background
logotype

Qulman Ochilov. Savdo (hikoya)

Rieltorlik kompaniyasining agenti — Jo‘ra boshlab kelgan navbatdagi xaridorlar – qirq yoshlardagi er-xotin juda mahmadona ekan. Yetti qavatli uyning ikkinchi qavatida joylashgan to‘rt xonali kvartirani obdon ko‘rdi, tekshirdi. Ularning xatti-harakatlarini yurak yutib kuzatib turgan uy egasi — Safar lablarini bot-bot tishlashdan o‘zini tiya olmadi. Ko‘rgan kuning qursin, deydigan odam yo‘q.
Erga, qalin havorang svetiri, choklari sitilib ketguday tarang tortilgan qora jinsisi yanada semizroq ko‘rsatib turgan kaltabaqay va tepakal yigitga, go‘yo hamma narsa ma’qul bo‘lardi:
- Polining parketligi yaxshi, - dedi u pishillab.
- Yaxshiyu, lekin g‘ichirlar ekan, - dedi xotini. Qomati shamshoddek tik, harakatlari dadil, qora sochlari erkaklarnikidek kalta kuzalgan, ko‘zlari katta-katta, xalat bichimli qizg‘ish ko‘ylagi o‘ziga yarashgan bu chiroyli ayolda o‘n yigitning g‘ayratu shijoati borligi sezilib turardi. — Mijozlarga ma’qul bo‘lmasligi mumkin. Bilasiz-ku, yevropaliklar injiq bo‘ladi.
“Mahmadanagina ekan, deb o‘yladi Safar. “Yevropaliklar injiq bo‘lishi”ni aytishi shartmidi?” Iddaosi ayon. Demoqchiki, ko‘rib qo‘ying, aka, biz chakana odamlar emasmiz. Uy-joyimiz, mol-dunyomiz bisyor. Siz sotish uchun ilhak bo‘lib, yuz-ko‘zimizga jovdirab turganingiz mana shu kvartirangizni biz kirib yashash uchun emas, biror chet ellikka, iloji boricha, toza-ozoda, puldor va ishonchli biror yevropalikka ijaraga berish uchun olyapmiz. Shu zamonda aqlli odam uy-joyini ko‘paytiradi. Uy ham pulni band qilib turadi, ham durustgina daromad olib keladi. Betashvish va beg‘alva biznes. Pulni pul topadi. Buni Safar ham yaxshi biladi. Safar ham bu dunyoga kecha kelgani, yo osmondan oyog‘ini osiltirib tushgani yo‘q. Mayli, singil, omadlaringni bersin. Faqat, qo‘ling pul ko‘rib, sal shoshilib, hovliqib qolganga o‘xshaysan-da. Shunisi chatoq. Shunisiga achinasan, kishi. Qo‘y ko‘rmagan qo‘y ko‘rsa, quva-quva o‘ldirar. Oxiri baxayr bo‘lsin, ishqilib!..
- Yog‘ochdan yasalgan har qanday polning ba’zi joylari g‘irchillashi tabiiy, - dedi Jo‘ra. — Qalinroq gilam to‘shalsa, g‘irchillagani umuman sezilmaydi.
