background
logotype

Qulman Ochilov. Shlyapali odam (hikoya)

Shanba kuni azondan kayfiyatim juda yaxshi edi. Yaxshiligining sababini aniq aytolmayman. Balki oldinda naqd ikki kun dam olish kutayotganini anglab zavqlanganimdandir, balki juma kuni ishxonamizda bir oylik qo‘shimcha mukofot berilganidan so‘ng o‘zimni anchayin boyvachcha his qila boshlaganimdandir, balki tunda yoqqan ko‘klam yomg‘iri hamma yoqni yashnatib yuborganini ko‘rib, dilim yayraganidandir. Hovliga chiqsam, kattakon olmamiz qiyg‘os gullagan, atirgullar qip-qizil ochilib, osmonda qaldirg‘ochlar vijir-vijir qilib yuribdi. Bu go‘zal manzarani ko‘rib, ko‘kdagi quyoshning ham saxiyligi tutib ketganday, nurlarini ming xil jilva bilan sochmoqda. El-yurting tinch, hayoting to‘kis, farzandlaring sog‘-omon, ishlaring joyida ekanini his qilish, anglash va anglash asnosida shuuringda bir huzur tuysang, ko‘kragingni to‘-o‘ldirib nafas olsang, buning savobiga kim yetsin! O‘zingiz ayting, bunday kezlarda hayajonlanmaslikning, qachonlardir hamsaboq qizga yozgan she’ringni eslamaslikning va uni ohangga solib, xirgoyi qilmaslikning iloji bormi!

Bog‘larga bahor keldi, sezdingizmi?
Tog‘larga oxor kirdi, sezdingizmi?
Men Sizni uzoq izladim, topdim,
Qalbimga qaror kirdi, sezdingizmi?

