background
logotype

Qulman Ochilov. Oy ham yolg‘iz emas (hikoya)

Necha haftalardan buyon mayin yomg‘iru yengil shabadalardan o‘zga ne’matini tuhfa etolmagan qish o‘sha kuni qishligini qildi. Tunda boshlangan bo‘ron kunduzi ham ko‘z ochirmadi. Ko‘cha-ko‘yni qalin, og‘ir nam qor qopladi – yurish qiyinlashib qoldi. Ulkan shaharga parokandalik oralaganday bo‘ldi. Biz odatda ko‘ylakchan o‘tiradigan xonalarimizda telpagu paltoda ham sovuqota boshladik. Barmoqlarimiz qalam ushlashga qovushmay qoldi. Nima qilishimni bilmay, chop etishga tayyorlanayotgan maqolani sinchiklab o‘qishga tushdim.
    
«Bu dunyoda insonni azoblash usullari ko‘p, – deb boshlanardi maqola. – Ammo azoblar ichida biri borki, hech kimning boshiga tushmasin. Bu – yolg‘izlik. Qamoqxona qiynoqlarini ko‘raverib, diydasi qotib ketgan ashaddiy jinoyatchilar ham dosh berolmaydi unga. Mayli, har qancha azoblashsin, mayli qamoq muddatini uzaytirishsin, faqat to‘rt devor ichida yolg‘iz o‘zi o‘tirmasa bo‘lgani. “Yolg‘izlik oyga yarashadi”, – deydi shoir, ammo ko‘kdagi hilol ham yolg‘iz emas, minglab sayyoralar muhitida suzadi».

«Qanday genial fikr!» – deb yana bir bor quvondim va ishtiyoq bilan o‘qishda davom etdim: “Yolg‘izlik hech qachon, hech kimga yarashmagan. Shu bois bo‘lsa kerak, Muqaddas kitobimizda, biz hamma narsani jufti bilan yaratdik, deyiladi. Lekin jufti bilan yaratilish jufti bilan yashash degani emaskan, afsuski...»

Eshik «g‘iyq» etib ochildi. Boshimni ko‘tardim. Ostonada egniga yupqa kamzul, boshiga chust do‘ppi kiygan qariya mo‘ltirabgina qarab turardi. Hammamiz o‘rnimizdan turib ketdik. «Shunday bo‘ronli kunda-ya?» – degan savol barchamizning xayolimizdan kechdi, chamasi. Buning ustiga, cholning qo‘lida asosi ham bor edi. Ko‘rishdik. So‘rashdik. Iliklari tarashadek qotib, terilari yorilib ketganini ko‘rib, achindik. Shosha-pisha suv qaynatib, issiq choy bilan mehmon qilgan bo‘ldik. U kishining ko‘ksida yaltirab turgan orden-medallari ham diqqatimizni tortdi. Ayni paytda uzoqlardan kelayotgan bu mehmonning havorang ko‘ylagi yoqalari kir, tugmalari oq, qizil, qora amal-taqal tikilganligi, soch-soqoliga tig‘ tegmaganiga ancha bo‘lganini ko‘rib, ajablandik.

- Kecha poezdga bilet olguncha charchagan ekanman, – deb gap boshladilar otaxon, – vagonda qotib uxlab qolibman. Paltom bilan yangigina suvsar telpagimni o‘g‘iri urib ketibdi.

– Ob-bo! – tashqarida uvillayotgan bo‘ronga ishora qildim men. – Sovuq yeb qopsiz-da?
– Yo‘q, unchalikmas, – kuldilar mehmon. – Frontda bunday sovuqlarning ko‘pini ko‘rganmiz.
    
Otaxonning bardamligiga havasim keldi. Shuncha narsasini yo‘qotibdi-yu, ko‘ngliga hazil siqqaniga qoyil bo‘ling-da.

Mehmon cho‘ntagidan mushtugini olib, shoshilmasdan unga tamaki joyladi. Ikki-uch bosib-bosib tortgach, yerga tikilgancha, pastgina ovozda gap boshladi.

– Anavu «Oila» bo‘limingiz bor-ku? Shunga keluvdim...

Ochig‘i, bu gapni kutmagan edim.

- Nima, o‘zingiz uylanmoqchimisiz? – deb yuborganimni sezmay qoldim.

U nigohini yana olib qochdi:

- Ha. Durustroq ayol chiqsa. Bola-chaqasiniyam boqaman. Uy-joyimni, nafaqamni xatlab beraman.

– Yolg‘izmisiz?

– Uch yil bo‘ldi kampirim qazo qilganiga. Buyog‘ini so‘rasangiz, o‘g‘lim, uch yildan beri tongda turamanu bozorchadan bir piyola qaymoq bilan bitta issiq non olib, choyxonaga chopaman. O‘sha yerda choyxonachi bilan birga nonushta qilaman. Birpasdan keyin yana bozorga tushib, oshga masalliq olib kelaman. Peshinda, palov pishay deganda, mahalladan chollar chiqishadi. Osh yeyilgach, hamma uyiga tarqaladi. Men esa choyxonada o‘tiraveraman. Xufton tushganida ham uyga ketgim kelmaydi. Hovlimga yaqinlashaversam, yuragim siqiladi. Vahima bosadi. Ishonsangiz, o‘g‘lim, o‘z uyim go‘rga o‘xshab ko‘rinadi ko‘zimga. Huvillab yotgan xonalar (uyim olti xonali, hovlim olti sotix, issiq-sovuq suv, tabiiy gaz – xullas, hamma sharoitim bor) yutib yuboray deydi. Kechalari yolg‘iz o‘zim ba’zan mijja qoqmay, ba’zan yig‘lab chiqaman. Mabodo o‘lib-netib qolsam, o‘lganimni bir haftagacha birov bilmasa kerak. O‘tgan oyda kasal bo‘lib, o‘rnimdan turolmay yotdim. Bir piyola issiq suvga zor bo‘ldim. Baraka topsin, choyxonachi xabar olib turdi...

