background
logotype

Yozuvchi, olim va jamoat arbobi Sadriddin Saidmurodzoda Ayniy 1878 yili Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. O‘zbek va tojik tilida yozgan. Tojikiston Fanlar Akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti (1951—54), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi faxriy a’zosi (1943), Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1940), filologiya fanlari doktori (1948), professor (1950). 
Avval eski maktabda (1884—87), keyin madrasalar: Mir Arab (1890—91), Olimxon (1892—93), Badalbek (1894—96), Hoji Zohid (1896-99), Ko‘kaldosh (1899-1900)da tahsil olgan. Ahmad Donish va ozarbayjon yozuvchisi Hoja Marog‘iyning hamda jadid ma’rifatparvarlarining asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun o‘quv qo‘llanmalar, ommani ilm-ma’rifatga chaqiruvchi she’r va hikoyalardan iborat «Yoshlar tarbiyasi» (1909) darsligini tuzadi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol qatnashadi. 
1918—21 yillarda tojikcha, o‘zbekcha marsh, qo‘shiq va she’rlar yaratadi. «Buxoro jallodlari» (1922) povesti, «Buxoro mang‘it amirligining tarixi» (1921) asarida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy hayoti ifodalangan. «Odina», «Qiz bola yoki Xolida» (1924), «Tojik adabiyotidan namunalar» (1926), «Qul bobo yoki ikki ozod» (1928) kabi qissa, hikoya, ocherklari muhim ahamiyatga ega. Ayniy tojik va o‘zbek adabiyotlarining ming yillik tarixiy taraqqiyotida yetishib chiqqan 200 dan ortiq shoir, tarixchi, olim, tazkiranavislar hayoti va ijodi haqida ma’lumot beradi. 
Ayniy 1927-29 yillarda yirik romani «Doxunda»ni tojik tilida nashr ettirdi. 1934 yilda esa o‘zbek tilida «Qullar» romanini yaratdi. Unda o‘zbek va tojik xalqining yuz yillik hayoti aks etadi. Ayniyning «Eski maktab» (1935) asarida eski maktabdagi o‘qish va o‘qitish haqida hikoya qilinadi. Yigirmanchi yillarda e’lon qilingan qator hajviy asarlari, «Yana bu qaysi go‘rdan chiqdi», «Puling halol bo‘lsa, to‘y qil» (1924), «Mashrab bobo», «Ye, to‘nim» (1925), «Bilganim yo‘q», «Kengash» (1926) kabi o‘zbekcha feletonlari, hajviy she’r va maqolalari, ayniqsa, «Sudxo‘rning o‘limi» (1939) hajviy povesti yozuvchining mohir satirik ekanligini ko‘rsatdi. 
Muqanna va Temurmalik boshchiligidagi xalq qo‘zg‘olonini aks ettiruvchi adabiy-tarixiy ocherklar yozdi. U to‘rt qismdan iborat «Esdaliklar»ida (1949—54) Buxoroning o‘tmish hayoti va o‘sha davr ijtimoiy-madaniy muhitini yoritadi. A. adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olim sifatida «Firdavsiy va uning «Shohnoma»si haqida» (1934), «Kamol Xo‘jandiy», «Shayxurrais Abu Ali ibn Sino» (1939), «Ustod Rudakiy» (1940), «Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziy» (1942), «Alisher Navoiy» (1948), «Zayniddin Vosifiy» (uning «Badoe ul-vaqoe» asari haqida»), «Mirza Abdulqodir Bedil», Muqimiy, G‘afur G‘ulom va Said Nazar haqidagi asarlari o‘zbek va tojik adabiyotshunosligi va tanqidchiligida, «Fors va tojik tillari haqida», «Tojik tili» kabi ilmiy ishlari tojik tilshunosligida muhim voqea bo‘ldi. 
Ayniyning «Doxunda», «Qullar», «Sudxo‘rning o‘limi» va «Esdaliklar» asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalaridagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, ko‘chalar, maktablar, kutubxonalar, san’at va madaniyat muassasalari Ayniy nomiga qo‘yilgan. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochilgan (1967).

Фильтр
Кол-во строк: 
Sadriddin Ayniy. Qisqacha tarjimai holim
Sadriddin Ayniy. Doxunda (roman)
Sadriddin Ayniy. Sudxo'rning o'limi (qissa)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.