Ayol Jo‘raning gapiga javob qilmadi. Dallol bilan tortishib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmadi, shekilli. Kulrang jimperi oriq yelkasida osilib turgan, hali qirqqa kirmagan bo‘lsa-da, yuzini qalin ajin bosa boshlagan Jo‘ra uy egasiga qarab, “gapirsangiz-chi” degandek imo qildi. Safar yerga qaradi. Dallol o‘tgan kuni Safarga qattiq tanbeh bergan edi: aka, siz xaridorning oldida mullavachchaga o‘xshab some bo‘lib turmang. Tortinmang! Uyni maqtang. Nima? “Aldash qo‘limdan kelmaydi?” Yo, tavba! Men sizga birovni aldang deganim yo‘q-ku, hali. Siz borini ayting. U barmoqlarini navbati bilan bukib, sanay ketdi. Uyingizning shahar markazida, metroning biqinida joylashganini, devorlari qishda sovug‘u yozda jaziramani qaytarishi mushkul betondan emas, qo‘ling o‘rgulsin pishiq g‘ishtdan ekanini, maxsus loyiha bo‘yicha qurilganini ayting. Ishonmasa, mana, bolkonni ko‘rsating: bolkon emas, stadion! Eni – ikkiyu qirq, uzunligi – naqd o‘n to‘rt yarim metr. Bemalol futbol o‘ynasa, bo‘ladi, deng. Gapimga ishoning, aka, shaharda bunaqa keng, bunaqa pishiq-puxta qurilgan uy kam. Qo‘ni-qo‘shningiz jamiyatning eng sara gullari, shu joyga kelganda Jo‘ra siyrak qoshlarini ayyorona uchirib tushirdi va ishshaydi, - kiborlar — elita ekanini ayting. Rahmatli, qaynotangiz, akademik bo‘lganini ham qistirib o‘ting. Uyalmang. Tagingizda, birinchi qavatda – iste’fodagi general, ro‘parangizda – professor, tepangizda katta biznesmen, katta amaldor yashashini bemalol pisanda qilavering. Uyning atrofi temir panjara bilan o‘ralganiyu darvozasida qorovul turishini, to‘g‘ri kelgan qalang‘i-qasang‘i ichkariga kira olmasligini aytishni ham unutmang. Bularning hammasi pul, aka, pul! Narxini oshiradi. Og‘zingizga tolqon solganday so‘ppayi-ib tursangiz, uyingizni to‘rt kilo piyozning puliga ham sotolmaysiz!..
- Hammomning kafelini ustasi farang tergan ekan, - dedi er. —Tekisligini qarang. Qoyil!
- Ustasi farang terganmi yo ustasi bulg‘or, bilmadim, lekin kafel sovetskiy, maydaligini ko‘rmayapsizmi, - dedi ayol hammomga mensimaygina nazar tashlar ekan. — Hozir o‘zimizda, O‘zbekistonda bundan ming barobar chiroylilari chiqib ketgan. Buning rangi ham qoramtir, mallami-ey… Chiroqning kattarog‘idan osishga to‘g‘ri keladi. Bu ham qo‘shimcha xarajat.
“O‘tkir ekan! — deb xayolidan o‘tkazdi bu gal Safar. — Bir tiyinning ustida o‘mma turadi!” Manavu baqaloqning baxti-da. Qiziq, xonlarga xotin bo‘lishga arziydigan bu gulni yuz kilo go‘shtga kim, nima maqsadda qo‘shib qo‘ydi ekan? Biror korchalonning arzanda o‘g‘limikin? Yo singlimiz o‘tirganni – o‘poq, turganni – so‘poq, deb injiqlik qilaverib, vaqti-soatida erga tegolmay, qari qiz bo‘lib qolganidan keyin noiloj shu qorinning etagidan tutdimikin?.. Nima bo‘lganida ham, ukamiz go‘shangaga kirgan kechasi jilovini xotinining qo‘liga o‘z ixtiyori bilan tutqazgani aniq. Shunday qilmasa, bunday o‘ktam ayol bilan yashashning o‘zi bo‘lmaydi.
Keyinchalik Safar bu ikki yosh haqida xayolidan kechgan har xil shubha-gumonlaru taxminlardan uzoq yillar o‘zi uyalib, xijolat chekib yuradi. “Nima qilay, o‘sha kunlarda ko‘zimga hech kim, hech narsa ko‘rinmas, fikru zikrim faqat uyni sotishda edi, - deb o‘zini oqlaydi u. — Lekin, ichimdagini sirtimga chiqarganim, qilig‘ini yoqtirmaganimni o‘zlariga sezdirganim yo‘q.”
