background
logotype

Davlat rahbarlari qancha maosh oladi? - Hay Group 2008

Davlat va hukumat boshliqlarning siyosiy faoliyati, shaxsiy  hayoti keng omma nigohi va kuzatuvida bo‘lishi tabiiy. Xususan, siyosiy arboblarning moliyaviy imkoniyatlari, qancha daromad topishiyu nimalarga sarf etishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham jamiyatdagi turli toifa vakillarini birday qiziqtiradi, e'tiborini jalb etadi. 

Hay Group konsalting firmasi ma'lumotlariga ko‘ra, siyosiy yetakchilarning rasmiy daromadi bo‘yicha Osiyoning Singapur davlatiga yetadigan mamlakat yo‘q. Mamlakat prezidenti Sellapan Rama Natanga davlat g‘aznasidan yiliga ikki million dollar miqdorida maosh to‘lanadi. Mamlakat bosh vaziri Li Syan Lunning yillik daromadi esa 1 mln. dollarni tashkil etadi. Agar sayyoramizdagi yirik ikki mamlakatga qiyoslaydigan bo‘lsak, Singapur hukumati rahbari AQSh prezidentidan 5 baravar, Rossiya davlat boshlig‘idan esa 24 baravar ko‘proq maoshga ishlaydi.

Tadqiqotlar prezident va bosh vazirlarning oylik maoshi qancha ekani faqatgina mamlakatning iqtisodiy ahvoli bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda. Masalan, Irlandiya Respublikasi Yevropa mamlakatlari orasida hukumat arboblari eng yaxshi ta'minlangan davlat sanaladi. Mamlakat prezidenti Meri Makaliz oyi­ga 22 834 yevro miqdorida maosh oladi. Davlat boshqaruvi borasida asosiy vakolatlarga ega bo‘lgan bosh vazir Berti Axernning oylik ish haqi esa 20 558 yevroga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa irland xalqi o‘z hukumat rahbarini yiliga 310 ming yevro (434 ming dollar) miqdorida moddiy rag‘batlantiradi.

Irlandiyaga yon qo‘shnisi bo‘lgan Buyuk Britaniyada ham katta arboblarning topish-tutishi yomon emas. O‘tgan yili muddatdan oldin bosh vazirlikni tark etgan Toni Bler o‘rniga hukumat rahbari bo‘lgan Gordon Braun yiliga 187,611 ming funt sterling (375,2 ming dollar) maosh oladi. Gordon Braunga ham parlament a'zosi, ham hukumat rahbari lavozimi uchun haq to‘lanadi. Bir necha yillar davomida moliya vaziri vazifasida xizmat qilgan bosh vazir uchun, ehtimol, ushbu mablag‘ kamdek tuyular. Lekin baribir qit'adagi boshqa davlatlar, masalan, Frantsiya yoki Germaniya bilan solishtirib aytish mumkinki, baribir ingliz hukumat rahbarining iqtisodiy imkoniyati ancha yaxshiroq.

Frantsiya prezidenti Nikolya Sarkozining yillik daromadi 240 ming yevro (346 ming dollar). Bundan bir yil oldin ham Yelisey saroyi sohibining maoshi bundan kamroq edi. Frantsiya parlamenti 2007 yili respublika prezidenti ish haqi miqdorini ko‘tardi.

Yevropaning iqtisodiy lokomotivi degan unvonga ega bo‘lgan Germaniyada mamlakat boshqaruvi tizgini hukumat rahbari  kantsler qo‘lida. Bu yerda prezidentga u qadar katta vakolatlar berilmagan. Germaniya kantsleri, dunyo siyosatidagi eng qudratli ayol deb baholanayotgan Angela Merkel yiliga 318 ming dollar atrofida maosh oladi.

Yevropa gigantlari orasida nisbatan orqaroqda yuradigan Italiyada ham siyosat bosh vazir tomonidan yuritiladi. Lekin qadimgi ulkan imperiyaning vorisi bo‘lgan yurtda badavlat qo‘shnilarga qaraganda maosh masalasi maqtangulik emas. O‘tgan yili bosh vazir Romano Prodining yillik daromadi 156 ming dollarga to‘g‘ri kelgandi. Joriy yilda esa hukumat rahbari, shu jumladan, vazirlar maoshi 30 foizga qisqartirildi. Yevropa Komissiyasi kabi nufuzli idoraga prezidentlik qilgan, ayni paytda esa Italiya ijroiya hokimiyatini boshqarib kelayotgan Romano Prodi endilikda 110 ming dollar yillik maoshga qanoat qilishi kerak.