Peshinga yaqin o‘g‘lim kelinni, nevaralarni olib, Qo‘yliqqa, qaynotasinikiga ketdi. Uyda er-xotin yolg‘iz qoldik.
— Men ham bu dunyoga kelib, bir martagina savob ish qilsam, onasi, — dedim.
«Zinger» mashinasida nimadir tikib o‘tirgan xotinim menga gardishi yo‘g‘on qora ko‘zoynagi ustidan ajablanib qaradi: «Tinchlikmi, dadasi?»
 Ayol zotining ayrim ishlarini ko‘rib, hayron qolaman. Mabodo, uyga yoqavayron bo‘lib, mast holda kelsangiz (bunday sharmandalikdan O‘zi asrasin, albatta), ajablanmaydi. Savob ish qilmoqchiman, desangiz, hadiksiraydi.
— Bugun sizni biror kafe yohud restoronga olib borib, bir mehmon qilsam, — dedim men. — Sizdan talab – qirolichalardek qo‘r to‘kib o‘tirishu nozik ko‘nglingiz tusaganini buyurish.
— Tinchlikmi? — Dilidagini tiliga ko‘chirdi «qirolicha».
— Albatta! Erka ko‘ngil bayram tusayapti. Bugun mastava bilan moshxo‘rdaga dam berib, tansiqroq biror taom tanovul qilsak. Masalan, Chiroqchining jizidan!
Xullas, «Farg‘ona yo‘li» ko‘chasidagi «Bog‘i eram»ga bordik.
Bu yemakxonaning nomini kim jannat bog‘iga mengzab qo‘ygan bilmayman, lekin kim bo‘lsa ham, ancha aqlli va tadbirkor odam ekan. Baraka topsin! Tomi beqasam nusxa qalin plenka bilan yopilgan ayvonlari, atrofiga qizil baxmal ko‘rpachalar to‘shalib, par yostiqlar tashlab qo‘yilgan yog‘och so‘rilari, bo‘y-basti ham, libosi ham bir xil mulozimlari, sokin taralib turgan mayin musiqasi odamga juda xush yoqadi. Tan ham, ko‘z ham, dil ham, qulog‘u dimoq ham, oshqozon ham yayraydigan fayzli joy.
— Ismi jismiga monand ekan, — dedilar keyinchalik «qirolichamiz» ham. — Toshkentda shunday go‘zal joylar borligini bilmas ekanman.
Kafe gavjum. O‘rta ayvonning chetrog‘idagi bo‘sh stollardan birini tanladik. Yarim kosadan sho‘rva, bir bo‘lakdan jiz aytdik. Suzma bilan «zormanda» ham esdan chiqqani yo‘q, albatta.
Xotinim menga yovqarash qildi.
— To‘y to‘yday bo‘lsin-da, onasi, — dedim aybdor ohangda. — Bor-yo‘g‘i yuz grammgina.
Sho‘rvasi mazali ekan. Ikki-uch qoshiq ichib, bejirimgina shisha kuvachadagi «zormanda»dan angishvonadekkina qadahchaga bir qultumgina quyib, ko‘tardim. Ko‘tardimu yutolmay qoldim. Qarshimizdagi stol atrofida o‘tirgan to‘rt kishining biriga — kulrang shlyapali, qalin moshguruch muylovi o‘ziga yarashgan odamga ko‘zim tushdi. Tushdiyu, xayollarim hovlimizdan don yeb o‘rgangan musichalarga sepilgan bug‘doydek sochilib ketdi.
Yutdim.
Qaerda ko‘rgan ekanman? Guldirab kelayotgan ovozi, qo‘l harakatlariyu ochiq chehrasi, polvon kelbati ko‘zimga juda issiq ko‘rindi. U kuldondagi sigaretasini olib, yupqa lablariga olib bordi va bosib-bosib tortdi. Shoshma!..
Ofitsiant qizni chaqirdim.
— Bitta sigaret olib keling.
— Qanaqasidan?
— Farqi yo‘q.
— Gugurt kerak emasmi?
— Gugurt? Yo‘q, shart emas.
Bu qilig‘imni ko‘rib, xotinimning ko‘zi qinidan chiqib ketay, dedi:
— Chekmasdingiz, shekilli? Sizga nima bo‘ldi, o‘zi?
Go‘shtni chaynayotganimni bahona qilib, boshimni mujmalroq irg‘ab qo‘ydim. Mulozim qo‘yib ketgan pachkadan bir dona sigaret olib, o‘rnimdan turdim. Xotinimning qiyiq ko‘zlari yanada kattalashdi. Meni kayfi oshib qolganga chiqarib, yuragini vahima bosa boshlagani sezilib turardi.
— Yo‘l bo‘lsin?
— Jim tur!
Qo‘shni stol tomon yurdim:
— Assalomu alaykum!
Hamma menga yalt etib qaradi.
— Kechirasiz, aka, sigaretimni tutashtirib olsam maylimi?
— Bemalol.
Shlyapali odam chaqmoqtoshini yoqib, labimdagi sigaretga tutdi.
— Rahmat!
Joyimga kelib o‘tirgach, yana qo‘shni stol tomonga qaradim. Hech kim hech narsani sezgani yo‘q. Shu asnoda men o‘zimni katta ilhom bilan roman yozishga kirishgan, lekin yozayotgan asari qanday chiqishini hali o‘zi ham yaxshi bilmaydigan, bilmasa-da, qilayotgan ishiga ko‘nglida rag‘bati g‘oyat shoyon yozuvchi kabi fikrlayotganimni his qildim. Nomiga ikki-uch marta tortilgan sigaretni kuldonga tashlab, qo‘l telefonimni oldim.
— Labbay, dada? — Darhol javob berdi o‘g‘lim.
— Qaynotangnikidan qachon chiqasan?
— Xohlasangiz, hoziroq chiqishim mumkin. Biror ishingiz bormidi, dada?
— Ha. Iloji boricha tezroq chiq. Iltimos!..
 
