background
logotype

Qulman Ochilov. Ruhni g‘ubor bosganda (ocherk)

Qo‘shnimizning qizi O‘rol opa haqida gap ketsa, ko‘pincha hamma, avvalo, uning sochlarini tilga olardi: sochi tovonini o‘padi. Mening ham haligacha ko‘z oldimda u kishining ikki o‘rim sochi turibdi. Saratonning sokin oqshomlari oldidan opamiz hovli supurganlarida sochlarini yo boshiga turmaklab, yoki beliga belbog‘dek bog‘lab olardilar. Ammo har ikki holda ham alp yigitning bilaklaridan yo‘g‘on o‘rimlarni eplashlari qiyin bo‘lardi. Kattalar-ku, o‘z yo‘liga, hatto hali qo‘liga kitob ushlamagan bolalar ham, u kishining yoyilgan sochlarini ko‘rishsa, yig‘layotgan bo‘lsa, yig‘isidan to‘xtab qolganlarini yaxshi eslayman. O‘rol opa balki o‘z chiroyi bilan Ko‘kdalamizning oldi qizi bo‘lmagandirlar, lekin soch va aql bobida u kishi yagona edilar.

Opamiz o‘n birinchi sinfga o‘tganlarida u kishining yonida bir yigit paydo bo‘ldi. Yigitki, ko‘krak tugmalari doim ochiq quyuq qora yoli ko‘rinib, kalta yengidan mushaklari o‘ynoqlab chiqib turardi. Kiprigining tagigacha soqol bosgan. Opamiz qanchalik nozik va ma’suma bo‘lsalar, akamiz shunchalik baquvvat, dadil va alp edilar. Ertalablari, hali dasturxon bo‘yiga o‘tirmasimizdan, deraza osha ko‘chaga qarashga shoshilardik va har tong qo‘shnimiz Hasan buvaning ko‘rimsizgina uyi yonida o‘sha yigitni ko‘rardik. Tamaki tutatganicha opamizning uyi tomon o‘htin-o‘htin qarab qo‘yadilar. Bir payt oq-qora atlas ko‘ylakda, o‘sha zamonlarda qishlog‘imizda ayni urf bo‘lgan oq tuflisini kiyib, ikki o‘rim sochi yerga tegay-tegay deb opamiz chiqardilar. Ular bir-bir bosib maktabga yo‘l olardilar. Kattalar ko‘proq derazadan (xufiyona), biz, bolalar yugurib ko‘chaga chiqib, ularni hayrat va havas bilan kuzatib qolardik. Ba’zi ayollarning, qizlarning havasdanmi-hasaddanmi, bilmayman, chuqur xo‘rsinganlarini eslayman. Keyin hammaning jag‘i ochilardi. Birovlar yigit-qizning kiftini keltirib so‘ksa, birovlar alqardi. Ammo kim nima desa, orqavoratdan aytardi. Uzuq-yuluq gaplardan bilib olganim - yigitning oti Mixli. Ko‘kdalada unga teng kelib mushtlashadigan yo‘q. Hamma cho‘chiydi. Yaqinda uzoq muddatli «safardan» qaytgan. Odamlar: «hammayog‘i bo‘yalib ketibdi», deyishganida, Mixli akaning baquvvat bilaklariyu qo‘llaridagi turli yozuv va rasmlar ko‘z oldimga kelardi. Xullas, xonadonlarda ertalab boshlangan g‘iybat endi tinay deganida, peshin kelar va opamiz Mixli akaning hamrohligida maktabdan qaytardilar. Endi hamma qiz va yigitni Hasan buvaning shalvirab qolgan uyigacha nigohlari bilan kuzatib qo‘yardi.

Qishlog‘imizda bir-biriga ofushta ko‘ngillar ko‘p bo‘lgan, hozir ham kam emas. Ammo hech bir yigit hech qachon o‘z ma’shuqasini mana shunday barchaning havasiyu hasadini, g‘azabiyu asabini qo‘zitib, ochiqdan-ochiq kutmagan, kuzatmagan. Bu uzoq yobonda joylashgan ovulimizda ayni zamonlarda ham g‘ayri odatiy hol, kelgusida ham shunday bo‘lib qolsa ajab emas.

