background
logotype

Qulman Ochilov. Pista (hikoya)

 Ishdan so‘ng “Orzu”ga kirdim. Gipermarketdan chiqqanimda, ortimdan elektron eshik yopilmasidan, tarashadek qotma odam yugurib kelib, sumkamga qo‘l cho‘zdi:
 -Taksi bor, oka!.. Yo‘l bo‘lsin?
 Bunday paytda og‘zingizni ochishga ulgurmaysan. Qo‘lingda shishirilgan pufak ushlab turgan bo‘lsang ham, mulozim nadomatga zo‘r beradi. Do‘kon ostonasida soqchilikda turgan haydovchi ham ot yuzli boshini afsus bilan chayqadi:
 -Yukingiz og‘irgina ekan!
 -Yunusobodga boraman.
 -Ux-hu, shaharning narigi burjiga deng?
 Bu dalolatni eshitgan va Toshkentning dahayu mahallarini yaxshi bilmaydigan odam Yunusobodni Qoraqalpog‘istonning Shumanay tumanidan ham narida bo‘lsa kerak, degan xayolga borishi va yo‘l kirasini o‘ylab, yuragi tovoniga tushib ketishi aniq. Lekin hamma ham anoyi emas:
 -Aqshase qanshe? Aqshaseden so‘yleshang-che? - dedim shumanaylik do‘stimning lahjasida. Haydovchi oftobda qoraygan yuzimga qarab, meni poytaxtga kelgan mehmon deb o‘ylayotgani quvgina ko‘zlaridan sezilib turardi.
 -O‘n besh bersangiz yetadi.
 -O‘n besh? Neme, mene Yunusabatingga samalyotda ushirib alib ketesenme?
 -Ancha yo‘lda, oka, - bo‘shashdi haydovchi.
 -Ber munda sumkemne! – Dadillashdim men. - Ekke ayag‘em aman bo‘lsen! Ayag‘emda ketemende-jetamen!..
 Xullas, sakkizga kelishib, egasi tengi bo‘lmasa ham shunga yaqinroq yoshdagi, bo‘yalaverib yuzi satang kampirlarning daxaniday burishib ketgan sariq “Jiguli”ga o‘tirdik.
 Taksichi menga bir qarashdayoq yoqmagan edi. Yoqmasa netay, quda bo‘larmidim. Ko‘chada duch kelgan bir banda-da.
 -Ismim Asadulla, - dedi u mashinasining eshigini yopishim bilan.– Xotinimdan judo bo‘lganimga uch yildan oshdi.
 “Obbo! – deb o‘yladim orqa o‘rindiqqa joylashar ekanman. – Xudo urdi! Endi bora-borguncha gapiraverib, quloq-miyamni yeydi. Tul qolgan bo‘lsang, menga nima, uylantirib qo‘yaymi?”
 Ishdan charchab chiqqan odamga g‘ing yoqmasligini bu so‘qqabosh qaerdan bilsin. U gapni ob-havo yoki narxi navodan boshlaganida og‘zini qanday yopishni o‘zim bilardim. Lekin marhumaning haqqi-hurmati odob saqlashga va so‘zamol erining diydiyosini tinglashga majbur bo‘ldim. Bunday ezma bilan yashash bechora ayolga ham oson kechmagandir.
 - Xastamidilar? – dedim ensam qotganini sezdirmaslikka harakat qilib.
 - Ha.
 Ayol sho‘rlik saratondan ketgan ekan.
 -Qarilik pensiyasini olaman, - deb hikoyasini davom ettirdi Asadulla go‘yo begona odam haqida gapirayotganday. Nazarimda, hamrohim o‘z kechmishini mashinasiga oyog‘ini oshirgan inson borki hammasiga aytaverib ko‘nikib ketgan. – Yaxshiyam o‘z vaqtida bog‘chada besh yil qorovullik qilganim. Bo‘lmasa, shu arzimagan pensiyadan ham quriq qolarkanman.
 -Asli kasbingiz nima o‘zi?
 “Nima bo‘lardi, - deb o‘yladim, - fozogir yoki akademik emasligi aniq. Garov bog‘lashim mumkinki, nosfurush. Yo bozorda, yo mozorda suyagi qotgan. Go‘rkov bo‘lishi ham mumkin.”
