background
logotype

Qulman Ochilov. Shirindir zardolulari (hikoya)

 Ro‘zg‘orda Qosimning zimmasiga muhim missiya yuklangan. Missiyaning muallifi va rahbari... Kim bo‘lardi? Xotini-da.
 Yakshanba kuni nonushtadan keyin u qo‘liga «Tafakkur» jurnalining yangi sonini olib, shippagini mehmonxonaga qaratib sekin «shippillatayotgan» edi, oshxona tomondan o‘z postida doim sergak va hushyor ayolning:
 -Yana uxlamoqchimisiz? - degan hasratli ovozi eshitildi.
 -Yo‘q, -dedi Qosim. - Tuni bilan uxlab charchadim. Endi divanga cho‘zilib biroz dam olsammikan, degandim...
 -Dam olish ham bor bo‘lsin!- Ayol nam qo‘lini oq sochiqchaga artgancha erining yoniga keldi.- Divanda yana qog‘ozga tikilib yotgandan ko‘ra, bozor tomonlarga bi-ir aylanib kelsangiz bo‘lardi.
 -O‘g‘ling borsin bozoringga. Qachongacha men sumka ko‘tarib, halloslab yuraman!
 Ayolning bunday e’tirozga javobi doim tayyor: «Jahlingiz chiqmasin, dadajoni. O‘g‘lingiz kecha katta bozor qilib kelgan. Shukr, uyda hamma narsa bor. Sizga aytayotganim, bozor bahonasida toza havoda to‘rt qadam yurib kelasiz. Oyoqlaringizning chigili yozilib, qoningiz yurishadi. Bir yo‘la ra’yatning holidan ham xabar olasiz. Bahri dilingiz ochiladi. Oqshom tushganda oyog‘im muzlab ketyapti, deb yana jun paypoq izlab qolmaysiz...»
 -Ra’yatning kuni menga qolmagandir, - deb uning gapini bo‘ldi er. - Holidan xabar oladiganlar ko‘-o‘p...
 -Elga aralashib turgan yaxshi-da, dadajoni. Elda baraka bor...
 «Yaxshiyam bu xotin bor-yo‘g‘i kutubxonachi, - deb o‘ylaydi Qosim har gal jufti halolining «yakshanba o‘gitlari»ni tinglar ekan. - Do‘xtir yoki faylasuf bo‘lganida nima qilar edim!»
 «Odamni nuqul uyqu bosaverishining sababi bosh miyada toza havo - kislorod yetishmasligidan. Bu tibbiyotda gipoksiya deb ataladi va o‘z vaqtida oldi olinmasa, juda ayanchli oqibatlarga, infarkt, insult kabi og‘ir xastaliklarga, xatto o‘limga olib kelishi mumkin. Toza havoda ko‘proq yurish kerak. Oyoq sovuq qotishining sababi ham, dadajoni, harakatning kamligidan...»
 Ha, xotini do‘xtir bo‘lganida Qosimning bunday vahimali gaplarni har kuni eshitishi tayin edi. Hozir ham kam emas, televizorda eshitganiyu gazeta-jurnallarda o‘qiganini eriga zudlik bilan yetkazib turibdi.
 - Yarim kilo dumba olishni unutmang, - dedi ayol erining qo‘lidan jurnalni olib, jigarrang charm sumkani tutqazar ekan. - Hamir qorib qo‘ydim. Somsa pishirib beraman...
 Xullas, Qosimning missiyani bajarishdan – bozorga yayov borishu ra’yatning holidan xabar olish - «odamlar bilan to‘rt og‘iz hangoma qilib kelish»dan boshqa chorasi qolmadi. Oyog‘iga charm chorig‘ini ilib, oq futbolkayu jinsi shimini kiyib, boshiga yengilgina paxtalik shlyapasini qo‘ndirib, tumanli Albiondan kelib, serquyosh ko‘chalarimizda yayrab yuradigan betashvish sayyohlardek sekin yo‘lga tushdi. Farqi – bo‘ynida kaftdekkina fotoapparatu yelkasida suzmaxaltadek safarto‘rvasi, qiyiq ko‘zlarini ofotobdan yashiradigan qora ko‘zoynagi yo‘q.
 Bozorgacha uch yarim chaqirim. Yana shuncha yurib, ortga qaytiladi. Bir chaqirimcha yurib savdo qilinadi. Bilgichlarning fikricha, bandasi kuniga kamida besh chaqirim yurishi kerak. Shunda u saratonda ham kechasi qalin jun paypoq kiyib uxlamaydi.