Mixli akani biz qishning qor-bo‘roniyu ko‘klamning jalasida ham, yozning jaziramasiyu kuzning yog‘inli-sochinli damlarida ham – deyarli har kuni Hasan buvaning pastqamgina uyi yonida, O‘rol opani kutgan-kuzatgan holda ko‘radigan bo‘lib qoldik. Aytishlaricha, u shofyorlik qilar, ammo har qanday sharoitda ham hech bo‘lmaganda kuniga bir marta kelib, opamizni ko‘rib ketardi. Sekin-asta bunga ko‘pchilik ko‘nikdi. Kechagina «Aftlaring qursin, behayolar!» deb labini burishtirayotganlarga ham akamizning bu sobitligi bois shekilli, insof kirdi. Momolarimizning ikki yoshga o‘zlaricha baxt tilaganlari, otalarimizning esa ilgari «janjalni pulga sotib olishni xush ko‘radigan» Mixli akaga «xudo aql berib, bosilib qolganligi» haqidagi gurunglari qulog‘imizga chalinadigan bo‘ldi.

Keyin opamiz maktabni tugatdilar. Hamma to‘ydan gapira boshladi. Ammo undan hadeganda darak bo‘lavermadi. Qanchalik rost-yolg‘on, bilmayman, bu orada qizning keksa ota-onasi, ulla-bulla bu yer yutgurni kuyov qilmaymiz, deb ko‘z yoshi qilib o‘tirishganmish, degan gaplar tarqaldi. Lekin bunday mish-mishlar endi quvvatga kirib, qishloq bo‘ylab dadil o‘rmalay boshlaganida kutilmagan voqea yuz berdi: sovuq kuzning rutubatli oqshomlaridan birida kattakon yuk mashinasi keldiyu opamizni seplari bilan oldi-ketdi. Hasan buva ularning ortidan hassasiga suyanganicha o‘ksib-o‘ksib yig‘lab qoldi.

Yillar o‘tdi. Kecha ko‘cha changitishdan o‘zga tashvishi bo‘lmagan tengdoshlarimizning ovozi do‘rillab, yonidan sarvqomat qiz o‘tsa, xayoli qochadigan bo‘lib qoldi. Opamizning qarovsiz qolgan xasta ota-onasi kuyovining hovlisiga ko‘chib o‘tdi. Shu orada kelin-kuyovlar haqida yana pichir-pichir gaplar quloqqa chalina boshladi: bechoralar, tirnoqqa zor emish. Bunday hollarda pichir-pichirlar sekin-asta bichish-to‘qishlar bilan to‘yinib ketishi tabiiy. Birovlar «boyaqishlarga ko‘z tegdi», desa, yana birovlar «ota-onasini norozi qilgan farzandga bu ham kam. Hasan buva bilan kampirining qarg‘ishi urgan ularni», derdi. Ayrimlarning fikricha, kelin-kuyov bir-birini behad sevsa ham shunday bo‘lar ekan. Xullas, gap ko‘p edi.

Yetti-sakkiz yil burun qishloq ahli ularni nim tabassum bilan eslagan, kuzatgan bo‘lsa, endi er-xotinning ortidan achinish bilan qarab qolardi. Ilgari to‘y-tomoshalarning to‘rida xotin-qizlarning sarasi bo‘lib o‘tiradigan opamiz endi bunday shodiyona yig‘inlarga kam keladigan, keyinchalik umuman ko‘rinmaydigan bo‘lib qoldilar.

– Uyda yolg‘iz o‘zing zerikib o‘tirguncha to‘y-tomoshalarga chiqsang bo‘lmaydimi, deb yozg‘irardim ba’zan, –eslagandi keyinchalik Mixli aka.–Shunda yangangiz: «Qanday boraman, – derdi ko‘ziga yosh olib, – dugonalarim bolasini ergashtirib kelsa, men yostiqni ko‘tarib boramanmi?» Yangangizni-ku qo‘yavering, o‘zimning ham yig‘lab chiqqan kechalarim ko‘p bo‘lgan.

Ha, o‘zbek uchun farzandsizlikdan ko‘ra katta baxtsizlik bo‘lmas ekan. O‘rol opaning ikki o‘rim sochi yakkalashib, ilgari qad-qomatlariga yarashib turadigan ko‘ylaklari endi shalvirab qolgan edi. Er-xotinni ko‘pincha avtobus bekatida to‘rxalta ko‘targan holda ko‘rardik: hali qaysidir shahardagi shifoxonaga, hali qaysidir tabib, eshon yoki mullaning huzuriga najot istab ketayotgan bo‘lardilar.

Yangamiz ham, akamiz ham kun-bakun cho‘kib borardi.

