background
logotype

Qulman Ochilov. Savil (hikoya)

Shomurod Alimov bo‘lim mudiri bo‘lib ishlaydigan gazeta tahririyatidagi kompyuteri buzilib qolganidan so‘ng noutbukini qo‘lidan qo‘ymaydigan bo‘ldi. Nima qilsin, qachon yangi kompyuter olib berishlarini kuti-ib, qo‘l qovushtirib o‘tirsinmi. Raqobot maydonida arang jon saqlab turgan haftalik gazetaning daromadi hamin qadar bo‘lsa. Uyda yozishni boshlagan maqolasini ko‘pincha tahririyatda davom ettirishiga to‘g‘ri keladi. Ham ermak, ham ish, ham qalam haqi.
 Uyidan chiqib, bekatga borguncha, avtobusdan tushib, ishxonasiga yetguncha ancha yo‘l. Bahorning salqin havosida yayov yurib yayraydi. Faqat noutbukning og‘irligi bor. Doim tirband avtobusda yaxshi xam yosh-yalang darhol joy bo‘shatadi. Barvasta qomati, salobatli va biroz xorg‘in yuziga qarab rahmi keladimi, yo oqara boshlagan sochlarining hurmatini qiladimi, ishqilib, o‘g‘ildir, qizdir, irg‘ib o‘rnidan turadi: «Keling, amaki, o‘tiring!» «Amaki» o‘tirib, sumkasini tizzasiga qo‘yadi va o‘ylaydi: «Balki o‘g‘limning gapiga kirib, mashina minib yurganim yaxshimidi? Bari bir garajda chang bosib turibdi-ku». Biroq fikridan qaytadi. Yo‘q, turgan-bitgani - daxmaza. Ishxonaga o‘n minutda kelib, yarim soat mashina qo‘ydigan joy qidirasan. Tumonat avtomobilning orasidan kech tushganda “Neksiya”ni olib chiqish ham oson emas. Benzini ham chaqadi.
 U chorrahada svetoforning yashil chirog‘i yonishini kutib turgan edi. Kimdir yomg‘irpo‘shining yengidan sekingina tortganday bo‘ldi.
 -O‘g‘lim, meni ko‘chadan o‘tkazib qo‘ying! Iltimos!..
 Yonida kulcha yuzini qalin ajin bosgan, pakanagina va ozg‘ingina bir odam turardi. Yuzi ham kattakon telpagining orasidan chiqib turgan sochlaridek oppoq. Iyagi ikki tomondan osilgan lo‘njlari orsida ko‘rinmay ketgan. Qo‘lida ingichka oq plastmassa quvurdan yasalgan qo‘lbola hassa.
 -Xo‘p bo‘ladi, otaxon! -dedi Shomurod Alimov va uning tirsagidan oldi.
 -Rahmat, o‘g‘lim! Faqat men tez yurolmayman. Bodim bor, savil.
 -Bemalol, otaxon, bemalol. Qani, seki-in yurdik.
 Uzun kurtkasidan kuyadori anqib turgan otaxon oyog‘idagi poshnasi baland botinkasini arang sudrab, ikki oyog‘ini ikki tomonga kergancha, o‘ng yoniga sal qiyshayib qadam tashlar ekan, kalta-kalta yo‘talib qo‘yardi. Shu ahvolda, shu mahalda ko‘chada nima qilib yuribdi ekan bu bechora? Biror mahmadana mashinasida turtib ketsa nima bo‘ladi? Uyida xudoga tavallo qili-ib yotmaydimi, chol odam.
 «Balki bu shurlik ham menga o‘xshab piyoda yurishning koni foyda ekanini biror joyda o‘qigandir, eshitgandir», miyig‘ida kuldi jurnalist.
 -Kech tushganda yo‘lga chiqibsiz, amaki? - dedi u. -Tinchlikmi?
 -Tinchlik, bolam, tinchlik,- chol hamrohining o‘ng bilagiga ohista osilib oldiyu, shu savolni kutib turgandek, gapga tushdi. -Magazinga, nonga boryapman. Javdar buxankasiga o‘rganganman. Obi non jig‘ildonimni qaynatadi, savil. Tishim o‘tmaydi. Chaynash qiyin, savil...