* * *

...Qishloqdan sim qoqqan ukamning ovozi juda tashvishli edi:
«Tezroq yetib keling, aka. Otam og‘irlashib qoldilar. Xush, bexush sizni so‘rayaptilar...»
Kech kuz, oldi qishning kuni bir tutam. Boshlig‘imizdan javob olguncha, narsa-qorani yig‘ishtirib, yo‘lga chiqqunimizcha qorong‘i tushdi. Qarshiga qatnaydigan poezd ham, avtobuslar ham allaqachon ketib bo‘lgan. Otam, har qadamda buzilaverib joniga tekkach, «eshak o‘rnida minib yurarsan» deb menga berib yuborgan qizil «Moskvich"ga kunimiz qolgan edi. Ming azobda benzin topib, topgan benzinimizning yarmini kanistrlarga quydirib, shahardan chiqdik. Chiqish asnosida esimga tushdi: ulovimizning na pechkasi ishlaydi, na chiroqlari durust yonadi. Buning ustiga Sirdaryodan o‘tgunimizcha oldi g‘ildirakning kamerasi teshilib, «tishimning kovagida» saqlab yurgan ballonni ham ishlatdik. Atrofni qalin tuman bosib, mashinaning oynasini qirov qoplay boshladi. Xotinim oldingi o‘rindiqqa o‘tib, sochiq bilan oynani artishga kirishdi
Bunday paytda xudoga tavallo qilishdan o‘zga chora qolmaydi. Yaratgan esa Egasini faqat boshiga tashvish tushganida eslaydigan bandalarini unchalik xo‘sh ko‘rmasligi ayon. Biz ham ana shunday osiylardan ekanimiz tezda ma’lum bo‘ldi: yaydoq cho‘ldagi beton yo‘lda imillab borayotganimizda nimadir «paq» etdi. Tushib qarasam, orqa ballon puchayib yotibdi. Pichoqqa o‘xshagan tig‘dor temir kirib ketibdi. «Ana xolos, pishdi gilos!» dedim va soatimni qizil chiroqning yorug‘iga solib qaradim: sakkiz yarim. Atrof jim-jit. Sovuq. Izg‘irin. Tumanning qalinligidan, tunning qorong‘uligidan har qanday odamni vahima bosadi. Es-xushi joyida odam bunday paytda, juda zarur ishi bo‘lmasa, bu kimsasiz yo‘llardan yurmaydi. Yursa ham men kabi yordam so‘rab qo‘l ko‘targan odamga to‘xtamaydi. Chunki, ishonib bo‘lmaydi: yo‘lto‘sarlar qancha odamni tunab, qanchasining mashinasini olib qo‘ygani, yana qanchasini o‘ldirib ketgani haqida bir-biridan vahimali gaplar tarqalgan.
«Endi nima qilamiz?» — dedi xotinim ovozi qaltirab. U ham mendek vahimaga tushib, sovuq qota boshlagani sezilib turardi.
«Nima qilardik, — dedim iloji boricha osoyishta ohangda. — Bir oz kutamiz. Katta yo‘l. Biror yaxshi odam kelib qolar».
To‘qqiz bo‘ldi. Baland «KamAZ» hay-haylaganimga qaramasdan, to‘xtamay o‘tib ketdi. Yana yigirma minutcha o‘tdi. Orqa tarafdan bug‘iq motor tovushi eshitilib, xiragina shu’la ko‘rindi. Mashinamizning avariya chirog‘ini yoqdim.
«Onasi sen ham chiq!» — deb hayqirdim va o‘zimni yo‘lga urdim. Qora «Jiguli» ekan. Haydovchi yaqinimizga kelganda tezlikni biroz pasaytirdiyu, so‘ng gazini keskin bosdi. Qo‘rqdi, chamasi.
Qarama qarshi tarafdan kelayotgan mashinalardan ham najot kutib bo‘lmasdi. U tomonda buzilgan mashinamizning lipillab turgan xira chirog‘i ko‘rinmaydi ham. Yarim tunda, qalin tumanda dabdurustdan yo‘l ustida qo‘l ko‘tarib turgan notanish yigitni ko‘rgan odam to‘xtamasligi aniq. O‘zim ham to‘xtamasdim.
Xotinim orqa o‘rindiqqa o‘tib, uxlab yotgan o‘g‘limning ustiga yopilgan jun adiyolning orasiga suqildi.
«Gugurtimiz yo‘g‘, a?» — dedim men qo‘limni kuf-kuflab isitar ekanman.
«Gugurtni nima qilasiz?»
«Sigaret chekmoqchiman», dedim hazil ohangida va umrimda birinchi marta chekmasligimdan afsuslandim. Mabodo, tuman tarqalgunicha yoki ertalabgacha bu yerda qolishimizga to‘g‘ri kelsa, mashinaning teshilgan balonini yoqib isinishdan o‘zga chora qolmaydi. Chunki, yana uzog‘i bilan yarim soatdan keyin tishimiz tishimizga tegmay takillay boshlaydi. Bir soatdan keyin... Yaxshi niyat qilishim, mendan najot kutib turgan mana bu ikki inson – xotinim bilan o‘g‘limni qutqarishim kerak edi. "Mashinani yo‘lga ko‘ndalang qilib qo‘ysammikan?" deb xayolga ham bora boshladim.