...O‘sha kun aniq esimda. Tuni bilan yomg‘ir tinimsiz yog‘ib, tongda quyosh charaqlab ketgan, osmon kelinchakning oynasidek tip-tiniq edi. Uylarning ostonasigacha tomir otib kelgan yam-yashil o‘t-o‘lanlar, tomlarda, devorlarda, ko‘cha bo‘ylarida alvon ko‘rpadek ochilib yotgan lolaqizg‘aldoqlar dilni shunchalar quvontirardiki, ularni ko‘zlaringga surtging kelardi. Ertalab yo‘lim qishlog‘imiz o‘rtasidagi qabriston yonidan o‘tadigan bo‘ldi. Qarasam, xilxonaning etagirog‘ida bir er-xotin kuymalanib yuribdi. Seskanib ketdim. Kimningdir go‘dagi nobud bo‘libdi-da, deb o‘yladim. Ammo erkak bilan ayol bo‘sh maydonchada emas, Shakarchi buvaning qabri yonida kuymalanishardi. Yaqinroq borsam – Mixli aka bilan O‘rol opa ekan.

Yangamiz sal narida ko‘lmakdan chelaklarda suv tashir, akamiz esa lippasini tortib, ketmon bilan loy qorardi.

Shakarchi buva taxmin qilishlaricha, 20-yillar oxirida bo‘lgan qattiq ocharchilik tufayli Hisor tog‘laridan cho‘lga engan minglab odamlar qatorida biz tomonlarga yegulik izlab kelib qolgan. Aytishlaricha, o‘sha yili Chiroqchi yobonlarida ham yantoqdan o‘zga giyoh ko‘karmagan. Och qolgan aholining yantoq shakarini yeb jon saqlamoqdan o‘zga chorasi qolmagan. Tog‘dan dashtga yegulik axtarib tushganlarning ahvoli yanada ayanchliroq bo‘lgan. O‘sha qahatchilik yillarida yurtimizda minglab-millionlab insonlarning ochlikdan qirilib ketganligi tarixdan ma’lum. Hamqishloqlarimiz otaxonga yantoqzorda duch kelishgan. Taxmin etishlaricha, u kishi ham oshqozoniga yantoq shakarining tiqilishidan jon berganlar. Otaxon kim, qaerdan, yoshi nechada, qarindosh-urug‘lari qanday odamlar – hech kim bilolmagan. Ko‘kdala ahli unga «Shakarchi buva» degan nom va sakson yosh berib, bandalikni bajo keltirgan joyi yantoqzorga dafn etgan. Qishlog‘imiz kengayish pallasiga qadam qo‘ygach, u yer qabristonga aylangan.

...Mixli aka bilan uning ayoli ishga ixlos bilan kirishgan edi. Akamiz loy qorisa, yangamiz suv quyib turardilar, kuyovi paxsa ursa, opamiz «kaftcha» bilan loy kesib beradilar. Qabrning atrofini ikki paxsa balandligida o‘rab chiqdilar. Bundan butun Ko‘kdala ahli quvondi. Ammo hammadan ham er-xotinning shodligi cheksiz edi. Dili g‘am-hasratdan, boshi darddan arimaydigan va saratonda ham qalin chopon kiyib yurguvchi yangamiz, ayniqsa, behad ochilib ketgandilar.

– Ikkinchi paxsani boshlaganimizda, – degandi keyinchalik Mixli aka, – yangangiz tandir kesagini yalaydigan odat chiqardilar. Keyin bilsak, shunga boshi qorong‘u bo‘lgan ekanlar.

Bu ikki yoshga ilhom rag‘bat berdi: bir kuni buldozer paydo bo‘ldiyu butun qabriston atrofini tuproq devor bilan o‘rab chiqdi. So‘ng uning ustidan simli to‘siq tortib chiqildi. Oyoq osti bo‘lib yotgan qabristonga fayz kirdi. Bu o‘zgarishni ko‘rgan-bilganlar Mixli akani alqaydigan, qariyalar duo qiladigan bo‘ldi.

Keyinchalik uning oilasi qishlog‘imizdagi serfarzand oilalardan biriga aylandi desam, ishoning: Mixli Qo‘ldoshev sakkiz farzandning otasi bo‘ldi. O‘sha yili dunyoga kelgan to‘ng‘ichi Tolmasbek yaqinda harbiy xizmatga ketdi.

Shu bilan ertaknamo bu hikoyamizga yakun yasab, «zarur» xulosani chiqaraversak bo‘lardi. Ammo hayot, umr murakkab, hamisha biz istagandek kechavermaydi. Shu bois endi voqealar tizginini biroz tortsak-da, shuurimizda jonlana boshlagan savollarga javob izlasak.

