. Zo‘rlashga harakat qilgan deb jinoyat ishi ochishsa-chi, ana undan keyin ko‘rasan tomoshani! Teginmaganman deb isbotlab bo‘psan! Yanglishmasam, 92-modda. Uch yildan sakkiz yilgacha...
Nor qora terga tushib ketdi.
– Hammasidan ham, uka, bu modda bilan sudlanib qamoqqa tushgandan ko‘ra, o‘lgan yaxshi. Eshitgandirsan, u yoqda ayab o‘tirmaydi... O‘zing oppoqqina, silliqqina bolasan...
– Himmat aka! Jon aka, bir ilojini qiling!.. Qutqaring!..
Jovliev stol ustidan ko‘zoynagini olib cho‘ntagiga soldi:
– Mayli, direktor bilan gaplashib ko‘ray-chi. Balki biror yo‘lini qilarmiz. Lekin sen avval direktorning nomiga tushuntirish xati yozib ber.
– Tushuntirish xati? – Nor Jovlievga hayron bo‘lib qaradi. Beo‘xshov kuldi. Labini tishladi. Yelkasini qisdi.
– Ha! “Kutubxonachi ayoldan hazillashib bir o‘pich olganim rost. Endi bunday noma’qul ishni takrorlamayman. Yengiltaklik qilganim uchun uzr so‘rayman”, deb yozasan. Yili, kun, oy, imzo. Vassalom!
Nor shoshilmasdan yozdi. Jovliev xatni uning qo‘lidan yulib olib, o‘zini qo‘shni xonaga urdi:
– Yana bitta laqqa baliq to‘rga tushdi-i-i! – dedi qo‘lidagi sarg‘ish qog‘ozni silkitib. – Nor polvon choyxonapalovga erimasa, mana bu tushuntirish xatini xotiniga ko‘rsatamiz!..
– Qanaqa tushuntirish xati, Himmat aka? – dedi uning ortidan kirgan Nor. – Adashmayapsizmi mabodo? Men hech qachon, hech qanday tushuntirish xati yozmaganman.
– Bu nima?
– O‘qib ko‘ring-chi!
Jovliev ko‘zoynagini qanshariga qo‘ndirdi:
“Himmat aka, qachongacha o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini olasiz? Oshdan ko‘ra, ishni o‘ylasangiz bo‘lardi! Nor”.
Nor barmoqlari uchini labiga tegizdi va kaftini ochib Jovlievga qarab yengilgina pufladi, muchchi – o‘pich yo‘lladi:
– Shunaqa!..

“Oila davrasida” gazetasi, 2012 yil 11 oktyabr.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.