background
logotype

Qulman Ochilov. Ota (hikoya)

Avtoinspektorlar ham anoyi emas, radar apparatini daraxt shohlari orasiga tiqib, o‘zlari panada poylab turishadi. Ko‘pchilik haydovchi bu hilvat va ravon yo‘lda mashinasining gazini bosishi tayin. Ko‘chaning boshida paydo bo‘lgan sariq "Jiguli" ham tezlikni shunday shitob bilan oshirdi. Daraxtlar orasidan barvasta inspektor yugurib chiqib, shosha-pisha qizil tayoqchasini baland ko‘tardi:
 -Churr-r!..
 -Obbo! - dedi futbolkasining yengidan baquvvat mushaklari chiqib turgan haydovchi yigit.- San yetmay turganding! Endi trenirovkaga kech qolishim aniq!
 -Savil, taksida kelaversam bo‘larkan! - dedi yonida o‘tirgan oltmish yoshlardagi oq sochli kishi. U bo‘ynini siqib turgan galstugini to‘g‘rilab, kostyumining tugmasini yechib qo‘ydi. - Jarima degani ham osmonga chiqib ketgan hozir.
 Mashina inspektordan o‘n metrcha o‘tib to‘xtadi.
 -Mashinadan tushma. Tushsang, pandavaqi ekan, deb o‘ylaydi. O‘zi kelsin.
 -Qandoq bo‘larkin, ada. Jahli chiqmasmikin?
 -Chiqsa-chi? Yosh bola emassan. O‘zingni sal siporoq tut. Nari borsa, jarimasini olar.
 Avtoinspektor daraxtlar panasidan qanday tez yugurib chiqqan bo‘lsa, "Jiguli"ning yoniga shunchalik sekin keldi. Imillashidan ensasi qotgani shundoq sezilib turardi.
 -Serjant Akmalov! – Kaftining uchini chakkasiga tegizib salom berdi u. - Hujjatlaringizni ko‘rsam maylimi?
 Haydovchining yonida o‘tirgan odamga ko‘zi tushib, oynasi tushirilgan eshik derazasigacha engashdi:
 -Assalomu alaykum, amaki!
 -Vaalaykum assalom, o‘g‘lim! Charchamayapsizmi?
 -Shukr! - deb javob qildi yuzlari oftobda qoraygan qiyiq ko‘zli inspektor.
- Oshgami?
 -Ha, oshga.
 Inspektor hujjatlarni xafsalasizlik bilan ochib, birrov ko‘z qirini tashlagan bo‘ldi-da, egasiga qaytardi.
–    Marhamat! - Bu gal u qaddini astoydil g‘oz tutib, samimiy chest berdi. - Faqat, ukajon, sal sekinroq haydang. Xo‘pmi?
 -Xo‘p!
 -Bu yigit o‘g‘lingizmi, amaki?
 -O‘g‘lim.
 -Oq yo‘l!
 -Rahmat, o‘g‘lim!
 -Salomat bo‘ling, amaki!
 -Ko‘rdingmi! -dedi ota mashina joyidan jilgach. - Hozir oldiga yugurib borganingda, ancha boshingni qotirgan bo‘lardi.
 -Sizni deb indamadi, ada.
 O‘g‘lining bu e’tirofi otaga yoqdi, lekin:
 -Tushunmadim? - dedi. - Nega?
 -Yoshingizni hurmat qildi.
 -Yoshimni emas, galastugimni hurmat qildi, - deb kuldi ota. -Katta odamga o‘xshaydi, boshimga ortiqcha tashvish orttirmay, dedi.
 «Yo‘q, rahmi keldi, - deb xayolidan o‘tkazdi o‘g‘il.- Eski «Jiguli»sida ketayotgan pensiyadagi maktab o‘qituvchisi bilan adi-badi aytishib o‘tiramanmi, dedi».
 «Dadamga o‘xsharkanlar, - deb xo‘rsindi mashinaning ortidan ma’yus qarab qolgan avtoinspektor. - Rahmatli dadam hayot bo‘lganlarida, men ham mashinamga mindirib to‘ylarga, oshlarga olib borardim. Duolarini olardim!..»

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.