background
logotype

Turg‘un Po‘lat 1928 yilning 20 noyabr kuni Namangan viloyati Uychi tumani Mashad qishlog‘ida xizmatchi oilasida tavallud topdi. Biroq bolaligi urush davriga tutash bo‘lganligidan bor-yo‘g‘i 9-sinfgacha o‘qiy oldi. Hayotning o‘zi ham muallim, ham dorilfunun vazifasini bajardi. Otasi kabi u ham ona qishlog‘i Mashadda hisobchilikdan mehnat faoliyatini boshladi.
Keyinchalik viloyat qishloq xo‘jaligi bankida ishni davom ettirdi. Ayni chog‘da «Namangan haqiqati» viloyat gazetasi bilan hamkorlik qilib, ilk she’rlari, publitsistik maqola va fel’etonlarini chop ettirdi. Pirovardida hisobchi, bank xodimidan mohir jurnalist va adib sifatida elga tanila bordi. Ayniqsa, 50-yillarning o‘rtalarida Toshkentga ko‘chib kelishi uning orzu va istaklari ro‘yobga chiqishida muhim o‘rin tutdi.
Turg‘un Po‘lat avji ijodi ravnaq topayotgan bir davrda, aniqrog‘i, 1974 yilning 27 aprelida to‘satdan vafot etgan.
V.Ovechkinning «Rayonning ish kunlari» ocherkini, P.Brovkaning «Daryolar tutashganda» romanini, A.P.Pokrishkinning «Urush osmoni», partizanlar komandiri A.P.Saburovning «Zafarli bahor» esdaliklarini o‘zbekchaga ag‘darganman. 1971 yilda o‘zimning «Vodiylarni kezganda» ocherklar kitobim bosilib chiqdi».
Garchi Turg‘un Po‘lat adabiyotning qutlug‘ dargohiga she’riyat bilan kirib kelgan bo‘lsa-da, asosan, nasr borasida jiddiy mashg‘ul bo‘lib, «Ayollar isyoni» (1967), «Jig‘ildon qori» (1970), «To‘raxo‘ja» (1970) kabi hajviy hikoyalarini yaratdi. Adib «Hoji hisobchining hikoyalari» turkumi va shu zaminda tug‘ilgan «Mirrixdan kelgan mehmon» (1973) kitobi bilan adabiy-ilmiy jamoatchilikning e’tiborini qozondi.
Shuningdek, u «Tabarruk zaminda» (1970), «Xotinboz» (1972) hamda vafotidan keyin nashr etilgan «Yalovbardor» (1986) kabi kitoblari bilan ham adabiy jarayonga o‘z ulushini qo‘shdi. Biroq u qancha she’r yozmasin, fel’eton yoki hikoya yaratmasin, hatto tarjimonlik bilan mashg‘ul bo‘lmasin, u o‘sha «Ichkuyov» (1975) qissasi bilan 70-yillar o‘zbek nasri tarixida qoladi.
Zero, «Ichkuyov» 70-yillar o‘zbek nasrida yangi fikr, yangi qarash, hayot haqiqatini ro‘y-rost ko‘rsatish nuqtai nazaridan muhim edi. Shu tufayli ham u tez orada ko‘p qismli telefilm lentasiga ko‘chdi.
1979 yilda ana shu film ijodkorlari qatorida adibga ham Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi. So‘nggi yillarda uning «Ichkuyov» nomli saylanmasi (2000) yangidan nashr bo‘lib, unga adibning tugallanmay qolgan «Odamiy ersang...» nomli romani ham kiritildi. U O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi (1958) hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (1971) a’zosi bo‘lgan.

Фильтр
Кол-во строк: 
Turg'un Po'lat. Ichkuyov (qissa)
Turg‘un Po‘lat. Uylar muborak (hikoya)
Turg‘un Po‘lat. Ayollar isyoni (hikoya)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.