Avvalo, Mixli aka bilan ayoli nega aynan Shakarchi buvaning boshiga najot istab keldi?

– O‘n olti-o‘n yetti yoshlarimda o‘ng qo‘limga danakday so‘gal chiqdi, – deb eslaydi Mixli aka. – Do‘xtirga bordim. Operatsiya qilib kesib tashladi. Lekin ko‘p o‘tmay, so‘gal yana, bu gal tag‘in ham kattaroq, ko‘proq bo‘lib chiqdi. Yana operatsiya qilishdi. Yana chiqdi. Kimdir maslahat berdi: Shakarchi buvaning tuprog‘idan surt, ko‘rmaganday bo‘lib ketasan. Men bunday irim-sirimlarga aslo ishonmas, ko‘pchilik tengdoshlarim kabi ularga eskilik sarqiti deb qarardim. Kulib qo‘yaqoldim. Lekin so‘galim tobora o‘sib, birov bilan qo‘l berib ko‘rishishga ham uyala boshlagach, fikrimdan qaytdim. Mendan nima ketdi, deb o‘yladim va bir kuni yo‘l-yo‘lakay mozorga kirib, Shakarchi buvaning qabridan ikki chimdim tuproq oldim. Namlab so‘galimga surtdim. Ishonasizmi, uch kundan keyin danakday o‘simtadan nom-nishon qolmadi. Bunda qanday sir borligini haligacha tushunolmayman.

Mixli akaning gaplariga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, mening o‘zim ham qo‘limda toshgan so‘gallardan aynan shu tabarruk otaxoning qabridan olingan chimdim tuproqni surtish orqali qutilgan edim.

So‘galdan qutilgach, Mixli aka Shakarchi buvani unutgani tabiiy. Unutmasa-da, tashlandiq qabriston yonidan barcha hamqishloqlari kabi befarq o‘tib yuraverdi. Keyinchalik, boshiga farzandsizlik dardi tushgach, noma’lum qariyani yana esladi. Er-xotin shifoxonayu tabiblardan najot topavermagach, Mixli akaning ko‘ngliga yana ziyorat, savob kabi ezgu niyatlar kela boshlaydi. Ammo ko‘nglining boshqa bir burjidagi shubha-gumonlar bois ikkilanadi. Shunday qilib, tuni bilan yomg‘ir yog‘ib chiqqan tongda u tush ko‘radi:

– Bir chol uxlab yotgan joyimda tepamga kelib: «Tur, bolam, g‘aflat bosib yotaverma, – dedi. – Ziyoratga kech qolasan». Sapchib turdimu yangangizni uyg‘otdim. O‘ylab yurganlarimni, ko‘rgan tushimni aytdim...

Bu voqealarni nima deb izohlash mumkin? Nafaqat viloyat, mamlakatimizning eng yirik shifoxonalariga ne-ne tabiblarga bosh urib borib, dardiga malham topolmagan ikki yosh nega uni ko‘xna qabrdan, qabristondan topdi? So‘gal-chi? Bunda qanday sir-sinoat, mo‘‘jiza bor? Sizdan bir o‘tinchim: meni yana xurofiy gaplarni targ‘ib qilayapti, deb ayblashga shoshilmang. Johillikning eng ulug‘i, nazarimda, o‘zganing fikriga o‘jarlik bilan qo‘l siltashdir. Yuqoridagi voqeani esa nima deb atamaylik, ikki oshufta qalbning orzulari aynan ana shunday ushalganligi – ularning uyi mozordan bolalarning gavjum bozoriga aylanganligi rost.

Shakarchi buva voqeasini hamma har xil talqin etishi tabiiy. Deylik kimdir parvardigorning marhamati deyishi, yana birov shifosini Shakarchi buva dafn etilgan tuproq tarkibidan qidirmoq kerak, degan fikrni aytishi mumkin. Men bu kabi mulohazalarga z’tiroz bildirmagan holda, uni boshqacharoq izohlagim keladi: Mixli aka bilan opamiz topgan najot – ruhiy poklanishda!