Bular keyinchalik bo‘lgan gaplar. Shu topda esa Safar o‘z xotinini — mudom erining soyasiga ko‘rpacha to‘shashga tayyor, qosh-ko‘zi qop-qora, yuzidan tabassum arimaydigan muloyimgina ayolni - esladi. Uni sog‘inganini his qildi. “Manavu ovqatni yeb oling, dadajoni. Manavu kiyimingizni kiyib oling, dadajoni. Ko‘cha bugun sal salqinroq. Paypoqlaringizni dazmollab, joyiga taxlab qo‘ydim, dadajoni…” Yo‘q, Safar, har kuni o‘n kilo tillo tug‘ib bersa ham, mana bu xonimchaday hukmdor ayol bilan birga yashay olmagan bo‘lardi. Er amri – vojib. Er xotinining soyasiga aylandimi, tamom, ro‘zg‘ordan baraka qochadi.
- Oshxonasi toza-ozoda ekan! — dedi er. — Gaz plitaning yaltirashini qarang! Kelinoyimizning bahosi — “besh”!
- Yaltiragani yaxshiyu, lekin bu plitaning zavoddan chiqqaniga kamida yigirma yil bo‘lgan,- dedi xotini.- Chaqmoq toshi yo‘q. Olov yoqish uchun har gal gugurt chaqish kerak… Mijozlarga bu ham ma’qul bo‘lmasligi aniq. Demak, yangi gaz plita olishga to‘g‘ri keladi…
Safar er-xotinning bu alfozda uy ko‘rishini nimaga o‘xshatishini bilolmay turgan edi. Yodiga tushib, miyig‘ida kuldi. Ayol — yangi qurilgan ob’ektni qabul qilib olayotgan nufuzli komissiyaning raisi, eri — uning kotibi. Rais ob’ektning kam-ko‘stini topib aytadi, kotib yo‘g‘on bo‘yniga qo‘shilib ketgan kichkina boshchasini irg‘ab ma’qullaydi. O‘ng‘aysizgina jilmayadi.
Yotoqxonada deraza oynasining bir qavati singani, romi plastik emas, yog‘ochligi, bolalarning xonasida esa devorlarga “aji-bo‘ji” rasmlar chizib tashlangani ham “komissiya”ning nazaridan chetda qolmadi.
- Bular mayda-chuydaga o‘xshab ko‘ringani bilan mijozlarning g‘ashiga tegishi aniq, - dedi “rais”.- To‘g‘rimi, Jo‘rabek?
Jo‘raning joni kirdi. Kvartira sotilsa, unga pulning uch foizi tegadi.
- Ijaraga qo‘ymoqchi bo‘lsangiz, kelinoyi, -dedi dallol. —Men sizga chet ellikning ko‘ngli kengroq, puli mo‘lrog‘idan topib beraman. Tashvish chekmang!..
Er-xotinning “qildan qiyiq topib”, “gulday kvartira”ni yerga urishi Safarning jonini halqumiga keltirdi. Boshqa payt bo‘lganida “bor-ey, toshingni ter! Senga sotadigan uyim yo‘q”, deb ikkalasini ham chiqarib haydagan bo‘lardi. Ammo, hozir hammasiga chidashga majbur: uyni ko‘targan narxiga tezroq sotishi va pulini qo‘liga olishi bilan shaharning chetrog‘idan arzonroq boshqa kvartira xarid qilib, qolganini qo‘ltiqlab opasining oldiga yugurishi kerak. Ikki buyragi ham ishdan chiqib, besh oydan beri dializda joni uzilay, deb yotgan jiyani Javohirni qutqarishi kerak.
Ko‘rish navbati mehmonxonaga kelganida go‘yo mo‘‘jiza ro‘y berdi: ayol hayqirib yubordi:
- Voy-bu-uy!.. Kitoblarning ko‘pligini qara-ang!..
Ayol butun devorni — poldan shiftgacha egallagan javonlardagi rang-barang kitoblarni katta hayrat va havas bilan tirnoqlariga to‘q qizil lak surtilgan dumboqqina qo‘lchalari bilan silab-siypab tomosha qila boshladi.
