background
logotype

Rahmat Fayziy. Cho‘lga bahor keldi (roman)

Sevimli Manzuramga bag‘ishlayman.

Rahim ota cho‘chib uyg‘ondi. Charaqlab ochilib ketgan ko‘zlari shiftga tikilganicha bir necha daqiqa ag‘rayib turdi-da, keyin yostiqdan asta boshini ko‘tardi, Yarim kecha. Tiniq osmonda suzib borayotgan to‘lin oy shu’lasi derazadan uyga yoyilib, bo‘yradek joyni yoritib turibdi. 
Sandalning poygak tomonida o‘rin bilan bitta bo‘lib o‘g‘li Muhiddin yotibdi. Ota hayron bo‘ldi: «Nega bunchalik vaqtli uyg‘ondim-a, tush-push ko‘rganim yo‘q, biron joyga bormayman, uyqu bo‘lsa qochdi-ketdi. Yo tong yorishib qolganmikan-a? Yo‘g‘-e, hali ancha bor» dedi o‘ziga-o‘zi oy yorug‘iga qarab olib.
Uzoqdan shaldirab oqayotgan soyning ovozi kelib turibdi. Bu tovush kunduzlari yo quloqqa chalinmas, yo ota bunga e’tibor bermas ekan. Hozir esa baralla eshitilmoqda. Uydagi sukunatni Muhiddinning salmoqli pishillashi va yana allanimaning chikillashi buzmoqda. Rahim otaning nazarida, ikkinchisining tovushi quloqqa borgan sayin tez va aniq chalinayotganday bo‘ldi. «Tavba, nima ekan, supada emasmanki, chigirtka yo boshqa hasharotning ovozi bo‘lsa?» Ota tovush chiqayotgan tomonga egilib, uzoq quloq soldi. Keyin ko‘rpani sekin qayirdi-da, o‘ng qo‘lini yerga tirab o‘rnidan turdi. Panja bo‘g‘inlaridan qirsillab chiqqan tovush nazarida tokchadan chinni asbob tushib singandan bo‘lib eshitildi. Ota-da, o‘g‘lining uyqusini buzgisi kelmadi, ehtiyotlik bilan o‘rnidan turmoqchi edi, bo‘lmadi. O‘z uyi, o‘z farzandi. Bemalol turaversa nima qilardi. U Muhiddinga biroz tikilib qoldi. Nihoyat, xalaqit bermaganidan ko‘ngli taskin topdi-da xotirjam bo‘lib, oy yorug‘ida baralla ko‘rinib turgan kichik stol yoniga bordi. Kitob ustida yaltirab yotgan cho‘ntak soatiga ko‘zi tushib, notanish ovozni payqadi. Soatni qulog‘iga tutdi, chiqillashi yana zo‘raydi. Ammo tikilib, necha bo‘lganini bilolmadi. Sekin deraza yoniga borib tashqariga qaradi. O‘zi o‘ylaganiday, hali tong yorishishiga xiyla bor edi. O‘rniga kelib o‘tirdi. Soat hadeb chiqillardi. Muhiddin yotgan o‘ringa bir qarab qo‘ydi-yu, ammo qorong‘ida uning aftini ko‘ra olmadi. Shu payt katta o‘g‘li Najmiddin esiga tushib ketdi.
...Xuddi ana shunaqangi oydin kecha edi. Hozirgidek go‘zal emas, yulduzlar ham, oy ham g‘amgin ko‘rinardi. Qor bosgan qishloq ko‘chasi odamlar bilan to‘lgan, rais o‘zi minib yuradigan otni yetaklab Najmiddinning oldiga olib keldi. Jilovni unga tutqazar ekan, allanimalar dedi. Shunda Rahim ota ham, kampiri ham beixtiyor yig‘lab yuborishdi. Tong yorishay deb qolganda ular stantsiyaga keldilar, ota o‘zi bosh bo‘lib vagonga chiqdi. Najmiddinni so‘nggi daf’a qattiq quchoqlab peshanasidan o‘pdi-yu, «Oy borib, omon qayt, o‘g‘lim», deganicha o‘pkasini tutolmay yig‘lab yubordi. Najmiddin frontga jo‘nadi...