* * *
— Nima gap, dada? — dedi o‘g‘lim. — Tinchlikmi?
— Keyin bilasan. Qaynotangnikidan chiq-da, bozorga kirib, bitta yaxshi zar to‘n ol. Tushundingmi? Zar to‘n!
— Tushundim.
— Kattarog‘idan. Belbog‘ bilan kattaroq do‘ppi ham esingdan chiqmasin.
— Xo‘p.
— Onang bilan biz «Bog‘i eram» kafesida tushlik qilib o‘tiribmiz. Shu yerga olib kel.
— Xo‘p.
Xotinimning ishtahasi bo‘g‘ilib qoldi. O‘zimniki ham. Ofitsiantni chaqirib, atrofdagilarga sezdirmaygina qo‘liga pul qistirar ekanman, shivirladim.
— Mayli, bir yo‘lini qilarmiz, -dedi u pulni cho‘ntagiga yashirar ekan. — Qachon?
— Birpasdan keyin. O‘zim aytaman.
Xotinim betoqat bo‘layotganiga qaramay, sabr qilib o‘tirar, nima gapligini bari bir aytmasligimga, chamasi, ko‘zi yetgan edi.
Jizni yeb bo‘lgunimizcha o‘g‘lim kelib, to‘n solingan kattakon yelim xaltani yonimdagi bo‘sh kursiga qo‘ydi. Ofitsiant qizga imo qildim. U bosh irg‘adi: «Keling!»
Yelim xaltani ko‘tarib, qiz tomon yurdim. O‘g‘lim turib, qo‘limdan xaltani oldi. Musiqa tindi. Simining bir uchi magnitafonga ulangan mikrofonni qo‘limga oldim:
— Assalomu alaykum, aziz do‘stlar! — dedim hayajondan bir oz ovozim titrab. — Bir lahzagina bizga e’tibor qaratishingizni iltimos qilaman.
Hamma biz tomonga o‘girildi.
— Mana bu to‘nni oramizda o‘tirgan bir ajoyib insonga kiydirmoqchiman. -O‘g‘lim to‘nni xaltadan chiqardi. — Lekin, afsuski, o‘sha insonning ismini ham, qaerda, qachon tug‘ilganini ham, nima ish qilishini ham bilmayman. To‘g‘rirog‘i, eslay olmayman. Bu — mening aybim, albatta. Eslab qolganim shulki, birodarlar, o‘sha inson ovozlari guldiragan, ko‘ngli Mirzacho‘ldek keng, bo‘yi tog‘dek baland, polvon yigit. O‘sha yigit, o‘sha akamiz 1988 yilning kech kuzida, 16 noyabrda, mening oilamni katta halokatdan qutqarib qolgan edi. O‘sha yigit g‘oyat sovuq, qalin tuman tushgan tunda oq «Jiguli» minib ketayotgan, boshida qora movut shlyapasi bor edi. Ayanchli ahvolimizni ko‘rib, «Jiguli»sining ballonini mashinamga o‘z qo‘llari bilan qo‘yib bergan, hatto evaziga pul ham olmagan edi. Mashinasidan tortib kelgan simli chirog‘ining yorug‘ida balonni almashtirar ekanmiz, barmoqlaridagi «Guli» degan yozuvga ko‘zim tushgan edi...
Shlyapali kishi bir menga, bir qo‘liga, bir yonidagilarga qaradi. Hamrohlari unga dalda berishdi, shekilli, ikkilanibroq o‘rnidan turdi. Biz tomonga bir qadam bosib, to‘xtadi.
— Keling, aka! Keling! Sizni kutayapman!
Hamma o‘rnidan turib ketdi.
Akani bag‘rimga bosdim. U yelkamga qoqdi. Manzara, holat teatrdagi kabi juda hayajonli edi. Biz, ota-bola, akamiz go‘yo — sahnada, xo‘randalar – zalda. Teatrdagi kabi qarsaklar yangrab turibdi. Yonimga kelib qolgan xotinimning esa ko‘zlari yoshga to‘lgan. Shoir Anvar Obidjonning qachonlardir o‘g‘limga, bugun uning farzandlari -nevaralarimga o‘zim o‘rgatgan she’rini o‘qidim:

Mushuk bibi miyov, dedi,
Menga qarang, kuyov, dedi,
Bozorga tez borib keling,
Shirin sichqon olib keling.