- Shu kitoblarning hammasini o‘qiganmisiz, Safar aka?
- Kitobni olib, o‘qimaslik – gunoh.
- Orasida mabodo O‘ktam Usmonovning “Girdob” romani yo‘qmi?
- Bor. Nima edi?
- Bir kuni televizorda rosa maqtashdi. Birorta ham kitobini o‘qimagan ekanman.
- Boshlandi, -dedi eri.- Uy ko‘rdi tugadi!
- Tanish-bilishlarim, magazinlardan surishtirib, topolmadim. Menga ishonsangiz, o‘qib chiqishim bilan qaytarib berardim?..
- Bemalol…
Safar javondan qalingina ko‘k kitobni olib, ayolga tutqazdi.
-Nozi, sen bu yerga kitob o‘qigani kelganmisan yo uy ko‘rgani? — dedi xotinining harakatlarini norozi kuzatib turgan eri. — Tavba! Kitobni ko‘rsa, o‘zini tomdan tashlaydi-ya, bu xotin!
-Tashlasam nimasi yomon, Sobir aka?
-Yomon joyi yo‘q, - deb to‘ng‘illadi er. — Lekin har ishning o‘z vaqti-soati bor-da.
-Safar aka, kechirasiz, Yulduz opam hozir qaerdalar? — deb so‘radi ayol.
-Qaysi Yulduz opangiz? Xotinimmi?- Hayron bo‘ldi Safar.
Ayol shirin jilmaydi. Jilmayish asnosida uning yuzi g‘oyat muloyim tortib, yanada chiroyli bo‘lib ketar ekan. U tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi.
- Qoraqalpog‘istonda. Kecha “Salomatlik poezdi”da Nukusga jo‘nab ketdi. Nima edi? Siz Yulduzni qaerdan taniysiz?
Ayol unga bir parcha qog‘oz uzatdi:
-Kitobning orasidan chiqdi.
“Mening qo‘lim yetmagan yulduz,
Tushlarimda seni ko‘rgayman.”
Siyohli ruchka bilan yozilgan ushbu satrlardagi “Yulduz” so‘zining tagiga chizilgan edi.
-Siz yozganmisiz shu xatni?
-Ha-a! — deb kuldi Safar. — Yoshlik yillarimizning sho‘xliklari-da. Kitob ham kelinoyingizniki. Yulduz shifoxonada amaliyot o‘tab yurganida rahmatli O‘ktam Usmonov o‘z qo‘li bilan dastxat yozib bergan. Qarang, o‘chib ketmagandir?
-Yo‘q, mana! “Barcha orzularingiz ushalsin! 1990 yil.” Demak, kitobni o‘qib, albatta qaytarib berishim shart ekan.
-Balli! Yo‘qsa, kelinoyingizdan boshim baloga qolishi aniq!
-Ikkalangizning ham xotindan omadingiz kelgan ekan, - deb kumush tishlarini ko‘rsatib kuldi eshik kesakisiga suyanib turgan Jo‘ra. Bu gapni u kinoya bilan aytdimi yo havas bilan, hech kim e’tibor bermadi.- Qoyil!
 -Nozima, uyni ko‘raylik, axir! — dedi Sobir betoqat bo‘lib. Chamasi, uning rashki kela boshlagan edi. — Kitobxonlar konferentsiyasini boshqa payt o‘tkazarsan!
 -Uy menga ma’qul! Vse! Olamiz! — Nozima o‘zini yumshoqqina oromkursiga tashladi. — Narxini kelishing!
 -Xudoga shukr-ey! — dedi eri uning yonidagi kursiga cho‘kar ekan. — Uch oydan beri oyog‘imda oyoq qolmadi-ya! Qani, Safar aka, endi narxidan gapiring. Qancha deyapsiz o‘zi?