Rahim ota shu o‘tirganicha xayol surib ketdi. O‘shandan buyon yetti yil o‘tibdi. Hozir bo‘lganida yigirma yettiga kirar ekan. Ota qirq beshinchi yil bahorida qism komandiridan o‘g‘lining qahramonlarcha halok bo‘lgani haqida olgan xatni esladi-yu, o‘zini tutib ololmadi. «Mingdan-ming roziman, o‘g‘lim. Umring qisqa ekan, nachora. Zuryod qoldirganingda ham mayli edi... Illo, o‘zingdan yaxshi ot qoldirding. Yurt uchun, xalq uchun joningni berding. Otangning yuzini yerga qaratmading...»
Oy shu’lasi uyning o‘rtasiga kelib, Muhiddin yotgan o‘rinning yarmini yoritdi. Rahim ota unga tikildi. Birdan avzoyi o‘zgarib, ko‘zlari chaqnab ketdi. «Yo‘q aslo. Bittasidan ayrildim, dog‘i hali yuragimdan ketgani yo‘q. Endi bunisini hech qayoqqa yubormayman. Bir oyog‘im yerda bo‘lsa, bir oyog‘im go‘rda. Muhiddin meni o‘z qo‘li bilan ko‘mishi kerak. Tong otsin, to‘g‘ri ijroqo‘mga, bo‘lmasa raykomga borib, Nazarovning o‘ziga arz qilaman...»
Otasi tushmagur-ey, zap ralati odam-da. Lop etib yonishi ham hech gapmas, pop etib o‘chishi ham. Arz qilarmishlar. Nima deb arz qilarkinlar? Yana kelib-kelib o‘sha Nazarovga-ya. «O‘g‘lim bebosh bo‘lib ketdi», deydimi? Yo «Meni tashlab ketayotipti» deydimi? Bordi-yu, shunda: «Hoy, boy bo‘lgur, kuch-g‘ayratingizni shu yerda ko‘rsatsangiz ham bo‘ladi», deb xudoning zorini qilgan xotinining so‘ziga kirmay, katta qurilishga jo‘naganini Nazarov yuziga solsa-chi. Unda nima bo‘ladi? Juda yuziga solmaganida ham: «Qarang, o‘g‘lingiz otasiga o‘xshabdi-qo‘yibdi-da, a?!»—deb g‘alati kulish qilsa-chi? Nazarovning shunaqa odati bor-ku, axir, shartta gapirib, uyaltirmaydi-yu, askiyaga o‘xshatib, tagli gap qiladi-da, ketidan g‘alati kulib qo‘yadi. «Yo‘q, nima desa desiy, qattiq turib talab qilaman...»— dedi o‘zicha Rahim ota. Bu gal u hadeganda pop etib o‘cha qolmadi. Borgan sayin alangalanardi. Agar yonida o‘g‘li uxlab yotmaganida, alanga ichidan yonayotgan palyonlarning charsillayotgani, o‘tning guvullagan nafasi eshitilar, buruqsagan tutunning ko‘zni yoshlatadigan achchig‘i sezilardi. O‘g‘lining uyqu xalovatini buzmayin deb, bularning hammasini ichiga yutib o‘tiribdi ota.
Uzoq o‘tirdi. Otaga atayin ko‘rsatmoqchi bo‘lganday sandal ustidan sayrga chiqqan oy bamaylixotir yo‘l bosib, Muhiddin yotgan o‘rinning yostig‘igacha bordi. Oyning bu safarini diqqat bilan kuzatib o‘tirgan Rahim ota qarasa, oy hozir yostiqdan o‘tib, devorga ko‘tariladi, keyin uyni qorong‘ilik bosadi. Shuni kutib o‘tirmay dedimi, irg‘ib o‘rnidan turib, tashqariga chiqib ketdi...
Rayon ijroiya komitetining raisi uch kundan beri qishloqda ekan, Rahim ota o‘ylab-netib turmay, to‘g‘ri raykom partiya binosiga kirib bordi.