Ma'lumotlarga qaraganda, AQSh prezidenti Jorj Bushning yillik rasmiy daromadi 400 ming dollardan oshadi. Bundan tashqari, transport va boshqa xarajatlar uchun Oq uy yetakchisiga 150-160 ming dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ham ajratiladi. Qo‘shma Shtatlardagi ikkinchi shaxs sanalgan vitse-prezident Dik Cheyni esa federal byudjetdan yiliga 208,575 dollar maosh oladi.

Iqtisodiy taraqqiyot borasida AQSh bilan asosiy raqobatchi sanalgan Yaponiyada o‘tgan yili bosh vazirning yillik maoshi 355 ming dollar atrofida edi. Davlat boshqaruv idoralarida amalga oshirilgan islohotlar paytida hukumat rahbarining oyligi chorak foizga kamaytirildi. Yana deng, bu taklif bosh vazirning o‘zidan chiqdi.

G‘arbning rivojlangan mamlakatlarida siyosiy arboblar olayotgan olti hadli raqamlardan iborat ulkan daromad oldida bosh­qa hududlardagi yetakchilarning hayoti kamtarroq ko‘rinishi ham mumkin.

Manbalarda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning davlat g‘aznasidan oladigan yillik maoshi 81 ming dollar ekani aytiladi. Hay Group xulosasi ko‘ra esa, Kreml yetakchisining oylik ish haqi o‘tgan yilda 6,2 ming dollarga to‘g‘ri kelgan.

Ukraina prezidenti Viktor Yushchenko Rossiya prezidentidan ko‘proq oylik olar ekan. "Norinj inqilobi"dan keyin Ukraina davlati tepasiga kelgan Yushchenko 6,5 ming dollar atrofida oylik ish haqiga imzo chekadi.

So‘nggi to‘rt yil ichida ro‘y bergan "rangli inqilob"larning yana bir mezboni Gruziyada davlat rahbari va yuqori lavozimdagi amaldorlar BMT va AQSh sarmoyadorlari tomonidan korruptsiyaga qarshi kurash maqsadida tashkil etilgan taraqqiyot va islohot fondidan maosh oladi. Mahalliy jurnalistlarning ma'lumotlariga qaraganda, Gruziya prezidentining oylik maoshi 3 ming dollardan oshadi.

Bundan bir necha yil muqaddam Yevropa matbuot nashrlarida Belorus prezidenti Aleksandr Lukashenko 300 dollar maosh olishi haqida xabarlar tarqalgandi. Hay Group kompaniyasi esa Minsk yetakchisining oylik daromadini 2,3 ming dollar deb ko‘rsatgan. Tahlilchilarga ko‘ra, Belorusda prezidentning maoshi qancha bo‘lishi u qadar muhim emas. Chunki Lukashenkoning o‘zi intervyularidan birida qancha daromad qilishi-yu, nimalarga sarflashini bilmasligini aytgan...

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Alievning oylik maoshi 16,5 ming dollarni tashkil etadi. O‘tgan yilga qadar davlat rahbarining maoshi 19,5 ming dollar edi. Yaqinda bu yerda ham prezident taklifi bilan parlament birinchi rahbarning ish haqi miqdorini kamaytirdi. 

Kubaning mashhur yetakchisi Fidel Kastro Lotin Amerikasi siyosiy arboblari orasida eng davlatmandi sifatida nom qozongan. Bir zamonlar mamlakatda ulkan inqilob amalga oshirgan "dohiy"ning rasmiy daromadi qancha ekani ma'lum emas. Forbes jurnali kuzatuvlarga asoslanib, Kastroning umumiy boyligini 900 mln dollar deb ko‘rsatgan. Ma'lumotlarga qaraganda, Kuba rahbari mamlakatda ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari, xususan, Cimex valyuta do‘konlari, Medicuba farmatsevtika kompaniyasi daromadlaridan ulush oladi.

Mintaqaning yana bir davlati Boliviyada prezident Evo Morales 2007 yil oxirlarida o‘z xohishiga binoan oylik maoshini 1,8 ming dollarga tushirdi. Bu mamlakatdagi eng katta oylik ish haqi deyish mumkin. Chunki Boliviyada o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, hech bir amaldor prezidentdan ko‘proq maosh olishi mumkin emas.

Sobirjon Yoqubov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.