 “Rahmat, O‘ktam aka! Ming rahmat! — deb pichirladi Safar. - Oxiratingiz obod bo‘lsin! Shu ishlarim eson-omon hal bo‘lib, mushkullarimizni oson qilsa, bir emas, ikki tomlik kitobingizni o‘zim chiqarganim bo‘lsin!..”
 -Nega o‘ylanib qoldingiz, aka? Narxini so‘rayapman?
 -Jo‘ra aytmadimi? — dedi Safar xaridorlarni cho‘chitib yuborishdan hadiksirab va savol nazari bilan dallolga qaradi. Jo‘ra “dadilroq bo‘ling” degandek, bosh irg‘adi. — Narxi – el qatori…
 -Qancha? — deb so‘radi Nozima. Uning ovozi ham, shaxti-shiddati ham ancha muloyimlashib qolgan edi.
 -Bir yuz ellik.
 -Bir yuz ellik? Hazillashayapsizmi, aka?
 -Unaqa odatim yo‘q,- dedi qizarib Safar.- Lekin, duppa-durust uyni to‘rt kilo piyozning puliga olib bo‘lmasligini ham bilaman.
 -Siz qizishmang, aka, - dedi jilmayib Nozima.- Savdoda qiziqqonlik ketmaydi. Mijozdan ayrilasiz.
 “Aqlli ekan, - deb o‘yladi Safar. — O‘ziga rom qilishniyam bilarkan. Uzoqqa boradi”.
 -Qizishayotganim yo‘q.
 -Unda narxini sal kelishtiring, - dedi Sobir. — Olaylik. Bizning pulimiz tayyor. Xohlasangiz ertagayoq sanab berishimiz mumkin.
 -Men o‘zimning so‘zimni aytdim. Endi navbat — sizga.
 Er xotiniga qaradi.
 -Yuz, -dedi ayol.
 Safarning “Xudoga shukr-ey!” deb yuborishiga sal qoldi.Chunki, besh oydan beri biror xaridor to‘qsondan oshmagan edi. To‘qsonga beray, desa, operatsiyayu yo‘l xarajatlari, kvartiraga yetmaydi. Hindistonga borib, operatsiya qildirib kelishning o‘zi bo‘ladimi.
 -Uka, o‘zlaring, mol-dunyo ko‘rgan palagi toza odamlarga o‘xshaysizlar, - dedi Safar ichidagi hayajonni bosishga harakat qilib. — Kelinglar, bozordagi chayqovchilarga o‘xshab ortiqcha tortishib, maydalashib o‘tirmaylik.
 “Palagi toza” degan maqtov Nozimaga moydek yoqqani sezildi. Joyidan bir qo‘zg‘alib olar ekan Safardan:
 -O‘zingiz nima ish qilasiz, aka? — deb so‘radi.
 -Men bosmaxonada ishlayman. Injenerman. Sizlar-chi?
 -Bu noyob kitoblarning hammasi dehqonchilik ekan-da? —dedi Nozima. — Qariyb hamkasb ekanmiz. Men ham bir paytlar gazetada muxbirlik qilganman.
 Safar “qaysi gazetada? Qachon ishlagansiz?” deb so‘ragisi keldi, lekin so‘ramadi. Shu topda bu erka xonimning tarjimai holini bilishdan ko‘ra, uyni sotishi muhimroq.
- Bizning o‘z biznesimiz, do‘konlarimiz bor,- dedi Sobir.
 -Barakalla! Endi bundoq qilaylik: sizlar narxni sekin-asta ko‘taringlar, men esa tushiray. Qarabsizki, murosai madora, deganlaridek, bir qarorga kelamiz. Xo‘pmi?
 -Xo‘p. Ana, bir yuz besh! — dedi er.
–Sobir aka, buncha tez!
–Sen jim tur, Nozi!
–O‘tgan hafta Safar aka bir xaridorga yuz yigirmaga ham bermaganlar.
Bandasining mushkulini oson qilaman desa, javonda yigirma besh yildan beri turgan kitobu yetti yot begona dallolning beozor yolg‘oni ham ish beraverar ekan: bir yuz o‘ttizga savdo pishdi.