 -Kasbimmi? Kasbim, uka, choponfurush...
 “Aytmadimmi! – deb taxminim to‘g‘ri chiqqanidan xursand bo‘lib ketdim. – Baribir “furush”-da! Savdogar! Ishi bitishi bilan “uka”ga o‘tib oldi! Burganing tishini ko‘rgan!”
 -Nima desam ekan? Xotinim, rahmatli, juda mehnatkash, aqlli ayol edi. Shunga yordamlashardim... Tikkan-bichgani, qaviganini bozorga olib chiqardim... Endi unday ayolni topolmayman, uka!
 -Farzandlar bormi?
 - Bor. Bir o‘g‘il, bir qiz. Uyli-joyli bo‘p ketgan.
 -Uylanib qo‘ya qolmabsiz-da?
 -Yolg‘iz ayol topish osonmi?
 -Yolg‘izi bo‘lmasa, farzandlaridan tingan beva son mingta-ku?
 -Farzandlaridan tinganining tashvish-u, xarajati ko‘p. Hali to‘g‘ilgani kun, hali to‘y-xasham, hali ma’raka... Bir tog‘ora somsa olib borsa ham pensiyamning yarmi ketadi. O‘zbekning kimi ko‘p, qarindosh-urug‘i ko‘p...
 -Yolg‘iz yashaysizmi?
 - O‘g‘ilni boshqa uyga chiqarib yubordim. Ikki yil bo‘ldi. Kelin otasinikida kattaog‘izlikka o‘rganib qolgan ekan. Ming‘ir-ming‘ir qilaverib qulog‘imni yeb qo‘ydi. Bolamni ham buzdi. Bir gap aytsam, o‘nta xato topadigan, asabiy bo‘p qoldi.
 -Qo‘rqmaysizmi?
 - Meni mushuk yermidi. Zeriksam, mashinamni minib, uch-to‘rt soat shahar aylanaman. Soliqchilardan qochib-pisib, tirikchiligimga yetadigan nasibamni topaman...
 -Issiq jon, tumovlanib-netib qolsangiz, deyman-da?..
 Chamasi, gapim Asadullaga unchalik yoqmadi. Gapni boshqa yoqqa burdi:
 - Ammo qozoqchani qiyib tashlarkansiz. Qoyil!..
 -Ha endi, - deb chaynaldim men.
 -Lekin ko‘rib turganingizday, taksi deganning ming xili chiqib ketdi. Biri-biridan xashamatli-ey. Odamlar “Jiguli”ga minishdan or qiladigan bo‘p qoldi.
 -Shu kunlarga yetkazganiga shukr demaysizmi, aka!
 - Shukr, shukr, deyman, uka!.. Kechalari uyqu bosgunicha pista chaqib, televizor tomosha qili-ib yotaman. Koladan xo‘plab-xo‘plab qo‘yaman. Koka-kola deganiyam yaxshi narsa bo‘lar ekan, ichsang, bir pasda yengil tortasan.
 Gavjum chorrahadan o‘tib, mahallamiz tomon burildik.
 -Mashinam benzinda yuradi. Birovlarnikiga o‘xshab gaz sasib yotgani yo‘q. Toza-ozoda...
 “Ko‘rdim-bildim” deyishga ulugurmadim, ko‘chamizga kirdik. Ikkita besh mingtalik uzatdim.
 -Mayda yo‘q-ku? – dedi Asadulla aybsinib.- Endi nima qildik? Qosh ham qorayib qoldi...
 -Qo‘yavering, aka, qolganiga ham roziman, - dedim sidqidildan va kuldim: – Uylansangiz, to‘yingizga ishlatarsiz...
 U menga yalt etib qaradi. Men pastkilabimni tishladim, u -yuqori labini.
 -Shoshmang! - dedi birdan va g‘alladonni ochdi. Kungaboqar pistasi joylangan ikkita yelimxaltacha chiqarib, bittasini menga uzatdi.
- Ikki mingdan olganman. – U yelimxaltadagi qo‘lda o‘qlovday qilib yozilgan “2” raqamiga ishora qildi.
 - To‘yonani yo‘lda emas, to‘yda beradilar, okasi!.. Oling!..
 Oldim.

«Hurriyat» gazetasi, 2015 yil 12 avgust sonida chop etilgan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.