— Esladingizmi, aka?
— Unutib bo‘lar ekanmi?.. Katta yigit bo‘lib qolgandir?
— Ana, o‘ttizdan oshdi. Katta kompaniyada yetakchi menejer!
U iymanibroq turgan o‘g‘limga quvonch va havas bilan boqdi. Quchog‘ini ochdi. Bag‘riga bosdi.
— O‘shanda xayrlashayotganimizda aytgan gapingiz, yodingizdami, aka? — deb so‘radim men.
— Qaysi gap?
— «Sizni ham, yo‘lni ham, mashinani ham, mana shu qora tunni ham unutishim mumkin, uka, — degan edingiz.- Lekin, mana bu bolakayni, u aytgan she’rni hech qachon unutmayman...»
— Yodimda. «Qani, nevaram, «Mushuk bibi»ni yana bir ayting!» deganim ham yodimda...
Men unga to‘nni, do‘ppini kiydirdim. Belbog‘ni beliga mahkam bog‘ladim. Yana bag‘rimga bosdim. U yana yelkamga qoqdi. U menga, men unga qayta-qayta rahmatlar aytdik. Go‘yo yigirma besh yil burun bir-birini yo‘qotib qo‘ygan aka-uka to‘satdan uchrashib qolgandek boshimiz osmonlarga yetdi.
— O‘shanda Qarshiga eson-omon yetib bora oldinglarmi? — so‘radim akamiz.
— Albatta, — dedim men. — Sizning yordamingiz bilan tongga yaqin yetib bordik. Otam yana oyoqqa turib ketdilar va o‘tgan yili qazo qildilar.
— Xudo rahmat qilsin! Hayotda eng muhimi ham shu-da, uka. Ota-onani rozi qilib yashashda.
— Rahmat, aka, rahmat! Siz, o‘zingiz ham o‘sha kuni uzoq yo‘lga ketayotgan edingiz. Qiynalib qolmadingizmi, ishqilib?
— To‘g‘risini aytsam, aslida, bugun men Sizga to‘n kiydirishim kerak edi.
— Ana xolos! Nima bo‘ldi?
— O‘sha oqshom Zarmetandan o‘tib, qishlog‘imiz Quvkallaga tomon burilgan joyimizda bir odam ikki qo‘lini jon holatda silkitgancha yo‘limizga ko‘ndalang bo‘ldi, deng. Qarasam, SamDUda o‘qiydigan ukam. Yupungina kostyumda. Tishginasi-tishginasiga tegmay qopti, bol paqirning. "Qachondan beri buytib shumshirayib turibsan, bu yerda?" desam, o‘n besh minutcha bo‘ldi deydi. Dir-dir titraganidan gapirolmaydi.
— Rosa sovuq edi-da, savil!
— Aslo gapirmang. Yaxshiyam, yo‘lda sizning yoningizda to‘xtaganimiz. To‘xtamasak, yarim soat oldin o‘sha chorrahadan zang‘illab o‘tib ketardig-u, ukamga duch kelmasdik. Keyin balki ukamdan ayrilardik!
— Qo‘ying-ey, bunday demang! Xudo asrasin!
— Yo‘q, behazil. Kimsasiz tog‘ yo‘lida qishning kuni holi nima kechishini o‘ylashning o‘zi dahshat!
— Hammamizni xudoim o‘zi asrabdi.
— Doim asragani rost bo‘lsin!
— Darvoqe, ming yillik qiyomatlik aka-ukamizu, haligacha bir-birimizning ismimizni bilmaymiz.
U ismini aytdi.
— Nima?.. Axir, adash ekanmiz-ku, aka, adash!..

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.