 Jo‘ra hujjatlarni to‘ldirishga kirishdi.
 -Qancha bay puli berasizlar? — deb so‘radi u xaridorlardan.
 -Qancha berish kerak?
 -Besh foizini, - dedi Jo‘ra va Safarga qarab mug‘ombirona ko‘z qisib qo‘ydi.
 Ayol tasmasi tillarang qizil so‘mkachasidan pul chiqardi.
 Safar undan olgan bay pulisi haqida tilxat yozib berdi. Ikki erkak qo‘l tashlashdi: barakasini bersin!
 Jo‘ra nikohni qayd qilayotgan ZAGS xodimidek, ogohlantirishga tushdi: uy-joy oldi-sotdi qoidasiga binoan Safar aka uyni sizga shu kelishilgan narxga sotishdan bosh tortsa, olgan bay pulini ikki baravar qilib qaytarib beradi. Siz kvartirani olish fikridan qaytsangiz, mana bu puldan umidingizni uzasiz. Qaytarib olmaysiz! Tushunarlimi?
 -Bilamiz! Xudoga shukr, birinchi marta uy sotib olayotganimiz yo‘q, - dedi Sobir.
 -Uzog‘i bilan bir haftada notariusning xonasida uchrashamiz, - dedi Jo‘ra. — Hujjatlar tayyor bo‘lishi bilan o‘zim sizga telefon qilaman…

* * *

Lekin oradan ikki kun o‘tgach, u xaridorlarga emas, Safarga sim qoqdi:
–Ishlar chatoq, aka. Anavu ikki go‘rso‘xta aynimoqchi!
–Qanaqasiga aynimoqchi? Shuncha bay puli berdi-ku?
–Baribir aynimoqchi! Pulni qaytarib bermang. Sizga ona sutidek halol.
–Tavba!..
–Bugun oqshom uyingizda bo‘lasizmi?
–Ha…
 Safarning ko‘z oldiga odamlar yelkama-elka ko‘tarib borayotgan tobut, ortidan zor qaqshab yig‘lab qolayotgan opasi, yolg‘izgina opasi keldi. Aroq ichishdan boshqa ishga yaramaydigan piyonista pochchasi, otasiga qo‘shilib, sog‘ boshiga saqich yopishtirib o‘tirgan betayin jiyani Javohir uchun Safar uzatgan oyog‘ini ham yig‘masdi. Lekin opasi uchun sotayotgan edi bu uyni. Ota-onasidan erta yetim qolgan Safarni shu opa o‘qitgan, shu mushtipar uylantirgan, shu bechora ayol odam qilgan edi. Safar o‘tgan kuni, uyning bay pulini oldim, deb suyunchilaganida opasi qancha xursand bo‘lgan, qancha duolar qilgan edi. Ikkinchi qavatdagi kvartirasiga arang chiqib-tushib turgan, puflangan shardek shishib ketgan Javohir, singlisi, kelin, opa – hammasi yig‘lagan edi. Quvonchdan yig‘lagan edi. Xaridorlar ayniganini eshitib, endi yana yig‘laydi.Chorasizlikdan yig‘laydi. Jiyani esa uzoqqa bormaydi…
 “Javohirga bir gap bo‘lsa, - degan edi opasi, - kelin uyimizda bir hafta ham o‘tirmaydi. Tavba deb gapirayinu, ko‘zi o‘ynab, oyog‘i likkillab qolgan, Safarjon… Ham o‘zini, ham shu ikki go‘dakni xor qiladi…”
 Sho‘rlik opasining peshonasiga bir umr yetim boqish yozilgan ekan-da!.. Opa hech kimdan Safardan ham xafa bo‘lmaydi. Ichidan kuyadi. Umri bo‘yi nashriyotda maharrir bo‘lib ishlagan bu ayolning odati shunaqa: “Bandasidan xafa bo‘lmaslikka o‘rgan, uka, - deydi. — Shunda yashashing osonroq bo‘ladi. Alamzadalikda yashash – azob…”
 Kechqurun uyga yana er-xotin, ularga qo‘shilib qishning sovug‘i kirib keldi. Nozima uzr so‘ragan bo‘ldi. Mo‘ljallari o‘zgarib qolgan emish.
