background
logotype

21.04.2007. Virjiniya voqeasining 5 sababi

Amerikaning Virjiniya shtatidagi politexnika universitetida ro‘y bergan fojiali ommaviy otishma nafaqat Amerika, balki butun dunyoni ijtimoiy hayot muhiti, qonunchilik va umuman, inson ruhiy holati haqida  yana bir bor o‘ylab ko‘rishga undadi.  Aniqlanishicha, ommaviy otishmalar 23 yoshli Janubiy Koreyalik Cho Sen Xu tomonidan amalga oshirilgan. U Amerikaga bir yil avval o‘qishga kelgan. Xullas, sevgan qizini xiyonatda gumon qilgan yigitcha erta tongdan qizning yotoqxonasiga boradi va uni otib tashlaydi. Birvarakayiga qo‘shni bolaning hayotiga ham nuqta qo‘yib ketadi. Otishma tong paytida sodir etilgani bois, yotoqxonadagi talabalarning ko‘pchiligi hali uyquda edi. 

Oradan ikki soat o‘tgach,  jinoyatchi mashg‘ulotlar olib boriladigan kampus — «Norris Xoll» tomon yo‘l oladi va auditoriyalardan birida o‘qituvchini otib tashlaydi. Keyin esa navbat talabalarga keladi. Ana shu tarzda u xonalarni birma-bir aylana boshlaydi. Oqibatda jami 33 kishi, ayrim ma’lumotlarda 32 kishi voqea qurboni bo‘lgan, 30 dan ortiq odam turli darajada jarohatlangan. 

Talabalar aqldan ozgan qotilning o‘q ovozlari ostida qoldi. Ularning ayrimlari ikkincha qavatdan sakrashdi. Jarohatlanganlarni esa xavfsiz joylarga yetkazishdi. Keyin esa jinoyatchi o‘z joniga qasd qildi. Marhumning yonidan 9 millimetr kalibrga ega ko‘pzaryadli ikkita to‘pponcha topilgan. 

Xo‘sh, endi hayot boshlayotgan yosh yigit nega bu qadar nafratga to‘lgan? Yigitchaning xatti-harakatlari aybdori faqat uning o‘zimi? Kim xatoga yo‘l qo‘ygan? Nega o‘quv muassasalarida bunday qonli voqealar tez-tez ro‘y beradigan bo‘lib qoldi? Hammasini yana globalizatsiya bilan izohlash kerakmi? 

BIRINCHI SABAB


Voqea sodir bo‘lgach, uning birinchi sababi Amerika qonunchiligidan izlana boshlandi. 

«AQShda otishmalarning muntazam holatga aylanib qolayotganligi, fikrimcha, Amerika qonunchiligida va aynan, o‘qotar qurollarni olib yurish va ulardan foydalanish huquqi tizimida allaqanday yemirilishni aks ettiradi. Agar biz jamiyatni biroz bo‘lsa-da insonparvarlashtira olmas ekanmiz, hech bo‘lmasa, fuqarolarning sababsiz  qo‘liga qurol olishiga imkon bermasligimiz kerak”, — deydi rossiyalik mutaxassislardan biri Sergey Oznobi?ev.

O‘z navbatida, AQSh va Kanada instituti direktor o‘rinbosari Viktor Kremenyuk Amerikada qurol sotib olish tizimi yetarli darajada murakkabliklarni o‘z ichiga olishini ta’kidladi. Uning fikricha, Virjiniya universitetidagi voqea  AQShda qurol tarqalishi tizimi bilan bog‘liq emas. Aslida ham Kremenyukning fikriga qo‘shilish mumkin. Qurolga istagan kishining ega bo‘lishi mumkinligi haqidagi mulohazalar esa hodisaning texnik jihati, xolos. Zero, ommaviy qirg‘inlarning boshqa usullari ham yo‘q emas. 

IKKINCHI SABAB


Qo‘lga qurol olish uchun uzoq psixologik tayyorgarlik yoki aksincha aqldan butkul mosuvolik lozim bo‘ladi. Masalaning ikkinchi tomoni aynan shunda. Qo‘liga qurol olgan qotilning ruhiy holati nega bu darajada muvozanatdan chiqib ketdi? 

Voqea munosabati bilan universitet talabalaridan olingan intervyulardan Cho Sen Xuning juda sirli, boshqalarga qo‘shilmaydigan odam bo‘lganligini bilib olish mumkin.  Adabiyot o‘qituvchisining aytishicha,  uning she’r va pesalarida ko‘proq o‘qituvchini o‘ldirgan talaba yoki yana shunga o‘xshash voqealar bayoni, zo‘ravonlik, dahshatli holatlar, kechinmalar aks etgan. Ularni tahlil qilish jarayonida auditoriya doimo ehtiyotkorlik bilan yondashishga va muallifning jahlini chiqarmaslikka harakat qilgan. Uning ishlari tahlili bilan shug‘ullanayotgan kriminalist Syuzanna Lea bu asarlarda qasos olish xohishi borligini va bu muammoni kattaroq miqyosda ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Demak, uning tabiatida qasos, zo‘ravonlikka intilish avvaldan bo‘lgan. Ma’muriy organlar ma’lumotiga ko‘ra,  Cho Sen Xu ota-onasi bilan mamlakatga sakkiz yoshlik paytida kirib kelgan va noqonuniy muhojirlikda bo‘lgan. Muhojirlikning o‘zi u qaysi davlatda bo‘lmasin, qator psixologik zo‘riqishlarga sabab bo‘ladigan holat. 