Raykom sekretarining qabulxonasida sekretar qizdan boshqa hech kim yo‘q. Rahim ota u bilan so‘rashib bo‘lib, ichkari kirmoqchi edi, qiz to‘xtatdi, bir oz kutib turishini aytdi. Rahim ota yumshoq kresloga o‘tirib, qo‘llarini hassasining dastasiga ustma-ust qo‘yganicha nimadan gap boshlashini o‘ylab ketdi. Nimani xayoliga keltirmasin, bari bir hayajon bosib, fikrlari chuvalashib ketardi. Aksiga mashinkaning chiqillashini ayting. Otaning haddi sig‘sa «qizim, bir nafas to‘xtating», der edi. Ishqilib, birov kirib qolib, gapi chala qolmasin-da, Rahim ota shuni o‘ylab o‘tiribdi.
Qo‘ng‘iroq chalinib, sekretar qiz ichkari kirdi. Oradan bir oz o‘tgach, qo‘lida ikki varaq qog‘oz ko‘tarib chiqib, mashinka yoniga o‘tirayotganida, kabinet eshigi ochilib, Nazarovning o‘zi chiqib qoldi.
— Ie, ie, otaxon kelibdilar-ku, aesalomu-alaykum,— deya qo‘llarini yozib, unga yaqinlashdi Nazarov.— Qalay, bardammisiz, tetikmisiz?—qariyaning qo‘lini ikki kafti orasida siqib turgancha, kulib yuzlariga tikildi. Uning shunaqa odati bor. Mana shunday jilmayib turib, odamning yuziga tikildimi, bo‘ldi, ichidagini bilib olardi. Hech bo‘lmaganda yuragidagi dardi xushlikdanmi yo noxushlikdanmi, shunisini ajratardi. — Qayoqdan kun chiqdi? Siz ham kelar ekansiz-ku, biz tomonlarga?
Nazarovning ko‘ngilni tog‘dek ko‘taradigan bu ginaxonligi lovillab turgan olovni pop etib o‘chirmagan bo‘lsa hamki, ustidan bir chelak suvni shakarob qilib yubordi. Bir-ikkita chala cho‘g‘lar yiltillab turibdi. Qayta alanga olarmikin, yana bilib bo‘lmaydi.
— Sizning oldingizga kelmay, qayoqqa borardik, uka.
— Yashang-e, Rahim ota, qani, marhamat, ichkari kiraylik,— dedi-da, Nazarov sekretar qizga qaradi,— otamni kuttirib qo‘yibsiz-da, bir og‘iz aytmabsiz ham... Kolxozdan keladiganlar haqida o‘sha zahotiyoq meni xabardor qiling, unutmang...
Sekretar qiz o‘ng‘aysizlanib, bir nima demoqchi bo‘ldi-yu, gapirolmay qoldi, ular ichkari kirib ketishgandi.
— Obbo, Rahim ota-e,— deya yumshoq kresloga o‘tqazdi uni Nazarov,— zap kepsiz-da.
— Bir ko‘ray dedim, bir tomoni...
— Juda yaxshi qilibsiz-da. Mana shunaqangi eshikdan kirib kelib, yo‘qlab tursangiz xursand bo‘laman, haqingizga duo qilaman,— dedi-da, xoxolab kulib yubordi Nazarov,— bizdaqalarning duosini olganlar asti kam bo‘lmaydi,— qo‘shib qo‘ydi kulgi aralash.
Rahim ota hayron bo‘lganicha, ag‘rayib turardi. Kulib kulayotganga, xafa bo‘lib xafa bo‘layotganga o‘xshamasdi. «Nimalar deyapti sekretar o‘zi? Meni mazax qilayotiptimi yo... Duo qilaman degani nimasi? Tag‘in kuladi-ya. Hech shu tagli gapi qolmadi-da...»
— Hayron bo‘ldingiz-a. Keling, aytib beray, sakson uchga kirgan amakimiz borlar. Shaharda turadilar. Shu desangiz, xizmatdan qo‘l bo‘shab, vaqti-bevaqt borib ko‘rolmayman. Keliningiz, bolalar borib turishadi-ku, o‘zim kamdan-kam yo‘qlayman. Mening o‘rnimga, amakimning o‘zlari kelib turadilar. Xijolat bo‘laman. Uzr so‘rayman. Xizmatni ro‘kach qilaman. Shunday deyaversam, amakim siltab tashlaydilar: «Bolam, meni sendan ginaxonligim yo‘q. Bilaman, yurtning ishi boshingdaligini. Omon bo‘lgin, bolam...»—deya menga tasalli beradilar. Shu-shu, har kelganlarida xijolat chekib, uzr so‘rash o‘rniga, hazillashadigan bo‘ldim. Bunga amakim ham o‘rganib qolganlar. Gaplarim juda yoqadi, oppoq soqollarini selkillatib kuladilar, juda zavq bilan kuladilar: «O‘zim ham qariganda duoingni olib qolay deb kelaman», deydilar-da, keliningiz, o‘g‘il-qizlarni kuldiradilar.