–Insof qilsangiz, pulimizni qaytarib berarsiz, - dedi Sobir. — Hech bo‘lmagan-da yarmini.
–“Insof qilsangiz?” Lafz-chi? Lafz qaerda qoladi, uka? — dedi Safar.- Erkak odamning gapi bitta bo‘lmaydimi?
–To‘g‘ri, aka, lekin, vaziyat o‘zgarib qoldi-da! — Sobir yerga qaradi.
–Ochig‘ini aytaymi?- dedi xotini. — Biz sal nariroqdan boshqa kvartira topdik. Xuddi shunday. Narxi ancha arzon. Sharoiti ancha yaxshi. Bu — savdo, aka. Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysiz.
 Divanda rangi-quti uchib o‘tirgan Safarning xo‘rligi keldi. Boshidan o‘tmaganning qoshidan o‘tma. Bu enag‘arlarni urib bo‘lmasa, so‘kib bo‘lmasa, majburlab bo‘lmasa. U shartta o‘rnidan turib, shkafning g‘aladonidan pulni oldi.
 -Mana! — dedi.- Sanab oling. Hammasi!
 -Safar aka, nima qilyapsiz? —deb qichqirdi Jo‘ra. — Esingiz joyidami? Aynisa, battar bo‘lsin! Pulni nega qaytarib berasiz, axir! Mana bu erkak, mana bu janob, aynisam, pulimni qaytarib olmayman, deb so‘z bergan!.. To‘g‘rimi, Sobir aka? Tilingizga chechak chiqqanmi, gapirsangiz-chi?..
 -Siz aralashmang!
 -Nega aralashmas ekanman? Nega?!.. Erkakmisiz o‘zi?
 Sobir pulni olib, yarmini xotinining qora sumkachasiga soldi, qolganini stol ustiga qo‘ydi.
 -Yo‘q!-dedi Safar.- Men haromdan hazar qilaman. Hammasini oling-da, daf bo‘ling!..
–Kechirasizu, Safar aka, nega bizni haqorat qilasiz? — dedi Nozima.- “Harom” deysiz? “Daf bo‘ling”, deysiz. Nega harom bo‘larkan? Biz shuncha pulni biror joydan o‘marib kelganimiz yo‘q, aka. Peshona terimiz bilan, zahmat chekib topganmiz!
–Siz meni kechiring, singiljon!- Labidan tupik sachrab ketdi Safarning.- Insonning eti harom, lafzi halol.Shunaqa gaplarni eshitganmisiz?
–Eshitganmiz, juda ko‘p eshitganmiz!
–Eshitgan bo‘lsangiz, bilib qo‘ying: lafzida turmaydigan odamning puli ham, moli ham harom bo‘ladi. Barakasi bo‘lmaydi! Men bola-chaqamga harom luqma yedirib o‘rganmaganman!
–Alam qilayotgan bo‘lsa, mana, hammasini oling, - dedi Sobir va pulning qolganini sumkadan chiqarib, stol ustiga, lekin o‘ziga yaqinroq joyga qo‘ydi. Sumkachaning tillarang tasma zanjiri stol oynasiga mayda tangalardek to‘kildi.
–Siz qizishmang, Safar aka, -dedi Nozima birdan yumshab.- Bu – hayot. Savdoda ba’zan yon bosishga, ba’zan aynishga to‘g‘ri keladi. Uyingizni biz olmasak, boshqa odamga sotasiz. Faqat sotilishi ikki-uch kunga cho‘zilishi mumkin…
“Kayvonilardek, so‘lish olib gapirishini qarang! Buncha hunarni qaerdan, qachon o‘rgandi ekan, bu xonim!”