En-Bi-Si telekompaniyasi rahbari Stiv Kapusning aytishicha, jinoyatchi unga jo‘natgan videoyozuvlarda yigitcha aniq ismlarni aytmagan, lekin o‘zining boylarga nisbatan nafratini aniq bayon qilgan. Demak, muhojirlik qiyinchiliklari, kamsitilishlar Sen Xuni yoshligidayoq qiynay boshlagan bo‘lishi mumkin. 

UCHINCHI SABAB  


Cho Sen Xuga o‘xshaganlar Amerika jamiyati yoki boshqa mamlakatlarda kam topiladi, desak adashamiz. Ular istalgan paytda portlashi mumkin bo‘lgan, lekin buni oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan tirik «bomba»larga o‘xshaydi. Ularning qayoqdan paydo bo‘layotganli esa bugunga kelib ancha oydinlashib qoldi. Rossiyalik mutaxassislar buni zamonaviy jamiyat muammolari sifatida baholamoqdalar va mazkur holatni nafaqat Amerika, balki butun dunyo mamlakatlariga tegishli muammo sifatida talqin etmoqdalar. Ularning fikricha, zamonaviy dunyo oddiy odamlarga nisbatan shu qadar shafqatsizki, hatto kundalik oddiy ikir-chikirlarga ham inson ruhiyati dosh bera olmayapti. Deylik, doimo biror narsaga ulgurish yoki tirikchilik uchun ishlash zaruratini yelkasida olib yurgan odamlar, ishda yoki oiladagi kichik muammoni ham ko‘tara olmaydilar. Ya’ni, yillab yig‘ilgan va tabiiy deb qabul qilinayotgan bilinar-bilinmas zo‘riqish biz yuqorida aytgan ana shunday «bomba»- larni paydo qilmoqda.  

Amerikalik mutaxassislarning o‘zlari ham mamlakatda shaxsga nisbatan ko‘rsatiladigan ruhiy bosim favqulodda yuqori, deb qarayapti. Bu borada rivojlanish yo‘lida tobora ildamlayotgan har bir davlat o‘z xulosalarini chiqarishga shoshilishi lozim. Negaki, har qalay globalizatsiya jarayoni to‘xtamaydi. Demak, har bir davlat, ayniqsa, rivojlangan davlatlar tabiiy ravishda shu muammoga ro‘baro‘ kelishi mumkin. 

AQSh qonunlari an’analar, qadriyatlar, muqaddaslik tushunchalari bilan ko‘pam hisoblashavermaydi. Shu sababli tabiiylikka talpinish asnosida noqonuniylikka intilish deyarli har bir odamning shaxsiyatida mavjud. Lekin buning qay darajada fojia bilan tugashini hech kim bashorat qila olmaydi. O‘limidan avval qotil tashlab ketgan videoyozuvda: «Buning hammasiga insoniyat aybdor. Sizning qo‘llaringiz yuvib bo‘lmas qonga botdi» degan so‘zlar bor edi. Demak, u jamiyatni ayblamoqda. 

TO‘RTINCHI SABAB


Kremenyuk Amerikadagi ommaviy qotilliklar odamlar zamonaviy jamiyatda duch kelayotgan psixologik muammolar bilan bog‘liq ekanligi haqidagi fikrga qo‘shiladi. “Hatto qonunga bo‘ysunuvchan Amerikada ham oqibat qonli to‘qnashuvlar bilan yakunlanuvchi stressli vaziyatlar ko‘p. Zamonaviy jamiyatda zo‘riqishlar shu darajada ko‘pki, bunday holatlarni hali mustahkamlanmagan aql va qalblar qabul qila olmaydi va mana shunday sinish, mana shunday fojia ro‘y beradi”, — deydi u. Mutaxassis hali mustahkamlanmagan aql va qalblar sohiblari sifatida yoshlarni nazarda tutmoqda. Yoshlarda anarxizm va ijtimoiy norozilikka intilish nihoyatda kuchli. Bu ularning tabiatiga xos xususiyat deb qaraladi. Chindan ham shundaymi? Unda nega norozilik aktlari ko‘proq o‘quv muassasalari talabalari, o‘quvchilari ishtirokida bo‘lmoqda? Nega ularga nisbatan og‘irroq ahvolda deya hisoblanuvchi yoshlarning faqat mehnat bilan band qatlamlari orasida qonli mojarolar kamroq uchraydi? 