 -Nonga? - dedi Shomurod Alimov noutbukni chap qo‘liga o‘tkazar ekan. - Nima, uyingizda non olib keladigan odam yo‘qmi? Kelin, bola-chaqa, nevara-chevara deganday?
 -Nega yo‘q bo‘lar ekan? Bor. Xudoga shukr hammasi bor. Bola-chaqa, nevara-chevara, kelinlar – hammasi bor. Bu yog‘ini aytsam, ikki o‘g‘lim, bir kelinim bankir. Armon ham, kamchilik ham nest!
 -Zo‘r-ku! Nega unda bunday ovora bo‘lib yuribsiz?..
 -Nima qipti? Nima ovorasi bor? - Chol boshini sarak-sarak qildi va sirli kuldi. - Men o‘zim bolalikdan sal daydiroqman, savil. Taksichi bo‘lganman-da. Innankeyin, o‘g‘lim, anavu idoraga tez-tez ishim tushib turadi.
 Chol «Vino. Vodka. Bar» degan peshlavha osilgan pastqam imorat tomonga qo‘li bilan ishora qildi va gapini davom ettirdi:.
 -Uyimizning yonida maktab, bog‘cha degan narsalar ko‘p, savil. Bunday “maxfiy idoralar”ni qurishga ruxsat yo‘q emish. Hi-hi,-hi!.. O‘zingiz ham ba’zi-ba’zida “beshta-beshta” qilib turasizmi?
 Ha, “kechki sayr”ning sababi bu yoqda ekan-da.
 Shomurod Alimov savolni eshitmaganga oldi: “Astahfirulloh! O‘zi asrasin!”
 -Hayot qiziq, - dedi chol, - ilgari otamdan yashirib ichardim, keyin -bolalarimdan, endi esa nevaralarimdan uyalaman, savil. Hi-hi,-hi!..
 Svetoforning qizil chirog‘i yonganida ular hali ko‘chaning o‘rtasiga ham yetmagan, chol esa tinimsiz javrar edi. Avtomobilchilar betoqat signal chala boshladi. Shomurod Alimov qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, haydovchilardan uzr so‘ragan bo‘ldi: «Qarichilik! Ozina sabr qilasizlar endi!»
 -Barkat topishsin, bolalarimning topish-tutishi yaxshi. Ayniqsa, kenja o‘g‘limning. Lekin, bilasizmi, ikki o‘g‘lim ham ichmaydiyam, chekmaydiyam...
 - Do‘kondorlar: “otalaring planni bajarib qo‘ygan”, deb ularga aroq bermasa kerak-da?
 Chol pichingni tushunmadi, shekilli:
 - Bilmadim, - dedi. - Xotinim qazo qilgunicha ancha dadil edim. Ikki yil bo‘ldi, diabetdan ketdi, rahmatli. Bodim huruj qilmasa, o‘zimni bemalol eplayman. Faqat so‘nggi paytda ko‘zim qurg‘ur pand bera boshladi. Xiralashib qoldi, savil. Do‘xtirlar ko‘proq jigar yeng, deydi...
 Ko‘chadan eson-omon o‘tib olishdi.
 -Buyog‘iga endi o‘zim ketaveraman-u, - dedi chol, - lekin siz birga yuring, beshta-beshta olamiz.
 -Rahmat! Men ichmayman.
 - Bezovta bo‘lmang. O‘zim mehmon qilaman. Gazagi ham bor barda.
 -Rahmat.
 Chol nachora degandek yelkasini qisdi va hassasining bovini bilagidan o‘tkazib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
 -Iloyo, umringiz uzoq bo‘lsin, o‘g‘lim! Mening yoshimga yetib, bolalaringizning rohatini ko‘rib yuring, rahmat!..
 -Iloyo, aytganingiz kelsin!.. Sir bo‘lmasa, nechiga kirdingiz, otaxon?
 -Yetmishga.
 -Nechiga?
 -Yetmishga, bolam, yetmishga!..
 Shomurod Alimov qah-qah urib kulib yuborishdan o‘zini arang tutib qoldi. «Otaxon» undan uch yosh kichkina ekan. Obbo, savil-ey!..
 
“Hurriyat” gazetasi, 2014 yil 11 iyun.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.