 Oftob hali unchalik zabtiga olganicha yo‘q. Besh qavatli uyning oldidagi mahallaning kelinlari, qiz-juvonlari, ayollari, iloyo umrlari uzoq bo‘lsin, supirgan darvozalar oldiga ertalab sepilgan suvning salqini sezilib turibdi.
 Bozor gavjum, ra’yat mamnun: hammayoqda pishiqchilik, mo‘l-ko‘lchilik, arzonchilik. O‘tgan hafta ming so‘m deb o‘tirgan kartoshkasini jalloblar bugun yetti yuzga sotganiga ham xursand. Piyozfurushlar bir kilo kartoshkaning puliga ikki kilo piyoz olaman desangiz, jonini ham qo‘shib beradi. Javzoi sabzi oltindek tovlanadi. Go‘sht rastasida yigirmaga yaqin do‘kon bor. Birortasining peshtaxtasiyu dori, ilgagiyu muzlatgichida bo‘sh joy yo‘q – hammayoq go‘sht. Qosim tsirkchilarning mashqi nega pastroq deb ajablanib yurardi. O‘ylab ko‘rsa, barcha iste’dodli ko‘zboylog‘ichu masxaraboz, jonglyor ustasiyu arslon o‘ynatuvchilar o‘zini qassobchilikka urganga o‘xshaydi. Shuning uchun u to‘g‘ri kelgan do‘kondagi to‘g‘ri kelgan qassobdan go‘sht olishga ko‘nikkan. Go‘shtni tanlab, savdolashib, narxini tortishib o‘tirishdan foyda yo‘q. Uyga kelib ko‘rsangiz, bari bir qo‘y go‘shti degani echkiniki, lahm degani boshdan-oxiri pay bo‘lib chiqadi.
 «Missiya rahbari» ovqat pishirayotganida «ellikni urib qo‘yganiga qaramay, mol go‘shti bilan qo‘y go‘shtining farqiga bormaydigan professorga» javrash uchun lablarini juftlaydiyu yana o‘zini tiyadi. Qaysidir kitobda o‘qigan: jufti halolingizning kamchiligini yuziga solmang, janjal chiqib, o‘rtaga sovuqlik tushadi.
 Aybni qassoblarga ag‘daradi:
 «Qassob deganning hammasi - ko‘zbo‘yamachi!»
 «Aslo gapirma, onasi!..»
 Oiladagi yakdillikka nima yetsin!..
 Qosimning bozordan qaytish asnosida to‘xtab o‘tadigan joyi bor. Keksa yong‘oqning soyasi. Tagidagi xarrakda o‘tirib, bir zum tin olishning rohatiga nima yetsin. Xilvatgina, salqingina. O‘tirishing bilan kipriklaringga tosh osilgandek bo‘ladi, uyqu tortadi. Jinday pinakka ham ketish mumkin.
 Ammo bu gal «oromkursi» band ekan. Chuvakkina ikki chol xarrakda o‘tirgancha qarshisidagi bo‘yniga oq belbog‘ tashlagan, aftidan, haydovchi bo‘lsa kerak, o‘ttiz besh yoshlardagi yigitga gap uqtirayotgan edi.
 Qosim to‘rt-besh qadam beridagi o‘rikning tagiga o‘zini oldi, soyasi unchalik quyiq bo‘lmasa-da, harna.
 -Men senga aytsam, okasi, -dedi oq to‘r qalpoq kiygan chol, - qiyshiqmi, miyshiqmi, cho‘loqmi, g‘ilaymi, aqllimi, nodonmi, bari bir, birinchisiga yetmaydi. Birinchisidan, ko‘z ochib ko‘rganingdan yaxshisini topolmaysa-an!..
 Cho‘nqayib o‘tirgan yigit qora sochlari qulog‘i ustiga chiqib ketgan boshini quyi soldi. Tupirdi.