Ehtimol, bu maktab, kollej, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlarning ko‘proq aqliy mehnat bilan shug‘ullanishiga bog‘liqdir. Psixologiyada jismoniy mehnat garchand charchatsa-da, lekin miyani zo‘riqtirmasligi aytiladi. Aqliy faoliyat bilan band odam esa ham aqlan, ham jismonan toliqadi. Talabalarda bunday zo‘riqish holati yanada kuchayadi. Negaki, ularning aksariyati o‘qish bilan birgalikda ishlashga ham majbur. Ular istagan mustaqillikning birinchi talabi shu. Amerika jamiyatida talab qilinganidek — doimiy muvaffaqiyat ketidan quvish esa ular uchun yengil emasligi ko‘rinib turibdi. 

Bu o‘rinda kattalar olamining ham o‘z o‘rni bor. Ular o‘z faoliyatlari davomida bilib yo bilmay ijtimoiy raqobat, jamiyat degumanizatsiyasi va uning kuchlilar omon qolishi haqidagi ta’kid asosiga qurilganligini targ‘ib etib boradilar. Ko‘p hollarda esa bu kabi bolani birinchi zarbalarga tayyorlash usuli aks ta’sir ko‘rsatib, uning ruhiyatida qo‘rquv, nafratning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.  

Mazkur voqeadan so‘ng zo‘ravonlik xarakteridagi kompyuter o‘yinlarini taqiqlash tarafdorlari yana bir asosga ega bo‘ldilar. Bola bu o‘yinlarni o‘ynab o‘zidagi agressiyani bosish yo‘llarini izlaydi. Keyinchalik mazkur o‘yinlar ta’siri o‘laroq bola zo‘ravonlik, o‘lim, otish kabi holatlarni virtual deb qabul qila boshlaydi. Kattaroq bo‘lgach esa ularda «hammasi — o‘yin» degan tushuncha yuzaga keladi. Odamni haqiqatan ham o‘ldirgan chog‘ida uni o‘yindagi o‘lim bilan farqini ajrata olmaydi. Bu borada qiziq bir ma’lumotni uchratdik. Xabarlarga ko‘ra, xorijiy davlatlarda advokatlar o‘z himoyasi ostidagi shaxsni «O‘ldirayotganda o‘yin va real hayot o‘rtasidagi farqni ko‘rmagan. Hammasi videoo‘yindek amalga oshiriladi, deb o‘ylagan» tarzida himoya qilishayotgan ekan. 

BESHINCHI SABAB  


Yuqorida keltirilgan to‘rt sabab bevosita voqeaning o‘ziga tegishli edi. Beshinchi sababni fojiadan chiqarilgan xulosa sifatida o‘rtaga tashlamoqchimiz. 

Politsiya mazkur otishma voqeasining AQSh yangi tarixida eng qonli voqea bo‘lganligini, lekin bu birinchisi ham emasligini tan oldi. Avvalgi “rekord”  Littlton shahrida (Kolorado shtati) o‘rnatilgan. Bu voqea 1999 yil 20 aprelda sodir etilgan bo‘lib, ikki nafar o‘smir maktab o‘quvchilariga qarata avtomat quroldan o‘q uzgan. Oqibatda 15 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 23 nafar bola esa jarohatlangan. Otishma «mualliflari» o‘z joniga qasd qilgan. Bu o‘rinda Vashington snayperi bilan bog‘liq hodisalarni eslashning o‘zi kifoya.  

Virjiniya politexnika universitetidagi holat uzoq kuttirmay Shimoliy Karolinada ham o‘z aks-sadosini berdi. Xantersvilla shaharchasida istiqomat qiluvchi 16 yoshli o‘smir avvaliga o‘z sinfdoshlariga to‘pponcha bilan tahdid qilgan va keyinroq o‘zini otib  tashlagan. Mamlakatning turli burchaklaridan universitet va maktablarga otishma, portlash haqidagi ko‘plab yolg‘on xabarlar kelgan. Demak, bu kabi “aks sadolar” “voqeadan oldin, voqeadan keyin” tarzida hali ko‘p takrorlanishi mumkin.  

«Nafaqat Amerikani, balki butun dunyoni dahshatga solgan Virjiniya voqeasi bundan keyin ham sodir bo‘laveradi. Hatto ularning ko‘payishidan ham xavotirlanayapman. Qo‘liga qurol olgan odamlar, bitta odamdan emas, uni o‘rab turgan dunyodan, ular o‘z o‘rinlarini topolmagan dunyodan qasos oladilar. Bu voqea – kichik odamning ulkan va ayni paytda rahmsiz texnokrat jamiyatda aks etishidir», - deydi Oznobi?ev. 

Rivojlanish jarayonida jamiyat insonlarni “unutib qo‘yishi” mumkin. U tobora doimiy faoliyatni talab qiluvchi mexanizmga aylana boradi. Va bu mexanizm orasida insonparvarlik o‘z-o‘zidan yemirilib ketadi. Osiyo mamlakatlari mazkur muammoni an’analar, qadriyatlarni saqlab qolish yo‘li bilan bartaraf etish mumkin, deya hisoblaydi. Negaki, an’analar, qadriyatlarning bosh g‘oyasi insonparvarlik, hurmat, bag‘rikenglikdir.

Rivojlangan mamlakatlarning izidan borish barobarida ular yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni bartaraf eta borish lozim. 

Nargiza To‘xliyeva,
«Ma’rifat» muxbiri

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.