–Hamma gap shunda-da, Safar aka ikki-uch kun kuta olmaydilar-da, kelinoyi! — dedi alam bilan Jo‘ra.Uning bo‘yin tomirlari o‘qlog‘day bo‘rtib ketgan edi. — Jiyanlari og‘ir yotibdi. Pul juda zarur!
Ayol eriga qaradi. Er — pulga.
 -Tinchlikmi? Jiyaningizga nima bo‘lgan?
Safar indamadi. Xalqumiga og‘ir bir narsa tiqilgan, gapiradigan ahvolda emasdi. Jo‘raga qaradi. Jo‘ra gapirdi. O‘ttiz yoshli Javohirga yigirma besh yoshli singlisi bitta buyragini berishga tayyor turganigacha aytdi.
 -Uy sotilsa, pul bo‘ladi. Pul bo‘lsa, Safar akamning jiyani tirik qoladi, - dedi Jo‘ra. — Javohirning ikki farzandi bor.
 -Mayli, bu gaplarning sizlarga aloqasi yo‘q. Qizishib ketgan bo‘lsam, uzr! Peshonada borini ko‘ramiz endi.
 Safar “gap tamom” degandek, o‘rnidan turdi. Ellik yoshlardagi, novchagina, rangpar va qotma bu odam shu topda o‘zini qaddi bukilib qolgan choldek ojiz va notavon sezdi. Odamda omad bo‘lmasa qiyin ekan.
 Ayol eriga qaradi. Eri yelka qisdi.
 -Sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? — dedi Nozima.
 Safar xafsalasiz bosh irg‘adi.
 -Uyingizni shunday… nima desam ekan, maqsadda sotayotganingizdan kelinoyimning, bolalaringizning xabari bormi?
 - Bor. Sotish g‘oyasi ham asli o‘zi kelinoyingizdan chiqqan.
 -Rahmat! —dedi ayol birdan quvonib.- Siz bizni kechiring, Safar aka. Uyingizni avval olmasak ham endi olamiz.
 -Nozima-a! — deb qichqirdi Sobir. —Tuturug‘ing bormi, o‘zi! Ikki kundan beri, o‘laman sattor, tatar cholning kvartirasini olamiz, deb boshimni qotirayotgan eding. Endi bu gapingini qanday tushunay?.. Mazah qilyapsanmi?
 -Yo‘q, Sobir aka! — deb turib ketdi ayol.- Rahmatilla akam esingizdami? Yigirma yil avval akam bechoraning ham kuni dializga qolganida ota-onamning qo‘li kaltalik qilgan, yordam berolmagan. Ikki o‘g‘li yetim, kelinoyim beva qolgan. Bilasiz-ku, Sobir aka!.. Pul topiladi, odam topilmaydi. O‘zingizning boshingizdan o‘tgan tashvishlar-chi?
 Er yerga qaradi, tepakal boshini asabiy siladi. Oraga og‘ir jimlik cho‘kdi.
 -Sobir akam oliy ligada futbol o‘ynaganlar, - Nozima erining ikki yelkasiga ikki qo‘lini qo‘ydi. — O‘ng payi uzilib, olti oy qadam bosolmay yotganlarida rosa qiynalganlar. Do‘xtirlar ham har xil dorilarni beraverib… ishning battar pachavasini chiqarishgan…
 -Mayli, Nozi, bu gaplarni qo‘y, -dedi Sobir yerga qaragancha.- Turaylik endi. Vaqt ham allamahal bo‘p qoldi. Sen shu uyni olamiz, desang, men roziman. Sen xursand bo‘lsang, bas!..
 “Xotinini o‘lguday yaxshi ko‘rar ekan, - degan gap xayolidan o‘tdi Safarning. — Omading, bor ekan, Sobir!..”
 -Xudo hohlasa, “Girdob”ni notariusga borgunimizcha o‘qib tugataman, -dedi Nozima eshik tomon yurar ekan. Uch erkak uning ortidan ergashdi. — So‘nggi boblari qoldi…
 
«Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 6-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.