 -Mana men, uch marta uylandim, - deb gapida davom etdi oq qalpoqli chol.- Uch marta-ya! Lekin xotingayam, ro‘zg‘orgayam yolchimadim! Bir umr yolchimadim, uka! Tutab o‘tdim. Sababi - birinchisining qadriga yetmadim. G‘o‘rlik qildim. Ota-onam yigirmaga kirmasimdan uylantirib qo‘ygan edi. Arzandasi edim-da. Onamga o‘zi topgan qiz – kelin yoqmay qoldi. Ovqat pishirishni, kir yuvishni bilmas emish. Sharttaki emish. Endi o‘ylasam, o‘n yettiga kirgan qaysi qiz erkayu sharttaki emas, qaysi biri ro‘zg‘or ishini birdan eplab ketadi! Ammo, onam: «Yo meni deysan, yo xotiningni!» deb oyog‘ini tirab turib oldi. Yigirma yoshli jo‘jaxo‘roz bo‘lsam, nimaga aqlim yetardi. Xotin topiladi, ona topilmaydi, dedim. Topildi. Bir emas, yana ikki marta topildi. Birinchisining yuragi kasal ekan. Ko‘zi yoridiyu uzildi, bechora... Qarang, shunga ham salkam qirq yil bo‘pti, G‘iyos...
 -Yodgorjonning onasi-da, - deb uning gapini tasdiqladi yashil baxmal do‘ppi kiygan chol.
 -Ha-a, balli! Yodgor o‘g‘limning onasi. So‘ng Sojida xolangni olib keldim. Buning pushti kuygan ekan. Farzand ko‘rmadik. Yo‘q, sen manga ayt, ukam, qani to‘kis ro‘zg‘or, qani halovat, qani baraka?!. Menga birortasi ham tatimadi. Ha, tatimadi! Onam bechora o‘limi oldidan: «Bolam, seni men baxtsiz qildim! Sening ro‘zg‘oringga aralashmay men o‘lay!» deb zor yig‘ladi. Lekin zorlanishdan nima foyda, umr o‘tib ketdi-ku!
 -Mening onam qaytamga ajrashma, deb zor qaqshayapti, - dedi yigit yana tupirar ekan.- Xotinim o‘zimga voobshe yoqmay qoldi.
 -Nimasi yoqmaydi, okasi, nimasi?
 -Mahmadanaligi. Nuqul aql o‘rgataveradi. Oliy ma’lumotli emish. Institutda ishlarmish. Men oddiy taksichi bo‘lsam. Mensimaydi meni!
 Yigit ijirg‘angandek yuzini chetga burdi.
 -Obbo! Shuyam gap bo‘ldimi! Shuyam vaj bo‘ldimi, a!
 -Aql o‘rgatsa, o‘rgatibdi-da, - deb oshnasining yonidan «ot soldi» G‘iyos amaki.- Qaysi xotin eriga aql o‘rgatmaydi? Kelinga borib ayt: bejanjal yashamoqchi bo‘lsanglar, bir-birlaringdan kamchilik emas, fazilat qidiringlar! Aqlli xotin, aqlli er jufti halolining kamini yashirib, borini oshirib gapiradi. Bo‘lar-bo‘lmasga u yoqdan bu yoqqa gap tashib, jikillayvermaydi.
 Yigit indamadi. G‘iyos chol sertomir qo‘llarini pashshani haydagandek silkitdi:
 -Erkakdir, ayoldir – hammaning ko‘ngli bor! Ha, ko‘ngli bor! Hech kim o‘zini Aflotundan kam ko‘rmaydi. Mana, bizning uyda biror muammo chiqsa, xolang, saksonni qoralab qolgan kampirim, haligacha shang‘illaydi: «Men siz, cholga falon yili shu ishni mundoq qilaylik, deganimda gapimga qo‘loq solmagan edingiz. Mana, oqibati». «Hay, onasi, qo‘yaver, deyman, men o‘zi avvaldan bequlog‘roq, nodonroq bola edim. Xudoyimdan urgilay, senday aqlli xotinni peshonamga yozgan ekan», deyman-da, qutilaman.
 -To‘g‘risiyam shu-da, G‘iyos, -deb oshnasining gapini tasdiqladi ikkinchi chol. - O‘zini bilgan erkak ayol kishi bilan gap talashib, maydalashib o‘tiradimi. «Saniki to‘g‘ri!» deydi. Vassalom! Olam - guliston.
 -Unda mening erkaklik, erlik burdim qoladimi, A’zam amaki? Boshimga chiqib oladi-da.
 -Boshingga chiqqanida qaerga borardi? Go‘rgayam bormaydi. O‘rtada ikki farzand bor.
 -Aytishga oson, - yigit yana tupirdi.
 -Xo‘p, ajrashding ham deylik, - dedi A’zam amaki. - Keyin nima bo‘ladi? Keyingi xotining birinchisidan yaxshi, birinchisidan aqlli, mehribon bo‘ladi, deb senga birov kafolat xati yozib, muhrlab berdimi?
