background
logotype

Qulman Ochilov. Shu’la (hikoya)

Ertaga uylanganimga o‘n yil to‘ladi. Xotinimga nima sovg‘a qilsam ekan?
Magazin tomon yurdim.
Bunday kezlarda Ra’no yodimga tushadi. Yo‘qsa, oradan shuncha bahor, shuncha qish o‘tdi. Hozir qaerda, qanday yashayapti ekan? Baxtlimikan?..

Bugun sen qaydasan? Qaylarda qolding?!*
Bugun bosh ustingda kimning panohi?!

Ra’no. Quralay ko‘zlari erka boquvchi Ra’no!..
U bilan shahar kutubxonasida tanishgan edik. Iqtisod fakultetida o‘qir ekan. Men esa adabiyotshunos bo‘lish orzusida yurgan yigit... Teatrga tushdik. Spektaklning nomi ham, mazmuni ham yodimda yo‘q. Xotiramda qolgani - yonimda o‘tirgan qizning oppoq qo‘llari, nozik bilaklariyu sutga chayilgandek tiniq yuzlari. Bexosdan yelkam yelkasiga tegsa, entikib ketganlarim. Gap topolmay shoshib qolganlarim. Oydin ko‘chalarda sayr etganlarimiz. Ra’noning egniga pidjagimni tashlab qo‘yganim hozirgidek ko‘z oldimda. Bu unga juda yoqqan edi. Mening esa oyoqlarim yerda bo‘lsa-da, xayollarim osmonlarda. Yigirma uchga kirib, birinchi marta qiz bola bilan teatrga tushgan, birinchi marta uning egniga pidjagimni yopgan, birinchi marta go‘zal Toshkent ko‘chalarida birga sayr qilgan edim. Umrimda birinchi marta qo‘limdan gul olgan qiz ham – Ra’no. G‘unchalari endi ochilay-ochilay deb turgan yetti dona atirgulni!

Qaydasan, men seni unutgim kelmas,*
Umr yo‘llarimning totli damlari?..

Ra’noni kutilmagan biror sovg‘a bilan quvontirish menga huzur bag‘ishlardi. Yodimda. Stipendiyamdan unga atab bir soat olganim. Nomi “Shu’la” edi. Shu saodatli kunlarimizdan aziz xotira bo‘lib qolsin, deb unga so‘z yozdirgim keldi. Ko‘p o‘yladim, ko‘p tanladim. Oxiri topdim.
– “M.E.M?” – deb hayron bo‘ldi Ra’no soatdagi yozuvni ko‘rib. Menga uning ana shunday hayratlanishlari, jovdirashlari yoqar edi!
– M.E.M – Mehnatda Erishgan Muvaffaqiyatlaringiz uchun! – dedim jiddiy.
U qop-qora sochlari yarashib turgan boshini sarak-sarak qildi. Ingichka qoshlari chimirildi. Bundan mening jahlim chiqqan bo‘ldi:
– Bilasanmi, sen kimsan?!
Ra’noning uzun-uzun kipriklari pir-piradi. Vajohatimni ko‘rib, cho‘chib ketdi.
– Bilmasang, bilib qo‘y: Sen Mening Erka Malikamsan! Umrimning oxirigacha shunday bo‘lib qolasan!
U meni mehr bilan o‘pdi:
– Siz otam rahmatliga, o‘xshaysiz, – dedi. – Juda mehribonsiz!
Shunday qilib, “M.E.M.” faqat ikkimizgagina ma’lum bo‘lgan sirli bitikka aylandi. Ra’no qo‘ng‘iroqlarimga javob bermasa, telefoniga o‘sha sirli harflarni yozib yuborar edim: “M.E.M!” Keyin u meni izlab topardi.
– Birinchi farzandimiz o‘g‘il bo‘lsa, – dedi bir kuni Ra’no nimagadir. – Ismini Farrux qo‘yamiz.
– Nega? Farrux Zokirovday artist bo‘lishini istaysanmi?
– Yo‘q. Men u do‘xtir bo‘lsa deyman. “Farrux” so‘zi “baxtli” degan ma’noni anglatar ekan.
– Mabodo, qiz bo‘lsa-chi?
– Unda, otini Jamila qo‘yamiz. Jamila ham do‘xtir bo‘ladi. Oilangda vrach bo‘lmasa qiyin ekan. Bechora onamning qanchalar azob chekayotganini ko‘rsangiz edi...
Ammo mening peshonamga Ra’noning farzandlariga ota bo‘lish yozilmagan ekan. Yozgi ta’tilda, men qishloqqa ketganimda, uning turmushga chiqqanligini eshitdim. Saraton dardiga chalingan onasining so‘nggi o‘tinchini rad etolmabdi. Xolasining o‘g‘liga tegibdi...
– Men baxtiqaroni ba’zan eslab qo‘ying, – dedi u telefonda.
O‘sha-o‘sha uni o‘tgan yili uchratdim. Navoiy ko‘chasida. Xotinimning kutubxonadan - ishxonasidan chiqishini mashinada kutib o‘tirgan edim. Ra’noni uzoqdan, qaddini tik tutib, ohista yurishidan tanidim. “Qanchalar qadrdon edi bu yurishlar!” Egnida mitti gulli, yengi kalta sarg‘ish ko‘ylak. Qo‘lida maktab papkasi. Yonida yetti-sakkiz yoshlardagi bolakay. Farrux! “Farruxjon, sen mening o‘g‘lim bo‘lishing mumkin edi-ku!”
Mashinadan otilib chiqqim, ikkalasini ham bag‘rimga bosgim, dunyodagi eng shirin so‘zlarni aytgim keldi. Lekin bunday qilolmadim. Qilolmasligimni angladim. Lovullab yonayotgan yuzimni rulga bosdim.

Bag‘rim yorsam, o‘rlab chiqqay tutunlar,**
Qay uylarga o‘tin bo‘lding sen, Ra’no?..

Ona-bola yonginamdan, qo‘l uzatsam yetgudek joydan jimgina o‘tib ketdi. Oyoq tovushlarini eshitib turdim. Balki Ra’no ham meni ko‘rib, ko‘rmaslikka olgandir. Mening holimga tushgandir.
Butun kuchimni yig‘ib, uning ortidan qaradim. Yana qachon ko‘raman? Ko‘rarmanmi?! U ancha to‘lishgan, qadam tashlashlarida horg‘inlik, zerikish zohir edi.
Uning bilagida nimadir yaltirab ketdi. Botayotgan quyosh nurida. U o‘sha, kumushrang soat edi! “Shu’la” edi! Balki boshqadir. Ehtimol ko‘zimga shunday ko‘ringandir! Yo‘q-yo‘q, o‘sha! Sirli harflar bitilgan soat! Malikam! Mening Erka Malikam!..
Magazin javonlariga terib qo‘yilgan tovarlar ko‘zni qamashtiradi.
– Xotinimga soat olmoqchi edim, – dedim sotuvchi yigitga. – Qaysi birini tanlashni maslahat berasiz?
– Mana, buni ko‘ring. Shveytsariyaniki. Suvda cho‘kmaydi, o‘tda yonmaydi. Nomi ham bizning tilda “Samandar” bo‘lar ekan.
So‘ng gravyurachi “Samandar”ga quyidagi so‘zlarni o‘yib berdi: “Qo‘sha qarib yuraylik, Gulim!..”
______________________
*A.Oripov she’ridan.
**S.Sayyid she’ridan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.