Otaxon titragan qo‘llari bilan mushtugiga yana tamaki joyladi. Tutatdi.

– Yolg‘izlik suyak-suyagimdan o‘tib ketdi. Uylanay desam, biz tomonlarda bevalarning bozori chaqqon, yoshroqlari menga o‘xshagan chollarga qaragisi yo‘q, keksaroqlari, odam bo‘lib qolgan bola-chaqasidan uyaladimi, unamaydi. Yordam bering, o‘g‘lim, balki biror insofli ayol topilib qolar...

Men nima deyishimni bilolmay, o‘ylanib qoldim. To‘g‘risi, farzandingiz-chi, deb so‘ragim keldi, lekin yuragim dov bermadi. Shusiz ham o‘ksik, siniq ko‘ngliga yana ozor berib qo‘yishdan cho‘chidim. Tirnoqqa zor odamga bunday savol berishdan og‘iri bormi, lekin e’lonlar bo‘limining mudiri sifatida so‘rashim kerak edi.

– Bir o‘g‘il, bir qizim bor, – deb gapida davom etdi chol. – Mendan ikki ko‘cha narida yashaydi. Ikkalasi ham uy-joyli bo‘lib ketgan. Ko‘cha-ko‘yda yetti yot begonalar hurmatimni joyiga qo‘yib, salom beradi. O‘zimning pushti kamarimdan bo‘lgan bolalarim esa yonimdan teskari o‘girilib o‘tadi.

«Nega?» – deb xayolan so‘rayman choldan.

U nigohimdan shu savolni o‘qiydi, chamasi:

– Negaligini so‘rasangiz, – deydi yana ko‘zini yerga tikib, – ularning onasi bilan ellik yettinchi yili ajralishib ketganmiz. Ochig‘i, bizdan ham ozmi-ko‘pmi ayb o‘tgan. Vaqtida holidan xabar olmaganmiz. Kichkina xotinimizning gapiga kirib yuraverganmiz. Rahmatlining o‘zi esa bepusht chiqdi.
    
– Birinchi ayolingiz sizdan ajralgandan keyin turmushga chiqmaganmidi?

– Hamma gap shunda-da. Chiqmagan. Rahmatli u ham bultur o‘ldi. Bolalarni yolg‘iz o‘zi katta qildi. Shundan alam o‘tganmi, bolalarimning menga ko‘ngli yo‘q. Ikkk-uch marta ularning oldiga bosh egib bordim. Kechirim so‘radim. O‘tgan ishga salovat, yarashaylik, dedim. Uy-joyimga borib egalik qilinglar, menga hech narsalaring kerak emas, nevaralarimni o‘ynatib yursam, uyimdan inson ovozi eshitilib tursa, bas, dedim. Qayda, ko‘nishmadi. Bizga hovli-joyingiz ham, mol-dunyoingiz ham kerak emas, tinch qo‘ying, deyishdi. Mahalla-ko‘y aralashib ham hech ish chiqarolmadi...

Oraga noqulay sukut cho‘kdi.

– Biz sizga qanday yordam berishimiz mumkin? – deb so‘radim.

– Gazetangizga men haqimda e’lon bersangiz, bitta-yarimta kampir chiqib qolsa...

Chol uvillab turgan bo‘ronga qaramay, tahririyatimizga qanday kelgan bo‘lsa, shunday chiqib ketdi. E’lonni chop etdik:

– «67 yoshli, ikkinchi guruh urush nogironi (lekin hali ancha baquvvat) o‘ziga umr yo‘ldoshi axtarmoqda. O‘zi bilan umrguzaronlik qilmoqchi bo‘lgan ayolga 6 xonali uy-joy, 6 sotixli hovli, bir yarim ming so‘mlik nafaqa xatlab beriladi. Talabgorlar «Oila–13»ga deb xat yozsin…»

Oradan uch oy o‘tdi. Bir kuni xonada issiqdan lohaslanib o‘tirsam, yana o‘sha chol kirib keldi. Tavba, tag‘in o‘sha holatida: boshida gardishini yog‘ bosgan do‘ppi, kir yoqali havorang ko‘ylak, oyog‘ida changga botgan eski botinka... Ko‘zlaridan nur qochgan, behad horigan. Avtobus bekatidan idoramizga kelguncha harsillab qolibdi.

– Bu uchinchi kelishim, – dedi u peshonasining terini artar ekan. – Birinchi gal shanba kuni kelibman, idoralaring ishlamas ekan. Ikkinchi marta navro‘z bayramiga to‘g‘ri keldi, yana sarson bo‘lib, qaytib ketdim. Bunisida har qalay, topdim. Qani, o‘g‘lim, bobongizga kelgan xatlarni bi-ir o‘qib bering-chi.

Javondan yuziga “Oila -13” deb yozilgan jildni olib, cholning oldiga qo‘ydim. Ochdim: jild bo‘m-bo‘sh edi…

1991 yil.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.