— E, ha, mundoq deng,— yorishdi Rahim ota,— endi tushundim. Mana biz ham duoingizni olgani keldik-da, uka.
— Juda yaxshi qilgansiz-da,— dedi Nazarov hamsuhbatining qalbiga yo‘l topganidan mamnun bo‘lib,— qani, xo‘sh, otaxon, nima gaplar?
Rahim ota bir oz o‘ng‘aysizlandi, salmoqlab so‘zlay boshladi:
— O‘zingizga ma’lum... katta o‘g‘limiz Najmiddin...
Nazarov otaning avzoyi o‘zgarganini sezib, uni yupatishga urindi.
— Xafa bo‘lmang, jang qurbonsiz bo‘lmaydi, lekin azamat yigit edi.
— O‘tgan yili kampirdan ham ayrildik. Hozir bittayu bitta suyanchig‘im mana shu Muhiddin. Baraka topkur, uka Nazarov, sizdan so‘rovim shuki, keksayib qolganimda shu o‘g‘lim bagrimda bo‘lsin, ko‘zim ochig‘ida bir boshini ikki qilib qo‘yay.
Nazarov boshini stolga engashtirib, chakkasini ushlaganicha otaning so‘zini diqqat bilan tingladi. Ammo nima demoqchi bo‘lganiga yaxshi tushunolmadi.
— Ie, oldingizda bo‘lmay, qayoqqa borardi?
— Axir Mirzacho‘lga yuborayotgan emishsizlar-ku,
— Kim yuborayotgan emish?
— Raykom dedi-ku.
Nazarov voqeaga tushundi-da, kulib qo‘ydi. Choynakdagi oxirgi choyni quyib, otaga uzatdi.
— Mirzacho‘lga borish majburiy emas, Rahim ota. Har kimning o‘z xohishi.
— Ha-ha, hali shunday deng. O‘zboshimchalik qilib, meni aldabdi-da, tirrancha,— ota asabiylashdi, bir zum sokolini tutamlab turdi-da, bir narsa esiga tushganday Nazarovga qaradi,— hay, uka, aybga sanamang, keksalik-da, gapning tagiga tushunmay oldingizga kelib sizni ham ishdan qo‘ydim,— ota qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.
— Yo‘q, Rahim ota, o‘tiring, siz bilan suhbatlashish ham muhim ishlardan hisoblanadi.— Nazarov papiros yondirdi va gapini boshqa tomonga burdy,— ancha keksayib qolibsiz-a, Rahim ota, qanchaga bordingiz?
— Oltmish oltiga qadam qo‘ydim.
— Shunday deng, endi ishlamay dam olib yotsangiz ham bo‘lar ekan.
Rahim ota tushunolmadi. «O‘g‘limni yubormayman deganimdan, boqadigan hech kimim yo‘q, qiynalaman deyapti, deb o‘yladi shekilli», degan fikr o‘tdi ko‘nglidan.
— Ro‘zg‘or tashvishi deb ishlayotganim yo‘q, uka, hali o‘nta o‘g‘il-qizni boqishga qurbim yetadi.
— Bilaman. Dam oling deyapman-da, otaxon.
— Uka, men tushunolmay qoldim-ku. Nima, keksalarning ishlashga haqqi yo‘qmi,— ota bir oz tezlashdi, qonuniy haq-huquqini da’vo qilayotganday dadil gapira boshladi,— hali ham ikki kishining yukini ko‘tarishga qodirman... Siz dam oling, deysiz. Bilgan kishiga, hozirgi zamonda mehnat qilish — dam olish degan gap. Men sizga aytsam, mehnat og‘ir emas, mehnatning zoe ketgani og‘ir. Mehnat — rohat deydilar. Bu gap yangi emas, eski zamonlardan boru, ammo o‘z qadrini endi topdi. Nima uchun, kim uchun mehnat qilayotganingni bilsang bundan yaxshi rohat bormi dunyoda!
