background
logotype

Shoir va dramaturg Uyg‘un (asl ism-sharifi Otaqo‘ziyev Rahmatulla) 1905-yil 14 mayda Jambul viloyatining Marki qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1965). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1956). O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi (1974). Mehnat Qahramoni (1985). 
Samarqanddagi pedagogika akademiyada tahsil ko‘rgan (1927—30). O‘zbekiston davlat nashriyotida bo‘lim mudiri, «Qurilish» jurnalida mas’ul kotib (1930—31), Madaniy qurilish (1932—33) hamda Til va adabiyot instituti (1933— 43)da ilmiy xodim, sektor mudiri. Hamza nomidagi drama teatrida repertuar bo‘yicha badiiy rahbar o‘rinbosari (1947—48), «Sharq yulduzi» jurnalida bo‘lim mudiri (1948—50), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari (1949—50), raisi (1951—54), ayni vaqtda «Sharq yulduzi» jurnalida mas’ul muharrir (1950-51).
Dastlabki she’rlar to‘plami — «Bahor sevinchlari» (1929). Uyg‘un ijodi 3 bosqichdan iborat. Ijodining dastlabki bosqichida lirik shoir sifatida shakllangan. Ayni paytda «Jontemir» (1931—35), «Brigadir Karim» (1934), «Gulasal» (1934-35), «Ukraina yellari» (1935) kabi liroepik asarlari bilan shu davr dostonchiligi taraqqiyotiga sezilarli hissa qo‘shgan. Bundan tashqari, u adabiy meros va zamonaviy adabiy jarayon muammolariga doir maqolalar ham yozgan. Fashizmga, bosqinchilik urushita qarshi kurash pafosi 
Uyg‘un ijodining 2-bosqichdagi bosh yo‘nalishini belgilab berdi («G‘azab taronasi», 1942; «G‘azab va muhabbat», 1943; «She’rlar», 1944). Bu davrda Uyg‘un dramaturgiyaga ham murojaat etib, vatanparvarlik ruhidagi «Ona», ulug‘ o‘zbek shoirining 500 yilligiga bag‘ishlangan «Alisher Navoiy» (1942, Izzat Sulton bilan hamkorlikda) dramalarini hamda «Qaltis hazil» (1944) komediyasini yozdi. Urushdan keyingi yillarda saqna yuzini ko‘rgan «Alisher Navoiy» dramasi keng tomoshabinlar ommasinint Navoiyni kashf etishi va ulug‘ shoirga muhabbat tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilishida, shuningdek, o‘zbek adabiyotida tarixiy-biografik drama janrining taraqqiyotida muhim ahamiyatga molik bo‘ldi. Shundan so‘ng Uyg‘un urush va urushdan keyingi mashaqqatli yillarga bag‘ishlangan «Hayot qo‘shig‘i» (1947), «Oltinko‘l», «Navbahor» (1949) dramalarini yaratdi. So‘nggi dramasi bilan Uyg‘un ijodiga qishloq hayoti mavzui kirib keldi. Dramaturg bu asarida urush davrida vayron bo‘lgan jamoa xo‘jaligi qayoti misolida eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi kurash mavzuini birinchilardan bo‘lib urushdan keyingi o‘zbek adabiyotiga olib kirdi. 
Uyg‘un ijodining so‘nggi, 3-bosqichi 50-yillarning o‘rtalaridan boshlangan. Uyg‘un tinchlik uchun kurash, vatanparvarlik, mehnatsevarlik singari o‘sha davr adabiyoti uchun muhim hisoblangan mavzularda ko‘plab she’rlar yozgan («Tinchlik kuylari», 1960; «Hayot chaqiradi», 1961). Quruq ritorika va pand-nasihatdan iborat bo‘lgan bu she’rlar shu davr she’riyati tarixida biror iz qoldira olmagan. 
Uyg‘un ko‘proq dramaturgiya janrlarida qalam tebratgan. «Navbahor» dramasida ko‘tarilgan qishloq mavzuini yana davom ettirib, xotinqizlarning jamoa xo‘jaligiga mohirlik bilan rahbarlik qilishi mumkinligi («Hurriyat», 1959), paxta yakkahokimligi davri fojialari («Parvoz», 1963), shaxsga sig‘inishning qishloq sharoitidagi oqibatlari («Shubha», 1961), tibbiyot xodimlarining inson salomatligi uchun mas’ulligi («Qotil», 1965) kabi masalalar haqida bahs yurituvchi pyesalar yozgan. «Paxta uchun kurash»ning salbiy oqibatlari fosh etilgan «Parvoz» dramasi esa sovet voqeligini buzib ko‘rsatishda ayblanib, sahnadan olib tashlangan.
Uyg‘unning yoshlar ma’naviyati muammosiga bag‘ishlangan «Parvona» (1966) komediyasi jamoatchilik tomonvdan samimiy kutib olingan. Uyg‘un O‘rta Osiyo xalqlarining mash’al siymolari haqida hikoya qiluvchi «Abu Rayhon Beruniy» (1973), «Abu Ali ibn Sino» (1979), «Zebunnisobegim» (1982) tarixiy dramalarini yaratdiki, bu asarlar «Hurriyat», «Parvona» va «Parvoz» pyesalari bilan birga dramaturg ijodining 3-bosqichidagi yutuqlari hisoblanadi. 
Uyg‘un birinchi o‘zbek baleti «Gulandom» (1939) librettosi muallifi, «O‘zbekiston qilichi» (1942) pyesasi, «Alisher Navoiy» (1947) va «Avliyoning sarguzashtlari» (1958) kinossenariylarining esa mualliflaridan biri.
Uyg‘unning adabiy merosida tarjima asarlar alohida o‘rinni egallaydi. Urushgacha bo‘lgan davrda A. S. Pushkin va M. Yu. Lermontov asarlari tarjimasida muayyan tajriba orttirgan shoir keyinchalik L.N.Tolstoyning «Hojimurod», A.P. Chexovning «Chayka», U. Shekspirning «Yuliy Sezar» va «Veronalik ikki yigit» asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1984).

Фильтр
Кол-во строк: 
Uyg‘un. Alamzadalar (hikoya)
Uyg'un. Alisher Navoiy

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.