 -Yo‘q.
 -«Yo‘q» bo‘lsa, xudoga shukr de-eb, murosai madora qilib yashayver. Hammasi joyiga tushib ketadi. Yo birortasini ko‘z ostingga oldingmi?
 -Qo‘ysangiz-chi! - yigit yana tupirdi.
 -Ay bola, buncha tupirasan? - deb baravar zorilladi chollar. - Dunyoni tupikka to‘ldirib yubording-ku!
 Yigit turib, asfaltni tuflisi bilan artgan bo‘ldi.
 -Hamma janjal sening o‘zingda ekan, bola, -dedi G‘iyos chol boshini afsus bilan tebratib. - O‘zing o‘r ekansan, o‘zing huqqi ekansan. Otang rahmatli, juda mo‘minqobil odam edi. Qirq yil bitta maktabda birga ishlaganmiz. Boshlang‘ichga dars bergan. Og‘ir-bosiq, aqlli odam edi. Sen kimga torgansan, bilmayman. Jizzaki chiqibsan...
 Yigit yuzini burdi. Yana “chirtillatdi”:
 -Bari bir biror ish chiqmaydi, amaki. Ajrashaman.
 - «Ajrashaman?»- tutoqib ketdi A’zam chol.- Go‘daklarning uvolidan qo‘rqmaysanmi, sen bola? Ajrashsang, ajrash! Ajrashishdan arpang pishib, xirmoning to‘lsa, ajrashaver! Tavba!.. Kallang bormi, o‘zi?.. Xo‘p, ajrashsang, bolalaringga kim qaraydi? O‘g‘ling-ku, mayli, erkak odam, o‘lmasa, bir kunini ko‘rib ketar. Lekin qizingga kim qaraydi? Ha demay bo‘yi yetsa, kim uni kuyovga uzatadi? Qanday uzatadi? Kelgan sovchi eshikdan qaytib ketadi. Ota-onasi betayin ekan, deydi!.. Xotining ham yerda qolmas. Birortasini topar. Yo erga tegar, yo jazman tutar. Lekin o‘sha erkak qanday odam bo‘ladi? Insoflimi? Yo xudodan qaytganmi? Qizingga ko‘z olaytirsa, nima qilasan? A!?..
 -Nima deyapsiz, amaki? -Yigit turib ketdi. Rangi bilinmay ketgan oqish shimining cho‘ntagidan ko‘k paketcha chiqarib, kaftiga nos to‘kdi va tilining tagiga tashladi. Menga ko‘zi tushdi.
 - Ha? Yoqmadimi? - Endi G‘iyos chol zug‘umga o‘tdi. - Shunaqasini ham ko‘rganmiz, okasi, ha, ko‘rganmiz... Go‘daklarning uvoli tutadi. Tutganda ham qattiq tutadi. Ikki dunyong ham kuyib ketadi, bola. O‘ylab ish qil!
 -Yurishingni qara, - dashnomni davom ettirdi A’zam chol. - O‘choqdan chiqqan mushukka o‘xshaysan, a! Yigit degan sal o‘ziga qarab, mo‘ylov - mo‘rtini tozalab yurmaydimi? Soqolingga tig‘ tegmaganiga necha hafta bo‘ldi?..
 Qosim chollarga salom berib o‘tdi.
 Eshikni xotini, ko‘z ochib ko‘rgani ochdi:
 - Voy-buy! Shuncha narsani qanday ko‘tarib keldingiz, dadajoni? Charchab qolmadingizmi, ishqilib?
 -Senday mehribon xotinning eri charchadim desa, adolatning nozik ko‘ngli o‘ksiydi, onasi, - dedi Qosim.- Missiya bajarildi!.. Mana, senga o‘rik ham olib keldim.
 -Voy, o‘rik pishibdimi?
 -Ha, pishibdi, - Qosim xotinining kaftiga to‘rt dona oltinrang o‘rik qo‘ydi.- Bunisini daraxtdan ataylab sen uchun terib oldim!.. «Shirindir zardolulari, qandu asal bekor ekan». O‘zlari xotinga yolchimagan bo‘lsalar ham, Muqimiy bobomiz ammo she’rni zo‘r yozib qo‘yganlar-da!..
 
“Hurriyat” gazetasi, 2014 yil 14 may soni.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.