Nazarov qo‘llarini orqasiga qilib kabinetning u boshidan-bu boshiga yurar, Rahim otaning gaplarini zavqlanib eshitardi, o‘tgan yili rayon kolxozchilarining slyotida «Ota, siz ham chiqib so‘zlang, zvenoning qanday qilib yuqori hosil yetishtirganini aytib bering», deganida, «Uka, shu tashvishdan meni xoliroq qo‘ying, va’z aytishga til kelishmaydi», degan edi. Hozirgi gaplari Nazarovni hayratda qoldirdi. U, o‘zicha: «Ommaga o‘rgat, undan o‘rgan!» — deb takrorladi-da, stol yoniga kelib o‘tirdi.
Uning hozirgi avzoyi boyagi xushchaqchaq holatiga sira o‘xshamasdi. Qarashlari jiddiy, sal qovog‘i solingan, diqqat-e’tibori qariyaning gaplarida... Taxmini to‘g‘ri chiqdi. Otaning dardi bor. Ammo to‘g‘ri yo‘lga solib yuborilsa, dardga shu yerning o‘zidayoq davo topiladi-qoladi. Topilganda ham otaning o‘zidan topiladiganga o‘xshab turibdi.
— Shunday qilib, halol mehnat bilan badavlat turmush kechirish, qishloqni obod qilish o‘zi katta rohat deysiz-da? To‘g‘ri aytdingiz Rahim ota. Shunisi ham borki, biz qishloqlarni obod qilish bilan xotirjam bo‘lib qolishimiz yaramaydi. Hali mamlakatimizda bekor yotgan yerlar ozmuncha emas. O‘shalarni ham obod qilishimiz kerak. Boya o‘zingiz aytgan Mirzacho‘lni bilareiz-a?
— Ie, bilmay-chi, Farhodda salkam bir yil ishladik-ku.
Nazarov miyig‘ida kulib qo‘ydi. U xuddi kalavaning uchini topganday, yana so‘radi:
— Rahim ota, Farhodga sizni kim yuborgan edi? Ota bir oz o‘ylanib javob qildi:
— Uka, u yog‘ini asti so‘ramang. Meni keksa deb yuborishmagan. Rais bilan achchiq-tiziqqa ham borib qolganmiz. Axir mamlakatda shunday ulug‘ ish olib borilayotgan bir paytda undan chetda qolib bo‘larmidi? Oxiri, ishlayotganlarga oziq-ovqat ortib, o‘zim bordim. Qo‘limizdan kelganicha bir yil ishladik.
Nazarov: «Najmiddinni frontga o‘z qo‘lingiz bilan uzatganingiz, dushmanni yengmaguncha qaytma, deb nasihat qrtlganingiz ham esingizdami?»— deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, otaning yarasini yangilagisi kelmadi.
— Ana shu siz ko‘rgan cho‘lning juda ko‘p qismi necha-necha yillardan beri bekor yotibdi.
— Ha, juda ham azim cho‘l, uni o‘zlashtirish uchun ozmuncha kuch kerak emas-da, Esimda bor, yoshligimizda gapirib yurishar edi. Bu cho‘lga zolimning zamonasida ko‘p unnab ko‘rishgan, bari bir hech natija chiqmagan. Sababi, boya men aytganday, suv chiqarilganda ham peshona teri to‘kib, ariq qazigan bechora dehqonlarga foydasi tegmas edi-da.
— To‘g‘ri, cho‘lni obod qilishga ko‘p kuch kerak. Ammo Sirdaryoning suvini bo‘g‘ib, boshqa tomonga okizib yuborgan siz bilan bizlarmi axir?
Ota o‘ylanib qoldi. Oltmish ming kishining Farhod GESga chiqib ishlagani ko‘z oldiga keldi, O‘ylab qarasa, shu yoshga kelib bunaqayagi azamat qurilishni sira ko‘rmagan ekan.
— Darvoqe, juda katta ish qilindi,— dedi ota,— xalq o‘z mehnatidan bahramand bo‘lishga ishonsa, bir niyatni ko‘zlasa, hamjihat bo‘lib bir yoqadan bosh chiqarsa, bundan kuchli narsa bo‘lmaydi. Axir shunday og‘ir urush paytida Farhod qurildi-ya...

 Saqlab olish

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.