Har kuni uyqudan turib, yuz-qo‘limizni yuvamiz. Kunda-kunora, hech bo‘lmaganda haftada bir marta dush yoki hammomda cho‘milib, tanamizni poklaymiz. Hatto erinmasdan o‘tirib yuz-qo‘limizga oro beramiz. Xushbichim ko‘rinmoq, tanimizni chiniqtirmoq niyatida jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanamiz. Endi o‘zimizga savol beraylik: biz o‘z ruhimizni ham ana shunday poklayapmizmi? Toblayapmizmi? Ishonchim komilki, bu savolga nafaqat yoshlar, ko‘pchilik, yoshi ulug‘larimiz ham «ha» deb javob berishlari qiyin. Hamma ham ruhiy tarbiyaga e’tibor beravermaydi. Sho‘rolar zamonidagi «yangicha – kommunistik tarbiya» yolg‘on, daxriylik va ko‘zbo‘yamachilik deb atalmish muz tog‘ining ustiga qurilgan ekan. Istiqlol quyoshi balqigach, erib ketdi. Jamiyatimizdagi bosqinchilik, qotillik, o‘g‘rilik, ikkiyuzlamachilik, sotqinlik, qo‘rqoqlik kabi yovuz illatlar ushbu tog‘ning bulg‘anch suvidan bahra olib rivojlangan edi. Bunday asoratlardan qutilishimiz oson emas. Chunki inson tanasi kirlasa – tozalash oson, ammo uning ruhini mog‘or bossa, poklash juda qiyin kechadi. Yana ham qiyinrog‘i kishi o‘z tanasidagi kirni tez va oson ilg‘aydi, ammo ruhini bosayotgan g‘uborni, illatni bir umr sezmasdan, tan olmasdan o‘tishi mumkin. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ota-bobolarimiz o‘zlarining ruhiy pokligini, jismoniy pokligidan ustun qo‘yganlar. Ularning eshiklarida qulf, qo‘rg‘onlarida qorovul bo‘lmaganligining boisi ham ana shu poklikda.

Men bir aqidaga qattiq ishonaman: inson tomonidan qilingan barcha gunohlar ham, ezgu-savob ishlar ham uning o‘ziga, hech bo‘lmaganda vafotidan so‘ng esa-da, qaytadi. Uylab ko‘rsangiz bunga misollarni ko‘p topasiz.

Xalqimizning «Begunoh – parvardigor», degan iborasi bor. Bu barcha inson bolasining o‘ziga yarasha katta-kichik gunohlari bo‘ladi, degani. Hayotda ba’zan bilib, ba’zan bilmasdan zararli, gunoh ishlarga qo‘l uramiz. Ammo keyinchalik shunday noinsoniy qilmishlarimizni yuvishga urinmaymiz. Hech bo‘lmaganda, afsus-nadomat chekib, vijdonimiz oldida tavba-tazarru qilmaymiz. Kelgusida nojo‘ya ishlardan tiyilishni niyat qilmaymiz. Natijada, bunday yot unsurlarga ko‘nikib, hatto o‘rganib boramiz. Ruhimizga loqaydlik, tanballik, dangasalik, johillik, shafqatsizlik kabi illatlar in qurib, uni kirlay boshlaydi. Bunday kir ko‘ngillar yig‘ilib, butun bir jamiyatni inqirozga olib keladi. Inson, jamiyat xastalanadi.

«Inson o‘z ruhini qachon, qanday poklab yurishi mumkin?» – deb savol beraman o‘zimga va javob topgandek bo‘laman. Inson ruhini pok saqlamog‘i uchun, avallo, doimo yaxshi niyatlar og‘ushida va ana shu ezgu istaklarini amalga oshirishi uchun intilib yashamog‘i kerak. Unda o‘zi yashayotgan jamiyat, xalqi, umuman, insonlar oldida mas’uliyat hissi ustuvor bo‘lmog‘i zarur. Bunday saodatga erishmoqchi bo‘lsangiz, ulug‘larimizning tajribasidan ibrat oling:

har kuni qilgan yoki qilmoqchi bo‘layotgan yumushlaringizni adolat va vijdon tarozusiga solib ko‘ring. Yaxshi niyatlar qiling.

Mixli aka o‘sha ko‘klam yomg‘iri dalalarni, bog‘larni yashnatib yuborgan tong yangamiz bilan xaroba xilxonadagi tashlandiq qabrni sarishtalamoq niyatida ish boshlaganida ikki yosh qalbda, vujudda, shuurida keskin o‘zgarishlar yuz berganligi tabiiy. Tasavvur qiling: atrof ko‘klam tarovatidan behad go‘zallashib ketgan. Siz qaylig‘ingiz bilan butun qishloq ahlining – minglab yurtdoshlaringizning ko‘z oldida ko‘pchilikning xayoliga kelmagan xayrli ishni qilayapsiz. Yon-veringizdan o‘tgan yoshu qari sizni alqab, duo qiladi. Oqshomlari davralarda sizni eslashadi. Bundan sizning ixlosingiz, ilhomingiz, umidingiz va, eng asosiysi, quvonchingiz yanada oshadi. Vujudingizda, ruhingizda huzur-halovat, faxr va yengillik tuyasiz. Bunday ishonch, ixlos va ko‘tarinki kayfiyatni qay bir dori-darmon yoki shifoxonada topish mumkin? U g‘ubor va mudroq bosib yotgan ruhni bahor yomg‘iri maysalarni yuvgani kabi poklab, yoshartirib yubormaydimi! Ruhi pok, tetik va xotirjam kishi xastalikni tez, oson yengishi qadimdan ma’lum.

Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanidagi Ko‘kdala qishlog‘ida yashovchi Mixli Qo‘ldoshev bilan rafiqasi bundan o‘n to‘qqiz yil burun topgan najot ana shu poklanishdandir. Faqat...

O‘shanda e’tiborimni tortgani: Mixli aka qo‘shnisining to‘yiga hammadan keyin, odamlar tarqalib bo‘lgach chiqdi. Avvaliga, men uni taniy olmadim. Ilgarigi o‘ktam yurishlaridan, dadil gapirishlaridan asar ham qolmabdi. Chollardek, oyog‘ini bazo‘r sudrab bosadi. Soch-soqoli duvva oqarib, eti ustixoniga yopishgan. Mungli ko‘zlarining ostida yonoqlari beo‘xshov bo‘rtib turibdi. Yuzi g‘amdan qorayib ketgan.

Hayratga tushdim.

– Bechora, xotinidan ayrilib qoldi, – dedi to‘y egasi pichirlab.

– Nega?

– Anchadan beri kasal edi. Mixlining uni olib bormagan xastaxonasi qolmadi. Bir yilcha bo‘ldi uzilganiga. Jo‘jabirdek sakkiz go‘dagi bilan yolg‘iz o‘tiribdi...

Uning boshiga tushgan fojiadan bexabar bo‘lsa kerak, kimdir bola-chaqasining ahvolini so‘radi. Mixli akaning ko‘zlarida yosh g‘iltilladi.

“Durust”, – deya oldi arang.

To‘ydan chiqqach, o‘z-o‘zidan qabristonga borgim kelaverdi. O‘ylab ko‘rsam, uzoq Toshkentda qo‘nim topib, qishlog‘imga kam keladigan, qabristonni esa so‘nggi o‘n besh yil ichida umuman ziyorat qilmagan ekanman. Xafa bo‘lib ketdim. Nafaqat o‘zimning loqaydligimdan, qishlog‘imizning qoq markazidagi yagona xilxonaning ayanchli ahvolidan. Unga qachonlardir o‘ralgan tuproq devor allaqachon devorligini yo‘qotib, simli to‘siqlardan nom-nishon qolmagan. Qabrlar orasida ikki sigir, uch-to‘rt qo‘y qurib-qovjirab yotgan xas-xashaklarni terib yeb yuribdi. Shakarchi buvaning sag‘anasi ham boshqa barcha qabrlar kabi deyarli tep-tekis bo‘lib yotibdi. Yonginasidan yolg‘izoyoq yo‘l tushibdi... Har qadamda qo‘y-qiyi, molning tappilari... Atrofdan esa qabristonda mangu uyquda yotgan insonlarning qarindosh-urug‘lari, xesh-aqrabolari o‘tib-qaytib turibdi.

«Nahotki, – deb o‘yladim alam bilan, – ezgu ishlarga qo‘l urmog‘imiz, marhumlar oldidagi insoniy burchimizni ado etmog‘imiz uchun boshimizga qandaydir kulfat tushishi shart? Nahotki savobning ham kuni savdoga qolgan?..»

Ayanchlisi shuki, oyoq osti bo‘lib ketgan bunday qabristonlarga birgina Ko‘kdalada emas, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, qo‘yingki, jumhuriyatimizning barcha viloyatlarida duch kelish mumkin. Ajdodlarimizning xoki bunday xor bo‘lib yotar ekan, biz o‘z ruhimizni, vijdonimizni pok, deya olmaymiz. Fuqarolarining ruhini g‘ubor bosgan millatda, jamiyatda esa yuksalish bo‘lmaydi.

«Oila va jamiyat» gazetasi, 1991 yil.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.